Kasbiy pedagogika (ma’ruzalar matni)

DO`STLARGA ULASHING:

M.Hakimova
KASBIY PЕDAGOGIKA
fanidan
MA’RUZA MATNI
TOSHKЕNT – 2012

I . O‘zbekiston Respublikasida ta’limni rivojlantirishning yangi bosqichida kasbiy pedagogika

1.1. O‘zbekistonda kasb ta’limi islohoti
1.2. Kasbiy pedagogikaning rivojlanish bosqichlari
1.3. Kadrlar tayyorlash jarayonidagi kasbiy-malakaviy o‘zgarishlar; kasblarni tahlil qilish metodlari
1.4. Oliy kasbiy ta’lim va uning rivojlanish darajasi

1.1. O‘zbekistonda kasb ta’limi islohoti
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi «Ta’lim to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalariga muvofiq holda tayyorlangan bo‘lib, milliy tajribaning tahlili va ta’lim tizimidagi jahon miqyosidagi yutuqlar asosida tayyorlangan hamda yuksak umumiy va kasb-hunar madaniyatiga, ijodiy va ijtimoiy faollikka, ijtimoiy-siyosiy hayotda mustaqil ravishda mo‘ljalni to‘g‘ri ola bilish mahoratiga ega bo‘lgan, istiqbol vazifalarini ilgari surish va hal etishga qodir kadrlarning yangi avlodini shakllantirishga yo‘naltirilgandir.
Dastur kadrlar tayyorlash milliy modelini ro‘yobga chiqarishni, har tomonlama kamol topgan, jamiyatda turmushga moslashgan, ta’lim va kasb-hunar dasturlarini ongli ravishda tanlash va keyinchalik puxta o‘zlashtirish uchun ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, psixologik-pedagogik va boshqa tarzdagi sharoitlarni yaratishni, jamiyat, davlat va oila oldida o‘z javobgarligini his etadigan fuqarolarni tarbiyalashni nazarda tutadi.1
Shu o‘rinda Prezidentimiz I.A.Karimovning quyidagi fikrlarini ta’kidlash o‘rinlidir: «Ayniqsa o‘sib kelayotgan yosh avlod taqdiriga hech kim befarq qaray olmaydi. Bunda oliy o‘quv yurtlarining ahamiyati kattadir. Yoshlarni qay usulda o‘qitish, ularni tarbiyalash, mustaqil mamlakatning yetuk mutaxassislari bo‘lishiga qayg‘urish har birimizning muqaddas burchimizdir. Bunda oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimi saviyasini jahon andozalari darajasiga yetkazish, xalq xo‘jaligida mutaxassisliklarga bo‘lgan talab va ehtiyojlarni ilmiy tahlil asosida aniqlash, xorijiy mamlakatlar tajribasidan oqilona foydalanish shu kunning dolzarb vazifalaridandir».2
Tub islohotlarni amalga oshirish, bozor munosabatlarini shakllantirish ko‘p jihatdan iqtisodiy ta’limga bog‘liqdir. Kishilarda iqtisodiy tafakkurni shakllantirmasdan turib, chuqur o‘zgarishlarni amalga oshirib bo‘lmaydi.
Mustaqil taraqqiyotimizning bosib o‘tgan yo‘liga nazar tashlar ekanmiz milliy xo‘jaligimiz iqtisodiy jihatdan mustahkamlanib, inqiroz holatidan chiqarilganligi, ko‘pgina sohalarda barqaror o‘sishga erishilganligining guvohi bo‘lamiz. Bozor mexanizmining tarkibiy qismlari qaror topdi va uning infratuzilmalari vujudga keltirildi, hozirgi kunda esa iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, iqtisodiyotni har taraflama erkinlashtirish amalga oshirilmoqda. Eng muhimi shu davr ichida milliy istiqlol g‘oyasi va mafkurasi shakllanib, kishilarimiz ongiga singib bormoqda.1
Bugungi kunda xalqning boy zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, fan, texnika va texnologiyalarning yutuqlari asosida mutaxassislar tayyorlashning mukammal tizimini shakllantirish mamlakatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek: «… bugungi kunda oldimizga qo‘ygan buyuk maqsadlarimizga, ezgu niyatlarimizga erishishimiz, jamiyatimizning yangilanishi, hayotimizning taraqqiyoti va istiqboli amalga oshirilayotgan islohotlarimiz, rejalarimizning samarasi taqdiri – bularning barchasi, avvalambor, zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali, ongli mutaxassis kadrlar tayyorlash muammosi bilan chambarchas bog‘liqligini barchamiz anglab yetmoqdamiz»2.
Respublikamizning eng nufuzli universitetlari qatorida bo‘lgan va jahonning ko‘pgina nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan diplomatik aloqada bo‘lib kelayotgan Toshkent Davlat Iqtisodiyot universitetida iqtisodiy ta’limga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-nazariy anjumanlarning muntazam ravishda o‘tkazilib kelayotganligi fikrimizning dalilidir.
Bugungi kunda, mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida iqtisodchi mutaxassislarni tayyorlash tizimini zamon talablari darajasida qayta tashkil etish maqsadida iqtisodiy ta’limning halqaro andozalaridan samarali foydalanish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Chunki, dunyoning rivojlangan va bozor iqtisodiyoti amal qilayotgan mamlakatlarning deyarli barchasi yangi mexanizmning keskin o‘zgarishlariga moslasha oladigan va har qanday sharoitda raqobatlasha oladigan iqtisodchi mutaxassislarni tayyorlash borasida zamonaviy iqtisodiy ta’lim tizimiga egadirlar3.
Jamiyat taraqqiyoti darajasi, axborotlarning haddan tashqari ko‘pligi, iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar, umuman olganda, hayot tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yoshlarni vaziyatni tezda anglay oladigan, ayni shu vaziyat uchun to‘g‘ri qaror qabul qila oladigan yuksak malakali mutaxassislar qilib tayyorlash uchun faqat an’anaviy uslublargagina tayanib dars o‘tish yetarli emas.
Hozirgi paytda tayyor bilimlarni o‘zlashtirish asosiy maqsad bo‘lmay, eng asosiysi talaba-yoshlarlarning intellektual qobiliyatini rivojlantirish, mustaqil tanlash va qaror qabul qilish ko‘nikmasini hosil qilish obyektiv zaruriyatga aylandi.
Ma’lumki iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar o‘z navbatida mutaxassislar malakasi va mahoratini yuqori bo‘lishini, mutaxassislarga bo‘lgan talabning o‘zgarishiga moslashuvchan, o‘z malakasini oshirishga intiluvchan bo‘lishni talab etadi. Buning uchun iqtisodchi mutaxassislarni mustaqil izlanish, fikrlash, turli qarashlarni taqqoslash, tahlil qilish, xulosa chiqarishga o‘rgatish lozim. Shu o‘rinda Prezidentimiz I.A.Karimov quyidagi fikrni bildirgan edilar: «Biz hayotimizning turli jabhalarida, xalq xo‘jaligining barcha sohalarida tub islohotlarni amalga oshirib, yangilanish sari borar ekanmiz, ushbu islohotlarning turmush tarzimizni ijobiy tomonga o‘zgartirishi, ma’naviy yuksalishimizga ko‘mak berishi hamda milliy g‘urur va iftixorimizni kuchaytirishi ko‘p jihatdan har tomonlama yetuk kadrlarga bog‘liq ekanini unutmasligimiz lozim. Respublikamizning iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy jihatdan ravnaq topishida, bu sohalardagi muammolarni hal qilishimizda ham milliy kadrlar bosh omillardan biri bo‘ladi».1
Oliy ta’limning respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-ma’naviy rivojini ta’minlashda o‘zi tanlagan mutaxassis bo‘yicha bozor iqtisodi sharoitida ishlashga layoqatli, yuqori malakali, iqtidorli, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashdan iboratdir. Bo‘lajak kadrlarda chuqur va mustahkam bilimlarni shakllantirish, milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqatini, Vatanga muhabbatini, bu yo‘ldagi fidoyilikni tarbiyalashni davom ettirish ham oliy ta’lim tizimining asosiy vazifalaridandir.2
Iqtisodiyot bilan shug‘ullanishning birinchi vazifasi talabalarning iqtisodiy bilim saviyasini oshirish bo‘lsa, keyingisi ana shu bilim asosida malaka va ko‘nikmalar hosil qilishdir. Iqtisodiy bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish jarayoni quyidagicha kechadi: bilim-ko‘nikma-malaka. Bu jarayon mexanizmi quyidagicha amalga oshirilishi mumkin:
1-chizma
Kasbiy ta’lim fani bizga, O‘zbekiston mustaqilligining birinchi yillaridan kirib keldi. Chunki, qo‘llanayotgan tajribalar kasbiy ta’limning asosi bo‘lib xizmat qiladi. Talabalarimizga kasbiy ta’lim, kasbiy tarbiya berish muammolari ko‘zga tashlanib qoldi. Shu nuqtai nazardan Prezidentimiz I.A.Karimov: «Bozor munosabatlariga o‘tish davrida kasbiy bilimlarni berishimiz maqsadga muvofiqdir»1,- deb ta’kidlagan edi.
Har bir insonning hayoti asosini iqtisodiy faoliyat tashkil etar ekan, u albatta har bir odamdan iqtisodiy fikrlashga o‘rganishni talab qiladi. Ayniqsa, bozor iqtisodiyoti sharoitida bu talab yanada kuchayadi. Shuning uchun ham iqtisodchilarga yoshlikdan boshlab iqtisodiy fikrlashni o‘rganishlari uchun, mamlakatimizda o‘rta umumta’lim maktabidan boshlab, iqtisodiy bilim asoslarini o‘rganishga kirishildi2.
Oliy o‘quv yurtining talabalari, ayniqsa iqtisodiy yo‘nalishdagi o‘quv yurtining talabalari esa iqtisodiy fikrlashni o‘rganibgina qolmay, keng doiradagi iqtisodiy muammolarni aniqlash, tahlil qilish, iqtisodiy rivojlanish tendensiyalariga baho berish, bu o‘zgarishlar kelajakda qanday natijalarga olib kelishini ko‘z o‘ngida keltira bilishni o‘rganishi zarur.
Shunday qilib, bugungi kunda jamiyat hayotida yuzaga kelayotgan iqtisodiy muammolarni o‘z vaqtida anglab yetgan holda ularni oqilona hal qilish uchun zaruriy chora-tadbirlar belgilash soha mutaxassislaridan juda katta bilim va malakani talab etadi. Bo‘lg‘usi iqtisodchilar bugungi davr talablariga javob berish uchun o‘z bilim va malakasini tinimsiz oshirib borishi, zamonaviy tajribalarni qunt bilan o‘rganishi, izlanishi lozim. Bu nafaqat bugungi kun kishilari, balki kelajak avlod oldida ham juda katta mas’uliyatni bo‘yniga olish demakdir.
1.2. Kasbiy pedagogikaning rivojlanish bosqichlari
Kasb ta’limi uzoq davrlar mobaynida har tomonlama rivojlangan shaxsni tarbiyalashga yo‘naltirilib borildi, biroq ushbu tadbir bitiruvchilarning kasbiy mahoratini shakllanish darajasining pasayishi hisobiga amalga oshirildi. Bu holat kasbiy mahoratni va layoqatni oshirish, insonning butun umri davomida o‘z bilimini takomillashtirib borish va o‘z-o‘zini tarbiyalash ehtiyojini oshirishga xizmat qilmas edi. Shu sababali kasbiy mahorati yetishmaydigan, ijodiy izlanishlardan yiroq, ta’lim-tarbiya, kasb-hunar ishida no‘noq kishilar ham shu sohaga aralashib qoldilar. Oliy ta’lim tizimida yo‘l qo‘yilgan bunday xato va kamchiliklar ijtimoiy hayotimizda o‘zining salbiy oqibatlarini namoyon qildi. Respublikamizda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida kasbiy ta’lim ishchi kasblariga maxsus tayyorlash masalasiga, ta’lim oluvchi shaxsida kasbiy mahorat va layoqat sifatlarini shakllantirishga alohida e’tibor berilmoqda.
Ma’lumki, kasb mahorati deyilganda bitiruvchining yuqori darajadagi kasbiy ko‘nikma va malakalarni egallaganligi tushuniladi, u shaxsning mehnat bozorida egallayotgan kasbi bo‘yicha raqobatbardoshlik darajasida o‘z aksini topadi. Kasbiy mahorat ishchi kuchlarining yuqori darajada moslashuvchanligini va yangiliklarni tez o‘zlashtirishi, yangi ishlab chiqarish sharoitlariga oz vaqt ichida o‘ta olishi, faoliyat sohasini mustaqil tanlay olishi kabi sifatlar bilan belgilanadi.
Respublikamizda ta’limni rivojlantirishning bugungi bosqichida “Kasb pedagogikasi” fanining asosiy vazifasi sifatida jahon talablari darajasida yangilanib borayotgan ishlab chiqarish sharoitlariga moslasha oladigan, iqtisodiyotimizni buyuk davlat darajasiga ko‘taradigan mutaxassislarni tayyorlash va bu jarayonda asosiy omil sifatida beriladigan axborotlar hajmini emas, balki ijodiy yondoshuvni shakllantirish, mustaqil fikrlash va tadbiq qilish sifatlarini tarbiyalashga e’tibor qaratish lozim. Kasbiy ta’limga bo‘lgan e’tiborning ortib borayotganligini quyidagilar bilan izohlash mumkin:
1. Ta’lim islohotlari natijasida gimnaziya, litsey, kollej va boshqa turdagi yangi o‘quv muassasalarining shakllantirilishi va rivojlantirilishi;
2. Oliy o‘quv yurtlarida kasb ta’limini tashkil qilish, alohida bo‘lim va fakultetlarning tashkil etilishi;
3. Kasbiy pedagogikaning boshqa fanlar bilan yanada jipsroq bog‘lanib borishi, istiqbolda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan, bilim sohalari tutashuvida yangi konsepsiya va nazariyalarning yuzaga kelishi;
4. Kasbiy ta’lim muassasalarining aholiga ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish turlarining ortib borishi, o‘z bazasida tayyor mahsulot ishlab chiqarish va unga xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishi, mehnatni tashkil qilishning ilg‘or shakllarini joriy etishi va boshqalar.1
Kasbiy pedagogika talabalarni ta’limi, tarbiyasi, o‘qishi hamda rivojlanish qonuniyatlarini o‘rganadi, ta’lim-tarbiya, pedagogik va axborot texnologiyalarini qo‘llash mezonlarini ishlab chiqadi, kasb ta’limi muassasalari turlarini va ularni boshqarish tizimini asoslaydi. Ushbu fan insonni kasbiy faoliyatga tayyorlash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalash, malakali ishchi kuchini yangi talablar darajasiga moslab borishni ko‘zda tutadi.
1.3. Kadrlar tayyorlash jarayonidagi kasbiy-malakaviy o‘zgarishlar, kasblarni tahlil qilish metodlari

«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»ning asosiy maqsadi – yuqori malakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimini barpo etish strategiyasi hamda asosiy yo‘nalishlarini uning komponentlari: shaxs, davlat va jamiyat, uzluksiz ta’lim, fan, ishlab chiqarish vazifalarini hisobga olgan holda ishlab chiqishdan iboratdir. Bu masalani ilmiy-pedagogik jihatdan to‘g‘ri hal etish, hozirgi kundagi tadqiqot ishlarining mavzusi va tadqiqotchilarning mashaqqatli mehnati tufayli amalga oshiriladigan muammodir.
Shuning uchun iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida hamda ta’lim tizimini o‘rganish asosida mamlakatimiz iqtisodiyotida erishilgan yutuqlarni atroflicha tahlil etish, mavjud muammo va kamchiliklarni batamom bartaraf etish hamda iqtisodiyotni rivojlantirish usullarini ilg‘or xorijiy tajribalardan samarali foydalanish orqali amalga oshirish, ta’lim tizimini yanada takomillashtirish masalalari ilgari suriladi. Bunda, asosiy e’tibor O‘zbekistonni jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi jarayonini jadal sur’atlarda rivojlantirishga qaratiladi. Bu esa mamlakatimiz tashqi iqtisodiy faoliyatini erkinlashtirish borasida kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etadi.
Iqtisodiyot – bu shunday xo‘jalik tizimiki, u zarur hayotiy ne’matlarni yaratish yo‘li bilan odamlar va jamiyat ehtiyojini qondiradi, xo‘jalik yuritish faoliyatini yaxshilaydi, ishlab chiqarish samaradorligini ta’minlaydi. Demak, inson birinchi navbatda, moddiy talab-ehtiyojini qondirishga iqtisodiy faoliyat orqali erishadi, o‘z rizq-ro‘zini yaratadi. Bunga erishish uchun iqtisodchi mutaxassislarning iqtisodiy tafakkurini rivojlantirish orqali ularni:
— jamiyat iqtisodiy qonunlarini o‘rgatuvchi bilimlar bilan qurollantirish;
— jamiyatning iqtisodiy siyosatini to‘g‘ri anglab yetadigan mutaxassis-shaxsni shakllantirish;
— ishlab chiqarishdagi faol iqtisodiy faoliyatda ishtirok etish, mehnat qilishning ilg‘or shakl va metodlarini o‘rganib olishga yo‘llaydigan dastlabki malakalarni egallab olish.
«Bozor iqtisodiyoti islohotlarini amalga oshirishda qanday chora-tadbirlar ko‘rilishidan qat’iy nazar, malakali mutaxassislar yetishmas ekan, qo‘yilgan maqsadga erisha olmasligimiz mumkin. Malakali mutaxassislarni tayyorlashda oliy ta’lim muassasalari yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish vaqti keldi»1 – degan edi Prezidentimiz I.A.Karimov. Bu jarayonni amalga oshirishda xorijiy tajribalardan samarali foydalanish va Kadrlar tayyorlash milliy dasturining dastlabki bosqichlarini amalga oshirish, shuningdek, bozor iqtisodiyoti sharoitida kadrlar tayyorlash muammolarini o‘rganish ushbu mavzuning dolzarbligidan dalolat beradi.
Bu kabi muammolarning oqilona hal etilishi esa har tomonlama bozor munosabatlari talablariga javob bera oladigan iqtisodchi mutaxassislarni tayyorlashga bog‘liqdir. Chunki, iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida mustaqil respublikamiz oldidagi yangidan-yangi maqsad va vazifalarni chuqur anglab yetgan, har tomonlama yetuk, zamon talablariga mos keluvchi bilim va tajribaga ega bo‘lgan iqtisodchi mutaxassislargina mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shishi mumkin. Biroq, yangi sharoitda samarali faoliyat yurita oladigan iqtisodchi mutaxassislarni tayyorlash borasidagi muammo va kamchiliklarning mavjudligi tufayli, yuqorida aytib o‘tilgan xususiyatlarni o‘zida mujassam etgan mutaxassislarni tayyorlashda bir qator to‘siqlar yuzaga kelgan bo‘lib, ularning oqilona yechimini topish bevosita mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotini belgilab beruvchi hal qiluvchi omillardan biri hisoblanadi.
«Kasbiy pedagogika» fanining asosiy tushunchalari, mazmun-mohiyati kasbiy ta’limning turli tizimlarida quyidagi vazifalarni bajarishi mumkin:
— o‘qituvchilarning yangi va yanada murakkab tadbirlarni amalga oshirish maqsadida o‘z kasbiy mahoratini oshirishi;
— kasbiy-texnik ta’limning yangi konsepsiyalarini amalga oshirish vosita va yo‘llarini yaratishga alohida e’tibor qaratish, faol-ijodkor shaxsni tarbiyalash;
— pedagogik bilimlarni egallashga yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish;
— ta’lim-tarbiyaning samarali shakl va metodlarini ishlab chiqish;
— rivojlanib boruvchi yangi pedagogik jarayonlarni loyihalash, ta’lim oluvchilarning barcha imkoniyatlari va qobiliyatlarini ishga solishi uchun sharoit yaratish, kasbiy mahoratni egallashi uchun sarflanadigan vaqtni qisqartirishga erishishdan iborat.

1.4. Oliy kasbiy ta’lim va uning rivojlanish darajasi

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, rivojlanishning o‘ziga xos va o‘ziga mos yo‘lini tanlab oldi hamda huquqiy demokratik davlat, ochiq fuqarolik jamiyatini qurishni amalga oshira boshladi. Bunday davlatda jamiyatning ma’naviy yangilanishi, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodini shakllantirish jahon hamjamiyatiga uyg‘unlashtirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan bo‘ladi.
Umuminsoniy qadriyatlar o‘zbek xalqining ko‘p asrlik ilmiy va madaniy an’analarini, zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, fan-texnika hamda jamiyatning rivojlanish istiqbolini e’tiborga olgan holda ta’lim sohasida olib borilayotgan aniq maqsadlarga erishishning muhim shartlari bo‘lib hisoblanadi.
Mohiyati jihatidan mutlaqo yangi bo‘lgan Kadrlar tayyorlashning milliy modeli “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”dan iborat qonunlarning qabul qilinishi va joriy etilishi ijodkor, ijtimoiy faol, ma’naviy jihatdan boy shaxsni shakllantirish hamda yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlarni oldindan qayta tayyorlashdan iborat strategik maqsadga erishish uchun nazariy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizning buyuk kelajagini yaratishda avvalo Prezidentimiz I.Karimovning quyidagi so‘zlari – haqiqat bilan chambarchas bog‘liqdir: “…Bugun respublikamizda islohotlar faqat iqtisodiyot sohasidagina olib borilmayapti, bu avvalo, institutsional islohotlar bo‘lib, ular eski markazlashtirilgan iqtisodiy tizimni yangi, erkin boshqaruv tizimiga o‘tkazishni, uni rag‘batlantiruvchi, hayotiy faoliyatga aylantirishni ta’minlaydi”.
Bu o‘zgarishlarni maxsus dasturlar asosida amalga oshirish, xo‘jalik yuritishning zamonaviy usullarini joriy etish, kompyuterlashtirish, ham xorijda, ham o‘z yurtimizda oliy ta’lim muassasalaridagi yosh mutaxassislarni jadal tayyorlashni tashkil etish, bular barchasi, Prezidentimiz, davlatimizning diqqat markazida turibdi. Respublikamiz hukumati tomonidan umuman moliyalash tizimini, xususan, ta’lim tizimidagi moliyalashni takomillashtirishni talab etilmoqda.
Mamlakatimizda 1997 yildan boshlangan mavjud ta’lim tizimini tubdan isloh qilishni, ta’lim muassasalariga iqtidorli, bilimga chanqoq yoshlarni jalb etmasdan, oliy maktab faoliyatini tubdan o‘zgartirmasdan turib ezgu ishlarimizni mantiqiy yakuniga yetkazib bo‘lmaydi. Uzluksiz ta’lim tizimini isloh qilishda yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida samaraga erishishda ta’lim tizimini takomillashtirishda, ta’lim muassasalari faoliyatiga shart-sharoit, imkoniyat yaratishda yetarli mablag‘ga ega bo‘lmasdan turib ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat tomonidan oliy ta’limni moddiy qo‘llab-quvvatlash o‘quv yurtlarining noshirlik, ishlab chiqarish, ilmiy xizmat ko‘rsatish va ustavga muvofiq amalga oshiriladigan boshqa faoliyatlar hisobiga o‘quv yurtlari daromadini oshirish bilan chambarchas bog‘liq holda olib borilishi lozim. Bular ta’lim muassasalarida zamonaviy texnika vositalari, jihozlar, yangi texnologiyalarga xususan, axborot texnologiyalariga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlaydi, ular mustaqilligini oshiradi, fanning ta’lim bilan uyg‘unlashuvining ta’sirchan vositalarini ishlab chiqish va joriy etish imkonini beradi va oqibat natijada oliy ta’lim tizimiga yangi kuch baxsh etadi. Bu sa’y-harakatlar o‘zlarida ilmiy bilim bilan garmonik jihatdan mukammal inson bo‘lishini mujassamlashtirgan, oila, jamiyat, davlat oldida o‘z mas’uliyatini chuqur his etadigan fidoyi mutaxassislarni tayyorlashni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishi shubhasizdir.
Bizning mamlakatimiz uchun kadrlar tayyorlash va yangi ta’lim ustuvorliklariga alohida e’tibor qaratib kelgan Prezidentimiz I.Karimov shunday degan edi: “Kadrlar tayyorlash sohasidagi davlat siyosatida insonni intellektual va ma’naviy-axloqiy tarbiyalash bilan jips bog‘liq uzluksiz ta’lim tizimi orqali fuqaro shaxsni har tomonlama rivojlangan bo‘lishi ko‘zda tutiladi”, shu bilan birga davlat boshlig‘i tomonidan xalqaro tajribani albatta hisobga olgan holda o‘zida ana’analarni mujassam etgan va takomillashgan jamiyat barpo etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Ayni paytda, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunda mustahkamlab qo‘yilganidek, ta’lim sohasidagi davlat siyosati ta’lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik va dunyoviy xarakterini, uning uzluksizligi va izchilligi, ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi, jinsi, tili, yoshi, irqi, milliy mansubligi, ijtimoiy kelib chiqishi va mavqeidan qat’i nazar, bilim olishda teng huquqlarni kafolatlash va ta’minlashdek prinsiplarga asoslangan holda rivoj topib borishi uning g‘oyaviy, tarbiya jarayonidagi o‘rni , mavqei va imkoniyatlari doirasi kengligini belgilab beradi”.1
Ta’limning eng muhim vazifasi bo‘lib, jamiyatni zamonaviylashtirish, mamlakatni rivojlanishining oldingi o‘rinlariga olib chiqishga qodir mutaxassis xodimlar bilan mustahkamlash, sog‘lomlashtirish, yangilash va to‘ldirish hisoblanadi. Bunda zamonaviy bozor iqtisodiyoti mutaxassislar tayyorlashga yangi talablar qo‘ymoqda. Har bir ish o‘rnida ishlab chiqarishni rivojlantirishda ishtirok etish, o‘z tavsifi va texnologiyaviy jihatiga ko‘ra ancha murakkab mahsulotning tez o‘zgaradigan yuqori sifatliligini ta’minlash, ashyolar tannarxi oshib borishini iashlab chiqarish usullarini takomillashtirishi va sarflarni kamaytirish yo‘li bilan tizginlashdan iboratdir.
Asosiy masala shundaki, bozor iqtisodiyoti sharoiti har bir ishtirokchiga faol iqtisodiy fikrlashga erishish talabini qo‘ymoqda. Innovatsiya strategiyasida bu ayniqsa yuqori ahamiyat kasb etadi. Gap shundaki, bozor iqtisodiyoti garchi yangilikka qulaylik bersa-da, lekin o‘zi bunga shart-sharoit yarata olmaydi. Shuning uchun bozor munosabatlariga jalb etilgan barcha mutaxassis xodimlarda strategik fikrlash, iqtisodiy rivojlanish qonunlarini tushunish, yangilikni baholay bilish, mustaqil qaror qabul qilish, yuzaga kelgan qiyinchilikni yenga bilish, zarur bo‘lganda o‘z qarorini asoslab tushuntirib berish va isboti bilan ifodalash muhim sifat bo‘lib hisoblanadi.

