Bolajon uchun o‘yinchoq tanlaymiz

DO`STLARGA ULASHING:

Bolalik. Baxtiyor onlar haqida xotirlar ekanmiz, ko‘z oldimizda biz uchun qadrli bo‘lgan o‘yinchoqlar gavdalanadi. Shubhasiz, hammaning bolalik paytida alohida mehr bilan avaylaydigan o‘yinchog‘i bo‘lgan.
Sevimli mashinalar yoki qo‘g‘irchoqlarini yillar o‘tsa-da asrab qo‘ygan insonlar ham oramizda yo‘q emas. Ulg‘aygach esa farzandlarimiz uchun turli xil o‘yinchoqlarni xarid qilamiz. Ammo, mazkur jarayonda bolajonning yoshiga va o‘ziga xosini tanlashda o‘ylanib qolamiz. Bu holat deyarli barcha ota-onalarda kuzatiladi.
O‘yin bolaga atrof-muhitni o‘rganish, unga moslashish, insonlar va buyumlar bilan yaqindan tanishishda katta yordam beradi. O‘yinchoq tanlashda e’tiborli bo‘lish lozim. U nafaqat bolaning diqqatini tortuvchi, balki zehnini oshiruvchi, fikrlash va xotirani mustahkamlovchi xususiyatga ega bo‘lishi ham kerak.
2-3 oylik go‘dakning o‘yinchoqlari turfa rangli bo‘lib, ularni belanchagi tepasiga ilib qo‘yish mumkin. Go‘dak biroz ulg‘aygach esa ularni qo‘lida ushlab ko‘rishi uchun bersa bo‘ladi. Xilma-xil rangga ega, ovozli, turli ko‘rinishdagi o‘yinchoqlarni kichkintoyga berish unga bir olam zavq bag‘ishlaydi. Bola ularni bemalol ushlay boshlasa unga rezina ko‘rinishidagi o‘yinchoqlarni xarid qilsa bo‘ladi.
7-8 oylikdan turli rangdagi rasm tushirilgan gilamlar bilan xonani bezatish mumkin. Lekin mayda buyumlar, o‘tkir uchli va ekologik notoza mahsulotlarni bolaga berish tavsiya etilmaydi. Agar istasangiz, gilam ustiga to‘shama yozib, bolani yotqizing va turli ko‘rinishdagi xilma-xil o‘yinchoqlarni bering. U o‘zi mustaqil ravishda ularni ushlab, tanishadi va shu bilan birgalikda harakatlanishi ham faollasha boradi.
10-12 oylikda bolajonga itarib yurish mumkin bo‘lgan o‘yinchoqlar – katta mashinalar, poyezdlar, koptok va boshqa shunga o‘xshash ovunchoqlarni xarid qilishingiz mumkin. “Yosh tadqiqotchi” uchun turli ovozli, yig‘iladigan (mozaikali uychalar, piramida, kubiklar) o‘yinchoqlar bilan o‘ynash juda maroqlidir.
1,5-2yoshli bolalar texnika o‘yinlarini o‘ynashni yoqtiradi. Temir yo‘lda harakatlanayotgan kichik poyezd va uning vagonchalari, mashinalar bolajonning sevimli o‘yinchog‘i bo‘la oladi.
1-3 yoshli bolalar atrof-muhit bilan yanada yaqindan tanishishga oshiqadi. Shu sababli bu yoshdagi kichkintoylarga turli xil hayvonlar timsolidagi o‘yinchoqlar, mashinalar, qo‘g‘irchoqlarni olib berish mumkin. Ular faqatgina chiroyli ko‘rinishga ega bo‘lishi kerak emas. Balki, bolajonga uning qanday tuzilganini ko‘rsatish ham kerak. Hayvonlar, ularning bolalari qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi va ularning oziqlanishi haqida tushuntiring. Shirintoy bilan birkalikda kubiklardan kichik-kichik uychalar quring. Bu yoshdagi qizaloqlar uchun qo‘g‘irchoqlarni ularning idishlari bilan birgalikda xarid qilsangiz ayni muddao. Chunki, bu yoshga kelib bolalar syujetli o‘yinlarga qiziqadi. Endi qizalog‘ingiz mustaqil ravishda “mehmon-mehmon” o‘ynashi, “tushlik” tayyorlashi mumkin. Ammo qo‘g‘irchoq liboslarini olib bermang. Bu orqali siz qizalog‘ingiz o‘z ijodiy izlanishi orqali yangi liboslar yaratishiga to‘sqinlik qilgan, bolangizga dangasalik sari bir qadam qo‘yishga “yordamlashgan” bo‘lasiz.
Yana o‘qing:  Shaftoli – quvvat manbai
3 va undan yuqori yoshga kelib bolajoningizni qo‘g‘irchoq teatrlariga olib boring. Ular spektakllar orqali o‘zlari uchun yangi ijobiy qahramonni kashf etishadi. Shu bilan birgalikda farzandingizga jamoat transportida yurish qoidalarini o‘rgatish ham juda foydali. Bolakay bu yoshda ota-onasi bilan shifokor yoki haydovchi ko‘rinishida muloqotga kirishishni istaydi. Bola uchun o‘yinchoqlar hayotga yaqin va xilma-xil ko‘rinishga ega bo‘lishi kerak. Sog‘liq uchun bouling, halqa otish, arg‘imchoqda uchish, futbol, samokat, velosiped, arqon sakrash kabi o‘yinlar bolalarga yaxshi samara beradi.
4-5 yoshga borib stol o‘yinlari, mozaika, shaxmat-shashka o‘yinlari tavsiya etiladi.
Katta va juda qimmat sovg‘alarni bolaga bayram yoki tug‘ilgan kun munosabati bilan olib bergan ma’qul. Unutmang, farzandingizga olib berilgan barcha o‘yinchoqlardan ko‘pincha kichkintoy foydalanmaydi. Ularning karavot ostida yoki quti ichida qolib ketishining asosiy sababi ham shundan.
Xurshida HUSENOVA
soglom.uz/tavsiya/bolajon-uchun-oyinchoq-tanlaymiz/

Оставьте комментарий