Soyib Xo’jayev haqida

DO`STLARGA ULASHING:

O‘ZBЕKISTON XALQ ARTISTI
(1910-1982)
Teatr va kino aktyori Soyib Xo‘jayev 1910 yilda Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Xonobod qishlog‘ida tug‘ildi. U aktyorlik faoliyatini 1927 yilda Qo‘qon teatrida G‘.Zafariyning «Halima» spektaklida epizodik rol o‘ynashdan boshladi. S.Xo‘jayev 1928—1939 yillarda Andijon teatrida faoliyat ko‘rsatdi. Bu dargohdagi faoliyat davomida Truffaldino (K.Gotssi, «Malikai Turandot»), Soli domla (K.Yashin, «O‘rtoqlar»), Bobchinskiy (N.Gogol, «Revizor») va boshqa rollarni ijro etib, asta-sekin teatr san’atida o‘z o‘rni va qiyofasiga ega bo‘la boshladi. 1939 yildan Toshkentga kelib, Muqimiy nomidagi O‘zbek Davlat muzikali drama teatrida o‘z faoliyatini davom ettirib, to umrining oxirigacha shu teatrda ishladi. Soyib Xo‘jayev o‘zbek teatr sahnasida turli janrlarda uch yuzdan ortiq rollar ijro etdi. Shu o‘rinda aktyor ijro etgan Mullado‘st (Hamza, «Maysaraning ishi»), Huzurxo‘ja (K.Yashin, T.Jalilov, «Nurxon»), Mikola (I.Kotlyarskiy, N.Lisenko, «Poltavalik Natalka»), Tobi (V.Shekspir, R.Vildanov, «O‘n ikkinchi kecha»), Toshbolta (G‘.G‘ulom, M.Leviyev, «Toshbolta oshiq»), Vakil qassob («Ajab savdolar») kabi rollarni alohida tilga olish joizdir. Satira va yumor, xalq qiziqchilarining eng yaxshi usullaridan, mimika va pantomimalaridan, so‘z o‘yinlaridan ustalik bilan foydalanish qobiliyatiga ega bo‘lgan aktyor S.Xo‘jayevning elga tanilishida «Toshbolta oshiq» komediyasidagi Toshbolta roli muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu rol aktyorga katta shuhrat keltirdi. Aktyor Toshbolta rolini Muqimiy teatri sahnasida 1500 marta o‘ynadi. 1959 va 1964 yillarda Muqimiy teatri jamoasi Moskvada Kreml teatr ko‘rigida qatnashdi. S.Xo‘jayevning «Vatan ishqi», «Muqimiy», «Ravshan va Zulxumor», «Nurxon», «Toshbolta oshiq» spektakllarida ijro etgan rollari tomoshabinlar va tanqidchilar tomonidan ijobiy baholandi. Soyib Xo‘jayev kinoda ham faol qatnashib «Vatanga sovg‘a», «Nasridsinning sarguzashtlari», «Stadionda uchrashamiz», «Yor-yor», «Dilbarim», «Uning ismi Bahor» va boshqa badiiy filmlarda qator yorqin va esda qolarli obrazlar yaratdi. Uning radio va televideniyeda yaratgan jozibali obrazlari ham aktyor ijodida alohida o‘rin tutadi. Soyib Xo‘jayev uzoq yillar L.Sarimsoqova, T.Jalilov, A.Bakirov kabi taniqdi san’atkorlar bilan ijodiy hamkorliqda bo‘ldi. H.Umarov, B.Ixtiyorov, H.Sharipov, M.Muslimov kabi shogirdlar yetishtirdi. Soyib Xo‘jayevning teatr va kino san’ati ravnaqidagi xizmatlari munosib taqtsirlandi. 1939 yilda unga «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni berildi. Soyib Xo‘jayev 1982 yilda Toshkentda vafot etdi. Respublikamiz madaniy jamoatchiligi tomonidan 2000 yilda S.Xo‘jayev tavalludining 90 yilligi nishonlandi.

Оставьте комментарий