Qisqa xulosa
Xulosa qilib aytganda O‘zbekistonda kasb ta’limi islohotlarini amalga oshirishdan asosiy maqsad ta’lim-tarbiya jarayonini yuqori cho‘qqilarga olib chiqishdir. Islohotlarni amalga oshirish zaruriyati kasb pedagogikasi fani oldiga ko‘proq ijodiy xarakterdagi ilmiy tadqiqot ishlarini yaratish vazifasini qo‘ymoqda. Hozirgi zamon har tomonlama yetuk mutaxassis kadrlarni o‘qitish, ularni zamonaviy texnologiyalar bilan qurollantirishni talab etadi. Ko‘zlangan maqsadga erishish uchun ta’limning eski usullaridan voz kechish, faqat muayyan bilimlar majmuigagina ega bo‘lgan yosh kadrlarni tayyorlashdan o‘zining butun bilim va imkoniyatini namoyon etishga qodir, yuksak axloqli, har tomonlama yetuk insonni tayyorlashga o‘tish kerak. Kasb pedagogikasining jahon miqyosida erishgan yutuqlari darajasini, axloqiy-estetik me’yorlar rivoji ustuvorligi hisobga oluvchi milliy maktabga tayanuvchi, milliy madaniyat o‘chog‘i hisoblanuvchi, shu bilan birga madaniyatlarning oqilona dialogini olib borishga qodir uzluksiz ta’limni rivojlantirish strategiyasi haqidagi masala dolzarb bo‘lib qoldi. Bunday ta’lim umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim muassasalarida rivojlantirilishi va mustahkamlanishi lozim.
O‘z-o‘zini nazorat va muhokama uchun savollar:
1. O‘zbekistonda kasb ta’limi islohoti qachondan boshlangan?
2. Kadrlar tayyorlashdagi kasbiy-malakaviy o‘zgarishlar haqida fikr bildiring?
3. Keng qamrovli va yuqori malakali xodimlarni tayyorlashga qo‘yiladigan talablar nimalardan iborat?
4. Kasb ta’limi vazifalariga nimalar kiradi?
5. Kasbiy mahorat deganda nimani tushunasiz?
6. Kasbiy ta’limning shakllanish jarayoni haqida Sizning fikringiz?
7. Kasb ta’limi tizimini rivojlantirishdagi asosiy yo‘nalishlar nimalardan iborat?
8. Mamlakatimiz iqtisodiyotida qanday o‘zgarishlar amalga oshirilyapti?
9. O‘zbekistonda uzluksiz ta’lim tizimidagi ustuvorliklar nimalardan iborat?
10. Oliy kasbiy ta’lim va uning rivojlanish bosqichlari haqida so‘zlab bering?
Tavsiya etiladigan adabiyotlar:
1. Pedagogika professionalnogo obrazovaniya. Pod.red.V.A.Slastenina. — Moskva. Akademiya, 2004 .
2. Ye.N.Pronina, V.V.Lukashevich. «Psixologiya i pedagogika». Uchebnik dlya studentov VUZov. — M.: Elit, 2004 .
3. O‘. Tolipov., M.Barakayev., Sh.Sharipov. Kasbiy pedagogika. (Ma’ruzalar matni).– T.: TDIU, 2001.
4. N.Xo‘jayev, J.Hasanboyev. Iqtisodiy pedagogika. – T.: TDIU, 2002.
5. www.inter-pedagogika.ru.
II . Kasb pedagogikasi asoslari
2.1. «Kasb pedagogikasi» fanining falsafiy – metodologik asoslari.
2.2. Ma’naviy va madaniy shakllanish jarayoni. Malakaviy tayyorgarlikda asosiy didaktik bosqichlar.
2.3. Kasb pedagogikasi metodlari.
2.4. Kasb pedagogikasining tarix sahifalari.
2.5. O‘zbekistonda kasb ta’limini rivojlantirishda xorijiy tajribalardan foydalanish.
2.6. Germaniya va Fransiyada kasb ta’limining tuzilmasi.
2.1. Kasb pedagogikasining falsafiy-metodologik asoslari
XXI asr bo‘sag‘asida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar rivojida inson aql-zakovati va ma’naviyati asosiy muvofiqlashtiruvchi, rivojlantiruvchi omil va vosita ekanligi tobora namoyon bo‘lmoqda. Shuning uchun insonparvarlik bozor iqtisodiyoti asosidagi huquqiy demokratik davlat erkin fuqarolik jamiyati qurilishining bosh tamoyili sifatida qabul qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunida (1997 y.) ta’lim davlatimiz ijtimoiy taraqqiyoti sohasida usutuvor deb e’lon qilinishi pedagogika fani zimmasiga ulug‘vor vazifalarni yukladi. Mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq qayta tiklanib zamon ruhi talabi bilan uyg‘unlashib borayotgan boy ilmiy, ma’naviy, madaniy, diniy merosimiz faqat shaxsiy, milliy manfaat kasb etib qolmasdan umumjahon ma’naviy, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ham ulkan hissa qo‘shib kelmoqda.
Ma’lumki har bir mustaqil fan o‘zining predmeti (mavzusi) va metodologik asoslariga ega. Jumladan, Kasb pedagogikasi ham fan sifatida shakllanib o‘zining predmetiga ega bo‘ldi. Boshqa fanlar kabi kasb pedagogikasi jamiyatning talab va ehtiyojlari asosida paydo bo‘ldi.
Shu sababli tarbiya jarayonini ijtimoiy hayotning ajralmas qismi deb qarash lozim, chunki tarbiyaviy ishlarni olib bormasdan turib jamiyatni, uning rivojlanishini tasavvur qilish qiyin.
Pedagogika fan sifatida boshqa fanlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatib, bilim tizimining bir butunligini tashkil etadi. Shu bilan birga mazkur fan bir necha bo‘limlarga bo‘linishi mumkin.
Ularga: maktabgacha tarbiya, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, oliy ta’lim pedagogikasi va boshqalar kiradi.
Bilim berishning falsafiy-metodologik bosqichi malakaviy pedagogikaning umumiy ko‘rinishlarida samarali bilim berishdan iboratdir. O‘qitilayotgan yo‘nalishni aniq muammolardan kelib chiqqan holda olib borilsa, samarali natijalarga olib kelishi shubhasizdir.
So‘nggi yillarda falsafiy bilim berishga alohida e’tibor berilmoqda. Malakaviy o‘qitish tizimida falsafiy bilim berish birinchi qadam bo‘lib, bu sohada erishilgan yutuqlar va tajribalar amaliyotda qo‘llanishi mumkin.
Kasbiy pedagogikaning ilmiy o‘rnini aniqlash uchun uning obyekti va predmetini ajratib olish kerak. Bizga ma’lumki ilm bu jamiyatda sodir bo‘lgan jarayonlarni obyektiv o‘rganish va isbotlashga yo‘naltirilgan ilmiy bilim yo‘nalishidir.
Insonning madaniy va ma’naviy shakllanishi quyidagilar asosida amalga oshadi.
 Ma’lumot
 Madaniyat
 Mentalitet
Pedagogik faoliyatda 2 asosiy yo‘nalish mavjud.
Bir tomondan bu faoliyat o‘qituvchining kundalik, o‘quv-tarbiyaviy ishlariga, o‘qituvchi va talaba orasidagi o‘zaro munosabatga, ta’lim-tarbiya ishlarida talabaning bilim, malaka va ko‘nikmalariga bog‘liqdir.
Kasb pedagogikasi fanining asosiy masalasi esa bu jarayonni samarali va sifatli ta’minlashdir. Buning uchun esa aniq metod va tashkiliy shakllardan samarali foydalanish zarur. Ushbu metodda ma’lum miqdorda erkinlik, pedagogik san’at, pedagogik mahorat o‘z o‘rnini topgan bo‘lishi kerak.
2.2. Ma’naviy va madaniy shakllanish jarayoni. Malakaviy tayyorgarlikda asosiy didaktik bosqichlar
Mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq mamlakatimizda ma’naviyatni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimovning har bir ma’ruza va asarlarida yuksak ma’naviyat kelajak poydevori ekanligi qayta-qayta ta’kidlanmoqda.
Haqiqatan ham inson ma’naviyatini yuksaltirmasdan turib, jamiyatimiz turmush tarzida, mamlakatimiz taraqqiyotida muvaffaqiyatlarga erishib bo‘lmaydi. Islohotlarning birinchi bosqichida milliy ma’naviyatni izga tushirib olish yo‘lida ko‘zlangan maqsad asosan amalga oshirildi va ikkinchi bosqichda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga zamin hozirlandi. Ma’naviy parokandalik davriga barham berildi. Prezident Islom Karimov “O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida” kitobida ta’kidlaganidek: “Xalqning ma’naviyati va madaniyati, uning haqiqiy tarixi va o‘ziga xosligi qayta tiklanayotganligi jamiyatimizni yangilash va taraqqiy ettirish yo‘lidan muvaffaqiyatli ravishda olg‘a siljitishda hal qiluvchi ta’bir joiz bo‘lsa, belgilovchi ahamiyatga egadir”1.
Mamlakatimizda bozor iqtisodiyoti sharoitida jamiyat va davlat o‘zini ustqurmalariga munosabati turli ma’rifiy-madaniy g‘oya va tushunchalar anglagan vatanparvarlik tuyg‘usi bilan millat, xalq manfaatlari, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy ravnaqi uchun mas’uliyatli, ilmiy bilim, mehnat va kasb- hunar ko‘nikmalarini o‘zida mujassam etgan madaniyatli shaxsni tarbiyalab yetishtirishdan manfaatdordir. Bunday shaxsni shakllantirishda asrlar davomida xalqimizning ma’naviy ehtiyoji, talabi asosida yaratilgan qadriyatlar muhim rol o‘ynaydi.
Ma’lumki, uzluksiz ta’lim oldiga qo‘yilgan eng muhim maqsad — umuminsoniy va milliy qadriyatlarga tayangan holda ta’lim-tarbiyaning mazmunida insonparvarlik g‘oyasini kuchaytirish, xalqchillashtirish va shular asosida yoshlarda ma’naviy madaniyatni shakllantirishdan iborat.
Mamlakatimizda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar demokratik ta’lim tizimiga asoslangan bo‘lib, unda olg‘a surilayotgan g‘oyalar quyidagilardan iborat:
• Shaxsning ma’naviy madaniyatini hozirgi davrda insoniyat erishgan barcha yutuqlar asosida qurish lozim;
• Ma’naviy madaniyatni shakllantirishda milliy va umuminsoniy qadriyatlar ustuvor bo‘lishiga erishmoq lozim;
• Ma’naviy madaniyatni shakllantirishda milliylikdan yiroq va unga zid unsurlardan vos kechmoq zarurdir.
“Ma’naviyat” tushunchasi faqat inson zotiga xos bo‘lib, tabiatning gultoji, takomili hisoblangan inson mohiyatining ajralmas qismidir.
Inson bioijtimoiy mavjudot bo‘lib, u biologik mohiyat bilan bir qatorda ijtimoiy mohiyatga ham ega. Biologik mohiyatiga uning boshqa mavjudotlardan biologik tur sifatida ajralib turuvchi tik yurishi, tanasi yung bilan qoplanamaganligi, bosh va qo‘llarining shakl-shamoyili, fikrlay olish qobiliyati hamda boshqa bir qator biologik ko‘rsatkichlari kiradi.
Qur’oni Karimning “Baqara” surasida, insonning boshqa mavjudotlardan ajratib turuvchi sifatlar to‘g‘risida quyidagi oyatlar mavjud: “Va u zot Odamga barcha narsalarning ismlarini o‘rgatdi. So‘ngra ularni farishtalarga ro‘baro‘ qilib dedi: “Agar xalifalikka biz haqdormiz degan so‘zlaringiz rost bo‘lsa, mana bu narsalarning ismlarini Menga bildiring!”
Ular aytdilar: “Ey pok parvardigor, biz faqat Sen bildirgan narsalarnigina bilamiz. Albatta, Sen o‘zing ilmu hikmat sohibisan”. (Alloh): Ey Odam, bularga u narsalarning ismlarini bildir”, dedi”.1
Bu oyatlardan bizga Odamzod Tangrining Yerdagi xalifasi ekani va hatto begunoh farishtalar ham unga ta’zim qilishlari ma’lum bo‘lib turibdi.
Binobarin, ma’naviyatga quyidagi falsafiy ta’rifni bersa bo‘ladi. Ma’naviyat – bu kishining egallagan foydali bilimlari amaliy hayotida sinalaverib, ko‘nikma va malaka darajalaridan o‘tgan va ruhiga singib, hayot tarzida aks etadigan ijobiy ijtimoiy sifatlari majmuidir.
Ma’naviyatga berilgan ushbu ta’rif obyektiv mavjud bo‘lgan murakkab bir ijtimoiy hodisani mushohada va idrok qilish, uning eng muhim xususiyatlarini his qilish hamda ma’naviyat mavzusida chop etilgan qator adabiyotlarni tahlil qilish natijasida vujudga kelgan. Quyida “ma’naviyat” tushunchasiga zamondoshlarimiz tomonidan berilgan ta’riflardan bir nechtasi keltirilgan.
“Ma’naviyat – insonning zot belgisi, uning faoliyatining tarkibiy qismi, ongi, aql – zakovatining mahsuli”2.
“Ma’naviyat – inson faoliyatining ruhiy mazmuni bo‘lib, kishilar uning vositasida o‘zlarini anglaydilar, jamiyat, tabiat, o‘z turmush tarzlari, amaliy faoliyatlari muammolarini hal etadilar”3.
“Ma’naviyat — inson qalbida, ko‘ngil ko‘zgusida aks etgan haqiqat nuridir”4.
“Ma’naviyat – millatning asrlar davomida shakllangan ildizlari uning tarixiy tajribalari va ijtimoiy-madaniy rivojlanishi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan ichki intellektual (aqliy) va sobit hissiy dunyosidir”5.
Bu ta’riflar murakkab ijtimoiy hodisa bo‘lgan ma’naviyatning u yoki bu xususiyatlarini yoxud ahamiyatini ifodalaydi, xolos. Bu esa baholash kategoriyasi hisoblanadi.
Barcha fikrlarni bir chetga surib, eng jozibali uchinchi raqamli “Haqiqat nuri” degan ta’rifga e’tiborimizni qarataylik. Darhaqiqat, ma’naviyat – haqiqat nuri demakdir. Bu mutlaqo to‘g‘ri. Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Nurning o‘zi nima? Bizningcha, “nur” – bilim. Bilim esa, inson qalbiga haqiqat, haq taoladan kelganidan keyin, kishi qalbida unib-o‘sadi va bir necha bosqichlarni bosib o‘tadi. Shundan keyingina u shu’la tarqata boshlaydi. Inson ruhi va tafakkuridagi haqiqat nuri harakatining ana shu oxirgi bosqichini, ya’ni nur shu’lasini biz “ma’naviyat” deb atadik.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek inson boshqa mavjudotlardan o‘zining ijtimoiy mohiyati bilan ajralib turishi ma’lum. Ijtimoiy mohiyat negizini esa bilimlar tashkil qilib, ular foydali va foydasiz turlarga ajraladi. Darhaqiqat, yolg‘on gapirish, o‘g‘irlik qilish, boshqalarni haqoratlash va bo‘lak razil ishlarni qilishni hamma ham uddasidan chiqavermaydi. Ammo, ular foydasiz, balki ijtimoiy hayot uchun zararli bilimlardir. Jamiyat rivoji uchun esa faqat foydali bilim (hikmat)lar kerak. Foydali bilimlarni egallashdan maqsad, avvalo o‘ziga, so‘ng yaqin kishilariga va butun jamiyatga naf keltirishdir. Muayyan bir foydali ishni kishi o‘z kundalik hayotida ko‘p marotaba bajaraverishi natijasida, bu faoliyat uning ruhiga singib, ma’naviyatga aylanadi. Insonning ruhiga singib, ma’naviyatiga aylangan harakatlar majmuini uning hayot tarzi deyiladi.
Madaniyat arabcha so‘z bo‘lib, u jamiyatning ishlab chiqarish, ijtimoiy va ma’naviy hayotida qo‘lga kiritilgan yutuqlari majmuidir. Madaniyat shaxs kamolatiga ikki xil jihatdan ta’sir qilib, ular quyidagilardan iborat:
1. Moddiy, ya’ni texnika, ishlab chiqarish tajribasi, moddiy boyliklar;
2. Ma’naviy, ya’ni fan, adabiyot maorif, san’at, din, umuminsoniy va milliy ruhiy qadriyatlar.
Ana shu moddiy va ma’naviy madaniyatning o‘zaro aloqasi va o‘zaro ta’siri natijasida aqlan yetuk, axloqan barkamol, jismonan sog‘lom, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan, yaxlit shakllangan, ya’ni komil inson shakllanadi.
Malakaviy tayyorgarlikda asosiy didaktik bosqichlar quyidagilardan iborat:
1. O‘quv yurtining bitiruvchisi quyidagi bilimlarga ega bo‘lishi kerak:
— egallaydigan ish o‘rni;
— dunyoqarash sifati;
— standart talablariga javob beradigan bilimi;
— ish o‘rnida qo‘llaydigan bilim, ko‘nikma va malakalari;
— mutaxassis sifatida shakllanishi va ijodiy ish olib borishi kabilar.
2. O‘quv materialini mazmun jihatidan tanlashi.
O‘quv materialini tanlash albatta uning mantiqiy ketma-ketligi, mazmunan bitiruvchining fikrlash doirasini va g‘oyalarini ishlab chiqish, ilmiy farazni rivojlantirish va shu bilan birga kelajakda fanga o‘z hissasini qo‘shishga undamog‘i kerak.
3. Tanlab olingan o‘quv materialini tizimli tasniflash.
O‘quv materialining asosiy qismi, uni mantiqiy fikrlash, tushunish va munozara qilishni talab etadi. Shu bilan birga uni o‘zlashtirish, o‘zining qobiliyatidan kelib chiqqan holda ijodiy yondoshish ham zarur.
4. Qabul qilinayotgan masalalarning yechimini tajriba va sinovlardan o‘tkazish.
Tanlangan materialning qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini faqat o‘quv metodi va shakllari orqali emas, balki nazariy, amaliy va metodologik o‘zaro bog‘liqlik, didaktik va eksperimental metodlardan olingan yetarlicha ishonchli tashxislar va amaliyotda qo‘llanilayotgan dalolatnomalar yordamida hal qilish kerak bo‘ladi.
2.3. Kasb pedagogikasi metodlari
Ta’lim metodi bu o‘qituvchi bilan talaba o‘rtasidagi tartibga solingan o‘zaro aloqa usuli, o‘qitish jarayonida ta’lim va rivojlanish masalalarini hal qilishga qaratilgan faoliyatdir.
Metod (yunoncha atama – aynan nimagadir yo‘l) muayyan ma’noda tartibga solingan faoliyat bo‘lib u maqsadga erishish yo‘lini bildiradi. O‘qitish metodlari o‘quv jarayonining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Faoliyatning tegishli metodlarisiz ta’limning maqsad va vazifalarini o‘quv materialining muayyan mazmunini talabalar tomonidan o‘zlashtirishga erishib bo‘lmaydi.
Metodlar asosiy guruhlarining har biri o‘z navbatida guruhchalar va ularga kiruvchi alohida metodlarga bo‘linadi. O‘quv-bilish faoliyatini tashkil qilish va amalga oshirish jarayonining o‘zi uzatish, qabul qilish, anglash, o‘quv axborotlarini esda saqlashni hamda olinadigan bilim va ko‘nikmalarni amaliyotda qo‘llay olishni nazarda tutishini hisobga olsak, birinchi guruh metodlariga so‘z orqali uzatish va axborotni eshitish orqali qabul qilish metodlari (og‘zaki metodlar; hikoya, ma’ruza, suhbat va boshqalar), o‘quv axborotini ko‘rgazmali uzatish va ko‘rish orqali qabul qilish metodlari (ko‘rgazmali metodlar: tasviriy, namoyish qilish va boshqalar) o‘quv axborotini amaliy mehnat harakatlari orqali berish va uni qabul qilish (amaliy metodlar: mashqlar, laboratoriya tajribalari, mehnat harakatlari va boshqalar) kiradi.1
Ta’lim jarayoni o‘quv axborotini va uni mantiqiy o‘zlashtirishni anglashni tashkil qilishni ko‘zda tutadi. Shuning uchun ham talaba faoliyatining induktiv, deduktiv, shuningdek, reproduktiv va muammoli-qidiruvni tashkil qilish metodlari guruhchalarini ajratish lozim.
O‘quv-bilish faoliyatini rag‘batlantirish va asoslash metodlarini ta’limga qiziqishni rag‘batlantirish metodlari hamda ta’limga burch va mas’uliyatni asoslash metodlariga bo‘lish mumkin. Ta’limni rag‘batlantirish metodlari:
 Ta’limga qiziqishni rag‘batlantirish metodlari;
 Ta’limga burch va mas’uliyatni rag‘batlantirish metodlari.
Ta’lim jarayonidagi nazorat va o‘z-o‘zini nazorat qilish metodlari o‘quv jarayoni vaqtida og‘zaki, yozma, laboratoriya-amaliy, test, reyting metodlariga ajratish mumkin.
Ta’limda nazorat va o‘z-o‘zini nazorat qilish metodlari quyidagilardir:
 Og‘zaki nazorat va o‘zini-o‘zi nazorat qilish metodlari;
 Yozma nazorat va o‘zini-o‘zi nazorat qilish metodlari;
 Laboratoriya-amaliyot nazorati va o‘zini-o‘zi nazorat qilish metodlari;
 Test nazorati.
Yuqorida keltirilgan metodlar nisbatan yaxlit hisoblanadi, chunki u faoliyatning barcha asosiy tuzilish elementlarini hisobga oladi. Unda bilish faoliyatining qabul qilish, anglash va amalda qo‘llash qirralari yaxlit holda ko‘rinadi.
“Kasb pedagogikasi” fanini o‘rganishda yana bir qator metodlardan keng foydalaniladi. Bularga izlanish metodlari kiradi. O‘z navbatida izlanish metodlari 2 xil bo‘ladi:
 Nazariy;
 Empirik
Nazariy izlanish metodlariga: analiz, sintez, modellashtirish, konkretlashtirish kiradi.
Empirik izlanish metodi: birlamchi va umumiy metodlarga bo‘linadi. Birlamchi metodlarga – kuzatish, og‘zaki so‘rash, suhbat, yozma so‘rash, mutaxassislar bahsi, testlar kiradi.
Umumiy izlanish metodiga – tashxis qilishni o‘rganish, pedagogik tajribani umumlashtirish va tajriba kiradi.
Bu metodlar malakaviy pedagogikada keng tarqalgan bo‘lib, ishchi-xodimlarning malakasini aniqlash, kasbiy muammolarni hal etishda keng tarqalgan. Ish faoliyatini o‘rganish, bajarayotgan ishning umumiy unumdorligini aniqlash, ish xulosasini o‘rganuvchi tavsifnoma yordamida amalga oshiriladi.
2.4. Kasb pedagogikasining tarix sahifalari
Mustaqil respublikamiz amaliyotida qo‘llanayotgan qomusimizda belgilab berilgan qonunlarimizdan kelib chiqqan holda shuni ta’kidlash lozimki, har tomonlama kamolga yetgan barkamol insonni tarbiyalash uchun ular ongida ma’naviyat qirralari; iymon, e’tiqod, mehr, vatanparvarlik, insonga cheksiz muhabbat, do‘stlik, muruvvatlilik, qanoatlilik va sabr-toqatlilik, saxiylik, milliy g‘urur kabi fazilatlarni shakllantirish zarurdir.
Asrlar davomida inson aql-zakovati ila bunyod etilgan boy ma’naviyatimiz tufayli — deydi Prezidentimiz I.A.Karimov bu borada to‘xtalar ekan, — xalqimiz mag‘rur yashadi, mehnat qildi, doimo hurriyat va erk sari intildi. Buyuk allomalarimiz tomonidan yaratilgan og‘zaki, yozma ijodiyot, hadisi sharif, xalq kitoblari, pandnomalarida avlod-avloddan o‘tib kelayotgan iymon-e’tiqod sirlarining nazariy va amaliy jihatlari haqidagi bilimlar bilan yoshlarni qurollantirish lozim.
Demak,
 barkamol inson uchun zarur bo‘lgan ijobiy fazilatlar mohiyati, mazmunini to‘g‘ri tushunish hamda tahlil qilib munosabat bildirish;
 jamoada yashash, mehnat qilish malakalarini egallash;
 barkamol inson modulini tasavvur etish, uning ma’naviyatidagi zaruriy sifatlarni shakllantirish, shakl va yo‘llarini izlash bugungi kunning zaruratidir.
Pedagogikaning uzoq yillar va bir necha avlodlar tajribasida yig‘ilgan ma’lumotlarni insoniyat tarixi hamma jabhalarida avlodlarni o‘qitish va malakaviy pedagogik bilimlar berish dunyo tarixida o‘zining alohida o‘rniga ega.1
Quldorlik tizimida aqliy mehnat bilan jismoniy mehnat bir-biridan farq qilgan. Jismoniy mehnat qullar zimmasiga yuklatilgan. Quldorning asosiy ish faoliyati esa aqliy mehnatdan iborat bo‘lib, ular asosan falsafa va siyosatni tashkil etgan. Bu esa o‘z vaqtida malakaviy mehnat bilimining g‘oyaviy rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatgan.
O‘rta asrlarda davlat tepasida din hukmronlik qilgan bo‘lib, unda kasblar xudo tomonidan berilgan, egallangan hunarga ilohiy va sirli deb qaralgan. Bu esa jamiyatda egallanayotgan hunarga munosabatni belgilaydi.
Kapitalistik munosabatlarning murakkablashuvi, fan, madaniyat, texnikaning rivojlanishi natijasida XV-XVII asrlarda malakaviy o‘qitishning muammolari, shakllari, ularni tashkil etish va samaradorligini oshirishga bo‘lgan qiziqishlar ortib bordi.
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida sotsial-iqtisodchilar ta’siri ostida G‘arbiy Yevropa pedagogikasida mehnat maktabini isloh qilish boshlandi. Uning asosiy yo‘lboshchisi Georg Kershensheyner hisoblanadi.
AQSHda malakaviy pedagogikaning rivojlanishi mehnat va ishlab chiqarishga ilmiy yondoshuvida yangi texnologiyalarni ishlab chiqarish sifatini oshirish, raqobatbardoshligini ko‘tarish bilan bog‘liqdir. Bu harakatlarni ilmiy tashkilotchisi AQSHlik muhandis F.U.Teylordir. Teylor tomonidan ishlab chiqilgan metodlar “Teylorizm” nomi bilan bizgacha yetib kelgan.
XX asr pedagoglari malakaviy pedagogikaning asosiy vazifasi deb – ishlab chiqarish talabiga javob beruvchi, malakaviy va politexnik bilimlarni, mehnat va o‘qitishni o‘zida mujassamlashtirish, texnologik shakllarni, malaka va ko‘nikmalarini oshirish va tarbiyalashni tushunadilar.
Malakaviy pedagogikaning yangi rivojlanish bosqichi 50-yillarda xalq ta’limi tizimida hayot va maktab orasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi qonundan boshlanadi.
70-80 yillarda malakaviy pedagogikaning rivojlanishi qiyin ijtimoiy, siyosiy sharoitda kechdi. Uning rivojlanishiga ijtimoiy- iqtisodiy faktlar ta’sir ko‘rsatib, pedagogika fanlari rivojiga davlatning va siyosatning qattiq chegaralangan qarorlari to‘sqinlik qildi. Fanning ko‘p qirralari yechilishiga ruxsat etilmay, umumiy malakaviy bilim berish qattiq tazyiq ostida qoldi. Uzoq vaqtgacha oliy ta’limning asosiy vazifasi mutaxassis kadrlarni yetishtirishdangina iborat deb qaraldi. Lekin mutaxassis kadrlarning ma’naviy dunyosi, huquqiy va siyosiy ongi, malaka va iste’dodi, ularning o‘zlari yashab turgan jamiyatga hamda ta’lim muassasalariga keltiradigan ma’naviy foyda va manfaatlari haqida g‘amxo‘rlik qilinmadi. Bu esa o‘z vaqtida iqtisodiy qiyinchiliklarni yuzaga keltirdi. Bir tomondan jamoa ish faoliyatining pasayishiga olib kelsa, ikkinchi tomondan esa ishlab chiqarishdagi ishchilarni malakasini oshirish va real yangiliklarni amalga oshirishga to‘sqinlik qildi.
Bugungi kunga kelib, malakali bilim tizimining rivojlanish tendensiyasi bilimni regionlashtirish, integratsiyalash, standartlashtirish, demokratlashtirish va boshqalarning to‘xtovsiz rivojlanishida namoyon bo‘lmoqda.
1. Ta’limning uzluksizligi.
Birinchi marta uzluksiz ta’lim konsepsiyasi 1965 yilda YUNЕSKO Forumiga taqdim etilgan edi. Uni yirik nazariy olim Lengrandom olib chiqqan edi. Uzluksiz ta’limning asl mohiyatini biz «Bibliya», «Qur’on», “Hadislar”dagi hikmatli so‘zlarda, umuman, insoniyat tarixi va rivojlanishi ga oid muqaddas kitoblarda ham ko‘ramiz.
2. Ta’limning birlashishi.
So‘nggi 20 yil davomida ta’lim tizimida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ba’zi hujjatlarda 2 aspekt to‘g‘risida so‘z boradi.
1. Ilmiy texnikaning yutuqlari.
2. Ilm va texnika yutuqlari, yangi texnologiya, yangi qo‘llanmalar, ma’lumotlarni qayta ishlab chiquvchi moslamalarni yuzaga keltirib, bu esa o‘z navbatida fanning rivojiga olib keladi.
3. Ta’lim standartlari.
Boshlang‘ich malakaviy ta’lim standartlari berilgan ta’lim bosqichlarini va maqsadlarini talab qiladi.
1. Mutaxassis ishchi xodimlarning ta’lim olishini davom ettirishlari uchun minimal darajaga javob beruvchi baza tashkil etish.
2. Mutaxassislarning profilini mutaxassis tayyorlov sifatini oshirish orqali kengaytirish.
3. Uzluksiz ta’lim tizimi aloqasini yaxshilash va tayyorlov aspektlarini tartibga keltirish.
4. Davlat ichida va davlat tashqarisida xalqaro mehnat bozorida mutaxassislarning olgan bilimlariga bo‘lgan ishonchni ta’minlash.
2.5. O‘zbekistonda kasb ta’limini rivojlantirishda xorijiy
tajribalardan foydalanish
O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligiga erishuvi ta’lim- tarbiyaning milliy shakllarini rivojlanishiga keng imkoniyatlar ochib berdi. Keyingi yillarda respublikamizda ochilgan akademik litsey,
gimnaziyalarda va ayrim umumiy ta’lim maktablarida tashkil
etilgan pedagogikadan ixtisoslashtirilgan kurslarda Vatan tarixi va madaniyatini o‘rganish va tadqiq etish asosiy vazifa qilib qo‘yildi. Shunga ko‘ra, hozirgi kunda pedagogikadan milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida darslik, qo‘llanmalar yaratishga kirishildi. Bu ishda o‘quvchi va talabalar hamda bo‘lg‘usi o‘qituvchilarning umumiy madaniyati va ma’naviyatini, pedagogik bilim va madaniyatini, pedagogik tafakkurini o‘stirish asosiy maqsad qilib qo‘yildi. Bu maqsad pedagogik fikrlashga doir bilim va diniy-axloqiy, tarbiyaviy g‘oyalar umumbashariy va milliy-madaniy qadriyatlarni puxta o‘rganish bilan amalga oshirilmoqda.
O‘zbek tiliga davlat maqomi berilishi bilan ona tilini chuqur o‘rganish -maktab va boshqa o‘quv yurtlari ta’limining asosi qilib qo‘yildi. Ona tilida beriladigan bilimlarni o‘zlashtirish jarayonida o‘quvchi-talabalarning mantiqiy tafakkurini o‘stirish; ularda ona tilida ko‘nikma va malakalarini shakllantirish, ularni o‘zbek adabiy tilining yozma va og‘zaki shaklini puxta o‘zlashtirgan madaniyatli va savodli qilib yetishtirish nazarda tutildi.
Ta’limda test usuli qo‘llanildi, iqtidorli bolalarni aniqlashga, o‘qitishga alohida ahamiyat berilmoqda. Mingdan ortiq iqtidorli bolalar Amerika, Angliya, Shvetsiya, Yaponiya va Turkiyada ta’lim olib, mustaqil respublikamiz xalq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan bilim va kasblarni egallamoqdalar.
Ma’lumki, pedagogika tarixi ham boshqa xalqlar, mamlakatlar pedagogika tarixi bilan aloqada rivojlandi va rivojlanmoqda. Shu sababdan hozir Markaziy Osiyo pedagogika tarixini tadqiq etishda xorijiy Sharq va Yevropa mamlakatlari ta’lim tizimi ham o‘rganilmoqda. Bu sohada respublika fan va texnika qo‘mitasining «Milliy ruh», «Qadriyat» nomidagi va O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlari uchun ilg‘or pedagogik qo‘llanmalar va o‘quv darsliklarini ishlab chiqish bo‘yicha uyushtirgan tanlovlari bu sohada muhim ahamiyat kasb etdi.
T.N.Qori-Niyoziy nomidagi pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari ana shu tanlov asosida respublikada taniqli faylasuf, tarixchi va adabiyotshunos, pedagog va islomshunos olimlar va shu soha tadqiqotchilari bilan hamkorlikda «O‘rta Osiyoda pedagogik fikr taraqqiyotidan lavhalar» nomli qo‘llanma va «Pedagogika tarixi» darsligini yaratdilar. Endilikda o‘quvchi va talabalar Rossiya va G‘arbiy Yevropa pedagogika tarixidan iborat bo‘lgan «Pedagogika tarixi»ni emas, balki Markaziy Osiyo ulug‘ mutafakkirlarining pedagogik qarashlari va nazariyalari tadqiq etilgan yangi darslik bo‘yicha yangicha pedagogik bilimni egallaydilar.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Oliy attestatsiya komissiyasining tashkil etilishi — mustaqillikning muhim timsolidir. Bu Oliy attestatsiya komissiyasi o‘z zimmasiga yuklangan ulkan vazifalarni, ya’ni «yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik xodimlar tayyorlashning yangi tizimini shakllantirish, ularni respublika ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy taraqqiyotining ustuvor muammolarini hal qilishga yo‘naltirish, ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni davlat yo‘li bilan ekspertiza qilishni ta’minlash bilan yetuk ilmiy-pedagogik kadrlar yetishtirishga samarali ta’sir ko‘rsatmoqda.
Oliy pedagogika o‘quv yurtlarida ilmiy daraja beruvchi ixtisoslashtirilgan kengashning tashkil etilishi bilan respublikamizda pedagogika tarixi va nazariyasi, fanlarni o‘qitish usullari bo‘yicha doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarini o‘zbek tilida, turli millat vakillarining o‘z ona tillarida himoya qilishiga keng imkoniyat yaratildi, mazkur kengashlar milliy pedagog olimlar safining o‘sishida muhim omil bo‘lmoqda. Bu tadbir respublikada sifatli, ilmiy-pedagogik asarlar, o‘quv-metodik qo‘llanmalarning yaratilishiga, maktabgacha tarbiya muassasalarida, umumiy ta’lim maktablarda, o‘rta va maxsus oliy o‘quv yurtlarida ta’lim-tarbiyaning yuksak saviyada bo‘lishiga, ta’lim tizimi mazmunining takomillashuviga samarali ta’sir ko‘rsatmoqda.
Rivojlangan mamlakatlarning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, qayerda ta’lim va tarbiyaga e’tibor katta bo‘lsa, o‘sha yerda taraqqiyot, yuksalish bor. Shuning uchun respublikamizning istiqboli uzluksiz ta’limni qay darajada amalga oshirilishiga bog‘liq. Uzluksiz ta’lim barcha fuqarolarni tinimsiz o‘qishini, izlanishini, shaxsni yuqori malakali bo‘lishini talab etadi.
Uzluksiz ta’lim tizimining hayotga tatbiq etilishi respublikada xalq ta’limi faoliyatini tubdan o‘zgartiradi xamda respublikaning yuktimoiy-iqtisodiy rivojiga muhim hissa qo‘shadi. Uzluksiz pedagogik ta’lim tizimida pedagogik xodimlar tayyorlash pog‘onali ravishda amalga oshiriladi.
Oliy o‘quv yurtlariga qabul O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan qoidalarga muvofiq, pedagogika oliy o‘quv yurtlariga qabul esa O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan qoida bo‘yicha amalga oshiriladi. 1993 yildan respublikaning barcha oliy o‘quv yurtlariga test sinovlari orqali abituriyentlar qabul qilinmoqda.
Ular oliy o‘quv yurtlarida ikki bosqichli tahlil asosida «bakalavr» va «magistr» darajalarini egallashlari mumkin.
Uzluksiz pedagogika ta’limining ajralmas qismlaridan biri — ilmiy, ilmiy-pedagogik xodimlarni tayyorlash, aspiranturada va doktoranturada o‘qitish — ta’limning yuqori (oliy o‘kuv yurtidan so‘ng) bosqichlari hisoblanadi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilgan uzluksiz pedagogik ta’limning ustuvor yo‘nalishlari «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonunda belgilangan qoidalar asosida hayotga tatbiq etildi va amaliyotga keng joriy qilindi.
O‘tkazilgan islohotlar, samarali tajribalar respublikada ta’limning davlat standartlarini ishlab chiqish va tatbiq etish davr talabi ekanligi, bu ishni kechiktirmay amalga oshirish zarurligini taqozo etadi. Chunki ta’lim standartlari shaxs ma’lumotliligining davlat me’yorlarini ta’minlaydi. Ta’lim standartlari vositasida talabdagi ma’lumotlilik darajasi muvozanati saqlanadi, rivojlantiriladi, jamiyat taraqqiyoti istiqbollariga muvofiqligi ta’minlanadi.
Davlat ta’lim standartlari o‘quv jarayonini qat’iy chegaralangan qolipga solib qo‘ymaydi, balki, aksincha pedagogik ijodkorlikka, ta’lim mazmunining yagona negizi atrofida turli-tuman tabaqalashtirilgan dasturlar, o‘quv qo‘llanmalari, o‘qitish uslubiyatlariga katta yo‘l ochadi.
Respublikamizda lotin yozuvi asosidagi alifboning joriy etilishi ta’limi muassasalari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Har qanday mamlakat va xalq taqdiri, uning kelajagi, taraqqiyotining asosi elat va millatlarning tili, yozuvi va ta’lim-tarbiya maskani bo‘lgan maktab bilan bog‘liqdir. Shu sababli o‘zbek milliy maktabini yaratish va uning asosida hozirgi kunda xalq ta’limi tizimida to‘planib kolgan muammolarni ijobiy hal etish bugungi kunning kechiktirib bo‘lmaydigan vazifasidir.
Rivojlangan mamlakatlarda ijtimoiy qayta ishlash intellektual salohiyat darajasini saqlab qolishga qilinadigan sarf-harakatlar moddiy-ashyoviy ishlab chiqarish sarf-xarajatlaridan sezilarli darajada ko‘p, zero yaqin kelajakda xo‘jalik, ijtimoiy, madaniy va boshqa hayotiy muhim sohalarda yetakchilik intellektual salohiyati nisbatan rivojlangan mamlakatlargagina tegishli bo‘ladi
Jahon miqyosida oliy ta’lim sohasida ham sezilardi muvaffaqiyatlarga erishildi. Statistik ma’lumotlariga ko‘ra XX asr 90-yillari oliy ta’lim muassasalariga kiruvchilar miqdori Ispaniyada 15 marta oshdi, Avstraliyada 9,4 marta, Fransiyada 6,7 marta. Bu hol rivojlanayotgan mamlakatlarga ham xos bo‘ldi, Masalan, Indoneziyada talabalar soni 36 marta, Venesuelada 63 marta, Nigeriyada esa, hatto 112 marta.
Tanlash darajasi qancha yuqori bo‘lsa, shaxsning yetuklik darajasi, tarbiyalanganligi ham shuncha yuqori bo‘ladi. Mana shuning uchun ham har bir ta’lim tizimi tarbiyalanganlikning u yoki bu darajasini, shuningdek, uzluksiz ta’limdagi tarbiyaviy va ta’limiy vorislikni ta’minlaydi. Bu jamiyatni rivojlantirishning aniq ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Umuman olganda, mamlakatimizda mustaqillik tufayli «… biz umumbashariy qadriyatlarning eng birinchi asosi bo‘lgan xalq insonparvarligi chashmalaridan qadamma-qadam bahramand bo‘lmoqdamiz» (I. A. Karimov). Shu bahramandlik tufayli yosh avlodda mehnatsevarlik, insonparvarlik, vatanparvarlik, iymon-e’tiqodlilik, halollik, axloqiy poklik, odillik, bilimlilik, onglilik, do‘stlik, baynalmilallik kabi insoniy fazilatlar shakllanib, rivoj topmoqda, o‘z ona tili, milliy urf-odatlari, diyorimizning tabiat boyliklari bilan faxrlanish tuyg‘usi kamol topmoqda.
2.6. Germaniya va Fransiyada kasb ta’limining tuzilmasi
Dunyo kasbiy ta’limini o‘rganmay turib, bu sohada yangi islohotlarni amalga oshirib bo‘lmaydi. Bu borada bizga uzluksiz ta’lim tizimini olib boruvchi davlatlar tajribasi, ularning ishlab chiqqan ta’lim standartlarini o‘rganish juda zarurdir. Bugungi kunda Buyuk-Britaniyada uzluksiz ta’lim va kasb ta’limining yangi tizimi ishlab chiqildi. Bu tizim turli xil yo‘nalishlardagi mutaxassislarni, shuningdek, boshlang‘ich o‘rta maktablarning bitiruvchilarini tayyorlashni nazarda tutgan.
Jahondagi ko‘plab mamlakatlarda oliy o‘quv yurtlari o‘rta umumiy ta’lim tizimidan keyingi, navbatdagi ta’lim bosqichi hisoblanadi. Oliy ta’lim maktablarining ko‘pchiligida o‘qish muddati 2 yil yoki undan ko‘proq bo‘lib, uch siklda yoki bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqich ta’limi 3-4 yil (yoki ko‘proq) davom etadi va bitiruvchilarga bakalavr diplomi beriladi (AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Avstraliyada). Fransiyada birinchi bosqich oliy maktab bitiruvchilariga metriz, Belgiyada lisans unvoni beriladi. Ikkinchi bosqich oliy ta’lim maktablariga birinchi siklni tugatgan bitiruvchilarning 10-25 foizi qabul qilinadi. Masalan, bu ko‘rsatkich AQSHda — 20, Buyuk Britaniyada — 15, Avstriyada — 10, Avstraliyada — 7, Yaponiyada — 6 foizni tashkil qiladi. Bu davrda tanlangan yo‘nalish bo‘yicha ixtisoslashtirilmagan, umumiy, fundamental bilimlar o‘qitiladi (Angliya, Ispaniya. AQSH). GFR, Fransiya, Belgiya kabi mamlakatlarda esa ikkinchi bosqich oliy ta’lim maktablari talabalari ancha mukammal va muayyan maqsadga yo‘naltirilgan bilimlarni egallaydilar. Lekin hali ular tor profildagi yuqori malakali mutaxassis unvonini olish uchun ikkinchi sikldagi o‘qishlarini yana ixtisoslashtirilgan kurslarda 1-2 yil davom ettirishlari lozim.
Ta’limning bunday tizimi o‘rta va oliy ta’lim maktablari faoliyatini muvofiqlashtirishga tanlangan soha bo‘yicha oliy ta’limdagi izchillikni ta’minlashga samarali ta’sir qiladi (S.Sudzuki, 1992: 89; Naiboleye prestijnie universiteti i kolledji SSHA, 1986; D.Bligh, 1990: 102-108; J.Ledgar, 1996: 102-108; J.Spring, 1994: 148-159).
Muayyan ixtisosliklar bo‘yicha maxsus imtihonlar 3 yillik amaliy ish faoliyatidan keyin ham topshirilishi mumkin.
Oliy ta’lim maktablarining ikkinchi bosqichida o‘qish 1-2 yil davom etadi. Bu siklni bitirgan talabalarga magistr unvoni beriladi. (AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Avstraliya).
Fransiya va Belgiyada magistr unvoni ma’lum mutaxassisliklarni chuqur o‘rganuvchi kurslarning bitiruvchilariga ham beriladi. Magistrlik ta’limining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri — o‘quv dasturlarining individuallashtirilganligidir. Bunda o‘quv dasturlari talabalar va ularning ilmiy rahbarlari tomonidan tuziladi va kafedralar, dekanatlar tomonidan tasdiqlanadi. Magistraturani bitirgan yoshlar doktoranturaga kirish xuquqiga ega bo‘ladilar. (Sanyae, 1998: 210-211; A.A.Barbariga, N.V.Fedorova, 1979: 78-87).
Oliy ta’limning uchinchi bosqichi, bu – doktoraturadir.
Doktoranturaga, asosan, ikkinchi bosqich oliy ta’lim maktablarini muvaffaqiyatli bitirgan talabalar qabul qilinadi. O‘qish muddati mutaxassislik turiga ko‘ra 1-3 yil. Doktoranturaga birinchi sikl oliy ta’lim maktablarini bitirganlar ham kirishi mumkin. Lekin bu holda o‘qish muddati 3-5 yilgacha uzaytiriladi.
Birinchi sikl oliy ta’lim qoidalariga binoan mutaxassislik bo‘yicha umumiy bilimlar berishga yo‘naltirilgan. Ta’limni alohida ixtisoslarga bo‘lib tashkil qilish, odatda, 3-kursdan boshlanadi. Tor mutaxassislar bo‘yicha kadrlar tayyorlash faqat uchinchi sikldagina amalga oshiriladi.
Ko‘p bosqichli oliy ta’lim tizimining bunday o‘ziga xos xususiyatlari anglo-amerikancha va fransuzcha modellarda jahon bo‘yicha keng tarqalgan (J.Sprinjng, 1994: 3-24). Oliy ta’limning anglo-amerikancha tizimi AQSH, Buyuk Britaniya, Xindiston, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Yaponiya, Isroil va boshqa mamlakatlarda mavjud (qarang: J/ Leadgar, 1996: 102-103; Sravnitelnaya xarakteristika razvitiya obrazovaniya v stranax Azii, Afriki i Latinskoy Ameriki. 1991).
Birinchi sikl oliy o‘quv yurtlaridagi o‘qish muddati turli mamlakatlarda turlicha. Masalan, AQSHda 4 yil, Buyuk Britaniyada 3 yil. Magistrlik darajasini olish uchun yana 2 yil o‘qish lozim (ayrim ixtisosliklar bo‘yicha 1-1,5 yil). AQSHdagi qator muhandislik oliy maktablarida bakalavrlik diplomini 5 yillik ta’limdan keyin olish mumkin. Tibbiyot sohasidagi birinchi doktorlik diplomini (stomatologiya, veterinariya sohalari bo‘yicha) olish uchun esa 8 yillik ta’lim joriy qilingan. Yaponiyada esa bakalavrlik darajasini 4 yillik ta’limdan so‘ng olish mumkin (tibbiyot mutaxassisliklari bundan mustasno), magistrlik darajasiga teng diplomni olish uchun yana 2 yillik ta’lim dasturini o‘tash lozim (qarang: S.Sudzuki, 1992).
1. Germaniyada kasb ta’limi tizimi
Germaniyada bir necha murakkab tuzilmaga ega bo‘lgan ta’lim tizimi qabul qilingan. Ta’lim oluvchilarni mutaxassislikka yo‘llashda 3 ta bosqichdagi maktablar tashkil etilgan bo‘lib, ular o‘z faoliyatini boshlang‘ich ta’limdan keyin davom ettiradi.
O‘quv jarayonining turli jabhalarida o‘ziga xos talablar yo‘lgan qo‘yilgan bo‘lib, ular turli bosqichlarda turlicha amalga oshiriladi.
2. Germaniyada kasbiy ta’limning tuzilmasi
1-bosqich: Kasbiy ta’limga tayyorgarlikning birinchi yili (nazariy bilimlar berilib, ushbu kasbga yo‘naltiriladi).
2-bosqich: O‘quvchilar nazariy va amaliy oiladosh kasblar bilan ham tanishib boradilar (tugatilganidan so‘ng, birinchi sinov olinadi).
3-bosqich: Mutaxassislashtirish jarayonidan iborat bo‘lib, u imtihon bilan tugallanadi. Bu tizimda ta’lim oluvchilar nazariy va amaliy bilimlarga hamda kasblar haqida tushunchaga ega bo‘lishlari kerak.
1-2 bosqichda keng ma’noda ishchilar tayyorlanadi. Ular oddiy ish jarayonlarini bajarib, murakkab jarayonlarga 3-bosqichga o‘tadilar.
Germaniyada esa oliy ta’lim keng miqyosda biron kasbga yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, (xuddi Rossiyadagidek) anglo-amerikacha va fransuzcha modellardan farq qiladi. Bu yerda, hatto oliy ta’limning sikllarga bo‘linishi ham mavjud emas. Ta’lim jarayoni 4 yildan 6 yilgacha muddatda amalga oshirilib, bularning hammasi anglo-amerikacha va fransuzcha oliy ta’lim tizimi talablariga unchalik mos kelmaydi. Olmon oliy o‘quv yurtlarida amalga oshiriladigan 5-6 yillik ta’lim xalqaro standart normalariga ko‘ra anglo-amerikacha va fransuzcha oliy ta’lim tizimining birinchi sikliga (bakalavr darajasiga) mos keladi, xolos. Shu sababli keyingi yillarda german oliy o‘quv yurtlarining diplomlari ahamiyatini ko‘tarish maqsadida oliy ta’limning dastlabki bosqichini qisqartirish, ya’ni 4 yillik qilib belgilash haqida takliflar kiritilyapti.
Kasbiy ta’limning fransuz modeli
Fransiyada maktabni bitirgach, kollejlarda o‘qitish tizimi hukmronlik qiladi. Bu esa o‘z navbatida erta kasb egallashdan asrab qoladi. Fransiyada boshlang‘ich ta’lim asosan 11 yoshgacha bo‘lib, keyin o‘quvchi kollejda ta’lim oladi. Undan keyingi ta’limni o‘quvchi umumta’lim yoki texnik litseylarda davom ettirishadi. Bugungi kunda texnik litseylar texnik bilimlarni berib, u asosida bakalavr unvonini olish mumkin. O‘quv muassasining ixtisosligiga qarab, bakalavrlar fransuz tilini, sotsiologiya asoslarini, matematika, tabiiy fanlar va texnologiya fanlarini yaxshi egallaydilar.
Texnologiya yo‘nalishidagi bakalavrlar chet tillari, kompyuter va tijorat bilimlariga ega bo‘ladilar, barcha bakalavrlar oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish huquqiga egadirlar.
Malakali ishchi-xodimlarni tayyorlashda davlat va xususiy litseylar faoliyat ko‘rsatib, ularning hammasi davlat nazorati ostida bo‘ladi. Kasbiy ta’limda o‘qish jarayoni Ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi, uni moddiy ta’mirlash javobgarligi esa davlat zimmasidadir. Umumiy kasbiy ta’limda o‘qitish jarayoni Fransiyada bepuldir.
Oliy ta’limning fransuz modeli Fransiyadan tashqari Belgiya, Shveysariya, Avstriya, Norvegiya va boshqa mamlakatlarda joriy qilingan. Bu tizim talabalarni sinchiklab tanlash asosida qabul qilishni ko‘zda tutadi. Talabalar dastlabki 1-3 yilda umumiy dasturlar orqali ta’lim olish bilan bir qatorda bo‘lajak tor ixtisosliklarni tanlashda faol ishtirok etadilar.
Ko‘p bosqichli fransuz oliy ta’lim modelining o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat:
1.Fransuz universitetida ta’limning dastlabki 2 yilida qator mutaxassisliklar uchun yagona o‘quv dasturlari mavjud.
2. Universitetning 2-kursini tugatib, tegishli guvohnoma olgan talaba shu universitetning 3-kursida o‘zi tanlagan mutaxassislik bo‘yicha o‘qishni davom ettirishi yoki boshqa universitetga o‘tishi yoki o‘qishni elitar oliy o‘quv yurtlari (Grande Ecole – Katta maktab, Ecole Normale – Oddiy maktab)da davom ettirishi mumkin.
3. Universitetning 3-kursini bitirgan talabalar «lisans» diplomini oladilar. Bunday diplomni olgan talabalar o‘qishlarini 4-kursda davom ettirishlari yoki o‘qishni tashlab o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha amaliy ish bilan shug‘ullanish huquqlariga ega bo‘lishlari mumkin. 4-kursni tamomlagan talabalar esa «metriz» diplomini oladilar.
4. «Metriz» diplomi uning egasiga to‘liq oliy ma’lumot olganligidan dalolat beradi.
Fransiyada magistrlik diplomining yagona nusxasi yo‘q.
Shuningdek, fransuz oliy ta’lim tizimidagi ikkinchi sikl (ta’limning maxsus atamasi, nomi mavjud emas) deyilganda, odatda, 4 yillik birinchi sikl oliy ta’limdan so‘ng keladigan navbatdagi bosqich tushuniladi, xolos. Fransuzcha oliy ta’lim modelining ikkinchi sikli 1-2 yillik ta’limni o‘z ichiga olgan bo‘lib, uni bitiruvchilar o‘z tanlagan mutaxassisliklari bo‘yicha chuqur bilimlarni o‘rganganliklari haqida maxsus ixtisos diplomini oladilar.
5. Mutaxassislikni bildiruvchi diplom (masalan, 2 yillik o‘qishdan keyin beriladigan texnologiya sohasidagi universitet diplomi) oliy ta’lim tizimidagi 3 siklli ta’lim tizimini birinchi bitirganlikdan dalolat beradi. Masalan, ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtining 5 yillik kursini bitirgan talaba muhandislik diplomini olsa, universitetning dastlabki 1 siklini tamomlagan talaba yana 3 yillik kursni bitirgandan so‘nggina shunday diplom egasi bo‘lishi mumkin (L.M.Makarova, 1986: 71-73).
6. Ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtlarida ma’lum soha mutaxassislik diplomini beruvchi yoki doktoranturaga kirish huquqini beruvchi 1 yillik qayta tayyorlov kurslarining keng tarmog‘i faoliyat ko‘rsatadi.
Oliy ta’lim tizimini tashkil qilishdagi va tarkibidagi qator milliy xususiyatlar boshqa Yevropa mamlakatlarida ham mavjud:
Daniya universitetlari 4 yillik oliy ta’limdan so‘ng o‘z bitiruvchilariga asosiy daraja hisoblangan nomzodlik diplomini beradilar. Lekin bunday diplom muhandislik mutaxassislarini egallovchilarga 5 yillik ta’limdan so‘ng, tibbiyot mutaxassislariga 8 yillik oliy ta’limdan keyin beriladi. Magistr diplomini olish uchun yana 1-2 yil o‘qish lozim bo‘ladi. Oliy texnika maktabi bitiruvchilariga (3-4 yil) muhandislik ixtisosligi bo‘yicha diplom beriladi (lekin muhandis-quruvchi diplomini olish uchun 5 yil o‘qish lozim bo‘ladi).
Irlandiyada gumanitar fanlar va tijorat sohasida 3 yillik, tabiiy fanlar va turli muhandislik mutaxassisliklari uchun 4 yillik, qishloq xo‘jaligi, stomatologiya, veterinariya sohalari uchun 5 yillik, tibbiyot bo‘yicha 6 yillik o‘quv dasturlarini o‘zlashtirib bakalavrlik darajasiga ega bo‘lish mumkin. Magistraturaga bakalavr diplomi bilan kirilib, u yerdagi ta’lim muddati quyidagi jihatlari bilan xarakterlanadi: gumanitar fanlar va tijorat – 1 yil; pedagogik fanlar – 2 yil; muhandislik fanlari -1,5-2 yil; tabiiy fanlar (kimyo) va tibbiyot – 4-6 yil.
Gretsiyada oliy ta’lim asosan 4 yillik bo‘lib, ayrim sohalar bo‘yicha o‘qish muddati bir oz uzunroq: muhandislik va stomatologiya – 5 yil, tibbiyot – 6 yil. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, maktabgacha tarbiya muassasalarining tarbiyachilari universitet maqomida bo‘lmagan Pedagogik Akademiya deb ataladigan 4 yillik oliy o‘quv yurtlarida tayyorlanadi. O‘rta maktab o‘qituvchilari esa universitetlarda tayorlanadi.
Shunday qilib, oliy ta’limni tashkil qilishdagi Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi bir xil yondashuv uning ko‘p bosqichliligida, ta’lim muddatlarini belgilashda, oliy ta’limga asosan yoshlarni jalb qilishda ko‘zga tashlanadi. Hozirgi kunda xorijiy mamlakatlarning oliy siyosatlari quyidagi jihatlari bilan xarakterlanadi:
1. Xususiy oliy o‘quv yurtlarini tashkil qilish, ularni rivojlantirish borasidagi amaliy ishlar davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bunday yondashuv, ayniqsa, AQSH, Yaponiya va Fransiyada ko‘zga yaqqol tashlanadi.
2. Oliy o‘quv yurtlari davlat tasarrufida bo‘lgan mamlakatlar alohida ajralib turadi. Bu davlatlarda xususiy oliy o‘quv yurtlari cherkov tasarrufida bo‘lib, ular 2-3 foizni tashkil qiladi.
3. Xususiy oliy o‘quv yurtlari tizimi keng rivojlanayotgan mamlakatlar va ularning mavjudligi davlat tasarrufidagi oliy o‘quv yurtlari obro‘siga putur yetkazmaydi.
4. Yuqoridagi barcha mamlakatlardagi xususiy oliy o‘quv yurtlari moliyaviy jihatdan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
5. Xususiy oliy o‘quv yurtini tashkil qilish — ko‘p sarmoya talab qiladigan tadbirdir. Bu borada to‘plangan tajribalarning dalolat berishicha, faqat iqtisodiy baquvvat ijtimoiy tashkilotgina o‘rta darajadagi xususiy oliy ta’lim maktabi faoliyatini tashkil qila oladi.
Qisqa xulosa
Shunday qilib, uzluksiz ta’lim tizimining hayotga tatbiq etilishi respublikamizda oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi faoliyatini tubdan o‘zgartiradi xamda respublikaning iktimoiy-iqtisodiy rivojiga muhim hissa qo‘shadi. Uzluksiz pedagogik ta’lim tizimida mutaxassis kadrlar tayyorlash pog‘onali ravishda amalga oshiriladi. Davlat ta’lim standartlari o‘quv jarayonini qat’iy chegaralangan qolipga solib qo‘ymaydi, balki, aksincha pedagogiq ijodkorlikka, ta’lim mazmun-mohiyatining yagona negizi atrofida turli-tuman tabaqalashtirilgan dasturlar, o‘quv qo‘llanmalari, o‘qitish uslubiyatlari keng imkoniyatlar yaratadi. Shuningdek ushbu bobda uzluksiz ta’lim tizimini olib boruvchi davlatlar tajribasi, ular tomonidan ishlab chiqilgan ta’lim standartlari haqida ham fikrlar keltirilgan. Bugungi kunda bir qator Yevropa mamlakatlarida uzluksiz ta’lim va kasb ta’limining yangi tizimi ishlab chiqilgan bo‘lib mazkur tizim turli xil yo‘nalishlardagi mutaxassislarni, shuningdek, boshlang‘ich o‘rta maktablarning bitiruvchilarini tayyorlashni nazarda tutadi.
“Kasb pedagogikasi” fanining falsafiy-uslubiy asoslari, fanning predmeti, kasb pedagogikasida falsafiy-uslubiy taraqqiyot, ma’naviy-madaniy shakllanish jarayoni, malakaviy tayyorgarlikda asosiy didaktik bosqichlar, izlanish usullari, ta’lim-tarbiyada fanning tutgan o‘rni ko‘plab misollar asosida tushunarli tarzda berilgan.
O‘z-o‘zini nazorat va muhokama uchun savollar:
1. Kasbiy pedagogikaning falsafiy-uslubiy asoslari nimalardan iborat?
2. Kasbiy pedagogikaning ilm sifatidagi o‘rnini izohlab bering?
3. Ma’lumot, madaniyat, mentalitet tushunchalarini ta’riflang?
4. Malakaviy bilim berishda asosiy rivojlanish tizimining yo‘nalishlari nimalardan iborat?
5. Izlanish metodlariga nimalar kiradi?
6. Kasb pedagogikasiga qachondan boshlab asos solingan?
7. Ta’limning uzluksizligi haqida fikr bildiring?
8. Germaniyada kasb ta’limi qanday rivojlangan?
9. Kasbiy ta’limning fransuz modeli haqida gapiring?
10. AQSH, Daniya, Gollandiya mamlakatlarida oliy ta’lim tizimi qanday tashkil qilingan?
Tavsiya etiladigan adabiyotlar:
1. Sibirskaya M.P. Professionalnoye obucheniye: Pedagogicheskiye texnologii. – Sankt Peterburg, 2002.
2.Pedagogika professionalnogo obrazovaniya. Pod. red. V.A.Slastenina. — Moskva. Akademiya, 2004 .
3.O‘. Tolipov., M.Barakayev., Sh.Sharipov. Kasbiy pedagogika. (Ma’ruzalar matni). – T.: TDIU, 2001 yil.
4. I.Y.Tursunov., U.N.Nishonaliyev. Pedagogika kursi. – T.: O‘qituvchi, 1997.
5. www.thelearningweb.net. — Ta’lim tarmog‘i.
6. www.inter-pedagogika.ru.
III . Har tomonlama yetuk va yuqori malakaga ega bo‘lgan xodimlar tayyorlashning nazariy asoslari
3.1. Kasb pedagogikasining qonuniyatlari.
3.2. Har tomonlama yetuk va yuqori malakaga ega bo‘lgan xodimlar tayyorlash.
3.3. Bosqichli o‘qitish nazariyasi. Texnologik bilimlarning uzluksizligi.
3.4. Ishlab chiqarish ta’limining davrlari.
3.1. Kasb pedagogikasining qonuniyatlari
«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» va «Ta’lim to‘g‘risidagi» qonun O‘zbekiston Respublikasi qonunining qoidalari milliy tajribaning tahlili va ta’lim tizimidagi jahon miqyosidagi yutuqlar asosida tayyorlangan bo‘lib, u yuksak umumiy va kasb-hunar madaniyatiga, ijodiy va ijtimoiy faollikka, ijtimoiy siyosiy hayotda mustaqil ravishda mo‘ljalni to‘g‘ri ola bilish mahoratiga ega bo‘lgan, istiqbol vazifalarini ilgari surish va hal etishga qodir kadrlarning yangi avlodini shakllantirishga yo‘naltirilgandir.
Kasbiy pedagogikaning qonun-qoidalarini yaxshi o‘zlashtirish kasbiy o‘qishning ayrim metodologik muammolarini hal qilishni yengillashtiradi.
Ilmiy-texnikaning asosiy yo‘nalishi standartlashtirishdan iborat bo‘lib, u ishlab chiqarish jarayonini avtomatlashtirish, kompleks mexanizatsiyalashtirish, EHM va yangi texnologiyani qo‘llash, ixtirochilik, ratsionalizatorlik, mutaxassislarni ijodiy texnik ijodkorligiga yo‘naltirilgan. Avtomatlashtirilgan uskunalar, elektron hisoblash texnikasi ishlab chiqarishni barcha jabhalarining texnik asosini tashkil etadi. Ilmiy texnikaning turli kasblaridagi umumiylik shundaki, turli kasb egalari har xil sohalarda faoliyat ko‘rsatsalar-da, ishga tayyorgarlik, uni nazorat qilish bir xil talab qilinadi. Bu esa o‘z vaqtida mutaxassislarni kasbiy o‘qitishni turdosh kasblarga guruhlab o‘qitish imkonini yaratadi.
Hozirgi davrda xalq xo‘jaligida 6,5 mingdan ortiq kasb mavjud bo‘lib, bu kasblarni ham amaliy o‘rganib chiqish mumkin emas. Shuning uchun hamma kasblar guruhlashtirilib chiqiladi. Kasblarni guruhlashtirish va guruhlangan kasblar hamda korxonadagi ish joyini loyihalash bo‘yicha har bir kasbga malakaviy tavsifnoma ishlab chiqiladi.
Ishlab chiqarish jarayonida mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirish ishchi-xodimlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda qisqa davr ichida avtomatlashtirishning rivojlanish bosqichlarini ko‘rishimiz mumkin.
1-bosqichda butunlay avtomatlashtirish yoki yarim avtomatlashtirish, maxsus yoki universal uskunalar ish jarayoni.
2-bosqichda moslamalar va transportlar orasida o‘zaro bog‘liqlikni hosil qilish.
3-bosqichda ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini va o‘lchamlarini nazorat qilish uchun maxsus o‘lchovchi va mexanik boshqaruvchi.
4-bosqichda dasturlashtirilgan boshqaruv avtomatik qurilmalari. Ular o‘z-o‘zini sozlash xususiyatiga ega.
5-bosqichda maxsus ishlab chiqarishga kibernetik va EHM mashinalar ish jarayonida xodimlarning vazifasi hisob-kitob qilish va boshqarib borish hamda nazorat etishdir.
1. Texnologik bilimlarning uzluksizligi.
Texnik jarayonning uzluksizligi ish shakllarining uzluksizligiga bog‘liq. Buning uchun texnologik jarayonlarni chuqur tahlil qilish kerak.
2. Ishlab chiqarish korxonasining ish sharoitini o‘rganish.
Bu yerda eng avvalo korxonaning ichki sharoiti va asosiy kasblarni, ishchilarni qo‘llaydigan texnologik operatsiyalari, mutaxassislarning ish sharoiti va korxonaning ichki sharoitini o‘rganish.
3.2. Har tomonlama yetuk va yuqori malakaga ega bo‘lgan xodimlar tayyorlash
Har tomonlama yetuk va yuqori malakaga ega bo‘lgan xodimlar uchun asosiy modeli sifatida ilg‘or xodimlarning mehnat faoliyatini misol qilib olish kerak. Xodimlarning qobiliyati, malakalari pedagogik kuzatuv va tajriba orqali o‘rganiladi. O‘rganib chiqilgan natijalar asosida mukammal model yaratiladi. Bunday model mutaxassis-xodimlarning shaxsiy sifatlari va fikrlashlarini, bilim darajalari, ko‘nikma va malakalari, ish jarayonida qo‘llaniladigan metodlarini aniqlashga yordam beradi. Keng malakali mutaxassis-xodimning modeli quyidagicha ko‘rinishda tuzilishi mumkin:1
1. Prognostik – oldindan bilish va ish rivojini xarakterlash.
2. Malakaviy — texnik mazmuniga qo‘yiladigan talablar.
1. Bu maqsadda maxsus ruxsat etilgan va tasdiqlangan hujjatlar: maqola, qo‘llanma, ilmiy-texnik axborotlardan, dissertatsiyalar va konferensiya materiallaridan keng foydalaniladi.
2. Ishchi-xodimlarni malakaviy tayyorlashda ishlab chiqilgan talab va mazmun. Oldindan tashxislangan ma’lumotlar modelda qayd qilinib ilmiy tayangan holda xodimning malakasini oshirishga imkon beradi. Shu bilan birga didaktik prognozni ham ajratish zarur bo‘ladi. O‘quv rejasi va dasturlarni mukammallashtirishda tashxisli ma’lumotlar zarur.
Rivojlanishning ilk bosqichlaridayoq pedagogik faoliyat o‘z o‘rnini topib oldi. Bugungi kunga kelib ilm va fan va ishlab chiqarishning o‘zaro bog‘liqligini hamda malakali pedagogika bu sohalarda o‘zining ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda. Buni yana samarali shakllantirish uchun pedagogik qonuniyatlarni bilish kerak bo‘ladi.
Ular quyidagilardan iborat:
3. Ishlab chiqarish turiga qarab xodimlarni shu sohaga tayyorlash.
Ishlab chiqarish turiga qarab o‘qitish dasturlari 3 ta katta guruhga bo‘linadi:
 Yakka holda ishlab chiqarish
 Guruhlab ishlab chiqarish
 Ommaviy ishlab chiqarish
Ishlab chiqarishning har bir turi o‘zining texnik jarayonlariga ega bo‘lib, shu bilan birga o‘zining shakllariga ham egadir. Ishlab chiqarishning u yoki bu turidan qat’iy nazar bir sexning o‘zida 3 ta ishlab chiqarish turi mavjud bo‘lishi mumkin.
Yakka holda ishlab chiqarish – o‘z xarakteriga ko‘ra o‘zining afzalliklariga ega bo‘lib, u yoki bu operatsiyalarni universal uskunalar yordamida amalga oshirish, mahsulotga qo‘yiladigan turli talablarni aniq bajarish imkonini beradi. Shuningdek, mutaxassisdan o‘lchov asboblaridan to‘g‘ri foydalana bilishni talab etadi.
Guruhlab ishlab chiqarish – bu tur yakka holda ishlab chiqarishdan biroz farq qiladi. Bunda mahsulot donalab emas, balki qism-qism holda ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bo‘ladi. Har bir operatsiya alohida-alohida uskunalarda bajariladi. Bu yerda ishlab chiqarish xizmati ko‘rsatish ya’ni moslash, sozlash, kichik ta’mirlash ishlari maxsus ishchilar zimmasiga yuklatiladi.
Ommaviy ishlab chiqarish – ularning ish joylarida tinimsiz ravishda qaytarilishi bilan bu operatsiyalar ish joyida xarakterlanadi. Sexlardagi asboblarning sifati va samaradorligi ishlab chiqarilayotgan mahsulotga mos bo‘lishi kerak.
3.3. Bosqichli o‘qitish nazariyasi. Texnologik bilimlarning uzluksizligi
Ta’limning asosiy maqsadi — zamonaviy ilmiy bilimlarni egallagan, mustaqil fikrlash va muammolarni yechish imkoniyatiga ega bo‘lgan ma’naviy jihatdan boy shaxslarni shakllantirishdir. Jamiyat rivojlanar ekan, hayotiy talablarning darajasi ham ortib boradi. Demak, ilmiy bilimlarning hajmi kengayib, ilmiylik darajasi chuqurlashib borar ekan, mantiqiy fikrlash va muammolarni tezda hal etishga bo‘lgan talab yanada kuchayib boradi. Bu fikrdan kelib chiqqan holda ta’lim tizimi bugungi kun talabini hisobga olgan holda emas, balki kelajak talablarini aniqlagan va hisobga olgan holda ish olib borishi kerak degan xulosaga kelamiz. Chunki, bugungi kun talablari kelajakda jamiyatning asosiy o‘zagiga aylanadi. Demak, ta’lim tizimi talabalarni bugungi kundagi hayotga emas, balki kelajakdagi hayotga tayyorlashi lozim. Bu ham ta’limning o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir.
Didaktik tizim negizini tarbiyaviy o‘quv jarayoni tashkil etib, u o‘z vaqtida 2 bosqichga bo‘linadi: doimiy va dinamik.
Asosiy o‘quv jarayoni – bu bosqichda ta’lim oluvchilar umumiy talablarga javob beruvchi bilim, malaka va ko‘nikmalarga ega bo‘lib, ular shunday bilim oladilarki, u ilmiy-texnik o‘zgarishlar ta’siriga mos keladi. Umumiy mehnat egallangan bilim, ko‘nikma va malakalarga kasbiy bilimlarga asos bo‘lib, uning mustahkamligi ishlab o‘qitishning samaradorligiga olib keladi. Asosiy o‘quv jarayonida ta’lim oluvchilar egallashi lozim bo‘lgan bilimlar uning kelajakdagi faoliyati, mehnat turi va ishlab chiqarishda egallaydigan o‘rniga bog‘liq bo‘ladi. Asosiy bilim berish jarayoni maxsus bilim berishning negizi bo‘lib xizmat qiladi, shuning uchun ta’lim oluvchi ko‘rsatilgan fanlar bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni mustahkam egallab bormog‘i lozim. 2
Maxsus o‘quv jarayoni – asosiy o‘quv bosqichidan maxsus bosqichga o‘tish sekin-asta ro‘y berib, butun o‘quv jarayoni shu maqsadlarga qaratilgan vaqt ichida olib boriladi. Maxsus bosqichda o‘qitish tanlangan kasbga yo‘naltirish bo‘yicha olib borilib, o‘qitish jarayoni shu sohadagi texnik va texnologik rivojlanish talablariga javob bermog‘i lozim, ammo markazlashtirilgan tartibda ishlab chiqilgan o‘quv dasturi xo‘jalik sohasidagi yoki korxona talablariga javob bera olmaydi, chunki bir sohada texnologik jihozlarning bir turi o‘rganilsa, ikkinchi turida mutaxassislarni tayyorlashda turli sohalar bo‘yicha o‘qitish afzaldir.
Maxsus o‘qitish jarayonida ta’lim oluvchilarni korxonaning xususiyatlari bilan aniq va mukammal tanishtirish jarayonida uning korxonadagi hamma ish turlarida egallagan bilim va malakasini amalda qo‘llay olishni ta’minlash lozimdir. Ta’lim oluvchilar ishlab chiqarishdaga texnik va texnologik jarayonlar, qurilma va moslamalar haqida bilim olib amalda qo‘llay bilishlari kerak. Maxsus o‘qitish jarayonida o‘qituvchi ustaning ishlab chiqarish jarayoniga o‘qitishda quyidagilarga erishmog‘i lozim:
 Ta’lim oluvchini hozirgi zamon texnika jarayoni metodlari va zamonaviy metodlar hamda qurilmalarda ishlashni o‘rgatish;
 Mehnatni tashkil etish metodi ham ta’lim oluvchini zarur bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalariga, kasbiy malakasiga qarab turli ish operatsiyalarini bajarishni zamonaviy texnologiya talabiga javob beruvchi ishlab chiqarishni tashkil etish;
 Ta’lim oluvchini ish me’yorini bajarishga yondoshishga o‘rgatish;
 Korxonadagi ish chizmalarini to‘g‘ri o‘qishga, texnologik hujjatlardan to‘g‘ri foydalanishga o‘rgatish;
 Korxona jamoasida ta’lim oluvchi ishidan muhim tarbiya sifatida foydalanish;
 Ta’lim oluvchini mehnat xavfsizligi, ishlab chiqarishdagi va yong‘in xavfsizligi talablariga amal qilishga o‘rgatish;
 Ta’lim oluvchining ongiga ish o‘rni va mehnat qurollariga nisbatan javobgarlik va qadrlash hissini singdirish;
 Ta’lim oluvchiga ish madaniyati haqida taassurot berish, ish joyini to‘g‘ri tashkil qilishni o‘rgatish.
Umuman olganda, bugungi kunda shunday mutaxassis kadrlarni tarbiyalashga erishish kerakki, u anglagan holda ish unumdorligini oshirishga o‘z hissasini qo‘shsin. Ularni ishlayotgan korxonaning obro‘si, ish sifatini oshirish, mehnat intizomiga qat’iyan rioya qilish ruhida tarbiyalash lozim.
3.4. Ishlab chiqarish ta’limining davrlari
Boshlang‘ich davr – bu vaqtda ta’lim oluvchilar o‘zlarini ustalarini tanimaydilar, bir-birlarining ishlab chiqarish jarayoni haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmaydilar. O‘quv ustasi har bir ta’lim oluvchini shaxsiy xususiyatlarini o‘rganib, ularda ish joyini, kasbni tanlashga qiziqishni uyg‘otib mehnatga bo‘lgan umumiy talablar, ish sharoiti bilan tanishtiradi. Usta ta’lim oluvchilarni texnik to‘garaklarga qiziqtirib, ishlab chiqarish sohasi bo‘yicha faxriylar bilan uchrashuvlar tashkil etadi. Bu bosqichda tashkiliy ishlar ko‘proq olib borilib, ta’lim oluvchilar asosan o‘zaro bir-birlari va ish jarayoni bilan tanishadilar. Bu jarayonning ishlab chiqarishga, ta’lim berishga aloqasi bo‘lmaydi va bu davr ikki hafta davom etadi.
Tayyorgarlik davri – bu vaqtga kelib ta’lim oluvchilar aniq ish turlari bilan tanishadilar va quyidagi masalalarni hal qiladilar: ish o‘rnini tashkil etish, mehnat xavfsizligiga rioya qilish, ishlab chiqarishda intizomli bo‘lish, ish qurollarini asrab-avaylash, shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalariga rioya qilish va boshqalar. Ta’lim oluvchilarni ish jarayoni texnik hujjatlarni o‘rganish, moslamalarni sozlash, ish o‘rnini ishga tayyorlash, ishlab chiqilgan mahsulotning sifatini tekshirishdan iborat bo‘lib, ular oddiy ish jarayonlarini o‘rganib boradilar.
Kasbni o‘zlashtirish davri – ish jarayonlarini o‘rgangandan so‘ng olingan bilim va malakalarni mukammalashga o‘tiladi. Buning uchun shunday ishlar tanlanadiki, ish jarayonida yangi o‘rnatilgan mavzu va undan oldingilari qamrab olinadi. Shunda ta’lim oluvchilarda egallangan bilimning shakllanish xususiyatlari rivojlanadi.
Nazorat qilish va yakunlash davri – bu muddatning asosiy vazifasi faqatgina olingan bilim va malakalarni mustahkamlab qolmay, balki ularni zamonaviy moslama va qurilmalardan foydalangan holda mukammalashib borishidir. Ishlab chiqarish ilg‘orlari va faxriylarining ishlarini o‘rganish, o‘zlashtirib olish ta’lim oluvchida ishlab chiqarish amaliyoti jarayonida mustaqillik hissini shakllanib borishiga yordam beradi. Ta’lim oluvchilar mehnat jamoasi oqimiga kirib jamoada tarbiyalanib shaxs sifatida shakllanib boradilar.
Shunday qilib, ta’lim oluvchilar berilgan muddat oxirida mustaqil tarzda barcha ishlarni rejalashtirishi o‘z ish joylarida ilg‘or usullarni qo‘llashlari, chizma va texnologik hujjatlardan foydalanishlari va shu bilan birga ishlab chiqarishdagi yutuqlarga erishishga intilishlari, vaqtni va xom-ashyoni tejashlari, mehnat xavfsizligi qoidalariga va talablariga javob berishlari kerak bo‘ladi.
Qisqa xulosa
Ushbu bobda kasblarni guruhlashtirish va guruhlangan kasblar va korxonadagi ish joyini loyihalash bo‘yicha har bir kasbga malakaviy tavsifnoma ishlab chiqish zarurligi haqida fikr bildirilgan.
Jamiyat rivojlana borgan sari hayotiy talablarning darajasi ham ortib boradi. Ilmiy bilimlarning hajmi kengayib, mantiqiy fikrlash va muammoli masalalarni tezda hal etishga bo‘lgan talab yanada kuchayib boradi. Demak, bu fikrdan kelib chiqqan holda ta’lim tizimi bugungi kun talabini hisobga olgan holda emas, balki kelajak talablarini aniqlagan va hisobga olgan holda ish olib borishi kerak degan xulosaga kelish mumkin.
Umuman olganda, ta’lim tizimi talabalarni bugungi kundagi hayotga emas, balki kelajakdagi hayotga tayyorlashi lozim. Bu ham ta’lim jarayonining o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir.
O‘z-o‘zini nazorat va muhokama uchun savollar:
1. Kasbiy pedagogika qonuniyatlari nimalardan iborat?
2. O‘qitish dasturlari necha turga bo‘linadi?
3. Xodim kasblarini guruhlash asoslariga nimalar kiradi?
4. Ishlab chiqarish tamoyillari necha turga bo‘linadi?
5. Kasblar qanday guruhlanadi?
6. O‘qitish nazariyasi necha bosqichdan iborat?
7. Ishlab chiqarish ta’limining davrlarini izohlab bering?
8. Nima uchun ishchi-xodimlarga malakaviy texnik bilim beriladi?
9. Tayyorgarlik davrida qanday ishlar amalga oshiriladi?
10. Asosiy o‘quv jarayoni va maxsus o‘quv jarayoniga ta’rif keltiring?
Tavsiya etiladigan adabiyotlar:
1. Pedagogika professionalnogo obrazovaniya. Pod. red. V.A.Slastenina. — Moskva. Akademiya, 2004 .
2. Ye.N.Pronina, V.V.Lukashevich. Psixologiya i pedagogika. Uchebnik dlya studentov VUZov.-M.: Elit, 2004 .
3. O‘. Tolipov., M.Barakayev., Sh.Sharipov. Kasbiy pedagogika. (Ma’ruzalar matni).– T.: TDIU, 2001.
4. N.Xo‘jayev, J.Hasanboyev. Iqtisodiy pedagogika. – T.: TDIU, 2002.
5. www.inter-pedagogika. ru.
IV . Kasb pedagogikasida ta’lim jarayoni
4.1. Kasb pedagogikasida ta’lim jarayonining mohiyati va tuzilishi.
4.2. Kasb ta’limining tamoyillari.
4.3.Pedagogik jarayonni loyihalash. Loyihalash jarayonining obyekti va muammolari.
4.4. Ta’lim oluvchilarning o‘quv faoliyatini tashkil etish.
4.1. Kasb pedagogikasida ta’lim jarayonining mohiyati va tuzilishi
Ta’lim jarayoni pedagogik jarayonning ajralmas, muhim qismlaridan biri bo‘lib u o‘qitish, bilim, ko‘nikma va malaka hosil qilish masalalari bilan shug‘ullanadi. Ta’lim nazariyasi “didaktika” tushunchasi bilan ham ifodalanadi. “Didaktika” so‘zi grekcha “didasko” so‘zidan olingan bo‘lib, “o‘qitish, o‘rgatish” degan ma’noni bildiradi. Didaktikaning o‘rganish obyekti o‘quv jarayoni, o‘quv jarayonining rivojlanish qonuniyatlari, o‘qitish tamoyillari, metodlari va shakllaridir. Ta’lim jarayonining asosiy mohiyati tarixan to‘plangan ijtimoiy bilim va tajribani yosh avlodga yetkazish, avlodlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni ma’lum tizim orqali amalga oshirish bo‘lib hisoblanadi.
Fan va texnikaning rivoji ham ilmiy bilimlarning hajmiga va xarakteriga ta’sir ko‘rsatadi. Bularning hammasi esa o‘z navbatida ta’lim tizimida o‘z aksini topadi. Ta’lim tizimi har bir jamiyatning rivojlanish asosi bo‘lib xizmat qiladi. Chunki aynan ta’lim tizimi jamiyatning har bir a’zosini ma’naviy, ilmiy dunyoqarashining shakllanishida eng asosiy o‘rinni egallaydi. Shuning uchun ham barcha tarixiy yuksalish, yangilanish bosqichlarida aynan ta’lim tizimini isloh qilish muhim o‘rin tutgan. Ta’lim tizimi har bir jamiyatning rivojlanish darajasidan hamda shu jamiyatning talablaridan kelib chiqqan holda shakllanadi.
O‘sib kelayotgan yosh avlod ta’lim jarayonida:
 Zarur bilimlar bilan qurollantiriladi.
 Kerakli malakalarga ega bo‘ladi.
 Ko‘nikmalar hosil qiladi.
O‘quv jarayonida ta’lim oluvchilar va pedagoglar o‘rtasida o‘ziga xos munosabatlar o‘rnatilib bu jarayon ikki tomonning birgalikdagi faoliyati natijasida boradi. Shuning uchun ham ta’lim jarayoni ikki tomonlama xarakterga ega deyiladi. Pedagoglar va talabalarning faollik darajasi ta’lim jarayonining samarasini belgilaydi. Albatta bu jarayonda pedagog yo‘naltiruvchi sifatida maydonga chiqadi. Pedagog aniq maqsadni ko‘zlab reja va dastur asosida bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantiradi. Talabalar esa ularni faol o‘zlashtirib olishlari kerak. Ta’lim jarayonida pedagog o‘rgatish, bilim, malaka, ko‘nikma hosil qilish vazifasini bajarsa, talabalar o‘zlashtirish jarayonini o‘z boshidan kechiradilar. Bu murakkab psixik jarayon bo‘lib, sezgi, idrok, tasavvur, tafakkur kabilar ishtirokida boradi. O‘qish talabalarning o‘zlashtirish, bilish qobiliyatlari, fikrlash operatsiyalari va harakatlarini hosil qilish jarayonidir. Bu passiv tomoshabinlik jarayoni emas, balki talabaga noma’lum bo‘lgan xaqiqatlarni ochib beradigan faol, ijodiy faoliyat jarayonidir.
Ta’limning asosiy vazifalaridan biri insoniyat tomonidan hozirgacha erishilgan ilmiy bilimlar va fan texnikaning yutuqlari bilan yosh avlodni qurollantirishdir. Yosh avlodda shunday bilimlar tizimini yaratish lozimki, bu bilimlar ularning keyingi rivoji uchun asos bo‘lib xizmat qilsin. Hozirgi kunda bilimlar hajmi, axborotlar hajmi tobora oshib borayotgan bir davrda ta’lim tizimi talabalarga berilishi kerak bo‘lgan bilimlar, malaka va ko‘nikmalar hajmini belgilash hamda bu jarayonda qaysi omillarni hisobga olish kerak degan masalalarning yechimini topish ustida bosh qotirmoqda. Zaruriy bilimlar hajmini belgilash va shu bilan bir qatorda o‘qish muddatini aniqlash eng muhim masalalardan biri. Ta’lim jarayonida biror fan sohasidagi insoniyat tomonidan erishilgan hamma narsalarni o‘rganish kerak deb o‘ylash mutlaqo noto‘g‘ri bo‘lur edi. O‘quv jarayonida eng asosiy, eng muhim bilimlar — fanlarning asoslari o‘rganiladi. Ammo shunga qaramay hozirda o‘rganish zarur bo‘lgan yangi-yangi fanlarning tarmoqlari (ekologiya, EHM, oila psixologiyasi, iqtisodiyot asoslari, ma’naviyat asoslari) vujudga kelmoqdaki ular ta’lim hajmini benihoya kengayishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday muammolar hozirda deyarli barcha davlatlarda mavjud va har bir davlat bu muammolarni o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda hal etishga harakat qilmoqda. Biz bu muammolarni ta’lim tamoyillarini (prinsiplarini) buzmagan holda, yosh avlodning sog‘ligiga ziyon yetkazmagan holda yechimini topishga harakat qilmoqdamiz.
Pedagogik jarayon – bu o‘qituvchi va talaba bilimlarini, ko‘nikma va malakalarini amaliyotda qo‘llashni o‘z ichiga qamrab oladi. Kasb ta’limi jarayonida mazmun, o‘qish, o‘qitish, tarbiyalash asosiy bog‘lovchi komponentdir.
Ta’lim bilish faoliyatining turi sifatida pedagogika fanida bir necha asosiy ma’noni anglatadi. Ya’ni bu: talabalarda bilim, malaka va ko‘nikmalarni hosil qilish: ularda dunyoqarash, fikr va e’tiqodlarni shakllantirish; o‘quvchilarning muayyan darajada o‘qimishli, madaniyatli, tarbiyali chin inson bo‘lishiga erishish; ularning qobiliyatlarini o‘stirishdan iboratdir.
Ta’lim – insoniyat tajribasining ma’lum tomonlarini, ya’ni talabalar ijtimoiy taraqqiyotning hozirgi talablariga muvofiq darajada bilim va tarbiyaga ega bo‘lishlarini ta’minlaydigan faoliyatdir.
Demak, pedagogik ta’lim jarayonining mazmunini bilim, ko‘nikma va malakalar tashkil qiladi. Talabalar o‘qish orqali bilim bilan qurollanadilar. Bunda bilimning o‘zi kifoya qilmaydi. Uni hayotda ko‘p unum beradigan qilib qo‘llay olish lozim. Buning uchun esa talabada ko‘nikma va malaka hosil qilish zarur.
Ko‘nikma – mashq qilish natijasida beriladigan harakatlar yig‘indisidir. Iqtidor va ko‘nikma mashq qilish va takrorlash orqali malakaga aylanadi.
Bilim asosida ko‘nikma va malaka hosil qilinadi. Bilim bahsda kerak bo‘lsa, ko‘nikma mehnatda, dunyoni o‘zlashtirishda zarur bo‘ladi. Shu jihatdan Oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida, kasb-hunar kollejlarida va maktablarda bahslar, bellashuvlar, o‘tkir zehnlilar mushoirasi, quvnoqlar va zukkolar bellashuvini tashkil etish foydalidir.
Ta’lim oluvchining xarakteri va faolligi rivojlangan holda uning darajalari turlichadir. Ammo shu bilan birga ta’lim oluvchilar passiv bo‘lsa, o‘qitish jarayonini amalga oshirib bo‘lmaydi.
 Ta’lim oluvchining ilm qabul qilishi faolligi uning shaxs sifatida shakllanishiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Ta’lim oluvchida o‘z-o‘ziga, mehnatiga, boshqa shaxslarga, jamiyatga, ishlab chiqarishga, atrof-muhitga munosabati shakllanib boradi.
 Pedagogik jarayonning muhim spetsifik sharoitlari. Oliy o‘quv yurtlarida o‘qitishning muhim spetsifik shartlaridan biri bu amaliy o‘qitishdir. Bu uning muhim tashkil etuvchi komponentidir. O‘qitish jarayoni amaliyotdan tubdan farq qiladi, chunki ishlab chiqarishdagi o‘qitish uslubining asosiy maqsadi, bu ta’lim oluvchini ma’lum bir kasbga yo‘naltirish va shakllantirishdir.
Pedagog va ta’lim oluvchi orasidagi o‘zaro birlik va aloqadorlik haqida gapirganda boshqaruvchi va o‘rgatuvchi shaxs bu o‘qituvchi ekanligini unutmaslik kerak. Faqat pedagogning ta’lim oluvchiga bilim bera olishi, shaxs sifatida shakllantira olishi va o‘z ta’sirini ko‘rsata olishi mumkin.
O‘qitish jarayonining muhim komponenti
Beriladigan bilim mazmuni o‘quv dasturi, davlat ta’lim standartida belgilangan bo‘lib, uning tarkibiga ijtimoiy maqsadlar davlat buyurtmasi, pedagogik tizimning aniq maqsadlarini belgilaydi. Pedagogik jarayon faqat ta’lim mazmunigagina emas, balki uning qonuniyligiga ham ta’sir ko‘rsatadi, ya’ni;
 Pedagogik jarayonning sharoitiga qarab mazmun belgilanmasa, ta’lim oluvchilarning o‘zlashtirishlari qiyin kechadi, shuningdek, jarayon bilan amaliyotdagi sharoit orasidagi bog‘liqlik yo‘qoladi.
 guruhning shaxsiy imkoniyatidan kelib chiqib o‘qituvchi dasturiga mantiqiy o‘zgarishlar kiritib, shu bilan pedagogik jarayonning o‘zaro bog‘liqligini buzmagan holda maqsadga erishiladi.
Ma’lumot berishning pedagogik jarayoni — o‘qituvchilarning ilmiy, texnik va texnologik ishlab chiqarishdagi bilimlarini shakllantirishdir. Mazkur jarayonda o‘qituvchi va ustaning vazifasi ta’lim oluvchida ijobiy sifatlarni rivojlantirish uchun tarbiyaviy vazifalarni maksimal qo‘llashdan iborat bo‘ladi. O‘qituvchi ta’lim oluvchilarda jamoatchilik, do‘stlik, intizomga rioya qilish, rostgo‘ylik, o‘z ishiga javobgarlik kabi insoniy sifatlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi. Buning uchun o‘qituvchining o‘zida tarbiyalovchi sifatlar mujassam bo‘lishi kerak.
Ta’lim tamoyillari o‘quv yurtlari oldida turgan ulkan vazifalar asosida belgilanadi. Ular o‘zaro bir-biri bilan mustahkam bog‘liq holda bir tizimni tashkil etadi, har bir darsda didaktik tamoyillarning bir nechtasi ishtirok etishi mumkin. Ular ta’lim oldida turgan asosiy maqsadlarni hal etishga o‘z hissasini qo‘shadi. Ta’lim tizimi isloh qilinayotgan hozirgi jarayonda o‘quvchi-talabalarga mustahkam bilim berish, ularni erkin, mustaqil fikrlay oladigan insonlar qilib tarbiyalashda, ta’lim tamoyillarining mohiyatini chuqur anglash va hayotga tadbiq etish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘quv yurtlarida beriladigan bilimning ilmiy xarakterga ega bo‘lishi fan-texnikaning so‘nggi yutuq va kashfiyotlarini o‘zida ifoda etishi lozim. Shunday ekan, o‘qituvchi ilm-fandagi yangiliklardan xabardor bo‘lishi zarur. O‘quv fanlari ham ilm-fan asosida yaratiladi. O‘qitishning ilmiylik tamoyillari ta’lim jarayonida o‘quvchi-talabalarni hozirgi zamon fan-texnika taraqqiyoti darajasidagi ilmiy bilimlar bilan qurollantirish, ayniqsa ularni ilmiy-tadqiqot usullari bilan tanishtirib borishga qaratilgan.
4.2. Kasb ta’limining tamoyillari
Ta’lim tamoyillari pedagogning faoliyatini va talabalar tomonidan ilmiy bilimlarning o‘zlashtirilishi, tegishli ko‘nikma va malakalar xosil qilishning asosiy qonun va yo‘l-yo‘riqlarini o‘z ichiga oladi. Shu bilan bir vaqtda ta’lim tamoyillari har ikkala faoliyatning ya’ni pedagog va talaba tomonidan o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish imkoniyatini beradigan bir qancha talablarni ham umumlashtirib beradi. Shunga ko‘ra ta’lim qoidalari o‘qitishning eng muhim masalalarini nazariy va amaliy jihatdan to‘g‘ri hal qilishning asosiy negizi hisoblanadi.
Ta’lim tamoyillari deb, umuminsoniy tarbiyaning maqsad va vazifalarini amalga oshirishga qaratilgan o‘qish va o‘qitish jarayonlarining yo‘nalishi talabalar tomonidan ilmiy bilimlarning o‘zlashtirilishi, bilim va malaka xosil qilishning asosiy qonun va qoidalarining yig‘indisiga aytiladi.
Inson vujudga kelibdiki, o‘z farzandiga bilganlarini o‘rgatish, o‘zi ega bo‘lgan bilim, malaka va ko‘nikmalarini keyingi avlodga o‘tkazish dastavval anglanmagan holda bo‘lsa-da mavjud edi. Bu yashash uchun kurash qonunidan kelib chiqib, yashashning zaruriy sharti hisoblangan. Jamiyat rivojlanar ekan avloddan-avlodga o‘tkazish lozim bo‘lgan bilimlar hajmi ham ortib bordi. Bilimlar, egallash lozim bo‘lgan malaka va ko‘nikmalar murakkablashib bordi. Bu jarayon olimlar tomonidan tahlil qilinib asta-sekin ma’lum qoidalar ishlab chiqildi.
Ta’lim jarayonini chuqur o‘rgangan olimlardan biri qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy (973-1048) ilmiy bilimlarni egallash yo‘llari, usullari haqida shunday fikrlarni bildiradi. O‘quv jarayonida pedagog quyidagi qonuniyatlarga:
 talabaning zeriktirmasligi;
 bilim berishda turlilikka asoslanishi;
 uzviylikka, izchillikka rioya qilishi kerak.
Beruniy yangi mavzularni qiziqarli, asosan ko‘rgazmali bayon etish samarali natijalar berishini ham ta’kidlaydi.
Abu Ali Ibn Sino (980-1037) bilim olishda yoshlarni o‘quv muassasasida o‘qitish zarurligini qayd etar ekan, ta’limda quyidagi tomonlarga rioya etish zarurligini ta’kidlaydi:
 talabaga bilim berishda birdaniga kitobga band qilib qo‘ymaslik;
 o‘qitishda jamoa bo‘lib, o‘quv muassasasida o‘qitishga e’tibor berish;
 bilim berishda talabalarning maylini, qiziqishi va qobiliyatini hisobga olish;
 o‘qitishni jismoniy mashqlar bilan qo‘shib olib borish.
Ushbu ishlab chiqilgan qoidalar ta’limda mustahkam o‘rin egallay boshladi.
Shunday qilib, ta’lim tamoyillari asrlar osha sayqal topib bordi. Albatta didaktika tamoyillari har bir davrning o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘zgarib boradi. Chunki ta’lim tamoyillari jamiyat va davlat oldida turgan ulkan vazifalar asosida belgilanadi. Ta’lim (o‘qitish) jarayoni murakkab hamda ko‘p qirralidir. Unda pedagog va talabalar faol ishtirok etadilar. Bu jarayonning muvaffaqiyatli va samarali natijasi ta’lim jarayonining qonun qoidalari ya’ni ta’limga quyilgan didaktik talablarga qay darajada amal qilishlariga bog‘liq.
Keyingi yillarda ta’lim qoidalarini o‘rganish ularni tahlil qilish va mukammallashtirish ustida ish olib borilmoqda. Ta’lim qoidalarini sistemalashtirish masalasi ham doimo faol masala bo‘lib kelgan.
Bugungi kunda kasbiy pedagogika fani quyidagi ta’lim tamoyillarini ajratib ko‘rsatmoqda:
 Ta’limning ilmiy bo‘lishi;
 Ta’lim-tarbiyaning birligi;
 Ta’limning tizimli va izchil bo‘lishi;
 Ta’limda nazariyaning amaliyot bilan bog‘liq bo‘lishini ta’minlash;
 Ta’limda onglilik, faollik va mustaqillikka erishish;
 Ta’lim jarayonining ko‘rsatmali va ko‘rgazmali bo‘lishi;
 Bilimlarni puxta va tizimli o‘zlashtirib borish;
 Ta’lim jarayonida shaxsiy xususiyatlarni hisobga olish;
Umumdidaktik tamoyillar bilan pedagogik jarayon qonunlari o‘zaro aloqada bo‘lib, u o‘zining spetsifik xususiyatlariga ega. “Kasbiy pedagogika” fanining asosiy tamoyillari quyidagilar hisoblanadi:
 Politexnik tamoyil
 Ta’lim oluvchilarda amaliyot va nazariyani o‘zaro bog‘lash tamoyili
 Modellashtirish tamoyili
 Mobillik tamoyili
 Tartibli ketma-ketlik tamoyili
 Atrof-muhitni tashkil etish tamoyili
 Kompyuterlashtirilgan pedagogik jarayon tamoyili
Politexnik tamoyil – bu tamoyil zamonaviy ishlab chiqarishning ilmiy asoslari tizimini egallashni nazarda tutib, shu bilimlar asosida umumkasbiy politexnik va maxsus bilimlarni shakllantiradi.
Politexnik tamoyillarni o‘qitishda quyidagi shartlarga amal qilish lozim:
 asosiy yo‘nalishdagi rivojlangan texnika va ilmiy o‘qitish;
 o‘zaro bir-birlari bilan bog‘langan o‘quv materiali tizimini tashkil qilish;
 o‘qitilayotgan fanni kelajakda amaliyotda qo‘llash;
 ta’lim oluvchilarning yoshlariga mo‘ljallab o‘qitish;
 umumta’lim bilimlariga tayanish;
 ta’lim oluvchilarning qiziqishlarini qoniqtirish;
 o‘quv materialining ketma-ketligi va turg‘unligiga rioya qilish.
Ta’lim oluvchilarda amaliyot va nazariyani o‘zaro bog‘lash tamoyili
O‘quv jarayonida nazariy va amaliy bilim berish o‘zaro aloqadorlik va o‘quv predmetining asosiy maqsadi amaliyotda qo‘llashga qaratilgan bo‘lib, bu maqsad quyidagi shartlarga amal qilishga bog‘liq:
 nazariy bilimlarning amaliyotda sinalishi;
 ish jarayonida sohaviy bilimlar va ularning fanda qo‘llanilishi;
 mutaxassis-xodimlarni samarali o‘qitish uchun kasbiy ishlab chiqarishga qarab kasbiy bilim berish.
Mutaxassis faoliyatini o‘quv jarayonida modellashtirish tamoyili
Modellashtirish orqali mazmun va maqsadlarni isbotlash uchun yengilliklarni oldin o‘zlashtirish, o‘qitish metodlarini o‘quv rejasi va o‘quv dasturini olish mumkin.
Mobillik tamoyili
Bu tamoyil shaxsning texnik bilimlarini tez o‘zlashtirish qobiliyatiga qaratilgan. Mutaxassis-xodimning ijodiy ish xarakteri, dunyoqarashining kengligi muammolarni anglab olish, ishlab chiqarishdagi rivojlanishini ko‘ra bilishdir.
Tartibli ketma-ketlik tamoyili
Bu tamoyil quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
 o‘quv rejasini planlashtirish;
 o‘quv jarayonida ketma-ketlikka rioya qilish;
 deduktiv o‘qitish metodlarini qo‘llash;
 umumta’lim bilimlarini tayanch qilib olish;
 o‘quv materiallarini o‘zaro bog‘liq holda tartibli berib borish.
Atrof-muhitni tashkil etish tamoyili
Atrof-muhit deganda avvalam bor ta’lim muassasasida o‘quv qurollari bazasini ishlab chiqarish va didaktik vositalarni, texnik, texnologik, ekologik talablar, shu bilan birga mehnat muhofazasini ta’minlash va ta’lim oluvchilarning sog‘lig‘ini saqlash sharoitlarini yaratish lozim.
Kompyuterlashtirilgan pedagogik jarayon tamoyili
Bu tamoyil bugungi kunda o‘ta dolzarb bo‘lib, kompyuterlar hayotimizning turli sohalariga kirib kelmoqda. Pedagogik sohaga ham kirib kelib ta’lim oluvchilarga kompyuterlar yordamida mavzuni kengroq, qiziqarliroq va tushuntirilayotgan mavzuni amaliyotini ham ekranda ko‘rsatib berish imkonini yaratadi.
4.3. Pedagogik jarayonni loyihalash. Loyihalash jarayonining
obyekti va muammolari
Ijtimoiy taraqqiyotning turli bosqichlarida tak’lim jarayonini samarali tashkil qilish, uning izchilligi va uzluksizligini ta’minlashga erishish masalalari yetuk mutafakkirlar hamda ilg‘or pedagoglarning diqqat – e’tiborini jalb etib kelgan. Yosh avlod ta’lim tarbiyasini tashkil etishning ushbu jihatlari o‘z davrida Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Yan Amos Komenskiy, D.K.Ushinskiy, Abdulla Avloniy, Hamza Xakimzoda Niyoziy va boshqalar tamonidan o‘rganilgan.
Axborotlar almashinuvining globallashuvi, shuningdek, ilm–fan, texnika va ishlab chiqarish sohalarida ro‘y berayotgan ilmiy yangiliklarning son va sifat jihatidan keskin o‘sib borishi o‘z–o‘zidan talabalarga ular borasida tezkor sur’atda va batafsil ma’lumotlar berishni kun tartibiga qo‘ymoqda. Ushbu talabning ijobiy ravishda qondirilishi, eng avvalo ilmiy– nazariy hamda amaliy bilimlarni o‘zlashtirishning qulay shakli bo‘lgan ta’lim jarayonida amalga oshiriladi. Ta’lim jarayonining maqsadga muvofiq, samarali tashkil etilishi o‘quv manbalari (o‘quv dasturi, rejasi, darslik, qo‘llanmalar) saviyasi, shuningdek pedagogning bilim darajasi va pedagogik mahoratiga bog‘liqdir.
Ta’lim jarayonida yangi pedagogik texnologiyalarni qo‘llashda o‘quv dasturi mazmunining mukammalligi, darslik hamda o‘quv qo‘llanmalarning zamonaviy talablar asosida yaratilganligi, o‘quv rejasi mohiyatining nazariy va amaliy jihatlariga ko‘ra yagona maqsadga erishish uchun xizmat qilishi, mashg‘ulotlarni samarali tashkil etish imkonini beruvchi pedagogik shart– sharoitlarning mavjudligi, pedagog va talabalar o‘rtasida samimiy, ijobiy munosabatlarning qaror topishi kabi masalalar inobatga olinadi.
Muayyan o‘quv mashg‘uloti jarayonining loyihasini ishlab chiqish quyidagi bosqichlardan iborat bo‘ladi:
1–bosqich. Ta’lim jarayonini loyihalashning dastlabki bosqichi o‘quv predmetining mundarijasidan joy olgan mavzu yoki faoliyat mazmuniga doir manbalarni o‘rganish, chunonchi, materiallarni yig‘ish va ularni mohiyati bilan tanishib chiqish, ularda ilgari surilgan g‘oyalarni umumlashtirish, turkumlashtirish hamda yaxlitlashdan iborat.
O‘quv predmetining mavzusi yoki faoliyat mazmuniga doir manbalar mohiyatini o‘rganib chiqish pedagog uchun talabalar e’tiboriga taqdim etilayotgan mavzu xususida ularga batafsil, mukammal ma’lumotlarni bera olish, ta’limning umumiy jarayonini tasavvur etish imkonini bera oladi.
2–bosqich. Ikkinchi bosqich o‘quv predmetining mavzusi (faoliyat mazmuni) yuzasidan yagona, umumiy maqsadni aniq belgilash, umumiy maqsad doirasida kichik bo‘lim (band)lar bo‘yicha hal etiluvchi xususiy maqsadlarni ham belgilash, ta’lim maqsadiga erishish yo‘lida ijobiy hal etilishi lozim bo‘lgan vazifalarni ishlab chiqishga yo‘naltirilgan.
Ta’lim maqsadi va vazifalarining aniq, puxta belgilab olinishi o‘qituvchi, shuningdek, talabalar faoliyatini muayyan yo‘nalishga solish, ta’lim maqsadiga erishishda vaqtdan unumli foydalanish, ta’lim jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan didaktik va tarbiyaviy muammolarning oldini olish, mavjud shart–sharoitlardan oqilona foydalanishga zamin hozirlaydi. Ikkinchi bosqich natijasi o‘quv predmetining mavzusi bo‘yicha yagona, umumiy hamda xususiy maqsadlar, shuningdek, vazifalarni qayd etish bilan tavsiflanadi.
3–bosqich. Ta’lim jarayonini loyihalashning uchinchi bosqichi ta’lim maqsadi va vazifalariga tayangan holda o‘quv jarayonining mazmunini ishlab chiqishdan iboratdir.
Ta’lim jarayoni o‘quv materiali mazmunini yoritishga xizmat qiluvchi muayyan mavzu (faoliyat mazmuni) bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar majmuini ifoda etish imkonini beradi. Ta’lim mazmunida, shuningdek, talabalar tomonidan o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan tushuncha, ko‘nikma hamda malakalarining xajmi ham o‘z ifodasini topa olishi kerak. Zero, ta’lim mazmuning g‘oyaviy jihatdan mukammalligi talabalar tamonidan muayyan bilim, ko‘nikma hamda malakalarning o‘zlashtirilish darajasi bilan belgilanadi. Uchinchi bosqich samarasi talabalar tamonidan ma’lum tushunchalarning o‘zlashtirilishi, ko‘nikma va malakalar shakllanishini ta’minlovchi shartlarning ishlab chiqilganligida namoyon bo‘ladi.
4–bosqich. Ta’lim jarayonini loyihalashning eng muhim bosqichi hisoblangan bu bosqichda mashg‘ulotning shakli, metod va vositalarini tanlash kabi harakatlar amalga oshiriladi.
Mazkur bosqichning muhimligi shundaki, aynan mashg‘ulotning shakli, metod va vositalari ta’lim jarayonining muvaffaqiyatini taminlashga olib keladi. Ular yordami bilangina o‘quv predmetining mavzusi (faoliyat mazmuni) borasidagi nazariy bilimlar o‘quvchilarga uzatiladi, talabalar tomonidan esa ushbu bilimlar qabul qilib olinadi. Muayyan mashg‘ulot uchun eng maqbul deb topilgan shakl, metod va vositalarning belgilanishi ta’lim jarayonining 90 foizlik samaradorligini ta’minlaydi. Yangi pedagogik texnologiyalarning asosiy mohiyati aynan ana shu bosqichda ochib beriladi. Talabalarni ijodiy izlanish, faollik, erkin fikr yuritishga yo‘naltiruvchi ta’lim shakli, metod va vositalarining to‘g‘ri tanlanishi mashg‘ulotlarning qiziqarli, bahs – munozaralarga boy bo‘lishi, ijodiy tortishuvlarning yuzaga kelishiga turtki bo‘ladi. Mana shu holatdagina talabalar tashabbusni o‘z qo‘llariga oladilar, o‘qituvchining zimmasida esa ularning faoliyatini ma’lum yo‘nalishga solib yuborish, umumiy faoliyatni nazorat qilish, murakkab vaziyatlarda yo‘l–yo‘riq ko‘rsatish, maslahatlar berish hamda ular faoliyatini baholash kabi vazifalar qoladi.
5–bosqich. Navbatdagi bosqichda talabalar tamonidan bilim, malaka, ko‘nikmalarning o‘zlashtirilishi uchun yetarli deya belgilangan vaqt hajmi, ya’ni talabalarda muayyan mavzu (faoliyat mazmuni) yuzasidan ma’lum tushuncha, ko‘nikma va malakalarning qancha vaqt oralig‘ida o‘zlashtirilishi mumkinligi aniqlanadi.
6–bosqich. Bu bosqichda topshiriqlar tizimi ishlab chiqiladi. Bosqich natijasi sifatida ishlab chiqilgan topshiriqlar tizimining samaradorligiga alohida e’tibor berish talabi mazkur bosqichning asosiy sharti hisoblanadi.
Mazkur bosqichda ishlab chiqilgan mashqlar tizimini quyidagi guruhlarga bo‘lish maqsadga muvofiqdir:
• mashg‘ulot jarayonida o‘quvchilar tamonidan yechilishi lozim bo‘lgan mashqlar;
• darsdan tashqari sharoitlarda bajarilishi ko‘zda tutilgan mashqlar (uy vazifalar).
Talabalar e’tiboriga havola etilayotgan mashqlar bir–birini to‘ldirishi, o‘zaro aloqadorlik, bog‘liqlik va eng muhimi evolyutsion xususiyat kasb eta olishi lozim.
7–bosqich. Ta’lim jarayonini loyihalashtirishning yettinchi bosqichida talabalarning umumiy faoliyatlarini nazorat qilish va test tizimini ishlab chiqish kabi vazifalar amalga oshiriladi.
Nazariy va amaliy jihatdan to‘g‘ri bo‘lgan test tizimining ishlab chiqilishi talabalarning mavzu (faoliyat mazmuni) yuzasidan ma’lum tushunchalarni o‘zlashtirish, shuningdek, amaliy ko‘nikma va malakalarni shakllantira olganlik darajalarini aniq va xolis aniqlay olish imkonini beradi. Test tizimini ishlab chiqishda testlarning izchil, uzviy hamda bir– birlari bilan uyg‘un bo‘lishlariga ahamiyat berish zarurdir.
8-bosqich. Ta’lim jarayonini loyihalashning so‘nggi bosqichi yaratilgan loyiha (andoza)ning ta’lim jarayoniga tadbiq etilishi, ta’lim jarayonining yakuniy darajasini o‘rganish bilan nihoyalanadi.
Mazkur bosqichda ta’lim jarayonining umumiy ahvoli, erishilgan yutuq hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, ularning yuzaga kelish sabablari tahlil etiladi, navbatdagi Mashg‘ulotlar jarayonida sodir bo‘lgan kamchiliklarni oldini olishga qaratilgan chora–tadbirlar belgilanadi
4.4. Ta’lim oluvchilarning o‘quv faoliyatini tashkil etish

