DO`STLARGA ULASHING:
Aleksandr Sergeyevich Pushkin (1799-yil 6-iyun Moskva — 1837-yil 10-fevral Sankt-Peterburg) — ulugʻ rus adibi, yangi rus adabiyotining asoschisi, dramaturg va nasr yozuvchisi. Otasi Sergey Lvovich qadimiy dvoryanlar avlodidan, gvardiya ofitseri boʻlib, fransuzcha she’rlar yozib turardi. Onasi Nadejda Osipovna Pyotrning tarbiyasida boʻlgan habash A.P. Gannibal (asli ismi Ibrohim) ning nevarasi edi. Ota-onasi yosh Pushkinni buvisi Marya Alekseyevna va enagasi Arina Rodionovna tarbiyasiga topshirgan. Uning amakisi Vasiliy Lvovich oʻsha davrning koʻzga koʻringan shoirlardan boʻlib, Pushkinlarnikiga taniqli shoirlar tez-tez mehmon boʻlib kelardi. Bu muhit Pushkinda she’riyatga havas uygʻotdi. 1811-1817-yillarda u Sarskoe selodagi litseyda ta’lim olgan. Pushkinning dastlabki she’ri matbuotda 1814-yildayoq bosilgan edi. 1833-yil dekabrida Nikolay I Pushkinni kamer — yunker qilib tayinlagan. 1837-yilda yosh fransuz ofitseri Jorj Dantes bilan duelda Pushkin ogʻir yaralanib, vafot etadi.