Bolalarni 1-sinfga qabul qilish tartibi

DO`STLARGA ULASHING:

Bolalarni 1-sinfga qabul qilish tartibi: muhim 10 savolga 10 javob​​​​​​​
Ayni kunlarda farzandi birinchi sinf yoshiga yetgan ota-onalarni qator savollar o‘ylantirayotgan bo‘lishi tabiiy. Xususan, bolani maktabga berish uchun qanday hujjatlar kerak? 1-sinfga qabul qilinayotganda bola bilan suhbat, test, imtihon yoki shu kabi sinovlar o‘tkaziladimi?
1. Bolalarni 1-sinfga qabul qilish faqat onlayn amalga oshiriladimi?
Yo‘q, bolalarni davlat maktablariga 1-sinfga qabul qilish 2 xil usulda:
– maktablar tomonidan ro‘yxatga olish;
– onlayn ariza berish orqali amalga oshiriladi.
Har ikkala holatda ham qabul bepul amalga oshiriladi.
1-sinfga onlayn hujjat qabul qilinadigan hududlar har yili Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 1 maygacha tasdiqlanib e’lon qilinishi lozim. Bu toifadagi hududlarga asosan shaharlar kiritiladi.
Boshqa hududlarda esa bolalarni maktablar tomonidan ro‘yxatga olish asosida 1-sinfga qabul amalga oshiriladi.
2. Bola necha yoshdan 1-sinfga qabul qilinadi?
1-sinfga bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi.
3. Onlayn hujjat qanday topshiriladi?
Hujjatlar 20 iyundan 31 iyulgacha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining portali orqali qabul qilinadi.
Ariza berilayotganda bola o‘qiydigan ta’lim tili tanlanadi. Agar tanlangan maktabda bola o‘qishni istagan til bo‘yicha sinf bo‘lmasa, bola yaqinroq hududda joylashgan boshqa maktabga biriktiriladi.
4. Onlayn yuborilgan ariza rad etilsachi…?
Ariza 3 kunda ko‘rib chiqiladi. Arizaga noto‘g‘ri ma’lumotlar kiritilgan bo‘lsa (masalan, yashash joyi, bolaning yoshi), ariza rad qilinadi. Arizani rad qilishda undagi kamchiliklar ko‘rsatilib, ariza beruvchiga xabar qilinadi. Ariza beruvchi mazkur kamchiliklarni bartaraf qilib qayta ariza yuboradi.
5. Ariza qabul qilingandan keyin nima qilish kerak?
Onlayn ariza qabul qilingach, elektron portallar orqali bolani maktabga olib borish bo‘yicha elektron navbat beriladi.
Ota-onalar yoki boshqa mas’ul shaxslar elektron navbatda ko‘rsatilgan muddatda bola bilan maktabga boradi, bunda bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma ham olib borish kerak.
Maktabda 1-sinfga qabul qilish bo‘yicha 5 kishidan iborat qabul komissiyasi tuziladi va ular bolani 1-sinfga qabul qilish bilan bog‘liq ishlarni rasmiylashtiradi.
6. Onlayn ariza bermaydigan hududlarda qabul qanday bo‘ladi?
Onlayn hujjat topshirmaydigan hududlarda har bir bola maktab tomonidan ro‘yxatga olinadi.
Ularning hujjatlari ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan maktabga borib topshiriladi.
Bunda quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
direktor nomiga ariza;
bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma;
bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati.
7. 1-sinfga qabul uchun ham imtihon bo‘ladimi?
Umumiy qoidaga ko‘ra, bolalar 1-sinfga tayyorgarlik darajasidan qat’i nazar, tanlovsiz qabul qilinadi.
Ayrim istisnolar mavjud, masalan, musiqa va san’atga ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilishda bolaning qobiliyati sinovdan o‘tkaziladi.
8. O‘qish boshqa tilda olib boriladigan tillar uchun suhbat o‘tkaziladimi?
Ha, o‘qish boshqa tilda (rus, ingliz) bo‘ladigan maktablarda bola bilan suhbat jarayonida bolaning tanlagan tilda boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega ekanligini o‘rganiladi.
Bola tanlagan tilda boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega bo‘lmasa, qabul komissiyasi bolani so‘zlashuv ko‘nikmasiga mos sinfga yoki boshqa maktabga joylashtirish chorasini ko‘radi.
Bolaning boshqa tildagi ko‘nikmasini o‘rganish bo‘yicha savolnoma Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi va har yili 20 iyungacha maktab binosiga osib qo‘yilishi shart.
9. Bolani maktabga qabul qilish rad etilishi mumkinmi?
Ha, mumkin, qabul komissiyasi quyidagi holatlarda bolalarni maktabga qabul qilishni rad etishi mumkin:
tibbiy ma’lumotnomada maktabda o‘qish tavsiya etilmagan bo‘lsa;
tanlagan tilda bola boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega bo‘lmasa;
berilgan ma’lumotlar noto‘g‘riligi aniqlansa.
Boshqa holatlarda bolalarni maktabga qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kamchiliklar bartaraf qilingach qayta hujjat topshirish mumkin.
10. Bolani biriktirilgan maktabdan boshqa maktabga joylashtirish mumkinmi?
Ha, mumkin. Maktablarning imkoniyatidan kelib chiqib mikrohududdan tashqaridan qo‘shimcha bolalar qabul qilinishi mumkin.
O‘quvchi o‘rniga nisbatan ta’lim olayotgan o‘quvchilar soni ko‘p bo‘lgan maktablarda mikrohududdan tashqaridan qo‘shimcha bolalar qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mikrohududdan tashqaridan bolalar 1-sinfga har yili 1 – 15 avgust kunlari qabul qilinadi.
Ota-onalar yoki boshqa mas’ullar yuqoridagi muddatda bo‘sh joy bo‘lgan maktablarni my.gov.uz yoki my.maktab.uz portallari orqali tanlab ariza yuboradi.
Ariza 1 kunda ko‘rib chiqilib bola maktabga qabul qilish yoki rad etish haqida qaror qabul qilinadi.
Bola maktabga qabul qilinsa, ota-onalar yoki boshqa mas’ullar bolaning sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotnomani avvalgi maktabdan olib yangi maktabga topshiradi.
Bolani maktabga qabul qilish rad qilinsa, o‘zi biriktirilgan hududdagi maktabga yo‘naltiriladi.
Onlayn hujjat topshirmaydigan hududlarda, boshqa mikrohududdagi maktabga hujjat topshirish ota-onalar yoki boshqa mas’ullarning maktabga shaxsan borishlari orqali amalga oshiriladi.

Оставьте комментарий