Ta’limda yoshlarni bilim, ko‘nikma hamda malakalar bilan qurollantirish, ularning qobiliyati va iste’dodlarini rivojlantirish jarayonida baholash shuningdek, bilimlarni tekshirib turish muhim ahamiyat kasb etadi. Baholash ta’lim tizimida foydalanilayotgan metodlar qanchalik samarali ekanligini, talabalarning o‘zlashtirish darajasini aniqlashga yordam beradi. Albatta ta’lim tizimining samarali bo‘lishi pedagog kadrlarning tayyorgarlik darajasiga ham bog‘liq. Pedagog birinchi galda o‘z kasbini sevishi, hurmat qilishi, talabaga katta qiziqish va mehr bilan qarashi, jamiyat oldidagi o‘zining katta mas’uliyatini his qila olishi shart. Pedagog har bir talabaning bilimi va tarbiyalanganlik darajasini aniqlay olishi hamda hisobga olishi, o‘quv materiallarini to‘g‘ri tanlay bilishi, tahlil qila olishi, umumlashtira bilishi pedagogik mahorat uchun zarur bo‘lgan ta’lim usullari, vositalari va shakllarini mukammal bilishi, talabaga nisbatan talabchan bo‘lishi pedagogik vaziyatga qarab ulardan o‘rinli foydalana olishi, o‘z faoliyatini tahlil qila olishi va xulosalar chiqara olishi kerak.
Ta’lim oluvchilarning asosiy o‘quv faoliyati bilimlarni o‘zlashtirishdan iborat bo‘lib, mazkur faoliyat quyidagi komponentlarni o‘z ichiga oladi: o‘quv materiallarini qabul qilish, fikrlash, egallab qolish va qo‘llash. Bu komponentlar bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lib, ular o‘quv jarayonida ketma-ket qo‘llanilib, butun bir o‘quv jarayonini tashkil etadi.
1. Ta’lim oluvchining o‘quv materialini qabul qilishi.
O‘quv materialining qabul qilish o‘quv jarayonining eng muhim qismidir. O‘quv materialini yaxshi qabul qilinishi o‘quv ishlab chiqarish faoliyatida mustahkam fundament rolini o‘ynaydi.
2. O‘quv materialini samarali o‘zlashtirishning ichki sharoitlari.
O‘quv materialini samarali o‘zlashtirish uchun eng avvalo ta’lim oluvchining ichki ehtiyoji bo‘lishi kerak. Ichki o‘zlashtirish javob bergandan imtihongacha esda saqlanib, keyin esdan chiqadi. O‘zlashtirishning muvaffaqiyati ta’lim oluvchining faoliyatiga ham bog‘liq bo‘ladi. Chunki ta’lim oluvchi berilayotgan materiallarga qiziqsa va o‘z ustida ishlasa o‘zlashtirishning eng yuqori cho‘qqisiga erishishi mumkin.
O‘zlashtirishning ichki faktlaridan yana biri berilayotgan materialni ta’lim oluvchi tomonidan tushunishdir. Chunki ta’lim oluvchi mavzuni tushunmasa, qancha o‘z ustida ishlamasin, oldingi mavzular bilan bog‘liq bo‘lmasa, mavzuning o‘zlashtirilishi sodir bo‘lmaydi va juda sayoz bo‘ladi.
3. Qabul qilishning tashqi faktorlari.
O‘quv materialini qabul qilishning asosiy faktorlari asosan o‘quv materialining mazmuniga bog‘liq bo‘ladi. Uning qiyinligi shundaki, o‘quv materialida qo‘llaniladigan texnik materiallar aniq va abstraktligiga, amaliyotga bog‘liqligiga qarab farq qiladi.
4. Eslab qolish.
O‘quv materialini qabul qilishning eng muhim komponenti bu yangi materialni eslab qolish va xohlagan vaqtda uni nazariy va amaliy qo‘llay bilishdir. Ta’lim oluvchi o‘quv materiali bilan faol ishlaganda uni yaxshi eslab qolib, samarali qo‘llaydi. Eslab qolishning eng asosiy samaradorligi ta’lim oluvchining irodaviy xususiyatlariga bog‘liq.
5. Bilimlarni qo‘llashda ko‘nikma va malakalarni shakllantirish.
Bizga ma’lumki bilimlarni amaliy faoliyat davomida qo‘llay bilish, bilimlarni egallaganlik darajasini ko‘rsatadi. Nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llay bilish, ya’ni laboratoriya ishlarini bajarish davomida egallagan bilimlar asosida uy vazifasini bajarish, bilimlarni mustaqil egallashdan iborat. Bu jarayonda bilimlar kengayib va mukammallashib, chuqur o‘zlashtirilgan bilimga aylanadi.
Ta’lim oluvchilar o‘quv faoliyatini tashkil qilishda o‘z ustida mustaqil ish olib borishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shaxsiy bilimlarni oshirish, ta’lim olishning alohida turi hisoblanib, o‘z-o‘zini o‘qitish jarayoni ko‘proq ta’lim oluvchining zimmasiga yuklatiladi. Bu jarayonda ijtimoiy-psixologik shartlar quyidagilar hisoblanadi:
 Ta’lim oluvchining shaxsiy kasbiy malakasining yuqoriligi.
 Mutaxassislarning bilim darajasi mehnatning raqobatbardoshligini ko‘taradi.
 Hozirgi zamon texnologiyalari va mutaxassislar faoliyati ishsizlikni keltirib chiqarib, ishsizlarni yangi mutaxassislik turiga qayta o‘qitishni taqoza etadi.
 Dunyo iqtisodiyotining rivojlanishi mutaxassis kadrlar bilimining mukammallashib borishiga olib keladi.

Kasbiy ta’limning samaradorlik mezoni
Asosiy samaradorlik kriteriyasiga mutaxassislik kiradi:
— malakaviy faoliyatda mustaqillik hissi;
— mehnat xavfsizligiga amal qilgan holda texnik talablarni bajarish;
— ishlab chiqarishda vaqt va normalarni bajarish;
— kasbiy faoliyatda fikrlash va o‘z-o‘zini nazorat qilib borish;
— mehnat madaniyatiga qat’iy amal qilish;
— mehnat faoliyatiga ijodiy yondoshish;
— bajarilgan ish uchun mas’uliyatni his qilish kabilar kiradi.
Qisqa xulosa
Ushbu bobda ta’limda talaba yoshlarni bilim, ko‘nikma, malakalar bilan qurollantirish, ularning qobiliyati va iste’dodlarini rivojlantirish jarayonida baholash va bilimlarini tekshirib turish muhim ahamiyat kasb etishi, baholash ta’lim tizimida foydalanilayotgan metodlar qanchalik samarali ekanligini, talabalarning o‘zlashtirish darajasini aniqlashga yordam berishi haqidagi fikrlar bayon qilingan. Shuningdek, ta’lim tizimining samarali bo‘lishi pedagog kadrlarning tayyorgarlik darajasiga ham bog‘liqligi bo‘yicha ma’lumotlar keltirilgan. Pedagog har bir talabaning bilimi va tarbiyalanganlik darajasini aniqlay bilishi va hisobga olishi, o‘quv materiallarini to‘g‘ri tanlay bilishi, pedagogik mahorat uchun zarur bo‘lgan ta’lim usullari, vositalari va shakllarini mukammal bilishi, talabaga nisbatan talabchan bo‘lishi pedagogik vaziyatga qarab ulardan o‘rinli foydalana olishi, o‘z faoliyatini tahlil qila olishi va xulosalar chiqara olishi kerak.
Ta’lim tamoyillari — umuminsoniy tarbiyaning maqsad va vazifalarini amalga oshirishga qaratilgan o‘qish va o‘qitish jarayonlarining yo‘nalishi talabalar tomonidan ilmiy bilimlarning o‘zlashtirilishi, bilim va malaka xosil qilishning asosiy qonun va qoidalarining yig‘indisidan iborat. Shu nuqtai nazardan ta’lim tamoyillari va uning turlari bo‘yicha fikrlar bayon qilingan.
Kasb ta’limi jarayonining mohiyati va uning tuzilishi, kasb ta’limining tamoyillari, pedagogik jarayonni loyihalash, pedagogik rejalashning umumiy algoritmi, ta’lim oluvchilarning o‘quv faoliyatini tashkil qilish jarayoni, kasb ta’limida shaxsiy malakaviy bilimlar olish kasbiy ta’limning samaradorlik kriteriyasi kabilarga alohida yondoshilgan.
O‘z-o‘zini nazorat va muhokama uchun savollar:
1. Pedagogik jarayonning mohiyati va tuzilishi nimadan iborat?
2. Talabalarning o‘quv faoliyati qanday tashkil etilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi?
3. Pedagogik texnologiyada shaxsiy mo‘ljallash deganda Siz nimani tushunsiz?
4. Kasbiy ta’limning samaradorlik mezoniga nimalar kiradi?
5. Pedagogik loyihalash – bu nima?
6. Monitoring deganda nimani tushunasiz?
7. Ta’lim texnologiyasiga nimalar kiradi?
8. Mehnat madaniyati tushunchasini asoslab bering?
9. Kasbiy ta’limning tamoyillari haqida fikr bildiring?
10. Kompyuterlashtirilgan pedagogik jarayon tamoyiliga misollar keltiring?
Tavsiya etiladigan adabiyotlar:
1. Pedagogika professionalnogo obrazovaniya. Pod. red. V.A.Slastenina. — Moskva. Akademiya, 2004 .
2. Ye.N.Pronina, V.V.Lukashevich. Psixologiya i pedagogika. Uchebnik dlya studentov VUZov.-M.: Elit, 2004 .
3. O‘. Tolipov., M.Barakayev., Sh.Sharipov. Kasbiy pedagogika. (Ma’ruzalar matni).– T.: TDIU, 2001.
4. N.Xo‘jayev, J.Hasanboyev. Iqtisodiy pedagogika. – T.: TDIU, 2002.
5. www.inter-pedagogika.ru.
V . Kasb pedagogikasida ta’lim mazmuni
5.1. O‘zbekiston Respublikasida kasb ta’limining mazmun-mohiyati.
5.2. O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish.
5.3. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standarti.
5.4. Ta’lim mazmuni tuzilmasining makro va mikrodarajasi.
5.1. O‘zbekiston Respublikasida kasb ta’limining mazmun-mohiyati

O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligiga erishishi, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning o‘ziga xos yo‘lini tanlashi mutaxassislar tayyorlash tuzilmasi va mazmunini qayta tashkil etishni zarur qilib qo‘ydi. Shu nuqtai nazardan mamlakatimiz ta’lim tizimida qator o‘zgarishlar joriy qilindi. Jumladan, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning joriy etilishi, yangi o‘quv rejalari, dasturlar, darsliklarning ishlab chiqilishi, ta’lim muassasalarining attestatsiya va akkreditatsiya qilinishi, yangi tipdagi ta’lim muassasalarining tashkil qilinishi respublikamizda ta’lim tizimiga kengroq ahamiyat qaratilayotganligining hamda Yurtboshimizning mutaxassis kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor berayotganligining yaqqol namunasidir.
Bugungi kunga kelib, yangi tipdagi maktablar, umumta’lim o‘quv yurtlari tarmog‘i rivojlanib bormoqda. “Sog‘lom avlod uchun”, “Ma’naviyat va ma’rifat”, “Iqtisodiy ta’lim”, “Qishloq maktabi”, “Rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni tiklash”, “Ijtimoiy himoyalash” va boshqa tarmoq dasturi ro‘yobga chiqarilmoqda.
Mehnat bozorini, eng avvalo qishloq joylarda mehnat bozorini shakllantirishning xududiy xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini rivojlantirishga kirishildi. Hozirgi kunda bu tizimda minglab yoshlar kasb-korlar sirlarini o‘rganmoqdalar. Oliy ta’limda kadrlar tayyorlashni markazlashtirishdan huquqiy yo‘nalishga o‘tkazish ishi olib borilmoqda, o‘quv yurtlarining tarmog‘i kengaymoqda. Bilimlarning yangi tarmoqlari bo‘yicha mutaxassis kadrlar tayyorlash boshlab yuborildi, oliy ta’limni ko‘p bosqichli tizimga o‘tkazish amalga oshirilmoqda. Abituriyentlar va talabalarning bilim darajasini test va reyting asosida baholashning ilg‘or usullari joriy etilmoqda.
Oliy malakali kadrlar sifatiga oshgan talablarga muvofiq aspirantura va doktoranturada kadrlar tayyorlash ishi kengaymoqda. Fan va ta’lim sohasida xalqaro aloqalar kengaymoqda.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablari asosida yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlashda uning hayotiy siklining uchta asosiy bosqichlariga kompleks yondashilgan.
Birinchi bosqichda kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarni prognozlashtirish va shaxs, jamiyat talablaridan kelib chiqqan holda bozor iqtisodiyotini rivojlantirish belgilangan. Bu o‘rinda kvalifikatsiya darajasining o‘sib borishi belgilanadi.
Ikkinchi bosqichda kadrlar tayyorlashni ta’minlash va ularning kvalifikatsiya darajasini amalga oshirish.
Uchinchi bosqichda, professional faoliyat sohasida kadrlardan foydalanish, vaqti-vaqti bilan malakani oshirish va qo‘shimcha professional ta’lim yoki qo‘shimcha professional ta’lim doirasida kvalifikatsiya darajasini ta’min etish va yangilab turish.
Milliy dasturning kompleks vazifalarida sifatli kadrlar tayyorlash qaroridan, eng muhim vazifani ishlab chiqish va professional ta’limning barcha pog‘onalarida davlat ta’lim standarti tamoyillariga bag‘ishlangan “raqobatbardosh va sifatli kadrlar tayyorlash” dasturi ishlab chiqilgan.1
Raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashni ta’minlash uchun kasbiy ta’limda standartlashtirish o‘sib, yuksalib borishi zarur. Uning mohiyati yuqori va sifatli talablar bo‘yicha amaliyotda erishilgan normalarga munosabati belgilanadi. Kasbiy ta’limda standartlashtirish kompleks bo‘lishi kerak.
 Birinchidan, undagi o‘zaro bog‘liqlik darajasida kadrlar tayyorlash ishchi xodimdan tortib, to yuqori malakali mutaxassisgacha professional ta’limining uzluksizligi qamrab olishi zarur.
 Ikkinchidan, ta’lim standarti mutaxassisning hayotiy siklining barcha bosqichlarini qamrab olishi va ularning o‘zaro aloqalarini ta’minlashi kerak.
Ta’lim muassasalarining integratsiyalashgan akademik litsey, kasb-hunar kolleji va boshqalarni tashkil qilish. Bunday ta’lim muassasalarida quyidagilar nazarda tutiladi:
 Professional ta’limning tashkiliy va metodik izchilligini ta’min etish;
 Sohalar vazifasini hal etish uchun maqsadli mutaxassislar tayyorlashni amalga oshirish;
 O‘rta zveno mutaxassislarini tayyorlash uchun moddiy-texnika bazalaridan va oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilar tarkibidan foydalanish.
Kasb ta’limi integratsiyasining gorizontali bo‘yicha – yirik texnika universitetlari, ilmiy o‘quv, ilmiy ishlab chiqarish va o‘quv ishlab chiqarish birlashmalarini tashkil etishdan iborat. Bundan maqsad raqobatbardosh oliy ma’lumotli mutaxassislar (bakalavr va magistrlar), shuningdek, ishlab chiqarish birlashmalari, kasb-hunar kollejlari uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash.
Bunday integratsiya quyidagilarga ruxsat etadi:
 Birlashayotgan oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik, ilmiy va pedagogik potensialidan samarali foydalanish;
 Ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni bilan fan sohalarining o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash;
 Ilmiy xodimlar, o‘qituvchilar va talabalarning birgalikda foydalanishlari uchun tajriba eksperimental va fundamental tadqiqot bazasini rivojlantirish;
 Kasbiy ta’limning barcha darajalarida davomli integratsion tajribani o‘tkazish.
Kasb ta’limining vertikal va gorizontal ravishda integratsiyalashganligi bo‘yicha turli darajadagi raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash uchun o‘quv-ilmiy ishlab chiqarish birlashmalarini tashkil etish kerak.
Kasb ta’limining xalqaro integratsiyalashuv yo‘llari:
1. Sanoati rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikda ta’lim muassasalarini (universitetlar, kollejlar, malaka oshirish va qayta tayyorlash markazlari) tashkil etish, bu esa bozor va xalqaro munosabatlar, yuqori texnologiya bilan bog‘liq bo‘lgan mutaxassislar yo‘nalishi bo‘yicha bo‘lishi zarur.
2. Iste’dodli yoshlarni sanoati va intellektual darajasi rivojlangan mamlakatlarning ta’lim muassasalarida o‘qitish.
3. Xorijiy mamlakatlar ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot markazlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish va shu bilan birga talabalar, ilmiy tadqiqotchilar, pedagoglar tajriba almashinuvini keng yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

5.2. O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish
Prezidentimiz I.A.Karimovning 1997 yildagi Oliy Majlisning IX-sessiyasida so‘zlagan «Barkamol avlod O‘zbekiston taraqqiyotining poydevoridir» mavzusidagi ma’ruzasi ta’lim tizimi oldida turgan ulkan vazifalarni belgilab berdi. Ushbu sessiyada qabul qilingan «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» o‘tkazilayotgan tub islohotlarning ustuvor yo‘nalishini belgilab berishda alohida o‘rin tutadi. Shu boisdan yoshlarning ma’naviy, axloqiy, jismoniy, ruhiy ehtiyojlarini hisobga olgan holda ularni har tomonlama kasb-hunar tanlashga mustaqil tayyorlash dolzarb muammodir.
Yoshlarni kasb-hunar tanlashga tayyorlashda har bir o‘g‘il-qiz shaxsidagi individual xususiyatlar majmuasini nazarda tutib, ularning ruhiyatidagi tug‘ma imkoniyatlar, hayot davomida tarkib topgan va mustahkamlanib, xarakteriga aylanib qolgan ma’lum bir kasb-hunarga nisbatan bo‘lgan layoqat, moyillik, iqtidor, iste’dod, qobiliyat, qiziqish va aql-zakovat ustunliklariga qarab kasb-hunar tanlashga yo‘naltirish bugungi kunimizning xarakterli belgilaridir.
O‘quvchi yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirishda ularning ma’naviy-axloqiy qiyofasidagi insoniy fazilatlar bilan ta’limiy xarakterdagi xislatlar majmuasi o‘rtasidagi o‘zaro moslikning qay darajada tanlayotgan kasb-hunarga tayyorlashda fan o‘qituvchilari, sinf rahbarlari, ota-onalar va mahalla faollarining shaxsiy namunasi va hamkorlikda amalga oshiriladigan tadbirlar kasbga tayyorlashning hozirgi kundagi dolzarb masalalaridan biridir.
Maktab o‘quvchilarini kasb-hunarga bo‘lgan intellektual va ma’naviy ehtiyojlarini mukammalroq qondirish maqsadida ishlab chiqarish korxonalariga, kasb-hunar haqida ma’lumot beruvchi o‘quv markazlariga, jahon andozalari talablariga javob beradigan zavod va fabrikalarga ekskursiyalar uyushtirish, ilg‘or kasb-hunar vakillari bilan uchrashuv kechalari tashkil etish, o‘quvchilardagi kasb-hunarga oid tasavvur va tushunchalarini kengaytirishga alohida imkoniyat yo‘llarini ochadi.
Tajribali pedagoglar har bir kasb-hunarning ijtimoiy mohiyatini yoshlar tomonidan qanday tushunib anglashlarini, ular kasb-hunar egasi sifatida kimlargadir kerakli odam sifatida, Vatan, el, yurt uchun fidoyi mehnat qilish ularning muqaddas burchlari ekanligini qalbdan his etuvchi hushyor murabbiy, barkamol pedagog sifatida faoliyat ko‘rsatishi zarur.
Pedagog o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirishda ilm-fan uchun chanqoq bo‘lgan, yangiliklarga intilib yashaydigan, milliy g‘ururi yuksak, favqulodda holatlarda o‘zini namoyon eta biladigan qobiliyatli yoshlarni aniqlashda psixologik, pedagogik tadqiqotlarning ilmiy tavsiyalarini nazarda tutib, tadbirkorlik asosida yondashadigan ijodkor, izlanuvchan, zukko, ziyrak, aql-zakovat egasi bo‘lishi lozim.
Qadimdan ota-bobolarimiz bola tarbiyasida mehnatga o‘rgatishga, kasb-hunarga qiziqtirishga alohida e’tibor berganlar. Farzandlarining layoqati, qobiliyatiga qarab tarbiyalaganlar. Shu o‘rinda har bir ota-ona oilada o‘z farzandlarining qaysi kasb egasi bo‘lishlariga jiddiy e’tibor berishlari zarur. Chunki bolalar biror kasbga qiziqsin, uni egallashga harakat qilishsin. Inson kasb-kori uning husni deyishadi. Mehnatsevarlik xalqimizning asosiy xislatlaridan hisoblanadi. Mehnat tufayli farzandlarimiz mustaqil hayotga erkin inson bo‘lib qadam qo‘yadilar. Har bir narsani o‘zlari hal qilishga o‘rganadilar.
Bolada mehnatga munosabat dastavval oiladan boshlanadi. Tabiiyki bunda ota-ona o‘z farzandiga namuna bo‘lmog‘i lozim. Oila a’zolarining mavqei, obro‘-e’tibori, ularga nisbatan munosabat mehnat natijalari asosida bo‘ladi. Inson mehnati u egallagan kasb-hunar vositasida amalga oshiriladi.
Har bir inson u yoki bu kasbni yoki bir necha kasb-hunarni egallashi mumkin, «Bir yigitga qirq hunar ham oz» degan maqolning mazmunida ham bir necha kasbni egallash hayotiy ehtiyoj ekanligiga ishora etiladi. Har bir kasbning, hunarning o‘ziga xos mashaqqati va lazzati bor. Uning mashaqqatini matonat tinimsiz izlanish, sabr-toqat bilan yenggan insongina, uning lazzatidan bahra oladi.
Mehnat tarbiyasi shaxsni har tomonlama rivojlantirishning ajralmas qismidir. Shuningdek, bolaning har tomonlama shakllanish vositasi, uning shaxs sifatida ulg‘ayishi omili hamdir. Muntazam qilingan mehnat jarayonidagina bola o‘z aqlini, irodasini, hissiyotini, xarakterini rivojlantirishi, shaxs sifatida shakllanishi mumkin.
Mehnatga psixologik, axloqiy va amaliy tayyorlash jarayonida o‘quvchida mehnatsevarlik, intizomlilik, shijoatkorlik kabi axloqiy, irodaviy xususiyatlar tarbiyalanib boradi.
«Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasida ta’kidlanganidek, «Kasb-hunar kolleji o‘quvchilarining kasb-hunarga moyilligi, mahorat va malakasini chuqur rivojlantirishni, tanlagan kasblar bo‘yicha bir yoki bir necha ixtisos olishini ta’minlaydigan uch yillik o‘rta kasb-hunar o‘quv yurtidir».
Mehnat qilish jarayonida, sinfdan va maktabdan tashqari mehnat, o‘z-o‘ziga xizmat qilish mehnati ijtimoiy foydali mehnat turida faol ishtirok etadilar va chiniqadilar.
Kasbga nisbatan qiziqishni vujudga keltirish o‘qituvchining pedagogik faoliyati bilan bevosita bog‘liqdir. Mehnat ta’limini turmush bilan bog‘lash, uyg‘unlashtirish, o‘quvchilarning individual-tipologik, yosh davrlari xususiyatlari, qobiliyatlari va imkoniyatlarini hisobga olish ijobiy samara beradi. Chunki har bir kasb-hunar shaxsdan irodaviy zo‘r berishni, aqliy jiddiylikni, chidam va sabr-toqatni talab qiladi. Barcha qiyinchilik va sinovlarga bardosh bera oladigan yigit-qizlargina mazkur tanlagan kasbiga nisbatan yaroqli deb topiladi. Mehnat ta’limi esa xuddi ana shuning amaliy tomonini o‘zida aks ettirish imkoniyatiga ega.
Mehnatsevarlik — insonning butun hayoti va faoliyatida amalga oshadigan jarayondir. Halol mehnat — kishi hayotining mazmunini tashkil etadi. Halol mehnat bilan tirikchilik qilish va yashash inson hayotining eng oliy bezagidir.
Shu bois donolar «Mehnat kishilik jamiyatining eng zarur yashash shartidir», «Inson nima bilan faxrlansa yoki e’zozlansa hammasi mehnatning natijasidir», «Mehnat umuminsoniy, milliy va ma’naviy qadriyatlar taraqqiyotining negizidir» deb bejiz aytmaganlar. Ushbu o‘rinda Baxouddin Naqshbandning «Dil ba yoru dast ba kor» degan mashhur hikmati bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Buyuk allomaning o‘zi bunga amal qilib kelgan. Ul zot talabalarni madrasaga qabul qilish paytida biron kasbi bormi deb so‘rar ekan. Hunarsiz odam o‘qishga qabul qilinmagan. Buning sababini buyuk alloma shunday izohlagan. «Agar kishi hunarli bo‘lsa, u bilimini haqiqatga bag‘ishlaydi, o‘z mehnati bilan kun kechiradi, bordi-yu kasbi bo‘lmasa, bilimini kun kechirishga sarflaydi, halol mehnatni unutadi». Hazrati Baxouddin Naqshbandning bu ta’limoti XIV-XV asrda O‘rta Osiyo va Xurosonda keng tarqaldi. U har bir kishining dehqonchilik qilishi, savdo ishi bilan shug‘ullanishi, naqqoshlik, quruvchilik kabi hunarlarni egallashi va uning halol mehnatini ulug‘ladi.
XV asrda yashagan Sharqning yetuk allomasi Jaloliddin Davoniy ham Baxouddin Naqshband ta’limotiga asoslangan holda ijod qildi.
Davoniy insonning axloq-odobli bo‘lishida mehnatning ahamiyatini yuksak baholaydi. Insonning har bir harakati har bir bosgan qadami mehnat tufayli ekanligini va uni amalga oshirishdan oldin puxta o‘ylab ko‘rishi, aql tarozisi bilan o‘lchashi lozimligini ta’kidlaydi. Ayniqsa birgalashib ishlashga alohida ahamiyat beriladi.
«Inson bir o‘zi mehnat qilib, yashash uchun va har kuni zarur bo‘ladigan narsalarni qo‘lga kiritishi qiyin. Yakka holda hayot kechirish uchun u o‘zi ovqat pishirishi, kiyim-kechak tikishi, mehnat qurollari yasashi va shunga o‘xshash ko‘p ishlarni bajarishi kerak bo‘lar, bir necha kasb-hunarni egallashga majbur edi. Bu esa hammaga ham nasib bo‘lavermaydi. «Odamlar birlashib, bir-birlariga yordamlashganda boshqalar to‘g‘risida chinakam qayg‘uradi, o‘zaro yordam va aloqa o‘rnatilganda adolatning sinalgan yo‘llari paydo bo‘ladi, yashash vositalari tartibga tushadi, kishilarning ahvoli mustahkamlanadi va inson zoti saqlanadi»1
Davoniy bilan yashash vositalarining bunyod etilishi uchun, kishilar bir-birlariga yordam ko‘rsatishlari natijasidagina kerakli mashg‘ulotlarni yetishtirish mumkinligini ko‘rsatadi.
Xalqimizda «Mehnat — rohat poydevori», «Suvsiz hayot bo‘lmas, mehnatsiz rohat», «Mehnatsiz rohat yo‘q», «Yoshlikdagi mehnat qarilikda davlat keltirar», «Mehnat bilan qarisang rohat bilan yasharsan» kabi maqollar mavjud. Bundan ko‘rinib turibdiki, o‘zbek xalqi orasida mehnat qilish, uy qurish, hovli-joy qilish, imorat qurish qadim-qadimdan ota meros bo‘lib kelmoqda. Shuning uchun ham o‘zbek oilalarida farzandlar ko‘paysa yoki o‘g‘ilni uylantirish oldidan ota merosga amal qilish uni qadrlash, boyitish hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Qadimdan ota-bobolarimiz bola tarbiyasida mehnatga o‘rgatishga, kasb-hunarga qiziqtirishga alohida e’tibor berganlar. Farzandlarini layoqati, qobiliyatiga qarab tarbiyalaganlar. Shu o‘rinda har bir ota-ona oilada o‘z farzandlarining qaysi kasb egasi bo‘lishlariga jiddiy e’tibor berishlari zarur. Chunki bolalar biror kasbga qiziqsin, uni egallashga harakat qilishsin. Inson kasb-kori uning husni deyishadi. Dehqonchilik, bog‘dorchilik, tikuvchilik, naqqoshlik, ganch-o‘ymakorlik, duradgorlik kabi kasblar bir necha asrlardan buyon xalqimiz mehnat faoliyatidan keng o‘rin olgan. Mehnatsevarlik xalqimizning asosiy xislatlaridan hisoblanadi. Mehnat tufayli farzandlarimiz mustaqil hayotga qadam qo‘yadilar, erkin inson bo‘lib, har bir narsani o‘zlari hal qiladilar.2
Xalqimiz «Hunar-hunardan unar» deganda, odamning rizqi-nasibasi hunardan, mehnatdan paydo bo‘lishini nazarda tutgan. Bu hikmatlar yoshlarga ibratdir. Bizning ota-bobolarimiz azal-azaldan hunarmand, ijodkoru mirishkor bo‘lishgan. Ularning hunarlari oradan necha yuz yillar o‘tsa-da hali-hanuz qadr-qimmatini yo‘qotmay, ko‘rki tarovatini namoyish etib turibdi. Duradgorlik deysizmi, naqqoshlik deysizmi, zargarlik deysizmi, bog‘bonligu sohibkorlik, ustachilik deysizmi — hammani lolu hayron qoldiradigan ezgu ishlar ajdodlarimizdan, bizlargacha yetib kelgan.
Ajdodlarimiz o‘z hunarlarini, san’atlarini kelgusi avlodlarga to‘kis-tugal yetkazish, ularni o‘tmishimiz madaniyati-yu, san’ati bilan oshno qilish uchun nechog‘lik mehr-ixlos, katta g‘ayrat-shijoat bilan, ko‘z nurini, qalb qo‘rini sarflab, tinimsiz mehnat qilganlarining guvohi bo‘lamiz. Ayni paytda bilamizki, bizlar ko‘rgan-bilgan san’atkorlik, bunyodkorlik mahsullari o‘z zamonasida yaratilgan asarlarning daryodan bir tomchisi, xolos. Chunki sobiq sho‘ro davriga kelib, hunarmandchilikning qadru qimmati keskin pasayib ketganidan bobolardan qolgan boyliklar ham talon-taroj qilib yuborildi. Ne-ne ajoyib kasblar, jumladan kosibchilik, kasanachilik, hunarmandlik san’ati ishlab chiqarish ro‘yxatidan deyarli o‘chirib tashlandi. Chinakam san’at asarlari o‘rnini o‘yinchoq sifat buyumlar etallab oldi.
«Haq joyida qaror topadi» deb bejiz aytmagan dono xalqimiz. Mana, vaqti kelib, yana o‘sha ota-bobolarimizdan qolgan hunarmandlik san’atiga keng yo‘l ochildi. Lekin achinarlisi shundaki, bu ishlar eng mohir va zabardast ustalarimiz olamdan o‘tib ketgandan keyingina yo‘lga qo‘yildi. Endigi gap yoshlar katta qiziqish, zo‘r ishtiyoq bilan ajdodlarimiz ishini davom ettirishlarida, qoldi.
Qadim udumlarimizdan yana bir ibratlisi shundaki, ota-onalar kasb tanlashda farzandlarining o‘zlariga to‘la erkinlik berishgan. Ular qaysi bir hunarni mukammal o‘rganishlariga ko‘zlari yetsa, shunga rozi bo‘lib ko‘makdoshlik qilishgan. Hozirgi ota-onalarning ko‘pchiligi bu qoidaga rioya qilmaydilar. Farzandlari o‘qigandan ko‘ra o‘zi istagan kasb-hunarni egallasa baxtli hayot kechirishini o‘ylamaydilar. Ular farzandlari o‘rta maktabni bitirishi bilan ularning oliy maktabda tahsil olishlari uchun qobiliyatlari, bilimlari, sabru bardoshlari yetarlimi, yo‘qmi, bu bilan hech hisoblashmasdan, bir amallab oliygohlarga o‘qishga kiritishga harakat qiladilar. Ko‘plar bunga muvaffaq ham bo‘ladilar. Lekin keyinchalik buning oqibati nima bo‘ladi? Farzandlar yo o‘qishning o‘ziga xos mashaqqatlariga toqat qila olmay yoki o‘qishni davom ettirishga bilim darajalari yetmay, tashlab ketadilar. Vaholanki, orada zoye ketgan bir-ikki yil vaqt mobaynida ular o‘zlariga munosib biror hunarni egallashlari va hayotda ravon yo‘lni topib olishlari mumkin edi.
Demak, xulosa qilib aytganda, yoshlarga bilim berish, ularni kasb-hunarga o‘rgatish masalalariga ayniqsa ota-onalar mas’uliyat bilan yondashishlari zarurligi bugungi kun talabidir.
O‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish umumta’lim maktabi ishining tarkibiy qismidir. Ma’lumki, agar kasb to‘g‘ri tanlangan bo‘lsa, inson uchun mehnat quvonch, ijodiy ilhom manbaiga aylanadi, bu esa inson uchun ham, jamiyat uchun ham foydalidir. O‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish ijtimoiy-pedagogik masaladir. Bu jarayonda, birinchi navbatda, o‘quvchilarning qobiliyatlari va mehnati jamiyat manfaatlariga mos tarzda hisobga olinishi lozim. Insonning ijtimoiy holati dastlab uning ijtimoiy ishlab chiqarish tizimidagi o‘rni bilan belgilanadi va bu holning asosiy belgisi mehnatning o‘ziga xos xususiyati va ijtimoiy mohiyati hisoblanadi. Kasbga yo‘naltirish tizimi — shaxsga kasbni va uning shaxsiy sifatlarini o‘rganishda yordam beruvchi maqsadlar, mohiyat va prinsiplar, uslub va vositalar birligidir. Kasbga yo‘naltirish barcha o‘quv-tarbiya ishlari bilan bog‘lab olib boriladi. Ongli kasb tanlash o‘smirlar yetarli darajadagi umumiy va politexnik tayyorgarlikka ega bo‘lgan taqdirdagina mumkin bo‘ladi. O‘quvchini u yoki bu kasbga maqsadli yo‘naltirishdan avval uning shaxsini o‘rganish lozim. Buning uchun uni kuzatish (bevosita, bilvosita) o‘quvchining maktabdagi, jamoat joylaridagi, oila va mehnatdagi amaliy harakatlarini tahlil qilish, so‘rovnoma o‘tkazish, suhbat, test, intervyu olish mumkin. Kasbga yo‘naltirishda turli kasblar, ularga qo‘yiladigan talablar, bu kasbni qayerda egallashlari mumkinligi to‘g‘risida o‘quvchilarga ma’lumot berish katta ahamiyatga ega. Bu esa o‘quvchilarni biror kasbni tanlashga ongli munosabatda bo‘lishga tayyorlaydi. O‘quvchilar kasblar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, bilimlarni faqat maktabda zmas, balki ommaviy axborot vositalaridan, tanishlari, qarindoshlaridan ham bilib oladilar.
Yoshlar o‘z oldilarida haqiqiy, keng hayot yo‘li ochilishi uchun ko‘p kuch-g‘ayrat sarflashlari kerak va eng asosiysi o‘z ko‘ngillariga yoqqan, jamiyatga zarur va foydali ishni tanlashlari lozim. Shu boisdan ham o‘rta maktabni bitirayotgan yigit va qizlar qanday kasb egasi bo‘lishi to‘g‘risida ko‘p o‘ylaydilar. Mamlakatimizda turli kasblarni egallash uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Zero kasb tanlash – jiddiy va mas’uliyatli ishdir. O‘z hayot yo‘lini jiddiy sur’atda belgilab olish oson ish emas. Buning uchun uzoq vaqt maxsus tayyorgarlik ko‘rish talab etiladi. O‘quvchi yoshlarning kasb-hunarga layoqatini o‘rganish uchun ularning aqliy, jismoniy qobiliyatlarini bilish, malaka va ko‘nikmalarini o‘rganish lozim.
O‘quvchilarga ta’sir ko‘rsatish, kasbga yo‘naltirish ishlarini muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun maktab psixologi tuman tashxis markazi bilan hamkorlikda ish olib borsa, ayni muddao bo‘ladi.
5.3. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standarti
Davlat ta’lim standartlari ta’lim tizimining eng zarur va yetarli darajasi hamda o‘quv yuklamalari hajmiga qo‘yiladigan asosiy davlat talablarini belgilab beradi.
Ta’lim mazmunining zaruriy o‘zagi hisoblanmish ta’lim standarti vositasida mamlakat xududidagi turli o‘quv muassasalarida ta’limning barqaror darajasini ta’minlash sharti amalga oshiriladi. O‘quv yuklamalari me’yoriga keltiriladi, ta’lim oluvchilar bilimini baholash mezonlari ishlab chiqiladi.
Ta’lim oluvchi davlat belgilagan ta’lim standarti bilan cheklanishi mumkin yoki bilimlarni chuqurroq egallash maqsadida mustaqil ravishda, ya’ni kengroq, chuqurroq bilim olishga va yuqori reyting bali to‘plash huquqiga ega. Natijada, qiyin yoki ta’lim oluvchi xush ko‘rmaydigan predmetni o‘rganishda unga standartda belgilangan me’yor bilan cheklanishga imkon beriladi. Bunda ta’lim oluvchi o‘zining qiziqishi, xohishi, qobiliyat va intilishlarini ro‘yobga chiqarishga, o‘zi uchun eng maqbul yo‘lni ongli va mustaqil ravishda tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Davlat ta’lim standartlari o‘quv-tarbiya jarayonining barcha ishtirokchilari uchun majburiy tayyorgarlikka qo‘yiladigan talablar ochiq bo‘lishini nazarda tutadi. Ta’lim oluvchilar uchun shakl va mazmun jihatidan tushunarli tarzda ifoda qilingan mazkur talablar ta’lim oluvchilar va ularning ota-onalariga oldindan ma’lum qilinadi.
Davlat ta’lim standarti talablaridan kelib chiqib, Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standarti ishlab chiqiladi. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tarmoqli standarti – malaka talablariga mos holda kasbiy tavsifnoma asosida muayyan tayyorlov yo‘nalishi va kasb-hunar bo‘yicha ta’lim mazmunining zarur va yetarli hajmi va so‘nggi maqsadlarini, o‘quv yuklamalari hajmini aniqlovchi hamda ta’lim sifatining standart talablariga muvofiqligini ta’minlovchi me’yoriy hujjatdir.
Kasb-hunar ta’limi dasturi kasb-hunar kolleji bitiruvchisiga egallagan kasbi bo‘yicha ishni malakali bajarish imkonini berish hajmidagi ma’lum kasbga doir umumkasbiy va maxsus fanlarni hamda ishlab chiqarish ta’limi va amaliyotini o‘z ichiga oladi.
Kasb-hunar ta’limi dasturini muvaffaqiyatli egallash kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini kasbi va ixtisosligi bo‘yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqi bilan ta’minlaydi. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini standartlashtirishning maqsadi va vazifalari – o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining yuksak sifatini hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan chuqur iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni, rivojlangan demokratik davlat barpo etish talablariga javob beruvchi raqobatbardosh kadrlar tayyorlashni ta’minlash, sifatli ta’lim xizmatlari ko‘rsatish, kadrlar tayyorlash sohasida shaxsning manfaatlarini himoya qilish, kadrlar tayyorlash sifatini, ta’lim faoliyatini baholash mezonlari va tartibini belgilashdan iboratdir.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi sifatiga va kadrlar tayyorlashga, ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari turlariga nisbatan qo‘yiladigan maqbul talablarni belgilash, ta’lim oluvchilarning bilimi va kasb malakasi darajasini vaqti-vaqti bilan baholash tartibiga, xalqning boy merosi va umuminsoniy qadriyatlar asosida ta’lim oluvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning samarali shakllari va usullarini joriy etishdan iborat bo‘ladi.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, o‘quv-tarbiya jarayonini, pedagogik va axborot texnologiyalari bilan ta’minlashga, ta’lim darajasini nazorat qilishga, ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchilar va ularni bitiruvchilarning malakasiga nisbatan me’yorlar va talablarni belgilash; kadrlarni maqsadli va sifatli tayyorlash uchun ta’lim, fan, ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta’minlashdan iboratdir.
Ta’limning mazmuni uning maqsadidan kelib chiqadi. Ta’limning mazmuni deganda, o‘quvchilarning o‘qish jarayonida egallab olishi lozim bo‘lgan hamda tizimga solingan bilim, malaka va ko‘nikmalarning aniq belgilangan doirasi tushuniladi.
Ta’limning mazmuni bir qator ehtiyojlarni hisobga olish bilan belgilanadi:
1.Ijtimoiy ishlab chiqarishning eng zarur ehtiyojlar, ijtimoiy tuzimning xususiyatlari.
2.Davlatning xalq ta’limi va muayyan turdagi o‘quv yurti oldiga qo‘yadigan maqsad va vazifalari.
3.O‘qitish qoidalaridan kelib chiqadigan va o‘quvchilarning imkoniyatlarini (yosh imkoniyatlari va boshqalar) e’tiborga oluvchi didaktik talablar.
Ta’lim mazmuni o‘quv rejasi, o‘quv dasturi va darsliklarda ifodalangan.
O‘quv rejasi deb, o‘qitiladigan fanlar, o‘qitish uchun ajratilgan soatlar va o‘quv yilining tuzilishini belgilab beruvchi davlat hujjatiga aytiladi.
O‘quv rejasi – barcha umumta’lim maktablarida so‘zsiz amal qilinishi lozim bo‘lgan davlat hujjatidir. Unda sinflar bo‘yicha o‘rganilishi lozim bo‘lgan o‘quv fanlari va o‘sha fanlar uchun ajratilgan o‘quv soatlari ko‘rsatilgan bo‘ladi.
O‘quv dasturi – o‘quv rejasi asosida ishlab chiqiladi. O‘quv dasturi har bir o‘quv fanining o‘qitish uchun ajratilgan bilim hajmi, tizimi va g‘oyaviy – siyosiy yo‘nalishini aniqlab beradigan davlat hujjatidir.
O‘quv dasturida o‘quv yili davomida har qaysi sinfda alohida fanlar bo‘yicha o‘quvchilarga beriladigan ilmiy bilim, ko‘nikma va malakalarning hajmi belgilab beriladi. Dasturda har qaysi o‘quv fanlarining mazmuni izchillik bilan yoritiladi va ma’lum mavzular orqali ko‘rsatiladi. Ma’lum mavzu yuzasidan o‘quvchi o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalar qisqacha ifodalab beriladi.
Darslik – o‘quv jarayonining zarur qismidir. Ko‘p vaqtlardan beri u o‘qitishning eng muhim vositasi xisoblanar edi.
Har bir o‘quv fanining mazmuni darslikda batafsil yoritiladi. Darslik tegishli fanga oid ilmiy bilim asoslarini dasturga va didaktika talablariga muvofiq ravishda bayon qiluvchi kitobdir.
Darsliklar bilan bir qatorda ayrim fanlardan o‘quv qo‘llanmalar xam tuziladi. Masalalar va mashqlar to‘plami, xrestomatiyalar, atlaslar, lug‘at kitoblari va shu kabilarni misol qilib keltirish mumkin.1
O‘quvchilar darslik va o‘quv qo‘llanmalari bilan ham darsda, ham uy sharoitida mustaqil ish olib boradilar. Darslik materiali katta tarbiyaviy axamiyatga ega. U bilan ishlash tarbiyalanuvchilarning aqliy tarbiyasiga, ularda ilmiy dunyoqarashning, axloq-odob, nutq va tafakkurning va mustaqil fikrning rivojlanishiga yordam beradi.
5.4. Ta’lim mazmuni tuzilmasini makro va mikrodarajasi
Ta’lim mazmunining tuzilmasini makrodarajasi modulli blok yordamida amalga oshiriladi. Modulli blok yondashuv ta’lim mazmuni asosini ajratib olishga yordam beradi, hamda kasbiy ta’lim tizimini moslashuvchanligini ta’minlab beradi.
Aniq bir yo‘nalish bo‘yicha ta’lim mazmunini tekshirish boshlang‘ich kasbiy ta’lim sohalaridan boshlanadi. Kasb ta’limi mazmuni umumiy holda umumta’lim va kasbiy tayyorgarlikni o‘z ichiga oladi. Umumta’lim tayyorgarlik gumanitar va tabiiy ilmiy bloklar orqali tanishtiriladi.
Umumta’lim blokiga – nazariy va amaliy o‘quv materiali kiradi, yaqin kasblar guruhi integratsiya asosini o‘taydi, tarmoqlardan ya’ni ishlab chiqarishdan ajratilgan yoki tarmoqlararo darajada bo‘ladi.
Ta’limda kasbiy blok eng asosiysi hisoblanadi, kasbiy blokda o‘quv materiali, turli kasbiy faoliyatni so‘ralayotgan darajada o‘rganiladi. Mutaxassislik bloki – nazariy va amaliy o‘quv materiali kasbi mutaxassisligini o‘rganish uchun zarur.
Umumiy mutaxassislik bloki – ayrim hollarda ko‘rsatiladi, keng miqyosli texnika va texnologiyani qamrab oluvchi, mehnatning mazmuni bo‘yicha nisbatan har xilligi bilan farqlanadi. Bir necha mutaxassisliklar uchun kasblar bo‘yicha umumta’lim mazmunini ajratib, umumiy mutaxassislik blokiga kiritilishi mumkin. Masalan, «Tikuvchilik» kasbi uchun ta’lim mazmuni tanlanganda, yuqori qatlam bo‘yicha – tikuvchilik ishlab chiqarishga to‘g‘ri keladi, o‘rta qatlam bo‘yicha kiyimlarni, yakka tartibda tikish texnologiyasi, yaqin kasblar guruhi, quyi qatlam – «tikuvchilik» kasbi mutaxassisliklar, masalan, ayollar yengil kiyimlari tikuvchisi kabilar.1
Birinchi qatlam umumtexnik bloki ko‘rinishida tikuvchilik ishlab chiqarish uchun bo‘ladi (fanlar «Materialshunoslik», «Bozor iqtisodiyoti»), ikkinchi qatlam – yakka tartibda kiyimlarni tikish – yaqin kasblar guruhi umumkasbiy blok ko‘rinishida («Madaniyat», «Kiyimlarni loyihalash asoslari»), uchinchi qatlam tikuvchilik kasbi uchun umumiy blok ko‘rinishida («Kiyimlarni tikish texnologiyasi asoslari», «Kiyimlarni modellashtirish va konstruksiyalash asoslari»). Uchta asosiy bloklarga mos keluvchi 3 ta mutaxassisliklar: ayollar yengil kiyimi, ayollar ustki kiyimi, erkaklar kiyimi. Bu blok «Kiyim tayyorlash texnologiyasi» o‘quv fani uchun tanlangan mutaxassislikka bog‘liq holda aniq mazmunlar bilan to‘ldiriladi.
Qo‘shimcha 4 ta blokni ko‘rib chiqamiz.
1. Yo‘nalishni o‘zgartirish bloki – egallangan kasblar asosida yangisini egallash, ishsizlarni o‘qitish tizimi uchun muhimdir. Tikuvchini qayta o‘qitib o‘zini mutaxassisligiga mos ravishda bichuvchi mutaxassisligini berish. Bunday yo‘nalishni o‘zlashtirish tikuvchiga yakka faoliyatni olib borishiga yordam beradi.
2. Kasbiy ta’limni oshirish bloki – kadrlar tayyorlashning 2 tizimi bilan bog‘liq. Agar 2 tizim – umumtexnik daraja va tarmoqli tayyorlashni kasbiy ta’limni o‘rta darajasigacha olib borish masalasi bo‘lsa u holda kasbiy ta’lim diplomlari bilan texnik diplomni ham oladilar.
3. Biznes blok – bozor iqtisodiyoti sharoitida muhimdir. Bu blok odamlarni bozorga borishga va o‘z ishini ochishga yordam beradi. Blok – kasbiy tayyorgarlikdan o‘tib ketuvchi bloki – o‘z kasbi bo‘yicha yangi texnika va texnologiyalar haqida ma’lumotlar yangi texnika va texnologiyalarda ishlashi uchun ishchi-xodimlar, mutaxassislar tayyorlashda muhimdir. Mazkur blok bo‘yicha o‘qitish biror firma tomonidan uning iltimosiga ko‘ra o‘quv dasturiga kiritilishi mumkin.
Biz asosiy va qo‘shimcha bloklarni ko‘rib chiqdik. Shular asosida uzluksiz kasbiy ta’limda kasbiy ta’lim mazmuni quriladi. Uzluksiz kasbiy ta’lim yaxlitligini tuzish uchun bloklarga ijtimoiy-iqtisodiy darajadagi bloklarni kiritish mumkin.
Ularga «Kompyuter asoslari», «Bozor iqtisodiyoti va kichik biznes», «Huquq asoslari» kabi bloklar asosiy tuzilma elementi hisoblanadi. Ular yordamida ta’lim mazmuni ham shakllanadi. Masalan, boshlang‘ich kasbiy ta’lim mazmunidagi ko‘pgina kasblarni egallash bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bunday mutaxassislik boshlang‘ich darajada egallanadi.
Yuqori darajadagi o‘qitish mazmuni tuzilgandan keyin (standart, modul-blok o‘quv dasturi kasbiy ta’lim uchun ta’lim berish muassasalari yoki bo‘lmasa kishilarning bandlikka o‘qitish bloki modul o‘quv dasturi) modulli birliklar mazmuni ochib beriladi (fan, fan doirasi, amaliy mashg‘ulot turlari va mehnat).
Fandan oldin o‘quv predmeti dasturini o‘zlashtirish uchun kiritilgan obyektlar, hodisalar va faoliyat uslublari «o‘quv elementi» degan umumiy atama bilan ifodalab olamiz. Har qanday o‘quv dasturi o‘quv elementlardan iborat bo‘ladi. O‘quv elementlari 2 guruhga taqsimlanadi.
Birinchi guruhda o‘quv jarayonida obyekt va predmet faoliyat uslublari ko‘rib chiqiladi.
Ikkinchi guruhda – hamma ko‘rsatkichlar kiritilib, ular yordamida obyekt va jarayonlarning afzalliklari ochib beriladi, ular o‘quv elementi deb nomlanadi.
Yirik o‘quv elementi mazmuni, asosiy o‘quv elementi, bo‘g‘inli o‘quv elementi, eng asosiy o‘quv elementlari orqali ochib beriladi.
Mikro darajadagi o‘qitish mazmunining tuzilmasi uchun «Badiiy loyihalash asoslari» fanini misol qilishimiz mumkin. Umumiy kasbiy blokka kiruvchi – yakka tartibda kiyim tikish, mavzuli rejaga mos keluvchi mavzular o‘quv elementlari asoslari, ya’ni;
— figurali chizish
— siluet shakllarini tuzish
— kiyimlarni badiiy loyihalashda – kiyimlar qismlari
— jurnallarga qarab kiyim modellarini chizish
— ranglar asosi
— kostyumni badiiy loyihalash va hokazolar.
Kiyimlarni badiiy loyihalashda – kiyimlar detallari o‘quv elementlari orqali ochib beriladi – taqilma turlari, yoqa turlari, adiplar turlari, yeng turlari, cho‘ntak turlari, ularni bezash va hokazo.
Shunday qilib, mikro darajadagi o‘qitishda ichki tartibdagi modulning mazmuni amaliy ish orqali ochib beriladi. Mikro darajadagi tuzilma o‘quv kurslari mazmunini ishlab chiqishga yordam beradi.
Qisqa xulosa
Ushbu bobda o‘quv yuklamalari hajmiga qo‘yiladigan talablar, ta’lim standartlari, kasb-hunar ta’limi dasturi, kadrlar tayyorlashga qo‘yiladigan talablar, pedagogik va axborot texnologiyalari, ta’lim mazmuni tuzilmasining modul darajasi, mikro va makro darajadagi o‘qitish kabilar bo‘yicha qator ma’lumotlar berilgan. Davlat ta’lim standarti talablaridan kelib chiqib, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standarti ishlab chiqiladi. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tarmoqli standarti – malaka talablariga mos holda kasbiy tavsifnoma asosida muayyan tayyorlov yo‘nalishi va kasb-hunar bo‘yicha ta’lim mazmunining zarur va yetarli hajmi va so‘nggi maqsadlarini, o‘quv yuklamalari hajmini aniqlovchi hamda ta’lim sifatining standart talablariga muvofiqligini ta’minlovchi me’yoriy hujjat hisoblanadi. Shuningdek, unda DTSga oid fikrlar bayon qilingan.

O‘z-o‘zini nazorat va muhokama uchun savollar:

1. Kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standarti haqida fikr bildiring?
2. Kasb pedagogikasida ta’lim mazmuniga nimalar kiradi?
3. Ta’lim mazmuni tuzilmasini makrodarajasi nima bilan izohlanadi?
4. Mikrodarajadagi o‘qitish mazmunining tuzilmasi nima bilan belgilanadi?
5. Kasb-hunar ta’limi dasturi haqida so‘zlab bering?
6. Kasb pedagogikasining mazmuni va asosiy belgilari nimalardan iborat?
7. Kasb ta’limi mazmuniga qo‘yiladigan talablarni so‘zlab bering?
8. O‘qitish dasturlariga nimalar kiradi?
Tavsiya etiladigan adabiyotlar:

1. Professionalnaya pedagogika. Uchebnik dlya studentov. – M.: Pedagogika, 2002.
2. Pedagogika professionalnogo obrazovaniya. Pod. red. V.A.Slastenina. — Moskva. Akademiya, 2004 .
3. I.Inomov Iqtisodiy tarbiya nazariyasi. – T.: TDIU, 2005.
4. O‘. Tolipov., M.Barakayev., Sh.Sharipov. Kasbiy pedagogika. (Ma’ruzalar matni). – T.: TDIU, 2001.
5. N.Xo‘jayev va boshqalar. Pedagogika asoslari. — T.: TDIU, 2003 .
6. www.school.edu.ru.
7. www. bilimdon. uz. — O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining asosiy veb sayti.

VI . Kasb pedagogikasida ta’lim metodlari
6.1. Kasb ta’limi metodlari va ularning umumiy tavsifnomasi.
6.2. Nazariy ta’lim va ishlab chiqarish ta’lim metodlari.
6.3. Ishlab chiqarish jarayonida faollik metodi.
6.4.O‘qitish jarayonida ta’lim oluvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini nazorat qilish.
6.1. Kasb ta’limi metodlari va ularning tavsifnomasi

Ta’limning asosiy maqsadi — zamonaviy ilmiy bilimlarni egallagan, mustaqil fikrlash va muammolarni yechish imkoniyatiga ega bo‘lgan ma’naviy jihatdan boy shaxslarni shakllantirishdir. Jamiyat rivojlanar ekan, hayotiy talablarning darajasi ham ortib boradi. Demak, ilmiy bilimlarning hajmi kengayib, ilmiylik darajasi chuqurlashib borar ekan, mantiqiy fikrlash va muammolarni tezda hal etishga bo‘lgan talab ham kuchayib boradi. Bu fikrdan kelib chiqqan holda ta’lim tizimi nafaqat bugungi kun talabini balki kelajak talablarini aniqlagan va hisobga olgan holda ish olib borishi kerak degan xulosaga kelamiz. Chunki, bugungi kun talablari kelajakda jamiyatning asosiy o‘zagiga aylanadi. Demak, ta’lim tizimi talabalarni bugungi kundagi hayotga emas, balki kelajakdagi hayotga tayyorlashi lozim. Bu ham ta’limning o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir.
Ta’lim – maxsus tayyorlangan kishilar rahbarligida o‘tkaziladigan, o‘quvchilarni bilim, ko‘nikma va malakalar bilan qurollantiradigan, qobiliyatlarini o‘stiradigan, ularning dunyoqarashini tarkib toptiradigan jarayondir.Ta’lim jarayoni o‘qituvchi bilan o‘quvchilarning birgalikdagi faoliyati bo‘lib, u ikki tamonlama harakterga ega. O‘qituvchining faoliyati tufayli ta’lim puxta o‘ylab chiqilgan maqsad, mazmun va dasturlar asosida olib boriladigan jarayonga aylanib, kutilgan natijani beradi. Ta’lim jarayonining mazmunini bilim, ko‘nikma va malaka tashqil qiladi.
Kasb ta’limi metodlari deganda — o‘qituvchi va ta’lim oluvchilarning birgalikda bajaradigan faoliyat usullari tushuniladi va bu usullar ta’lim oluvchilarning texnik-texnologik bilimlarni, ko‘nikma va malakalarni egallashlariga, mustaqil ravishda bilim olish va bu bilimlardan amalda foydalanish qobiliyatini oshirishga qaratilgan bo‘ladi.
Xalq ta’limi vazirligi, pedagogika ilmiy tadqiqot instituti, metodist pedagoglarning, xususan pedagogika fanining dolzarb vazifalaridan biri — ta’lim-tarbiyadagi muammolarni, mahalliy va milliy xususiyatlarini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqish, barcha o‘quv fanlari bo‘yicha yangi milliy dasturlar yaratish, ta’limni pog‘onalash, dars jarayonini toifalashdan iboratdir.
Shu munosabat bilan yaqin o‘tmishdagi o‘zbek o‘quv muassasasilari o‘qitish tarixiga bir nazar tashlash ayni paytda ta’lim metodlarini o‘rganishni osonlashtiradi. Shubhasiz, mazkur ta’lim metodikasi tarixiga oid manba muayyan darajada ta’limning metodik bo‘shliqlarini ma’naviy jihatdan to‘ldiradi, pedagog tarbiyachilarning pedagogik meros va xalq pedagogikasiga bo‘lgan katta ehtiyoj va qiziqishlarini qondiradi.
Ta’lim berishda o‘qitish metodlari asosiy o‘rinni egallaydi. Metod-yunoncha atama bo‘lib, usul, yo‘l degan ma’noni anglatadi, ya’ni maqsadga erishish yo‘lini bildiradi. Metodlar (usullar) har qanday axborotni (maqsadni) uzatish va qabul qilish xarakteriga qarab quyidagi sinflarga ajratiladi:
• so‘z orqali ifodalanadigan metod;
• ko‘rgazmali metod;
• amaliy metod.
Ta’lim jarayonida talabalarni o‘zlashtirish, fikrlash jarayonini tashkil etish bo‘yicha esa quyidagi metodlarni ajratib ko‘rsatish mumkin:
• o‘qitishning ma’ruza (suhbat) metodi;
• o‘qitishning amaliy ishlar metodi;
• laboratoriya ishlari metodi;
• mustaqil ishlar metodi;
• reproduksiv-evristik metod;
• ilmiy-tadqiqot metodi;
• o‘qitishning muammoli-izlanish metodi;
• o‘qitishning induktiv va diduktiv metodi.
Axborotni so‘z orqali yetkazish va qabul qilishga qaratilgan birinchi guruh metodlariga: Hikoya, suhbat, ma’ruza kabilarni kiritish mumkin.
Nutq madaniyatini o‘stirishda hikoyaning o‘qitish va fikrlarni bayon qilish metodi sifatidagi imkoniyatlari boshqa metodlarga nisbatan yuqoridir.
Hikoya qilish — pedagog tomonidan yangi o‘tilayotgan mavzuga oid fakt, hodisa va voqealarning yaxlit yoki qismlarga bo‘lib, obrazli tasvirlash yo‘li bilan ixcham, qisqa va izchil bayon etiladi. Bu metod materiallarni bayon qilishda, obrazlarga xarakteristika berishda, tabiat hodisalari va ijtimoiy hayotdagi voqealarni tasvirlashda qo‘l keladi.
Hikoya qilish davomida talabalar passiv tinglovchi bo‘lib qolishlariga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Talabalarning diqqatini tasvirlanayotgan obyektga qaratibgina qolmay balki xuddi shu obyekt haqida ular ongli va aktiv fikr yuritishlarini ham ta’minlamoq lozim.
O‘quv materialini tushuntirish — pedagog tomonidan o‘rganilayotgan mavzuning narsa, hodisa va voqealarning mazmunini xarakterlaydigan tushuncha, qonun va qoidalarni uqtirishdir. Bu metod ko‘proq matematika, fizika, ximiya, ona tili, rus tili va shunga o‘xshash fanlarni o‘qitishda qo‘l keladi. Pedagogning ma’lum bir fanning u yoki bu mavzuga oid qonun, qoidalarni qanchalik asosli ekanligini faktlar, misol va dalillar keltirish, shuningdek, masalalar, misollar ishlash yo‘li bilan isbotlab beradi.
Bu jarayonga talabalarning faol ishtirok etishlarini ta’minlamay turib, kutilgan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Ayniqsa bayon qilinayotgan materiallarini umumlashtirish va xulosalar chiqarishda talabalarning o‘z mulohazalari bilan ishtirok etishlarini ta’minlash muhim.
Ma’ruza metodi. Bu metod o‘quv materiali hajmining kattaligini, mantiqiy tuzilishi, obrazlari isbot va umumlashtirishning anchagina murakkabligi bilan farqlanadi. Agar hikoya darsning bir qisminigina egallasa, ma’ruza odatda ularni to‘la qamrab oladi. Ma’ruza davomida muammoli vaziyatlarni vujudga keltirish, mavzuga oid ko‘rgazmali materiallarni namoyish etish, ma’ruza oxirida umumiy xulosalar chiqarish kabilar samaradorlikni oshiradi. Ma’ruza metodi keng qamrovli axborotni talabalarga yetkazishda g‘oyatda qo‘l keladi.
Suhbat. Bu metod asosan savol-javob yo‘sinida olib boriladi. Suhbatlarning ma’lum maqsadga qaratilganligi ularning xarakterini belgilaydi. Suhbat evristik, etik, instruktiv metodik xarakterda bo‘lishi mumkin.
Suhbat metodi talabalarning faol ishtiroki orqali o‘tkazilganligi uchun ularda ham mustaqil fikrlash, xulosalash kabi xislatlarni shakllantiradi. Mashg‘ulotlarni tashkil qilish va uni olib borish jarayonida pedagog suhbat metodidan foydalanganda quyidagi shartlarga amal qilishi kerak.
O‘qitishning ko‘rgazmali metodlari
O‘qitish jarayonida ko‘rgazmalilik metodidan foydalanishning muhimligi o‘rganilayotgan narsa va hodisalarni hissiy idrok etishga, ularni kuzatib mushohada qilishga talabani undash, mantiqiy va nazariy elementlarning birligiga ishonch hosil qilish va nihoyat, nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llay olishga o‘rgata bilishdadir.
O‘qitishning amaliy ishlar metodi.
Amaliy metodlarga masalalar yechish, chizmalar tayyorlash, yozma mashqlarni bajarish kabilarni kiritish mumkin. Nazariy jihatdan egallangan bilimlar amalda qo‘llab ko‘riladi. Grafik jadval, kartalar chizish ham tegishli ko‘nikma va malakalarni hosil qilishga va ularni mustahkamlashga yordam beradi.
Laboratoriya ishlari metodi.
Laboratoriya mashqlari frontal tajribalar, laboratoriya ishlari, praktikumlar o‘qitishning texnik vositalari va o‘quv qurollari tipidagi boshqa asbob-uskunalar bilan mashg‘ulotlar tarzida o‘tkaziladi. Laboratoriya metodining boshqa o‘qitish metodlaridan farqi, shundaki, bu metod bilan ish qo‘rilganda har qaysi talaba nimanidir mustaqil, shaxsan tajriba qilib kuradi. Dars pedagog rahbarligida talabalarning mustaqil tajriba o‘tkazishlariga qaratilgan bo‘ladi. Laboratoriya mashg‘ulotlarida mustaqillik, faollik, tashabbuskorlik oshadi.
Mustaqil ishlar metodi.
Keyingi davrda talabalarning mustaqil ishlarini tashkil etishga katta e’tibor berilmoqda. Chunki bu metod talabada ijodkorlikni, mustakillikni rivojlantiradi. O‘quv dasturlarida mustaqil ta’lim uchun soatlar ajratilmoqda. Talabalarning mustaqil ishlarini tashkil etishda ma’lum fanning xususiyatidan kelib chiqib mustaqil ishning mazmuni, shakli va vazifalari tanlab olinadi. Topshirilgan mustaqil ishni bajarish uchun pedagog kerakli adabiyotlar va yo‘l-yo‘riqlarni ko‘rsatishi, qisqacha tushuntirish berishi lozim. Talaba bajarishi kerak bo‘lgan mustaqil ish ko‘p vaqt egallamasligi va shu bilan bir qatorda talabaga rivojlantiruvchi sifatida ta’sir ko‘rsatishi kerak.
Reproduktiv, evristik metod.
Reproduktiv metodlar birinchi navbatda talabalarning o‘quv materialini tezroq va mustahkamroq eslab qolishlarini ta’minlash bilimdagi tipik kamchiliklarni tez aniqlash uchun qulay. Reproduktiv metodlar ayniqsa o‘quv materialining mazmuni asosan axborot xarakterida bo‘lsa, murakkab va butunlay yangi bilimlar o‘rganilishi lozim bo‘lgan holatda samarali natija beradi. Tafakkurning reproduktivlik xarakteri pedagog yoki boshqa manba orqali xabar qilinadigan o‘quv axborotlarini faolroq qilishini va eslab qolinishini nazarda tutadi. Hikoya, ma’ruza, ko‘rgazmalilik va amaliy ishlar ham reproduktiv asosga qurilishi mumkin. Reproduktiv xarakterdagi amaliy ishlar shunisi bilan farq qiladiki, bu ishlarning davomida talabalar namunaga ko‘ra ilgari yoki yaqindagina o‘zlashtirgan faolligini oshirish maqsadida ular ko‘pincha evristik ya’ni qisman izlanuvchan metod bilan qo‘shib olib borilishi mumkin. Yangi mavzuni bayoni davomida o‘rganilayotgan materialning ba’zi elementlari ustida talabalarga fikr yuritish imkoni beriladi. Pedagog tomonidan yengil qisqa savollar tuzilib, talabalarning ishtirokida ularga javob topishga harakat qilinadi. Evristik metod talabalarning bilish darajasini aniqlashga ham yordam beradi. Demak, evristik metod yangi mavzuni idrok qilishda talabalarning ham qisman ishtirok etishini ta’minlaydi.
Ilmiy tadqiqot metodi.
Bu metod ta’lim tizimida unchalik keng tarqalmagan metod bo‘lib, ma’lum tayyorgarlikni talab etadi. Pedagog rahbarligida talabalar yoki bir talaba ma’lum ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazishi va ma’lum fan uchun yangi xulosalarni yasashi mana shu metodni qo‘llash jarayonida vujudga keladi. Bu metod asosan oliygohlarda qo‘llaniladi. Bu metod davomida ilmiy bilish jarayoni sodir bo‘ladi, ya’ni hali noma’lum bo‘lgan bilimlar kashf etiladi va egallanadi. Buning uchun ilmiy tadqiqot rejasi tuziladi. Maqsad belgilanadi va tadqiqot usullari tanlab olinadi. Tadqiqot natijalari asosida xulosalar yasaladi.

O‘qitishning muammoli-izlanish metodi.
Yangi mavzuni o‘rganish jarayoni o‘rganilayotgan materialni tayyor holda talabalarga bayon etmasdan, balki muammo sifatida taqdim etish muammo-izlanish metodini keltirib chiqaradi. Ya’ni dars davomida yasash kerak bo‘lgan xulosalar pedagog tomonidan emas, balki talaba tomonidan yasalishiga harakat qilinadi. Har bir talaba qo‘yilgan muammoga o‘ziga xos yondashib uni hal etishga harakat qiladi va o‘z fikrlarini bayon etadi. O‘rtaga tashlangan fikrlar muhokama qilinadi va pedagog tomonidan yo‘naltiriladi. Pedagog va talabalar birgalikda xulosalar yasashadi. Muammoli-izlanish metodi talabalarni bilish faoliyatini faollashtiradi, mustaqillikka, ijod qilishga o‘rgatadi, o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini oshiradi, shaxsiy fazilatlarini tarbiyalashga yordam beradi. Bu metodda o‘rganilayotgan masala chuqur tahlil etilishi va bilimlarning puxta bo‘lishiga yordam beradi. Bu metod o‘rganilayotgan masalani chuqur tahlil etishga va bilimlarning tafakkur darajasi hisobga olinishi kerak. Tanlangan mavzuni tahlil etish uchun talabalarda ma’lum bilimlar bazasi mavjud bo‘lishi lozim. Shu tufayli ham bu metodni qo‘llash uchun talabalar alohida axborotlar bilan qurollantiriladi. Keyingi davrlarda muammoli-izlanish metodidan foydalanishga alohida e’tibor berilmoqda.
O‘qitishning induktiv va deduktiv metodi.
O‘qitishning mantiqiy metodlari ikki turda: Induktiv va deduktiv metodlar bilan olib borilishi mumkin.
Darslarga tayyorlanish jarayonida o‘qitishning induktiv, deduktiv kabi metodlarini tanlash zarurati ham tug‘iladi. Keyingi davrlarda deduktiv o‘qitishga talab va e’tibor kuchaydi. Ammo tafakkurning induktiv usullarini shakllantirmay turib faqat tabiiy-ilmiy emas, balki umum mehnat xarakteridagi tajribalar amaliy faoliyatida ham muvaffaqiyatga erishishga umid qilib bo‘lmaydi. Induktiv yoki deduktiv metodlarni qo‘llash o‘rganilayotgan mavzu mazmunini ochishning ma’lum mantiqiy-xususiydan umumiyga yoki umumiydan xususiyga o‘tishni tanlashni anglatadi.
Induktiv metodlar texnik qurilmalarni o‘rganishda va amaliy topshiriqlarni bajarishda keng qo‘llaniladi. Matematika va fizikaga doir ko‘pgina masalalar, ayniqsa pedagog talabalarni ayrim umumiyroq formulalarni mustaqil egallashlariga olib kelishi zarur deb hisoblangan hollarda, induktiv metod vositasida yechiladi.
Deduktiv metoddan foydalanganda pedagog va talabaning faoliyatida avval umumiy holat, formula va qonuni beriladi, so‘ngra asta-sekin ayrim holatlarni chiqarib aniqroq vazifalarni hal etish nazarda tutiladi.
Deduktiv metod o‘quv materialini tezroq o‘tishga yordam beradi, abstrakt tafakkurni aktivroq rivojlantiradi. Nazariy materialni o‘rganishda, anchagina umumiyroq holatlarning ayrim oqibatlarini aniqlashni talab qiluvchi masalalarni yechishda deduktiv metodni qo‘llash ayniqsa foydalidir.
6.2. Nazariy ta’lim va ishlab chiqarish ta’lim metodlari
Pedagogik amaliyotda quyidagi metodlar – og‘zaki metod (og‘zaki bayon, tushuntirish, suhbat), kitob bilan ishlash (instruktiv materiallar), ko‘rgazmali metod (ko‘rgazmalar, kino, videofilm, kuzatuv), amaliy metod (mashqlar, laboratoriya, amaliy ishlar) lardan keng foydalaniladi.
Didaktik vazifalarga bog‘liq holda quyidagi metodlar qo‘llaniladi – bilimlarni hosil qilish, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish, bilimlarni qo‘llash, mustahkamlash, bilim, ko‘nikma va malakalarni tekshirish.
Ta’lim oluvchilarning o‘quv faoliyatiga mos ravishda ikki metod ajratiladi va ular 2 guruhga birlashtiriladi: reproduktiv va muammoli izlanish metodlari.
O‘qitishning reproduktiv va muammoli-izlanish metodlari eng avvalo, o‘quvchi-talabalarning yangi tushuncha, hodisa va qonunlarni bilishdagi ijodiy faolliklari darajasini baholash asosida qismlarga ajratiladi.
Reproduktiv metodlar birinchi navbatda, o‘quvchi-talabalarning o‘quv materiallarini mustahkamroq eslab qolishlarini ta’minlash, bilishga doir faoliyatni bevosita boshqarish, kamchiliklarni tez aniqlash uchun amaliy ko‘nikma va malakalarni tarkib toptirish maqsadida qo‘llaniladi.
Hikoya qilish usuli reproduktiv tuzilganda o‘qituvchi qoidalarni, dalillarni, tushunchalarning ta’rifini tayyor holda beradi, u asosiy e’tiborini mustahkam o‘zlashtirib olinishi zarur bo‘lgan asosiy tomonlarga qaratadi.
Ma’ruza ham xuddi shunday tarzda tuziladi: o‘qituvchi muayyan ilmiy ma’lumotlarni bayon qiladi, doskaga tegishli yozuvlarni bitadi, tinglovchilar esa ularni qisqacha yozib oladilar.
Muammoli ta’lim deyilganda, o‘quv materialini o‘quvchi-talabalar ongida ilmiy izlanishga o‘xshash bilish vazifalari va muammolari paydo bo‘ladigan qilib o‘rganish tushuniladi. O‘quvchi-talabaning fikrlash faoliyatida mantiqiy to‘g‘ri, ilmiy xulosalarni izlash va o‘zlashtirishga rag‘batlantiradigan muammoli vaziyatlar yuzaga keladi. Paydo bo‘layotgan muammoni hal qilish uchun, u o‘rganilayotgan qoidalarni to‘g‘ri tushunib olishga intiladi.
Ta’lim metodini 3 ta asosiy guruhga bo‘lishimiz mumkin:
1. O‘quv bilish va o‘quv ishlab chiqarish faoliyatini tashkil qilish va amalga oshirish metodi.
2. O‘quv faoliyatiga qiziqtirish va rag‘batlantirish metodi.
3. Ta’lim oluvchilar o‘quv faoliyati samaradorligini nazorat qilish va o‘z-o‘zini nazorat qilish metodi.
Metodlarning har bir turi guruhlarga bo‘linadi va o‘z navbatida ularning ham alohida metodlari bor, bular esa ta’lim jarayonining quroli hisoblanadi.
O‘quv bilish va o‘quv ishlab chiqarish faoliyatini tashkil qilish va amalga oshirish metodiga quyidagilar – suhbat, ko‘rgazmali va amaliy metod, o‘qituvchi boshchiligida induktiv yoki deduktiv, reproduktiv yoki produktiv yo‘nalishlardagi metodlar kiradi.
O‘quv faoliyatiga qiziqtirish va rag‘batlantirish metodiga – o‘quv bilish va o‘quv ishlab chiqarish faoliyatini tashkil qilish hamda o‘qish faoliyatiga qiziqtirish metodlari kiritilgan.
Har bir metod boshqa bir metod yordamida qo‘llaniladi. Masalan, reproduktiv va muammoli izlanish metodi suhbat, ko‘rgazmalar, amaliy faoliyat yordamida qo‘llaniladi. Shu navbatda suhbat, ko‘rgazmali va amaliy faoliyat metodlari ham reproduktiv yoki izlanish metodlari orqali qo‘llanilishi mumkin.
Hayotiy o‘quv jarayonida esa eng muhimi bu metodlarni turlarga bo‘lish emas, balki o‘qituvchining chuqur bilimga ega bo‘lishi, metodlardan unumli foydalana olishi, ta’lim oluvchilarga o‘quv ishlab chiqarish, o‘quv faoliyatida metodlarni to‘g‘ri qo‘llay olishga o‘rgatishdir.
O‘quv muassasalarida boshlang‘ich kasbiy ta’limni o‘qitishning nazariy qismi quyidagi fanlarni 3 ta siklini tashkil qiladi: umumiy ta’lim, umumiy texnik ta’lim va kasbiy ta’lim.1
Umumiy ta’lim fanlari bo‘yicha ta’lim metodining umum didaktik, xususiy didaktik va xususiy metodik aspektlari pedagogik adabiyotlarda chuqur bayon qilib berilgan.
Umumtexnika va kasbiy fanlarni o‘qitish metodlari ko‘pincha o‘ziga xos mazmunga ko‘ra aniqlanadi:
— ko‘p komponentli tuzilma, obyektlarni turli xil yo‘nalishlarda o‘rganish;
— ta’lim oluvchilarning ishlab chiqarish ta’limi bilan o‘zaro bog‘liqligi;
— materialning keng qamrovliligi, tajribaviy izlanish soni va sifati jihatidan, xizmat ko‘rsatish usullarini amaliy o‘rganish;
— o‘quv materiali mazmuniga yangi texnika va texnologiyalarni kiritish, mahalliy shart-sharoitni aks ettirish.
Ta’lim metodlarida bularni inobatga olish zarur.
1. Ta’lim oluvchilarni o‘quv bilish faoliyatini tashkil qilish metodi.
Suhbat metodi. Og‘zaki bayon. Umumtexnika va kasbiy fanlarni o‘rganish jarayoni o‘quv materialini og‘zaki bayonini gapirib berish va tushuntirish orqali amalga oshiriladi, bunda mavzu to‘liq taqqoslanadi, isbotlanib, misollar bilan tushuntiriladi.
Bayon qilinayotgan material ta’lim oluvchilarning tushunishi uchun qiyin bo‘lgan, yangi ma’lumotlar xabar qilingan, mehnat usullarini bajarish yo‘llarini tushuntirib berish talab qilingan hollarda og‘zaki bayon qilish metodidan foydalaniladi.
Umumiy talablardan quyidagilarni ajratib olamiz:
— ilmiy-texnik aniq mazmun;
— mantiqiy tuzilishi va ketma-ketligi;
— ta’lim oluvchilarga tushunarli va oson yetib boradigan;
— har bir bosqichda fikrning aniq va ravshanligi;
— ta’lim oluvchilarning e’tiborliligi, faolligini oshirish.
Suhbat – bu kasb ta’limining shunday usulidirki, unda o‘qituvchi to‘g‘ri qo‘yilgan savollar yordamida ta’lim oluvchilarda ilgari o‘zlashtirilgan bilimlarni hosil qilib esga tushiradi va shu asosda mustaqil ravishda yangi bilimlar hosil qilishga undaydi.
Ta’lim oluvchilarning o‘quv-bilish faoliyatini tashkil qilish va boshqarish savol-javob metodi orqali amalga oshiriladi. Bunday suhbat evristik suhbat deyiladi.
Umumiy o‘tkazilgan suhbatlar ta’lim oluvchilarni qiziqishini, diqqatini oshirishga, bilimlarni yaxshi egallashga olib keladi. Lekin suhbat metodi og‘zaki bayon metodidan ko‘ra murakkabroqdir, ya’ni o‘qituvchidan darsga puxta tayyorlanishni talab qiladi.
Kasbiy fanlarni o‘rganishda evristik suhbatning quyidagi shartlarini ko‘rsatish mumkin:
— o‘quv materialining mazmuni mantiqiy to‘g‘ri tuzilgan bo‘lishi shart;
— yangi o‘quv materialini o‘rganishda ko‘proq texnik va texnologik hujjatlarni muhokama qilishga qaratish kerak;
— suhbatni boshqa metodlar va o‘quv ishlari turlari bilan birga o‘tkazish kerak (tushuntirish, kitob bilan ishlash, kuzatuv).
Evristik suhbatda savollar keng qamrovli tuzilgan bo‘lishi lozim.
Ushbu o‘rinda quyidagi savollarni ko‘rsatish mumkin:
1. Fanlarni qarama-qarshi qo‘yish (uning ko‘rinishini, jarayonini, dalillarini va boshqalarni);
2. Har xil holatga tushib qolganda ham bilimlaridan foydalana olishni aniqlash;
3. Sababini tashxisli tushuntirish;
4. Isbotlash «ha» yoki «qarshi» ga dalil keltirish;
5. Fanlararo bog‘liqlikni o‘rnatish.
Suhbat o‘tkazishda uning mantiqiy rejasiga qat’iy rioya qilish kerak, savol-javoblarning ketma-ketligi shunday tuzilgan bo‘lishi kerakki, unda mavzu murakkablashib, rivojlanib borishini ta’lim oluvchi sezishi lozim. O‘qituvchi suhbatni xulosa qilib tugatishi kerak.
Kitob bilan ishlash: tez o‘qitish, konspekt olish, reja tuzish, misollar muhokamasi, nazorat savollariga javob berish va hokazolar.
2. Ko‘rgazmali metod
Insonning tashqi olamni sezishining eng muhim organi – ko‘zdir. Olimlarning fikricha, 80% informatsiya ko‘z orqali tushadi, 80% ish operatsiyalari ko‘z orqali qilinadi. Mana shulardan ko‘rishimiz mumkinki, ta’lim jarayonida ko‘rgazmali metod katta ahamiyatga ega.
Umumtexnik va kasb ta’limi fanlari bo‘yicha ko‘rgazmali metodlar, tabiiy (asbob, dastgoh, detall, jihoz, material namunalari) va tasviriy (plakatlar, model, maket, sxema, kino-videofilm, kino proyeksiya, kompyuter, multimedia). O‘qituvchi mavzuni tushuntirishda ko‘rgazma sifatida yoki bir xil hollarda o‘rganilayotgan fan bo‘yicha aniq ko‘rgazma sifatida, yangi axborotlarni berishda ko‘rgazmali metodlar juda qulaydir.
3. Amaliy metod.
Mashq amaliy metodning asosi hisoblanadi. Mashq o‘tkazishning asosiy maqsadi o‘qitish jarayonida ta’lim oluvchilar texnika va kasbiy fanlar bo‘yicha egallagan bilimlarini amaliyotda qo‘llay bilishni o‘rgatishdir. Ta’lim oluvchilarning bilimlarni mustahkamlashda ham mashqlarning o‘rni kattadir. Hamma mashqlarni 3 ta asosiy tipga keltirish mumkin: reproduktiv, badiiy, izlanuvchanlik.
Reproduktiv mashq — bu tipdagi mashqlarni bajarishda ta’lim oluvchilar qurilmaning tuzilishi, materiali, asbob-uskunalar, yozma vazifalarni o‘rganishadi. Reproduktiv mashqda chizmalar, sxemalar, grafiklar, diagrammalar muhokama qilinadi va ta’lim oluvchilar ularni bajarishadi. Kasbiy fanlar bo‘yicha esa texnik hujjatlar, stanok pasportlarining texnologik kartalari o‘rganilishi mumkin.
Badiiy mashq — bu turdagi mashqlarni bajarishda ta’lim oluvchilar egallagan bilim va malakalaridan turli xil kombinatsiyalarda foydalanishadi, ya’ni oldiga qo‘yilgan vazifalarning mustaqil original javoblarini topishadi. Badiiy mashq turlaridan biri produktiv masalalarni hal qilish: tanlash (asbob, ishlov berish turi, sozlovchi mexanizm), taqqoslash va baholash (ishni bajarish yo‘li, asboblarning qo‘llanilishi) aniqlashga bog‘liq bo‘lgan (texnik talab, aloqadorlik), turli xil texnik jarayonlarni tushuntirishdan iborat. Bu turdagi mashqlar orqali o‘rganilayotgan mashina, mexanizm, qurilmalarning sxemalari tuziladi.
Izlanish mashqi – bu ham egallangan bilimlarni mashqlarda badiiy qo‘llash bo‘lib, ta’lim oluvchilarning fikrlash qobiliyatini o‘stirishga yordam beradi.
6.3. Ishlab chiqarish jarayonida faollik metodi
Hozirgi kunda ilmiy va amaliy pedagogikada ta’lim metodlari katta ahamiyat kasb etmoqda. Ta’lim oluvchilarning ichki va tashqi faolligini oshirish uchun turli xil o‘yinlardan foydalaniladi. Bulardan eng ko‘p qo‘llaniladigani – didaktik o‘yinlardir.
Kasb ta’limidagi didaktik o‘yinlar: «texnik diktant», kichik konkurslar, «kim epchil-u, kim chaqqon», «texnik kurashlar», «savollar», «texnik loto», «texnik domino» va hokazolar.
Ta’limning faollik metodiga seminar darslari ham kiradi. U uch bosqichdan iborat: seminar bo‘yicha o‘qituvchining ma’ruzasi, ta’lim oluvchilar seminar bo‘yicha mustaqil uy vazifalarini tayyorlab kelishi va seminarlarni o‘tkazishi. Bunda ta’lim oluvchi tayyorlab kelgan matnlari va ko‘rgazmali qurollari, asboblar va jihozlardan foydalangan holda tushuntirib beradi.
Kasbiy ta’lim muassasalarida amaliy ishlarda interaktiv darslar ham keng qo‘llanilmoqda. Bu darslarda ikki yoki bir necha fanlarning mavzulari o‘rtasidagi aloqadorlik o‘rganiladi. Masalan, matematika va informatika, fizika va ximiya, kasbiy texnologiya va ishlab chiqarish ta’limi va boshqalar.
Ta’lim oluvchilarning o‘quv bilish faoliyati faolligi darsdan tashqari ishlarda texnik kashfiyotchiligini rivojlantirish orqali amalga oshiriladi. Darsdan tashqari ishlar – kasbiy ta’lim ustasi tanlovlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, ratsionalizatorlar va kashfiyotchilar bilan uchrashuv, ilm-fan namoyandalari, texnik olimlar bilan uchrashuvlar, namunali ishlar ko‘rgazmasi, texnik to‘garaklar orqali amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish ta’limining asosiy maqsadi – ta’lim oluvchilarda aniq bir kasb, soha bo‘yicha ustachilikni shakllantirishdir. Ishlab chiqarish ta’limida bu asosiy maqsadga bosqichma-bosqich erishiladi. Quyida «kasb ustasi» tushunchasini ochib beruvchi mezon ko‘rsatkichlari keltirilgan:
 Bajarilayotgan ishning sifati – texnik talablarni bajarish, me’yor va ko‘rsatkichlarga mos kelishi, ijobiy natijalar olish;
 Mehnatni tashkil qilish – belgilangan vaqtda bajarish, vaqtdan unumli foydalanish, ish vaqtida tejamkorlik;
 Kasbiy mustaqillik – mustaqil ish turini tanlashni bilish, ishlab chiqarishning yuqori sifatini ta’minlash, to‘g‘ri xulosalar chiqarish, o‘z-o‘zini boshqarish, mehnat madaniyatiga amal qilish, ishni rejalashtirish, yangi texnika va texnologiya bilan ishlay olish, yuqori texnologik intizom, kasbiy bilimlarni ishda qo‘llay bilish, mehnat faoliyatini va ish joyini to‘g‘ri tashkil qilish, mehnat xavfsizligi qoidalariga rioya qilish.
O‘quv ishlab chiqarish ishlarida faollik, ya’ni aqliy bilim katta rol o‘ynaydi. Faollik ta’lim oluvchilar mustaqilligida va maqsadli faoliyat tanlashlarida va ularni ijobiy natijalarga olib kelish, mehnatni rejalashtirish, analiz va xatoliklarga yo‘l qo‘ymasligida namoyon bo‘ladi. Ta’lim oluvchilarning o‘quv ishlab chiqarish ta’limidagi faolligi – mashinalarni, agregatlarni ishlatishdagi qobiliyati, ichki jarayonni bilishi va qilingan tahlillar asosida maqsadli yechimlarga kelishlarida ko‘rinadi.
Ishlab chiqarish ta’limidagi «faollik» metodiga – ishlab chiqarishdagi texnik masalalarni yechish kiradi: ishlov berish, tuzatish, boshqarish me’yorini hisoblash, avtomatlashtirilgan jihozlar uchun boshqaruv dasturini ishlab chiqish, jadval, diagrammalardan kerakli ma’lumotlarni topish kabilar.
Ishlab chiqarish ta’limining «faollik» metodiga mashqlar ham kiradi. Mashqlar ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan masalalarni yechish uchun qo‘llaniladi. Bunday mashqlar ishlab chiqarish hayotida sodir bo‘ladigan jarayonlarga ta’lim oluvchilarni tayyorlaydi. Mashqlarni o‘tkazish uchun jarayon hosil qilish kerak bo‘ladi. Misol uchun, agregatlarni sozlash, texnologik me’yorlarni buzilganligi, ish joyida buzilish holatlarining sodir bo‘lishi kabilar.
6.4. Ta’lim oluvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini nazorat qilish
Ta’limda nazorat qilishning 2 turi mavjud. Birinchi – ta’lim oluvchilarning o‘quv faoliyatini har xil kuzatish, ikkinchisi – ta’lim oluvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini tekshirishdan iborat.
Ko‘nikma deganda shaxsning bilim olishi, elementar tajriba va malakaga tayanib biron ishni muvaffaqiyatli bajarish imkoniyati tushuniladi. Orttirilgan bilimlar shaxs xatti-harakatining nazariy asosi hisoblanadi. Bilimlarga asoslanib xatti-harakatlarning ketma-ketligi, alohida bosqichlari fikran xayoldan o‘tkaziladi. Elementar tajriba talablarida aynan biror faoliyat haqida aniq tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Biron kasb yoki faoliyat haqida tasavvurga ega bo‘lishda elementar tajriba bilan birga boshqalarning tajribasini tasavvur qilish ahamiyat kasb etadi. Bu yerda pedagogning shaxsiy namunasi, mutaxassis kadrlarning ilg‘or tajribalari, yetuk olim ijodkorlarning ish jarayoni misol bo‘la oladi.
Mehnat ko‘nikmalarining shakllanishi jarayonida talabalar ko‘rish yoki eshitish orqali faqat harakatlarning qanday bajarilishi haqida tasavvurga ega bo‘ladilar. Bu faqat namuna, bajarilishi kerak bo‘lgan ish haqidagi kirish instruktati hisoblanadi Ko‘nikmaning shakllanishi uchun talaba bu harakatlarni o‘zi bajarib ko‘rishi shart. Ta’limning turli bosqichlarida talabalar mehnat ko‘nikmalarining darajasi har xil bo‘ladi. Elementar ko‘nikmalar asta-sekin murakkab ko‘nikmalarga aylanadi, murakkab ko‘nikmalar ko‘p marta qaytarilishi yoki mashq qilinishi natijasida malakalar paydo bo‘ladi.
Malaka – bilimlarga asoslanib mashq yordamida aylangan faoliyatning avtomatlashgan komponenti hisoblanadi. Malaka tez va aniq bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘nikmalarning avtomatlashgan elementlari sanaladi. Malakalar bajarilayotgan faoliyatning faqat mahorat tomonini, ya’ni ayrim harakatlarni ifodalaydi.
Mehnat ko‘nikmalarining shakllanishi uchun faqat tafakkurning yoki aqliy faoliyatning o‘zigina yetarli emas. Talabalarda murakkab ko‘nikmalarning, umumlashgan safarbar ko‘nikmalarning shakllanishi uchun ular bevosita amaliy mehnat faoliyatida, uzoq payt mashq bajarishda qatnashishlari shart.
“Kasbiy pedagogika” fanini o‘rganishda nazariy ta’lim jarayonida nazorat qilishning asosiy metodlari, ta’lim oluvchilarning bilimlarini og‘zaki tekshirish, hamda yozma tekshirish, nazorat ishlari «texnik diktant»lar o‘tkazish, texnik hujjatlarni muhokama qilish va boshqalar qo‘llaniladi. Nazariy ta’limda ta’lim oluvchilarning bilimlarini amaliyotda qo‘llay olishini nazorat qilish, sxemalarni yig‘ish, o‘lchash, mexanizmlarni tuzatish, buzilish sabablari kabi metodlar qo‘llaniladi. Bu metodga yana laboratoriya – amaliy ishlar orqali tekshirishni ham kiritish mumkin.
Ishlab chiqarish ta’limi jarayonida ta’lim oluvchilarning o‘quv ishlab chiqarishda bajargan va bajarayotgan nazorat qilishning asosiy metodlari: joriy, oraliq va yakuniy nazoratlar hisoblanadi.
Tashxisli nazorat turlaridan biri – test o‘tkazishdir. Test ikki usulda o‘tkaziladi.
Birinchi usul – tashkil qiluvchi sifatida, dasturlashtirilgan ta’lim, nazorat va qayta aloqa tizimi.
Ikkinchi usul – mustaqil nazorat qilish metodi. Ishlab chiqarish ta’limida test mustaqil o‘z-o‘zini nazorat qilish metodi hisoblanadi. Ishlab chiqarish ta’limining har bir bosqichida testlar o‘tkazish mumkin.
Pedagog va talabaning dasturli faoliyati ta’lim jarayonidan jamiki ortiq harakatlarni yo‘qotishga, yuqori hamjihatlikni ta’minlashga va pirovard natijada – ko‘zlangan yakuniy natijalarni qo‘lga kiritishga intilishni ifodalaydi. Didaktik jarayonni loyihalashda pedagog «texnolog» sifatida faoliyat ko‘rsatadi: har bir darsda ta’lim maqsadini aniq o‘rnatishi, o‘tilayotgan o‘quv materiallarini mazmunan saralashda talabalarning o‘zlashtirish faoliyati darajalarini, fanni bayon qilishning ilmiy tilini hisobga olishi lozim. Shuningdek, tashkiliy shakllarning mosini tanlab, belgilangan vaqt doirasida samarali didaktik jarayonni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich talabiga mos holda o‘quv-bilish faoliyatini amalga oshirish uchun unga oldindan alohida tayyorgarlik ko‘rish kerak bo‘ladi. Umuman ta’lim jarayoniga oldindan ishlov bermasdan, yakuniy natijalarining ta’lim maqsadiga mos kelishini chamalamasdan, o‘qitish davomida yuzaga keladigan noqulay holatlarga bog‘liq holda boshqarish imkoniyatlarini hisobga olmasdan turib ta’lim jarayonini texnologiyalashtirish mumkin emas.
Baholash joriy, oraliq va yakuniy nazoratni o‘z ichiga oladi. Joriy nazorat uzluksiz qayta bog‘lanishni ta’minlaydi va odatda baholashsiz o‘tkaziladi, shuning uchun u bilimlarni shakllantirishda ishtirok etadi. Pedagogik texnologiyada qayta bog‘lanish nafaqat o‘qitish jarayonini tuzatib borish uchun, balki o‘quv maqsadlarini aniqlashtirish uchun ham xizmat qilishadi. Yakuniy nazoratda rejalashtirilgan o‘quv maqsadlariga erishganlik darajasi baholanadi.
Reyting nazorati og‘zaki, yozma va test usulida bo‘lishi mumkin:
1. Og‘zaki va yozma nazorat.
Og‘zaki nazoratning afzalliklariga shaxsiy munosabat, o‘qituvchining talaba bilan jonli muloqoti, uning fikrlarini nutq shaklida ifodalashga mashq qildirish, bilimlarni yanada chuqurroq tekshirish maqsadida pedagog tomonidan qo‘shimcha savollar berish imkoniyatlari kiradi. Pedagog tomonidan qo‘yilgan savolga og‘zaki javob berishga tayyorlanish doimo talabaning faol fikrlashi bilan bog‘langan.
Og‘zaki javob yaxshi tayyorlangan talabaga o‘zining iqtidorini, qo‘shimcha egallagan bilimlarini namoyish etishga imkon beradi. Bevosita muloqot tufayli pedagogda savol-javob davomida talabaning bilimlari to‘g‘risidagi barcha gumonlarni bartaraf etish imkoni bo‘ladi. Shu bilan bir vaqtda og‘zaki nazoratda talabalar bilimlarini baholashda ma’lum darajada pedagog shaxsiyatining aks etishi namoyon bo‘ladi. Har bir pedagogda talabalarning o‘zlashtirish darajalarini baholashda doimo xolis va shaxsiy munosabat bir vaqtning o‘zida ro‘yobga chiqadi.
Umuman olganda, talabaning yozma va og‘zaki nazoratda olgan bahosi ba’zan xolisona bo‘lmaydi. Talabaning bahosi, odatda, nafaqat uning bilimlari darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Bilimlarni baholash amaliyotida pedagoglar guruhning o‘rtacha darajasini mo‘ljalga oladi. Shuning uchun kuchsiz guruhlarda baholar odatda ko‘tarilgan, kuchli guruhlarda pasaytirilgan bo‘lib chiqadi.
Yozma nazorat o‘quv materialini o‘zlashtirish darajasini hujjatli tarzda o‘rgatish imkonini beradi, shuningdek, talabaga o‘z fikrlarini qog‘ozda bayon qilish imkonini beradi. Ikki-uch mustaqil ekspertlarning ishlarini tekshirish uchun jalb qilish bilan o‘tkaziladigan tashqi yozma nazorat aniq mezonlar bo‘lgan taqdirda obyektiv bahoga yaqin baholashga imkon beradi. Ammo bilimlarni og‘zaki va yozma nazorat qilishning an’anaviy usuli ma’lum kamchiliklarga ham ega:
 imtihonda talaba berilgan biletning 3-4 savoliga javob beradi, baho esa butun o‘quv fanini bilish uchun qo‘yiladi;
 farq qilish qobiliyati kuchsiz bo‘lgan 5 ballik shkala ishlatilgan;
 og‘zaki va yozma nazorat har doim ham bilimlarni baholashning obyektivligini, aniqligini va ishonchliligini ta’minlamaydi;
 og‘zaki so‘rov ko‘p o‘quv vaqti sarflanishini talab qiladi, yozma ishlar pedagoglarning ularni tekshirishga ko‘p mehnat sarflashlari bilan bog‘liq.
2. Test (inglizcha–sinash) – bu biror-bir faoliyatni bajarish uchun ma’lum darajadagi bilimni egallashga qaratilgan topshiriqlardir. Testning to‘g‘ri bajarilganligini o‘lchash va baholash maqsadida har bir testga ekspert metodi yordamida etalon ishlab chiqiladi. O‘z etaloniga ega bo‘lmagan har qanday test, odatdagidek, bajarilish sifati haqida subyektiv mulohaza yuritish evaziga xulosa chiqaruvchi nazorat topshirig‘iga aylanib qoladi.
Test nazoratlari va uning afzalliklari:
 yetarli tarzda tuzilgan pedagogik test natijalari nazorat o‘tkazayotgan shaxsga bog‘liq bo‘lmagan xolis pedagogik o‘lchov quroli hisoblanadi;
 test o‘quv mavzularining barcha asosiy mazmunini qamrab olishi mumkin, o‘qitish natijalarini test usulida o‘lchash barcha tekshiriluvchilarga baravar qo‘llanadigan oldindan ishlab chiqilgan mezon asosida aniq va ishonchli baho beradi;
 test nazorati texnologiyalashuvchan bo‘lib, u nisbatan qisqa vaqt ichida ma’lum o‘quv mavzulari o‘zlashtirilishining to‘la nazoratini kam kuch va vositalar sarflagan holda o‘tkazish imkonini beradi.
 test nazorati kompyuterlar yordamida oson avtomatlashtiriladi. Bu pedagogik test o‘tkazishning asosiy afzalliklaridan biridir.
To‘g‘ri tashkil qilinganda pedagogik test talabalar bilimlarini xolis baholash samarasini beradi, chunki bu baho uni qo‘yayotgan odamga bog‘liq bo‘lmaydi. U barcha tekshiriluvchilarga bir xil qo‘llanadigan qilib tuzilgan mezon bo‘yicha to‘g‘ri yechilgan test topshiriqlari foizi asosida aniqlanadi. Shuning uchun pedagogik test to‘la asos bilan o‘qitish natijalarini aniq va ishonchli baholashga imkon beradigan pedagogik o‘lchov quroli deb ataladi. Ammo bunday baholash jarayoni faqat ilmiy talablarga rioya qilingan holda tuzilgan, tekshiriluvchan va me’yoriga yetkazilgan sifatli test vositasidagina amalga oshirilishi mumkin.
Ta’lim jarayonida bilim, iqtidor va ko‘nikmalar shakllanganligini nazorat qilish muhim o‘rin egallaydi. O‘tkazilgan tajribalarga va o‘quv adabiyotlarida izohlangan ilg‘or uslublarga asoslanib nazoratning mezoni va bajaradigan funksiyalarini quyidagicha belgilash mumkin:
1.Nazoratning diagnostik funksiyasi. Nazorat natijasida bilim, iqtidor va ko‘nikmalarning shakllanganlik darajasi aniqlanadi.
2.Nazoratning talabalarda bilim olishga ishtiyoqini o‘stirish funksiyasi. Nazorat natijasida talabalarda o‘z bilim, iqtidor va ko‘nikmalarini yanada takomillashtirish ehtiyoji uyg‘onadi.
3.Nazorat jarayonida talabalarning shaxsiy xusiyatlari shakllantiriladi va eng asosiysi rivojlantiriladi. Rivojlanish o‘quv faoliyati orqali, ya’ni nutq orqali amalga oshiriladi.
4.Nazorat jarayonida talabalar o‘z bilimlarini mustahkamlaydi. O‘quv materiali yanada chuqur o‘zlashtiriladi, hodisalar o‘rtasida yangi bog‘lanishlar o‘rnatiladi, shu bilan aqliy faoliyat yanada takomillashadi.
5.Nazoratning tarbiyaviy funksiyasi. Nazorat jarayonida talabalarning psixologik ijobiy xislatlari shakllanib bormog‘i lozim.
6.Nazoratni baholash funksiyasi. Nazorat natijasida sifat o‘zgarishlarining me’yori aniqlanadi.
7.Nazorat – ko‘p qirrali murakkab jarayon. Nazorat talabalarda doimo jonli qiziqish, kuyunish, ayanch, xursandchilik hislarini uyg‘otib, aqliy faoliyatni faollashtiradi. Yuqorida kirsatilgan funksiyalar bir-biriga uzviy bog‘langan holda yuz beradi.
To‘g‘ri tashkil qilingan o‘zini o‘zi nazorat o‘quv materialini o‘zlashtirishga ijodiy va tanqidiy yondashish imkonini beradi. Bu ayniqsa yangi predmet o‘rganilayotganida talabalarning bundan oldingi o‘quv predmetlarida o‘zlashtirilgan bilimlarga ega bo‘lishligida ko‘rinadi. Talabalar mustaqil ishlab yetishmaydigan bilimlarini to‘ldirib borsa yaxshi, ammo o‘zini o‘zi nazorat qila olmaydigan talabalarning yangi mavzuni o‘zlashtirish jarayoni murakkab kechadi. Shuning uchun ham oliy o‘quv yurtlarida ishlaydigan pedagoglar yangi predmet va yangi mavzuni boshlashdan oldin talabalarning yangi dasturni o‘zlashtirishga tayyorlik darajasini aniqlash maqsadida dastlabki nazoratni amalga oshirishlari zarur bo‘ladi.
Qisqa xulosa
Pedagogik amaliyotda qo‘llaniladigan metodlar – og‘zaki metod (og‘zaki bayon, tushuntirish, suhbat), kitob bilan ishlash (instruktiv materiallar), ko‘rgazmali metod (ko‘rgazmalar, kino, videofilm, kuzatuv), amaliy metod (mashqlar, laboratoriya, amaliy ishlar) lardan foydalanish bo‘yicha qator materiallar berilgan. “Kasb pedagogikasi” fanini o‘rganishda nazariy ta’lim jarayonida nazorat qilishning asosiy metodlari, ta’lim oluvchilarning bilimlarini og‘zaki tekshirish, hamda yozma tekshirish, oraliq nazorat, joriy nazorat, yakuniy nazorat ishlari va testlarni o‘tkazish jarayonlari yuzasidan fikrlar bayon qilingan.
Shuningdek ushbu bobda kasb ta’limi usullari, nazariy ta’lim va ishlab chiqarish ta’lim usullari, ta’lim oluvchilarni o‘quv bilish faoliyatini tashkil qilish, mashqlar va mustaqil ta’lim, ishlab chiqarish jarayonida faollik metodi, test, reyting, ta’lim usullarini tanlash kabilar talabalarga tushunarli tarzda bayon etilgan.
O‘z-o‘zini nazorat va muhokama uchun savollar:
1. Kasb ta’limi metodlariga nimalar kiradi?
2. Ishlab chiqarish jarayonida faollik metodini izohlang?
3. Nazariy ta’lim metodi deganda nimani tushunasiz?
4. Ko‘rgazmali va amaliy metodlarni izohlab bering?
5. Nima uchun ishlab chiqarishda yozma yo‘riqnomadan foydalaniladi?
6. Bilim, ko‘nikma va malakaga ta’rif bering?
7. Mehnat faoliyatining harakatlarini ko‘rsatish metodiga nimalar kiradi?
8. Ta’lim jarayonida nazorat qilishning qanday turlari mavjud?
9. Testning afzallik tomonlari nimada?
10. Suhbat metodiga nimalar kiradi?
Tavsiya etiladigan adabiyotlar:
1. Bordavskaya N.V., Rean A.A. Pedagogika. — M.: Piter, 2004.
2. Professionalnaya pedagogika. Uchebnik dlya studentov. – M.: Pedagogika, 2002.
3. Galaktinov V.V. Chernova M.V. Mejdunarodnaya praktika vzaimnogo priznaniya dokumentov ob obrazovaniya i professionalnix kvalifikatsiy. — M.: 2003.
4. Pedagogika. Pedagogicheskiye teorii sistemi, texnologii. Pod. redaksiyey. S.A.Smirnova v kachestve uchebnika. — M.: Akademia, 2004.
5. I.Y.Tursunov., U.N.Nishonaliyev. Pedagogika kursi. – T.: O‘qituvchi, 1997.
6. Tolipov O‘., Barakayev M., Sharipov Sh. Kasbiy pedagogika. (Ma’ruzalar matni).– T.: TDIU, 2001 yil.
7. www.inter-pedagogika.ru.
VII . O‘qitish vositalarining yaratilishi va qo‘llanilishi. O‘quv jarayonida o‘qitish vositalari
7.1. O‘qitish vositalari didaktikaning kategoriyasi sifatida.
7.2. Hozirgi zamon o‘quv vositalarining tavsifnomasi.
7.3. O‘qitish vositalari va ularning turlari.
7.4. O‘qitish vositalarining rivojlanish istiqbollari.
7.5. O‘quv jarayoniga yangi axborot texnologiyalarini kiritish yo‘llari.
7.1. O‘qitish vositalari didaktikaning kategoriyasi sifatida
Ta’lim maqsadini amalga oshirish yo‘lida xizmat qilayotgan metodlarni muvaffaqiyatli natijaga erishishi uchun ishlatiladigan o‘quv asboblari ta’lim vositalari bo‘lib hisoblanadi. Ular issiqlik sig‘imini o‘lchash asbobi, kompyuterlar, turli xil laboratoriyada ishlatiluvchi apparat turlari, o‘lchash asboblaridan tashkil topishi mumkin. Ta’lim vositalari talabalarni amaliy ishlarni bajarishida hamda malaka hosil qilishida muhim ahamiyatga ega.
O‘qitish vositalari — bu moddiy va tevarak-atroflar, tabiiy obyektlar, bundan tashqari inson tomonidan o‘quv-tarbiyaviy jarayonida axborot olib yuruvchi pedagog va o‘qituvchilar faoliyatida ularning o‘z oldiga qo‘ygan o‘qitish, tarbiyalash maqsadida qo‘llaniladigan qurol sifatida yaratilgan sun’iy obyektlardir.
O‘qitish vositalari shu bilan birga uning mazmuni, uslublari, tashkiliy shakllari o‘qitish tizimini loyihalashtirilgan va o‘quv-tarbiyaviy jarayonning tarkibiy bo‘limlaridan biridir. Bundan tashqari har bir o‘quv-tarbiyaviy muassasaning eng muhim tarkibiy qismidir. Pedagogika fani va amaliyotida qo‘llaniladigan turli xil tizimlarning bo‘limlarida bo‘layotgan moddiy o‘qitish vositalari hozirgi paytda joriy qilingan tizimlarning harakatlanishi, qayta qurilishi va bir-biri bilan bog‘liqligini nazarda tutgan holda boshqa tarkibiy qismlarga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Bugungi kunda ta’lim oluvchilar o‘z ijodiy potensialini nazorat qilish, tabiatdan berilgan iste’dod va qobiliyatlarini rivojlantirishga yangi texnika paydo bo‘lgandan beri o‘qitishning yangi usul va texnologiyalarini egallashga real imkoniyatlari bor. Shunday qilib, didaktikaning kategoriya apparatida moddiy vositalar (ish qurollari) maqsad va mazmunlari, usullari, o‘qitishning tashkiliy shakllari bilan birgalikda mustaqillik holatiga ega. Bundan tashqari ijtimoiy hayotning har bir sohasida texnologiyalashtirish munosabati bilan o‘quv-tarbiyaviy faoliyatda o‘qitish vositalarining ahamiyati ortib bormoqda, muammolarga oid tadqiqotlarda ikki asosiy yo‘nalish: pedagogik va injenerlik nuqtai nazari bor.
Didaktik nuqtai nazarga atrof-muhitni tavsiflashga bag‘ishlangan o‘quv vositalarini tasniflash kiradi:
1. Tabiiy obyektlar – izlanish va o‘rganish uchun haqiqiy real fanlarni o‘z ichiga oladi: moddalarning namunalari va kolleksiyalarini, xom-ashyo, asboblar, detallar, o‘simliklar, gerbariylar, hayvonlar va ularning qotirib qo‘yilgan holati, mikropreparatlar va hokazolar. O‘qitish vositalarining bu guruhiga yana maxsus ishlov berilgan moslamalar va ularning mexanizmlari hamda kasbiy ko‘nikma va malakalarni rivojlantirish uchun qo‘llaniladigan o‘quv ishlab chiqarish moslamalari kiradi.
2. Moddiy obyektlarni tasvirlash va aks ettirishga kiradigan guruhni quyidagilar tashkil etadi: modellar, mulyajlar, maketlar, jadvallar, ko‘rgazmali qurollar (rasmlar, fotoaksli chizmalar, portretlar), ekran-tovush vositalari (diafilmlar, diapozitivlar, slaydlar), kinofilmlar, video va tovush yozuvlari, plastinkalar, radioeshittirish va teleko‘rsatuvlar.
Alohida guruhga o‘qitishning texnik vositalari kiradi. Bunday o‘qitish vositalariga o‘quv ma’lumotlarini yetkazib beruvchi, uni ifodalash uchun maxsus texnik moslamalar talab qilinadi. Bu moslamalar transportlar, diafilm va kinofilmlar, videofilmlar, tovush yozish kompyuter dasturlari va boshqalardan iborat.
O‘qitish vositalarini shakllantirish tizimi nafaqat o‘qitish vositalarining turli xil belgilaridan aniqlab klassifikatsiya qilish emas, balki ularni funksiyalar va xususiyatlari haqida bilimlari ham taxmin qilinadi.
O‘qitish vositalari quyidagicha tavsiflanadi:
1. Natural (tabiiy) obyektlar. Tabiiy obyektlarga odatda jonli va jonsiz tabiatning obyektlari kiradi, ular bilan ta’lim oluvchilar mashg‘ulotlarda tarqatma yoki namoyish qilinadigan materiallar shaklida tanishadilar.
2. O‘quv modellar, mulyajlar, maketlar. Modellar sun’iy yaratilgan tabiiy obyektlarning ko‘rinishi ularning muhim sifatlarini, aloqalarini va munosabatlarini qayta takrorlaydigan o‘quv ko‘rgazmali qo‘llanmalar deb qabul qilinadi.
Modellarning eng keng tarqalgan va tipik turlari bu moddiy ya’ni predmetli modellardir. Modellar hajmiga ko‘ra ega va tekis modellarga bo‘linadi.
Mulyaj va maketlar predmetlarning tashqi belgi va xususiyatlarini va atrof-muhit hodisalarini o‘rganishda qo‘llaniladi, modellar o‘rganilayotgan obyektlarning ichki qurilmasi va harakatlanish tamoyili mashina va mexanizmlarning kinematikasini o‘rganilayotgan hodisalarda o‘rin olgan boshqa aloqalar va munosabatlar imkoniyatini beradi.
Ekran va ekran – tovushlik o‘qitish vositalari bugungi kunda keng tarqalgan. Bu o‘qitish vositalariga qo‘yilgan talablar eng avvalo ularning mavzuga oidligi, ikkinchidan, bu o‘qitish vositalarining sifati yaxshi bo‘lishi bilan ajralib turadi.
Diapozitiv – (slayd) bu harakatlanmaydigan o‘qitish ekran vositasi hisoblanadi. Diapozitivdagi chizmalar va rasmlar odatda plakatdagidan yaxshi qabul qilinadi.
Diapozitiv – bu juda qulay o‘qitish vositasi, chunki o‘qituvchi uning bir qismini yoki bir kadrni alohida ko‘rsatishi mumkin. Har bir kadr to‘liq bir informatsiyaga ega. Diafilm ham harakatlanmaydigan ekran o‘qitish vositasidir.
Transportlar – bu ham harakatlanmaydigan ekran qo‘llanmasidir.
Transporantlar proyektor yordamida ko‘rsatilishi va xonani qorong‘ilatish shart emasligi bu o‘qitish vositasining katta yutug‘idir. Transporantlar sinf doskasini o‘rnini bosadigan vositadir. O‘qituvchi ta’lim oluvchilarga yuzlangan holatda, o‘tilgan yozuvlar yoki chizmalarni ekranga proyeksiya qilib tushuntirishi mumkin.
So‘nggi yillarda o‘quv filmlari chiqarilmay qo‘ydi. Ularning o‘rnini o‘quv video yozuvi informatsiyani aks ettiruvchi ekran-tovushli vositalarni o‘zida mujassamlashtirgan; kino, radio, televideniye, videofilm, diapozitivlar egalladi. O‘quv priborlari, moslamalari, asboblari, laboratoriya priborlari tizimining ahamiyatga ega bo‘lgan qismini tashkil qiladi.
O‘quv ustaxonalarida olib borilgan ishlab chiqarish qulayliklariga o‘rgatish shu ustaxonalarda qulay vaziyatlarni yaratishni talab qiladi.
Moddiy texnikaviy — yetarli maydonda ishlaydigan moslamalar, texnik muhofazalashni ta’minlash.
Sanitar gigiyenik – tabiiy va sun’iy yoritish, ustaxona sanitar gigiyenik shartlariga javob berishi va birinchi yordam berish vositalarini ta’minlashi.
Estetik – ustaxonaning ichki bezagi va moslamalarning ranglariga e’tibor berish, o‘simlik va gullar bilan bezatish.
Texnik pedagogik – o‘quv ishlab chiqarish xonalarining ishlar bajarishida bir-biri bilan bog‘liqligi, ta’lim oluvchilarga mos bo‘lgan ish sharoitini yaratish va shaxsiy ish joyi bilan ta’minlash va ishni ilmiy texnika asosida tashkillashtirish.
Ta’lim oluvchilarning ish joyini tashkillashtirish:
— ish joyining texnik sozligi;
— yetarli darajada yoritilganligi;
— favqulodda holatda avariya signalining ishlashi yoki usta Bilan bog‘lanish moslamasi;
— ishlab chiqarish moslamasini tozalash, sozlash va yig‘ishtirishning qulayligi.
O‘qitish ustaxonasining ustasi uchun ish joyi shunday yoritilgan va tashkil qilingan bo‘lishi kerak. O‘qitish jarayonida usta ishini ilmiy asosda tashkillashtirishi, uni mazmuni va shaklini ta’lim oluvchilarning ish joylari bilan bog‘lanishi uning pedagogik faoliyatini aniqlab beruvchi sifat bo‘lishi kerak.
7.2. Hozirgi zamon o‘qitish vositalarining tavsifnomasi
Keyingi vaqtlarda «o‘qitishning kompyuter texnologiyalari» tushunchasi tarqalgan bo‘lib, bu kompyuterlar bazasida amalga oshirilgan o‘qitish texnologiyalari bilan izohlanadi. Biroq axborot texnologiyalari tushunchasi o‘qitishning kompyuter texnologiyalari tushunchasidan kengroqdir, chunki kompyuterlar axborot texnologiyalari texnik vositalarining tarkibiy qismidir.
Bugungi kunda turli optik xotirlovchi qurilmalar (videodisklar, optik disklar) keng tarqaldi. Ulardan foydalanish matnli grafik axborotni bir vaqtda birgalikda yozish imkonini beradi, shu bilan birga uni qayta tiklashda yuqori sifatli tasvir paydo bo‘ladi. Magnit yozuvdan farqli o‘laroq, optik disklardagi yozuv istalgan sondagi qayta tiklashlarda ham yomonlashmaydi. Kompyuterlar ishining dastur-matematik ta’minoti yuqori texnologik ishlab chiqarish taraqqiyotining muhim yo‘nalishi bo‘lmoqda.
Shuningdek, texnik va dasturli axborot texnologiyalari mavjud bo‘lib, ularga quyidagilar kiradi:
EHM tarmoqlari. Hozirgi vaqtda bilimlarning barcha sohalarida EHM yoki kompyuter (lokal yoki global) tarmoqlari keng tarqalgan. EHM lokal tarmoqlari uncha katta bo‘lmagan fazoda amalga oshiriladi va axborot xizmati turli tarmoqlarining integratori bo‘ladi. Ular tashkilotlardagi barcha axborot texnologiyalari vositalarini birlashtiradi hamda ularning samaradorligini oshiradi. EHM global tarmoqlari esa, axborotni katta masofalarga uzatilishini amalga oshirish imkonini beradi.
Yo‘ldosh aloqa tizimlari ko‘plab yer ustidagi stansiyalarni va yer sun’iy yo‘ldoshidagi retrenslyatorlarni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunga kelib, bu tizimlar kompyuterlar orasidagi aloqani amalga oshirish uchun ma’lumotlar to‘plash, televideniye dasturini uzatish maqsadida ishlatilmoqda.
Sun’iy intellekt tizimlari. Sun’iy intellekt elementli EHMning odatdagi EHMdan farqi shundaki, odatdagi EHMlar faqat statistik ma’lumotlarni, sun’iy intellekt tizimlari esa bilimlarni ishlab chiqadi. Informatikaning alohida yo‘nalishi sun’iy intellektdir. Odam aqliy faoliyatining ba’zi turlarini amalga oshiruvchi dasturli-texnika vositalari ishlab chiqilmoqda.
Elektron pochta. «Elektron pochta» – bu korrespondensiyalar almashishi uchun pochtaga o‘xshash axborot uzatish va ishlab chiqishning elektron usullaridan foydalanish, ya’ni bosma materiallar, jadvallar va jurnallarni uzatish hamda elektron pochta ya’ni, qog‘ozsiz pochta aloqalari xizmatidan iborat bo‘lib, u xabarlarni to‘plash, ishlab chiqish va taqdim etish hamda ma’lumotlarni uzatish tarmoqlari tizimidir.
Elektron pochta asosida aholiga elektron gazeta va jurnallar kabi axborot xizmati ko‘rsatish amalga oshirilgan. So‘nggi yillarda jahon bozorida elektron nashrlar soni borgan sari ko‘payib bormoqda. Bu jarayon kompakt optik disklar keng tarqalishi bilan tezlashdi.
Telekonferensiyalar. Telekonferensiyalar zamonaviy axborot texnologiyalarining amalga oshirilishiga misol bo‘la oladi. Telekonferensiyalarni o‘tkazish uchun quyidagi apparaturalardan foydalaniladi: terminallar, televezion kameralar, grafik displeylar, katta namoyish ekranlari. Shuningdek, telekonferensiyalar orqali dolzarb masalalar muhokamasini tezkorlik bilan tashkil etish, muhokama uchun istalgan rasmli materiallardan foydalanish, dolzarb masalalarni muhokama qilishda ishtirok etuvchi mutaxassislar doirasini kengaytirish, xalqaro ma’lumotlar banklaridagi istalgan axborotdan foydalanish kabi imkoniyatlar yuzaga keladi.
O‘qitishning yangi axborot texnologiyalari o‘quvchi-talabaning emas, u eng avvalo o‘qituvchi (pedagog)ning texnologiyasidir. O‘quvchi-talaba zamonaviy axborot texnologiyasini o‘rganmaydi, balki uning mahsulotidan o‘qitishning texnik vositasi sifatida foydalanadi. O‘qituvchi (pedagog) zamonaviy texnologiyalarni qo‘llab darsga tayyorlanadi, darsni tashkil qiladi, o‘quvchi- talabalar bilimini nazorat qiladi va ta’lim mazmunini takomillashtirishda kompyuterlashtirishning eng yuqori darajasi yangi axborot texnologiyalarini ta’lim jarayoniga olib kirishdan iborat bo‘ladi.
Axborot tenologiyalari, kompyuterlashtirish va kompyuter tarmoqlari negizida ta’lim jarayonini axborot bilan ta’minlashni rivojlantirish omillari quyidagilar: bunda kompyuterlashtirishning har ikkala yo‘nalishini ham rivojlantirib borish zaruriyati tug‘iladi. Buning uchun shu sohada qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlarga asoslangan holda uzluksiz ta’lim tizimini hamma bosqichlarida «kompyuterlashtirishning konsepsiyasi» yaratilishi lozim.
Kompyuterli texnologiyalar dasturli o‘qitish g‘oyalarini rivojlantiradi, zamonaviy kompyuterlar va telekommunikatsiyalarning noyob imkoniyatlari bilan bog‘liq ta’limning ham tadqiq qilinmagan yangi texnologik variantlarini ochadi. Ta’limning kompyuterli (yangi axborot) texnologiyalari – bu ta’lim oluvchiga axborotni tayyorlash va uzatish jarayoni bo‘lib uni amalga oshirish vositasi kompyuterdir, ya’ni:
 o‘quvchi-talabalarda axborot bilan ishlash mahoratini shakllantirish, kommunikativ qobiliyatlarini rivojlantirish;
 «axborotli jamiyat» shaxsini tayyorlash;
 ta’lim oluvchilarni o‘zlashtirish imkoni darajasida yetarli miqdordagi axborot bilan ta’minlash;
 o‘quvchi-talabalarda tadqiqotchilik, optimal qarorlar qabul qilish mahoratini shakllantirish.
Kompyuterli texnologiya mazmuni bir qancha shakllantirilgan modelini qo‘llashga asoslangan bo‘lib, bu model kompyuter xotirasiga yozib qo‘yilgan pedagogik dasturli vositalar va telekommunikatsiya tarmog‘ining imkoniyatlari orqali namoyon bo‘ladi.
Axborot texnologiyalaridan faqat o‘quv jarayonida emas, balki uzluksiz ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarni ilmiy-texnik va maxsus axborot bilan ta’minlaydigan axborot ishida, ta’lim tizimini boshqarishda ham foydalanish mumkin.
Rivojlangan mamlakatlarda axborot texnologiyalarini ta’limga joriy etishda ularning texnik vositalarini integratsiyalash asosiy yo‘nalish hisoblanmoqda. Shu munosabat bilan hatto «multimedia» tushunchasi paydo bo‘ldiki, u o‘qitishda ko‘pchilik texnik vositalardan kompleks foydalanishni bildiradi. Multimediani qo‘llagan holda eng muhim narsa talabalarni kerakli axborotni tanlab olishga o‘rgatishdan iborat bo‘ladi. O‘qituvchi (pedagog)ning vazifasi axborotni taqdim qilishdan emas, balki uni topishda yordam berishdan iborat bo‘ladi, o‘qituvchi (pedagog) bilimlar sohasida yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘ladi.
Bu kabi o‘qitish vositalari kompleksidan foydalanilgan holda talabaga ta’sir ko‘rsatish birgina axborot kanallari (ko‘rish, eshitish va h.k.) orqali amalga oshiriladi. Bu esa ta’lim samaradorligining ortishiga olib keladi.
Ta’lim jarayonida axborot texnologiyalaridan foydalanilganda talabalarning bilish faoliyatini tashkil etish shakllarini tiklash muammosi yangicha hal etilishi lozim. Agar an’anaviy ta’lim sharoitlarida bilish faoliyatini tashkil etishning eng ko‘p tarqalgan shakllari individual va frontal shakllar bo‘ladigan bo‘lsa, axborot texnologiyalaridan foydalanishni ularning har ikkalasidan ham bir vaqtda foydalangan holda amalga oshishi mumkin.
Shuningdek, ta’lim jarayoniga axborot texnologiyalarining joriy etilishi o‘qituvchi (pedagog) vazifasining o‘zgarishiga sabab bo‘ladi, ya’ni pedagog ta’lim-tarbiya berishdan ko‘ra ko‘proq tadqiqotchi, tashkilotchi, maslahatchi va dasturlovchiga aylana boradi. Bularning barchasi o‘qituvchi (pedagog)larni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini o‘zgartirishni talab qiladi. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, o‘qituvchilarning axborot madaniyati asoslari metodologik, umumta’limiy, umummadaniy xarakterga ega bo‘lib, ular pedagogik xodimlarni kasbiy tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, barcha o‘quv fanlari kompleksini o‘rganish jarayonida shakllanishi lozim.
Keyingi yillarda oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarini axborot texnologiyalari bilan jihozlash, ta’lim tizimi mazmuni, uni tashkil etish shakllari hamda sifatini oshirish borasida katta ijobiy o‘zgarishlar ro‘y beradi.
Ma’lumki, o‘qituvchilarning an’anaviy o‘qitish usulida laboratoriya va amaliy ishlar o‘tkazilishiga ko‘p vaqt ajratiladi. Bu mutaxassis tayyorlashning muhim tarkibiy qismidir. U nafaqat talabaning nazariy bilimlarini mustahkamlash, o‘quv materialini o‘zlashtirish samarasini oshirishga, balki muayyan sohada amaliy ko‘nikmalarni hosil qilishga ham ko‘mak beradi. Biroq, bunday mashg‘ulotlar to‘laqonli natija beradi, deya olmaymiz. Sababi – laboratoriya stendlari yetarli darajada emas hamda ko‘pgina laboratoriya stendlari va o‘quv xonalari zamonaviy moslama va uskunalar bilan jihozlanmagan, ularning aksariyati bugungi kun talablariga to‘liq javob bermaydi. Texnologiyalar tez sur’atda rivojlanayotgan hozirgi vaqtda amaliy mashg‘ulotlar uchun laboratoriya va stendlar har bir o‘quv yilida takomillashtirishni talab etadi. Buning uchun esa qo‘shimcha sarf-xarajatlar qilish kerak bo‘ladi. Boshqa yana bir muhim omil shundaki, ba’zi laboratoriya tadqiqotlaridagi ish jarayonlarining sustligi sababli ajratilgan vaqt ichida ta’lim oluvchilar takror tahlil yoxud sinovlar o‘tkazishga qiynalishadi xolbuki, ma’lum bir sohada yetarlicha ish ko‘nikmalari va tajriba orttirish uchun amaliy mashg‘ulotlarni ko‘p marotaba takrorlash talab etiladi. Afsuski, an’anaviy ish olib borish sharoitida laboratoriya stendlari kamligi hamda moslamalarining tez-tez buzilishi va shu bilan bog‘liq ashyolarga qo‘shimcha sarflar qilinishi bois har doim ham bunday qilinavermaydi.
Yuqorida aytilganlarni hisobga olib, yangi tizim mutaxassis kadrlarini tayyorlash uchun fikr muhim vazifalarni hal etishga yordam bera oladigan yangi samarali, hammabop pedagogik uslubni joriy etish zaruriyati tug‘ildi, deb ayta olamiz. Buning uchun laboratoriya stendlari va o‘quv ustaxonalaridagi mashg‘ulotlar barcha talabalar uchun nafaqat qiziqarli, balki qulay va oson bo‘lishiga erishmoq lozim. Mashg‘ulotlar o‘ziga jalb eta olishi, barcha ruhiy va didaktik omillarni hisobga olishi, jarayonlarni jo‘shqin tarzda namoyon etishi, mashg‘ulotlar o‘tkazish va o‘qitilayotgan fanni o‘zlashtirishni, umuman butun o‘qitish samarasini oshirishi, egallangan bilimlar xususida o‘ziga-o‘zi baho berish imkonini ta’minlamog‘i zarur. Aynan shu nuqtai nazardan zamonaviy axborot texnologiyalarining tatbiq etilishi yuqorida ko‘rsatilgan vazifalarni maqbul tarzda hal qilish va an’anaviy o‘qitish usulining bir qator kamchiliklarini bartaraf etishga ko‘mak beradi.
7.3. O‘qitish vositalari va ularning turlari
Bugungi kunda iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi innovatsion jarayonlar o‘z-o‘zidan ta’limda ham tubdan o‘zgartirishlarni taqozo etmoqda. O‘qitish va tarbiyalashning yangi texnologiyalariga sifat jihatdan tez o‘tish uchun obyektiv asos yuzaga kelganligi quvonarlidir. Hech bir o‘qituvchi ertami-kechmi bu jarayonga qo‘shilmasdan chetda qolishi mumkin emas. ¤qituvchining an’anaviy ish usullari, ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi, o‘qitishni kompyuterlashtirish sifatlarini o‘zlashtirish zaruriyati bularni ilmiy-metodik asoslash ehgiyojining tug‘ilishida obyektiv omil bo‘lib qolmo³da.
O‘qituvchiga albatta ta’lim amaliyotining rivojlanish istiqbollarini ongli dasturlashtirishga, yangi pedagogik texnologiyalarni asoslashga imkon beradigan ilmiy tasavvurlar tizimi kerak.
Axborot maydonining barcha tarkibiy qismlarini rivojlantirish va undagi boshqaruv subyektlari faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan davlat axborot siyosatini ishlab chiqish mamlakatimizda axborotlashgan jamiyat qurish yo‘lidagi asosiy masalalardan bo‘lib hisoblanadi. Axborot-kommunikatsiyalar texnologiyalari bozorini shakllantirishning obyektiv zaruriyatidan kelib chiqqan holda, milliy iqtisodning deyarli barcha tarmoqlari manfaatlariga ta’sir etuvchi keng miqyosdagi iqtisodiy, huquqiy^va siyosiy yechimlarni hal qilishni talab qiladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida»gi Farmoni e’lon qilindi. Unda «…Real iqgisodiyot tarmoqlarida, boshqaruv, biznes, fan va ta’lim sohalarida kompyuter va axborot texnologiyalarini keng joriy etish, aholi turli qatlamlarining zamonaviy kompyuter va axborot tizimlaridan keng bahramand bo‘lishlari uchun shart-sharoitlar yaratish…» belgilab qo‘yilgan.
Respublikamiz kutubxona, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va vazirliklarida to‘plangan katta miqdordagi axborot resurslariga ega. Biroq ushbu manbalarga integratsiyalashgan holda kirish usuli hali yo‘lga qo‘yilmagan. Chunki, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning yangi darajasiga o‘tish, jahon axborot mahsulotlari va xizmatlariga chiqish yuqorida keltirilgan manbalarga turli aholi guruhlarining tez suratda kirib borishini tashkil qilish muammo bo‘lib turibdi. Respublikamizda axborotlar sohasining rivojlanishiga boshqa omillar ham ta’sir ko‘rsatmoqtsa, jumladan: jamiyatni axborotlashtirishning past darajadaligi, axborot texnologiyalari rivojlanishi uchun zarur resurslarning yetarli darajada emasligi, hisoblash texnikasi va aloqa vositalarining yetarli darajada rivojlanmaganligi, EHM lokal va hudud tarmoqlarini qo‘llash va rivojlantirish borasidagi qoloqlik, texnologik ma’lumotlar va bilimlar bazalarining sust qo‘llanilishidir.
Jahon amaliyoti tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘z fuqarolarini axborotlashgan muhitda faoliyat ko‘rsatishga o‘rgatgan jamiyatgina vaqgdan yutadi, chunki faqat miqdoriy ko‘rsatkichlarga asoslangan iqtisodiyot tizimining kelajagi yo‘q.
Axborot mahsulotlari va xizmatlari axborot-kommunikatsiyalar texnologiyalari bozorida asosiy tovar bo‘lib sanaladi, ular yordamida foydalanuvchilarga ko‘proq axborot xizmatini ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.
Bozor munosabatlari axborot mahsulotlarining yangiligi, ishonchligi va to‘liqligi darajalariga yuqori talablar qo‘ymoqda. Chunki busiz samarali marketing, moliya-kredit va investitsiya faoliyatini yuritish mumkin emas. Axborot mahsulotlarining respublikamiz hayotida tutgan o‘rni va roli ijobiy tomonga o‘zgarib bormoqda. Mamlakatimizda axborot kommunikatsiyalar texnologiyalari bozori industriyasini tarkib toptirish jamiyatimizda chuqur ijtimoiy o‘zgarishlarga olib kelib, uni «industrialdan axborotlashgan jamiyatga» aylantirishiga ishonchimiz komil.
Bugungi kunga kelib, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida virtual stendlardan muvaffaqiyatli foydalanilmoqda. Xo‘sh, virtual stend deganda nimani tushunamiz? Virtual stend – o‘quv amaliy stendi yoki o‘quv-malaka ustaxonasi bo‘lib, o‘quvchi-talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlashga, kompyuter dastur va texnologiyalari orqali ma’lum yo‘nalishda zaruriy ko‘nikmalarni hosil qilishga yordam beradi.
Virtual stendlar har bir o‘quvchi-talaba uchun texnikaga o‘zining kirish parametrlarini «buyurishga», o‘z bilimlarini nazorat qilishga imkon beradi. Laboratoriya ishini o‘tkazish, uni zarur tartibda tushunish va hokazolar bilan bog‘liq vaqtdan yo‘qotish esa kompyuter samarasi hisobiga kamaytiriladi.
Bunda, ayniqsa, zamonaviy jihozlar va apparatlarni xarid qilish, ularni barcha ta’lim muassasalarida taqsimlash bilan bog‘liq ulkan moliya zahiralarining tejab qolinishi muhimdir. Zamonaviy axborot texnologiyasi bo‘lgan oddiy kompakt diskka o‘nlab, ba’zan esa, yuzlab laboratoriya ishlarini joylashtirish mumkin. Endi esa bir dona shunday virtual laboratoriya stendi necha marta arzonga tushishini hisoblab chiqish qiyin emas. Bundan tashqari, ular bilan birga ta’lim muassasalarini ta’minlash mumkin. Agar ularda Internetga ulangan kompyuter tarmog‘i bo‘lsa, undan ham yaxshi bo‘ladi. Bundan shuni ko‘rish mumkinki, virtual stendlar ko‘proq qo‘llansa, shunday sarflarning oldini olish mumkin bo‘ladi.
Internet tizimining xalqaro axborot tizimi orqali masofali usullar yordamida mutaxassis kadrlar tayyorlash va pedagogik kadrlar malakasini oshirish imkoniyati respublika Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 4 oktabrda e’lon qilingan maxsus qarorida ko‘zda tutilgan. Tahsil olayotganlar ham, ta’lim muassasalari ham virtual stendlardan foydalanishdan manfaat ko‘radilar.
Ularning joriy qilinishi natijasida, an’anaviy ta’limga qiyoslaganda, mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha ta’lim jarayonining yanada yuqori sifati ta’minlanadi. Bunga avtomatlashtirilgan o‘qituvchi (pedagog) va test o‘tkazuvchi, tizimlar, test topshiriqlari va o‘z-o‘zini tekshirish uchun savollarni o‘z ichiga olgan ixtisoslashgan o‘quv-uslubiy qo‘llanmalardan foydalanish, o‘quv jarayonining uslubiy negizini tezkor yangilash hisobiga erishiladi. Biz o‘qitishning tashkiliy shakllari, zamonaviy axborot texnologiyalari hamda turli ta’lim maskanlarining o‘quv imkoniga ega bo‘lamiz. Bu esa ma’lum darajada turli muassasalar mutaxassislari diplomlari qadri teng bo‘lishini ta’minlaydi.
Demak, ta’lim jarayonida virtual stendlardan samarali foydalanish ta’lim sifatini oshiribgina qolmay, balki ulkan moliya zaxiralarini tejashga ham imkon beradi hamda xavfsiz, ekologik toza muhitni yaratadi. Virtual stendlarning joriy etilishi ta’lim, ishlab chiqarish, boshqa davlat muassasalarining umumiy yondashuvini talab qiladi. Virtual o‘qitish stendlarini, ayniqsa qimmatbaho jihozni xarid qilishdan oldin diqqat bilan o‘rganib chiqish zarur. Bu xodimlarni mahalliy sharoitda o‘qitishga, ta’lim oluvchilarni xorij mamlakatlariga guruh-guruh bo‘lib jo‘nashini oldini olishga imkon yaratadi.
Shunday qilib, ta’lim jarayoniga o‘qitish vositalarining joriy etilishi quyidagilarga olib keladi:
— ta’lim jarayonini, o‘quvchi-talabalarning aniq tayyorgarlik darajasini, qobiliyatlari, yangi materialni o‘zlashtirish sur’ati, qiziqish va mayllarini hisobga olgan holda ularga ko‘proq individual ravishda yordam berish;
— o‘quvchi-talabalarning bilish faoliyatlarini kuchaytirish, ularning o‘zini o‘zi takomillashtirish, ta’lim va kasbga qiziqishlarini shakllanishiga intilishlarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish;
— ta’lim jarayonida fanlararo aloqalarni kuchaytirish, borliq hodisalarini kompleks o‘rganish;
— ta’lim jarayonining moslashuvchanligi, omilkorligi, tashkil topish shakllari va usullarini takomillashtirish hisobiga uni doimiy va dinamik yangilash;
— barcha ta’lim muassasalarida o‘qitishning muammoli va kompyuter vositalaridan hamda virtual stendlardan foydalanish;
— ta’lim jarayonining texnologik bazasini hozirgi zamon texnik vositalarini joriy etish yo‘li bilan takomillashtirish.
7.4. O‘qitish vositalarining rivojlanish istiqbollari
Inson faoliyatining turli sohasida axborot almashish, har qanday muammoni jamoa bo‘lib muhokama qilish natijasida yangi natijalarni olish zaruriyati konferensiya, seminarlar, yig‘inlar kabi muloqot shakllarini keltirib chiqardi. Hozirda biror bir jiddiy ishni oraliq natijalar, yakunlar, variantlar, qarorlar variantlari, opponentlarni tinglash va tegishli qarorlar qabul qilishning turli darajalarida hal qilmasdan turib amalga oshirib bo‘lmaydi.
Axborotni uzatish va qayta qabul qilishning raqamli texnikasi imkoniyati telekonferensiya-yangi texnik darajada telefon va televideniyening birga qo‘shilgani-telekonferensiyani tashkil etish imkoniyatini beradi. Telekonferensiyani o‘tkazish texnologiyasi bir paytning o‘zida turli masofadagi muassasalarning xodimlari o‘rtasida muloqot qilish imkonini yaratadi. Ishtirokchilar bunda nafaqat bir-birini ko‘rish va eshitish bilan birga yonma-yon, yuzma-yuz turgandek sharoitga ega bo‘ladilar.
Telekonferensiyaning asosiy afzalliklari quyidagilar:
1. Dolzarb masalalar muhokamasini tezkor tashkil etish va hududiy jihatdan uzoqda bo‘lgan, bu masalaga qiziqqan o‘rtoqlarni o‘z vaqgida xabardor qilib qo‘yish. Bu holatda biror joyga borishga va transport xarajatlariga zaruriyat qolmaydi. Mutaxassis o‘z ish joyidan uzoq vaqt ketmaydi.
2. Muhokama qilish uchun ishtirok etuvchi tashkilotlardan biridagi har qanday materialdan — jadval, diagramma, matndan foydalanish mumkin. Ba’zan ayrim hisob kitoblar qilish yoki model vaziyatlarni qaytarish zarur bo‘lib qoladi. Bularning barchasini telekonferensiya uchun foydalaniladigan texnika yordamida bajarish mumkin.
3. Telekonferensiya apparaturalari mavjud bo‘lganda, muhokama etiladigan muammo bo‘yicha qaror qabul qilish uchun qatnashishi zarur mutaxassislar doirasini kengaytirish mumkin. An’anaviy usullar orqali esa ishni amalga oshirish mushkul.
4. Telekonferensiya paytida ma’lumotlar bazasi bilan aloqa bo‘lganda deyarli har qanday ma’lumotnoma axborotidan foydalanish va u bilan butun telekonferensiya ishtirokchilarini tanishtirish mumkin bo‘ladi.
Telekonferensiya faksimil aloqa, televizionkamera, videomagnitofon, kompyuter, modem, displey, akustik apparatura kabi turli xil qurilmalarni jalb etishni talab qiladi. Odatda videokonferensiya o‘tkazish uchun maxsus zal ajratiladi va shu yerga televizion va akustik apparatura, boshqa texnikalar joylashtiriladi. Shu yerga aloqa liniyasi o‘tkaziladi. Binoga katta televizion ekran o‘rnatiladi.
Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi tizimi va umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quv moddiy bazalari bugungi kunda bir necha yo‘nalishda rivojlanmoqda:
— ta’lim oluvchilarning o‘quv-texnika vositalariga bemalol yondashishi, qo‘llashi;
— axborot texnologiyalaridan foydalanishi;
— o‘quv ko‘rgazmali vositalarni qo‘llashi;
— o‘qitish tizimining bir-biriga bog‘liqligi.
Hozirgi paytda to‘rtta yo‘nalishdagi yangi axborot texnologiyalarining ta’lim jarayonida qo‘llanilishi:
1. Nashriyot texnologiyalarini qo‘llash.
2. Telekommunikatsiya.
3. Katta maketlar va ommaviy axborot vositalari.
4. Kompyuter robotexnikasi.
Bugungi kunda texnologiyalarning qo‘llanilishini yaratish haqida bir talay qarorlar qabul qilingan. Ammo ushbu texnologiyalarni ishlatishdan oldin nafaqat pedagoglar, balki sanitariya-gigiyena va psixologlar tekshiruvlaridan so‘ng qo‘llash tavsiya etiladi.
Turli xil yo‘nalishlarga mo‘ljallangan ishlatish dasturlari foydalanuvchilar oldida bilim olishning hamma sohalarida keng imkoniyatlarni yaratadi. Ta’lim oluvchi nafaqat tayyor informatsiya bilan ishlaydi, balki o‘zi ham maketlar yaratish imkoniyatiga ega, matematik va iqtisodiy masalalarni ishlashi, turli xil vaziyatlarni modellashtirishi, tabiiy fanlar, iqtisodiyot, ekologik va gumanitar fanlar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishi mumkin.
Masofaviy o‘qitishning kelajagi porloqdir, chunki masofadan o‘qitish kompyuter texnologiyalari asosida amalga oshiriladi. O‘qitish jarayonining kompleks ravishda olib borilishiga katta ahamiyat beriladi. O‘qitish jarayonlari uchta asosiy funksiyani bajaradi. Ma’lumot beruvchi, tarbiyalovchi va rivojlantiruvchi. O‘qitish jarayonining ko‘rgazmali olib borilishida kompleksli o‘qitish, pedagogik jarayonning hamma asosiy funksiyalari o‘qitish vositalari orqali amalga oshiriladi. O‘qitish vositalaridan kompleks foydalanishning samaradorligi ularni qo‘llashda ratsional jihozlashga qo‘yilgan aniq talab va tavsiyalar quyidagicha:
 ko‘rgazmali qurol, tarqatma material va darsda qo‘llanilayotgan o‘qitish vositalarini keragidan ortiqcha qo‘llamaslik;
 darsda qo‘llaniladigan vositalar (plakat, sxema, model, maket, mulyaj va boshqalar), har doim oldindan ko‘rib chiqib tanlab olingan bo‘lishi va foydalanish tartibida tayyor bo‘lishi;
 texnik vositalar va boshqa ko‘rgazmali qurollarni oldindan ishlatib ko‘rish;
 individual qo‘llash uchun tanlangan didaktik ko‘rgazmali qurollar va boshqa qo‘llanmalar hamma ta’lim oluvchilarga yetarli bo‘lishi;
 har bir didaktik materialning qo‘llanish maqsadlari va o‘rnini aniq rejalashtirib olish.
Masofadan o‘qitish o‘quv materialini oliy darajada olib borish va o‘quv materialini translyatsiya qilish imkoniyatini beradi. Masofadan o‘qitishni tashkil qilish turlari:
 saqlab qo‘yilgan o‘quv mahsulotini kompyuter o‘qitish vositalari yordamida uzatish:
 turli xil masofada joylashgan sinf va guruhlarga bitta mashg‘ulotni uzatish:
 fan arboblari, pedagog novatorlar, metodistlarning ma’ruza va mashg‘ulolotlarini uzatish:
 telekonferensiyalar, munozalar:
 o‘quv uslubiyot materiallarining almashinuvi.
Telekommunikatsiya tizimlari yangi pedagogik va axborot hamda turli sohalardagi kasbiy bilimlarni eng qisqa vaqtda uzatish imkoniyatini beradi. Axborot texnologiyalarining rivojlanishi, o‘qitishning yana bir yo‘nalishini, ya’ni — media o‘qitishni vujudga keltiradi. Bunda ta’lim oluvchilar turli xil ommaviy axborot vositalarini (gazeta, jurnal, TV, kino, radio, video va boshqa) egallab olishga tayyorlash yo‘nalishida olib boriladi.
7.5. O‘qitish jarayoniga yangi axborot texnologiyalarini
kiritish yo‘llari
Bugungi kunda axborot texnologiyalari jamiyatimiz rivojlanishiga ta’sir etuvchi eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Axborot texnologiyalari insoniyat taraqqiyotining turli bosqichlarida ham mavjud bo‘lgan. Hozirgi zamon axborotlashgan jamiyatning o‘ziga xos xususiyati shundaki, axborot texnologiyalari barcha mavjud texnologiyalar, xususan yangi texnologiyalar orasida yetakchi o‘rinni egallamoqda.
Axborot texnologiyasi va texnik vositalar samarasini belgilaydigan didaktik materiallardan keng foydalanish zamonaviy pedagogik texnologiyalarning asosiy belgilaridan biridir. Milliy dasturda ta’lim-tarbiya jarayonini boshqarishning bu muhim vositasiga alohida urg‘u berilgan. Axborotli vositalar (kompyuter, elektron aloqa, radio, televideniye)dan foydalanish darajasi ikki omil bilan aniqlanadi:
1. O‘quv jarayoni uchun axborotli vositalar samara beradigan mavzular yuzasidan didaktik materiallarni ishlab chiqish.
2. Pedagoglarning o‘z amaliy faoliyatlarida texnik vositalar va didaktik materiallardan metodik jihatdan to‘g‘ri foydalana olish tayyorgarligini tekshirish.
Axborotli ta’lim jarayoni oldindan pedagogik loyihalangandagina ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin. Pedagogik jarayonni kompyuterlashtirish asosiy yo‘nalishlaridan biri va zamonaviy pedagogik texnologiyalarning shug‘ullanishi lozim bo‘lgan sohasidir.
Axborot texnologiyalari – bu odamlarning bilimlarini rivojlantiradigan, ularning texnika va ijtimoiy jarayonlarni boshqarish bo‘yicha imkoniyatlarini kengaytiradigan ma’lumotlarni tashkil etish, saqlash, ishlab chiqish, tiklash, uzatish usullari va texnik vositalaridir. Yana shuningdek, axborot texnologiyalari deganda, ma’lum bir maqsadga erishish uchun amalga oshiriladigan jarayonlar zanjiridan iborat yaratuvchi faoliyat tushuniladi. Agar texnologik zanjirni tashkil etuvchi jarayonlar — ular orasidagi axborot almashinuvini tashkil etish va ularni uyg‘unlashtirishda kompyuterlardan foydalanish imkoniyati yaratilsa, har qanday texnologiyaning samaradorligi ortadi. Albatta, buning uchun mazkur texnologiyani sinchiklab o‘rganish, jarayonlardagi va ular o‘rtasidagi axborot almashinuvini, shuningdek, jarayonlar zanjirini (ya’ni texnologiyani) boshqarishning axborot ta’minotini tahlil etish zaruriyati paydo bo‘ladi.
Hozirgi zamon axborot texnologiyalarining asosini quyidagi uchta texnika yutug‘i tashkil etadi:
1. Axborotning mashina o‘qiydigan tushunchalarda jamlash muhitining paydo bo‘lishi (magnit, lentalar, kinofilmlar, magnit disklar va h.);
2. Axborotni yer sharining istalgan nuqtasiga vaqt va masofa bo‘yicha muhim cheklashlarsiz yetkazishini ta’minlovchi aloqa vositalarining rivojlanishi, aholining aloqa vositalari bilan keng qamrab olinishi (radio eshittirish, televideniye, ma’lumotlarni uzatish tarmoqlari, yo‘ldosh aloqa, telefon tarmog‘i va h.);
3. Axborotni kompyuterlar yordamida berilgan algoritm bo‘yicha avtomatlashtirilgan ishlab chiqish imkonini (saralash, tasniflash, kerakli shaklda ifodalash, yaratish va h.) oshirish.
Axborot texnologiyalari, birinchidan, axborotning sirkulyatsiyasi va ishlov berish majmui, ikkinchidan, bu jarayonlarning tasviridir.
Axborot texnologiyalari ta’lim jarayonida muhim o‘rin tutib, quyidagi vazifalarni hal etishga yordam beradi:
 har bir odamga xos noyob fazilatlardan iborat individual qobiliyatlarni o‘qitilayotgan o‘quvchi va talabalarda ochish, saqlash va rivojlantirish, ularda bilish qobiliyatlarini, o‘zini o‘zi kamolotga yetkazishga intilishni shakllantirish;
 voqea va hodisalarni kompleks o‘rganishni, texnika, ijtimoiy, gumanitar fanlar va san’at orasidagi o‘zaro bog‘liqlikning chambarchasligini ta’minlash;
 o‘quv-tarbiya jarayonlarining mazmun, shakl va metodlarini doimiy dinamik yangilash.
Ta’lim tizimi nuqtai nazaridan axborot texnologiyalarining joriy etilishi bilan birga yuzaga keladigan quyidagi muammolar muhimdir:
1. Texnik muammolar – bular ta’lim tizimida foydalaniladigan elektron hisoblash va mikroprotsessor texnikasiga qo‘yiladigan talablarni, uni qo‘llash xususiyatlarini belgilaydi;
2. Dastur muammolari – bular ta’lim tizimida foydalanish uchun dastur ta’minotining tarkibi va turlarini, ularning qo‘llanish tarkibi va xususiyatlarini belgilaydi;
3. Tayyorgarlik muammolari – bular o‘qituvchi va o‘quvchi, pedagog va talabalarning hisoblash texnikasidan foydalanish uquvi bilan bog‘liqdir.
Bugungi kunda ta’limni axborotlashtirishda asosiy yo‘nalish turli o‘quv fanlari bo‘yicha pedagogik dastur vositalarini yaratishdan iborat bo‘lib qoldi. Ammo mavjud va ishlab chiqilayotgan kompyuter texnikasi bazasidagi pedagogik dastur vositalari o‘qitish nuqtai nazaridan ta’lim sifatida muhim siljishlarga olib kelishi mumkin. Buning sabablaridan biri kompyuter texnologiyalari an’anaviy tashkil etilgan o‘qitish jarayonida joriy etila boshladi. U o‘zining asosiy mazmuni va metodlari bo‘yicha mazkur texnologiyalarga yo‘naltirilmagan va ularga ehtiyoj sezmaydi.
Umuman olganda, ta’lim texnologiyalari doimo axborotli bo‘lgan, chunki ular ko‘p xil axborotni saqlash, uzatish, foydalanuvchilarga yetkazish bilan bog‘liq edi. Kompyuter texnikasi va kommunikatsiya vositalari paydo bo‘lishi bilan o‘qitish texnologiyalari tubdan o‘zgardi. Ta’lim jarayonida axborot texnologiyalarining amalga oshirilishi quyidagilarning mavjud bo‘lishini taqozo etadi:
— ta’limning texnik vositalari sifatida kompyuterlar va kommunikatsiya vositalari;
— ta’lim jarayonini tashkil etish uchun unga mos tizimli va amaliy dastur ta’minoti;
— ta’lim-tarbiya jarayonida yangi o‘quv texnika vositalarini tatbiq etish bo‘yicha mos metodik ishlanmalar.

Qisqa xulosa

Jamiyat hayotining jadal tarzda rivojlanishi, taraqqiyot ehtiyojlari va imkoniyatlarining kengayishi, turli-tuman axborotlar oqimining tezlashishini hisobga olib, zamonaviy ta’limning yangi shakl, vosita va usullaridan foydalanish mexanizmini yaratishni o‘z zimmasiga olmog‘i talab etiladi. Bugungi kunda turli tipdagi ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ta’limning o‘rni va darajasini aniqlashga yo‘naltirilgan tadqiqotlarda o‘qitish vositalarining imkoniyatlaridan keng foydalanish taqozo qilinadi. Shundagina ta’lim jarayonining natijalari fan, ishlab chiqarish, madaniyat, iqtisod hamda jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga xizmat qila oladi. Ushbu bobda o‘quv vositalarining tavsifnomasi, ishlab chiqarishja o‘qitish vositalari, ekran va tovushli ekran o‘qitish vositalari, o‘qitish vositalarining rivojlanish istiqbollari, axborot texnologiyalari xususida atroflicha fikr yuritilgan va bob bo‘yicha juda ko‘p axborotlar o‘rin olgan.

O‘z-o‘zini nazorat va muhokama uchun savollar:
1. O‘qitish vositalariga nimalar kiradi?
2. Hozirgi zamon o‘quv vositalariga misollar keltiring?
3. Tabiiy va moddiy obyektlarga nimalar kiradi?
4. Ekran va ekran tovushlik o‘qitish vositalari haqida fikr bildiring?
5. Axborot texnologiyalariga ta’rif bering?
6. Masofaviy o‘qitish deganda nimani tushunasiz?
7. O‘qitish vositalari qachondan boshlab ishlatilyapti?
8. Telekonferensiya deganda nimani tushunasiz?
9. Virtual stend nima va unga misol keltiring?
10. Axborot texnologiyalarining rivojlanishi haqida fikr bildiring?
Tavsiya etiladigan adabiyotlar:

1. Pedagogika professionalnogo obrazovaniya. Pod. red. V.A.Slastenina. — Moskva. Akademiya, 2004 g.
2. Professionalnaya pedagogika. Uchebnik dlya studentov. – M.: Pedagogika, 2002.
3. Ye.N.Pronina, V.V.Lukashevich. Psixologiya i pedagogika. Uchebnik dlya studentov VUZov. — M.: Elit, 2004 g.
4. Farberman.B.L. Progressivnie pedagogicheskiye texnologii.- T.: Fan, 1999.

VIII . Kasb ta’limida innovatsion texnologiyalar
8.1. Kasb pedagogikasida innovatsion texnologiyalar
8.2. O‘qitish texnologiyalari majmuaviy interaktiv tizim sifatida
8.3.Seminar darslarini tashkil etishda interaktiv metodlar
8.4. O‘qitish texnologiyalarini loyihalash
8.5. Pedagogik amaliyotda innovatsion texnologiyalarni qo‘llash
8.1. Kasb pedagogikasida innovatsion texnologiyalar
O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari va erkinligini kafolatlovchi jamiyatni ma’naviy yangilaydigan ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantiradigan va uni jahon hamjamiyati darajasiga ko‘tarib, uzviylikni ta’minlaydigan ochiq demokratik huquqiy davlat qurmoqda.
O‘zbekiston taraqqiyotida xalqning boy ma’naviy salohiyoti va umuminsoniy qadriyatlarga hamda hozirgi zamon madaniyati, iqtisodiyoti, ilmi, texnikasi va texnologiyasining so‘nggi yutuqlariga asoslangan mukammal ta’lim tizimini barpo etish dolzarb ahamiyatga ega.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturida ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy qilish va o‘zlashtirish zarurligi alohida ta’kidlab o‘tilgan.
Ta’limga 3 xil yondashuv
Ma’lumki pedagogikada talabalarning ta’lim jarayonidagi faolligini oshirishga qaratilgan bir necha o‘qitish uslublari ishlab chiqilgan; muammoli o‘qitish, ish faoliyatini ifodalovchi o‘yinlar, rollar bajarish, mavzuiy o‘qitish va hokazo. Ammo ular xalq ta’limi tizimida keng qo‘llaniladi deb bo‘lmaydi. Bizning fikrimizcha, buning sababi har bir mashg‘ulotga tayyorgarlik pedagogik izlanishni ko‘zda tutishni, yuksak kasbiy mahoratni, ijodiy yondashuv va ko‘p vaqt sarflashni talab qiladi. Odatda, har bir bunday mashg‘ulot ssenariysi o‘ziga xos xususiyatga ega va takrorlanmasdir.
Ta’limda og‘zaki — ko‘rgazmali yondashuv juda katta tajribaga ega va qismlarga ajratilib ishlab chiqilgan bo‘lib, ta’lim tizimida ulkan xizmat ko‘rsatdi, biroz bo‘lsa-da, takomillashuvni davom ettirmoqda, ammo bu takomillashuv yondashuvning qonuniyatlari doirasida cheklangandir. Jadal sur’atlar bilan o‘sib borayotgan fan va texnika talablari ta’lim tizimidagi islohotlar raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, shaxsni rivojlantirish, uning ma’lumot olish istaklarini qondirishga bo‘lgan jamiyat ehtiyojlari hamda o‘qitish uslublari o‘rtasida ziddiyatlar tug‘ilishiga olib keladi.
O‘zbekiston pedagoglari pedagogik texnologiya bilan yetarlicha tanish emaslar. Albatta bu holatni tuzatishga jiddiy e’tibor qaratish zarur. Ko‘p bosqichli ta’lim tizimida, yangi standartlar va dasturlar doirasidagi ta’lim jarayonini eskirgan uslubiyat bo‘yicha olib borilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Ta’lim tizimidagi keng qamrovli tarkibiy islohotlarni respublika pedagoglari ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘zlashtirish va o‘quv jarayoniga qo‘llash bilan mustahkamlashlari zarur. Avval ta’kidlanganidek, buning uchun pedagoglarimizni o‘quv jarayoniga texnologik yondashuvlarini o‘rgatish talab etiladi, bu esa pedagogik texnologiyadan foydalanish bilan bir qatorda uni O‘zbekiston madaniyati, an’analari va tajribasi bilan boyitishga olib keladi.
Pedagogik texnologiyaning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, unda o‘quv maqsadlariga erishishni kafolatlaydigan o‘quv jarayoni loyihalashtiriladi va amalga oshiriladi. Texnologik yondashuv, eng avvalo, tasvirlash emas, balki loyihalashtirilgan natijalarni amalga oshirish imkonini beruvchi amaliy ko‘rsatmali tuzilmada o‘z ifodasini topadi.
Maqsadga yo‘naltirilganlik, oraliq natijalarni tashxisli tekshirib borish, ta’limni alohida o‘qitish lavhalariga ajratish kabi usullar hozirgi kunga kelib qayta-qayta takrorlash mumkin bo‘lgan ta’lim texnologiyasi g‘oyasida mujassamlangan.
U asosan o‘z ichiga quyidagi omillarni oladi;
 ta’limda umummaqsadning qo‘yilishi;
 tuzilgan umummaqsaddan aniq maqsadga o‘tish;
 o‘quvchilarning bilim darajasini dastlabki (tashxisli) baholash;
 bajariladigan o‘quv tadbirlari majmuasi (bu bosqichda o‘quvchilar bilan muloqat asosida ta’limga joriy tuzatish) kiritilishi lozim;
 natijani baholash.
Ta’limga texnologik yondashuv
Tarbiyalash texnologiyasi — nisbatan yangi atama bo‘lishiga qaramay, rivojlangan mamlakatlarda keng tarqalgan. Tarbiyalash texnologiyasi yoshlar bilan tarbiyaviy ishlarning g‘oyasi, mazmuni, tarkibini emas, balki bu sohadagi hukumat ishlab chiqqan maqsad va vazifalarni samarali amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Tarbiyalash texnologiyasi mo‘ljallangan tarbiyaviy maqsadga samarali erishuvni ta’minlovchi vositalar majmuasini ko‘rib chiqadi. Shu bois professor-o‘qituvchilar uchun har tomonlama rivojlangan yuqori intellektual va ma’naviy barkamol fuqaro shaxsini shakllantirishga qaratilgan talabalarni hukumat siyosatiga muvofiq tarbiyalash texnologiyalarini egallashi dolzarbdir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 14 sessiyasida Prezident I.A.Karimov o‘z nutqida «Bizning oldimizda ozod fuqaro shaxsining ma’naviyatini boshqacha aytganda, ozod har tomonlama rivojlangan, o‘z huquqlarini yaxshi biladigan, kuchi va qobiliyatiga tayanadigan, atrofdagi hodisalarga, o‘zining mustaqil fikr va munosabati mavjud, o‘z manfaatlarini Vatan va xalq manfaatlari bilan uyg‘unlashtiradigan shaxsni tarbiyalash vazifasi turibdi» deb ta’kidlagan edi.
Ta’lim va tarbiya jurnalining 1996 yil 1 sonida e’lon qilingan «Oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida bo‘lg‘usi mutaxassislarning umumiy va kasbiy madaniyatini shakllantirish bo‘yicha jamlama tarbiyaviy ishlar rejasi» tarbiyaviy ishlarni dasturlashga misol bo‘la oladi. Ushbu dastur oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘quv yurtlari olimlari va pedagoglari guruhining mehnati mahsulidir. Uning asosi etib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning O‘zbekiston daxlsizligini mustahkamlash, uning buyuk kelajagini barpo etish, har bir talabani ko‘p qirrali barkamol va Vatanning yuksak g‘oyalariga sodiq shaxs sifatida tarbiyalash haqidagi ko‘rsatmalari olingan.
Dasturda quyidagi asosiy tarbiyaviy yo‘nalishlar va maqsadlar keltirilgan.
1. Fuqaro tarbiyasi. Eng yuksak milliy qadriyatlar va sifatlarni tarbiyalash, umuminsoniy qadriyatlarni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining milliy o‘z-o‘zini anglashni rivojlantirish.
2. Kasb egallashga, shaxsiy mas’uliyatni yuqori malakali bo‘lishga va kasbiy mahoratga intilishni tarbiyalash, mehnat faoliyatiga va doimiy ravishda malakani o‘stirib borishga undovchi sifatlarni tarbiyalash.
3. Oilaviy hayotga tayyorlash. Ota-ona va qondosh-qarindoshlar oila oldida mas’uliyat va javobgarlik hissini tarbiyalash.
4. Talabani shaxs sifatida rivojlantirish. Betakror shaxsiy sifatlar va ijtimoiy qiyofaning har tomonlama ijodiy rivojiga ko‘maklashish.
Zamonaviy tarbiyalash texnologiyasi — har tomonlama yondashuvni amalga oshiradi va quyidagi majburiy talablarga rioya qiladi:
1. Tarbiyalanuvchilarga uch yo‘nalish bo‘yicha ta’sir etiladi — tafakkuriga, sezgilariga va xulqiga.
2. Tarbiya (tashqi pedagogik ta’sir) va o‘z-o‘zini tarbiyalashning uzviyligi tufayli ijobiy natijaga erishiladi.
3. Tarbiya jarayonida ishtirok etuvchi barcha vosita va tadbirlarning muvofiqlashtirilishi; ijtimoiy institutlar, birlashmalar, ommaviy axborot vositalari, adabiyot, san’at, oila, maktab, huquq targ‘ibot idoralari, jamoalar — har tomonlama yondoshuvning zaruriy shartidir.
4. Shaxsning ma’lum sifatlari amaldagi tarbiyaviy ishlar majmui orqali hosil qilinadi. Bu ishlar yaqqol ko‘rinishda va ko‘p yoqlama bo‘lishi, ular bir vaqtning o‘zida aqliy, jismoniy, xulqiy, estetik va mehnat tarbiyasini uzviy holda olib borishi zarur.
5. Har yoqlama yaxlit tarbiyaviy yondashuv tarbiyachining tizimli munosabatini va boshqaruvini taqoza qiladi. Boshqaruv tarbiya jarayonida ishtirok etuvchi tashqi va ichki omillar va ularning o‘zaro ta’siri inobatga olingandagina muvaffaqiyatli bo‘lishi mumkin. Shu bois, u omillar haqida aniq tasavvurga ega bo‘lish zarur.
«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy qilish va o‘zlashtirish zarurligi ko‘p marta takrorlanib, ularni o‘quv muassasalariga olib kirish lozimligi uqtirilgan.
Respublikamizning taniqli olimlari ilmiy asoslangan, mintaqamizning ijtimoiy-pedagogik sharoitiga moslashgan pedagogik texnologiyalarni yaratish va ularni ta’lim-tarbiya amaliyotida qo‘llashga intilmoqdalar.
O‘quv-tarbiya ishlari jarayonida talaba yoshlarni ijodiy fikrlashga, o‘zgaruvchan vaziyatlarga o‘rgatish, erkin raqobat asosida faoliyatni tashkil etish hamda talabalarni axborot texnologiyalari, elektron darsliklar, versiyalar va multimedialardan amaliy mashg‘ulotlarda foydalanishi muhimdir. Bu esa talabalarda mustaqillik, erkin fikrlashni tarbiyalashni, o‘quv faoliyatini tahlil qilishni, istiqbolda kasbiy mahorat va kompyuter savodxonligini orttirish bo‘yicha rejalarini aniq belgilashiga erishishni ularning ichki ehtiyojiga aylantirish talab etiladi.
Innovatsion texnologiyalar ta’lim-tarbiya jarayonining bir tizimga solingan ilmiy-nazariy va metodik asoslangan yangi shakl, usul va vositalarining majmuidir. Bunda yangi mazmun, shakl, usul va vosita uyg‘unligida maqsad, vazifa, faoliyat va pedagogik natija yaxlitligi ta’minlanadi hamda o‘quv maqsadlariga erishishni kafolatlaydigan o‘quv jarayoni loyihalashtiriladi va amalga oshiriladi. Texnologik yondashuv, eng avvalo, tasvirlash emas, balki loyihalashtirilgan natijalarni amalga oshirish imkonini beruvchi amaliy ko‘rsatmali tuzilmada o‘z ifodasini topadi.
Ta’lim texnologiyasi reproduktiv dars berishga asoslangan bo‘lib, undagi o‘quv jarayoni talabalarga tipik holatlardagi harakatlarni egallashga yo‘naltirilgan. Reproduktiv bilim berish jarayonida mashg‘ulot aniq bo‘laklarga bo‘linib, har bir bo‘lagida talabalar bilishi va o‘rganishi shart bo‘lgan natijalar ko‘rsatiladi. O‘quv materiallari mashg‘ulot maqsadidan kelib chiqib, modullarga bo‘lingan va talabalarning o‘quv jarayonida aniq savollarga konkret javoblar topishi asosida qurilgan bo‘lib, savol va javoblar o‘zaro uzviy bog‘liqlikda bo‘lishi natijasida bir butunlikni tashkil qiladi.
Yangicha yondashuv, yangicha fikrlash asosida o‘qitish jarayonida talabalar faoliyatining samarali shakl va uslublari, ularning mustaqil ishlarini tashkil qilish kerak. Bunday mustaqil topshiriqlar talabalarni o‘ylashga, har tomonlama fikr yuritishga, berilgan topshiriqlarni o‘z hayotiy tajribalariga asoslanib hal etishga o‘rgatadi.
Ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarni o‘tish jarayonida muammoli vaziyat talabalarning qiziqishi, bilim saviyasi, fikr yuritish doirasi hisobga olingan holda tashkil qilinadi. Muammoli vaziyatni yaratishdan ko‘zlangan asosiy maqsadni amalga oshirish uchun vaziyatni baholashda talabalarning og‘zaki va yozma javoblaridan vaqti-vaqti bilan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Innovatsion texnologiyalar asosida bahs-munozara darslari, aqliy hujum o‘yinlaridan keng ko‘lamli bilim, tajriba va mustaqillikka asoslangan holda mashg‘ulotlar tashkil etilsa, quyidagi natijalarga erishiladi:
 mashg‘ulotlar davomida talabalarning mustaqilligi, ixtiyoriyligi va erkinligiga erishiladi;
 talabalar o‘z fikr va qarashlarini himoya qilishga o‘rganadilar, ularni boshqalarga yetkazish mahoratini egallaydilar;
 talabalar jamoa fikriga tayanishga, uni hurmat qilishga o‘rganadilar va ularda o‘zaro hurmat hissi ortib boradi;
 talabalar o‘quv faniga doir materiallar bilan mustaqil ishlashga, izlanishga, o‘qitishning samarali shakl va uslublaridan ijodiy foydalanishga odatlanib boradi;
 talabalarda bilimlarni mustaqil egallash, ijodiy fikr yuritish va erkin fikrlash malakalari shakllanadi;
 o‘quv mashg‘ulotlarida axborot texnologiyalaridan foydalanishga, o‘zaro fikr almashishga, pedagogik faoliyatni tanqidiy tahlil qilish va taqqoslashga o‘rganadilar.
Bugungi kunda tarkib topgan ta’limning eng muhim elementlari qadimdan shakllanib kelgan va o‘zining ahamiyatini hozirda ham yo‘qotmagan. Ta’lim maqsadi, mazmuni, shakllari, uslub va vositalari pedagogikada ta’lim jarayonlarini tahlil qilish uchun qo‘llaniladigan an’anaviy kategoriyalar bo‘lib hisoblanadi. Aynan shu kategoriyalar ma’lum bir predmet, mutaxassislik yoki ixtisoslik bo‘yicha o‘quv tarbiyaviy jarayonni tashkil qiluvchi pedagog faoliyatining predmeti sifatida yuzaga chiqadi. Qayd etilgan pedagogik kategoriyalarni maqsadga muvofiq ravishda yo‘naltiruvchi pedagogik va o‘quv faoliyatining qonuniyat va mezonlari tizimlashtiruvchi omil vazifasini bajaradi.
Pedagogik jarayonning mohiyati – o‘qituvchining ta’lim oluvchi bilan birgalikdagi faoliyatida o‘z aksini topadi, bunda pedagog ta’lim oluvchiga qiyinchiliklarni yengib o‘tishi uchun yordam beradi. Pedagogik yordamning mohiyati pedagogik jarayonning yo‘naltirilganligi va tavsifida hamda shaxsni shakllantirish va tarbiyalashda hal etiladigan vazifalar bilan ifodalanadi. Bu vazifalar eslatgan, ko‘rsatgan, tushuncha bergan, yo‘naltirgan, haqqoniylashtirgan, maslahat bergan, bartaraf etgan, hamdardlik qilgan, talabchanlikni qo‘llab-quvvatlagan kabi holatlarda namoyon bo‘ladi.
Pedagogik texnologiyaning boshqaruvchanligi shundan iboratki, bunda ta’lim jarayonini rejalashtirish, tashhis qilish, natijalash, tuzatish kiritish imkoniyatlari mavjud. Bunda ta’limdan kutilgan natijaga erishiladi, vaqt tejaladi, bu esa pedagogik texnologiyaning samaradorligi demakdir. Pedagogik texnologiyaning tasdiqlanuvchanligi — ishlangan model boshqa pedagoglar qo‘llaganda ham xuddi o‘shanday samara-natija berishi kerakligini bildiradi. Bir so‘z bilan aytganda, ta’lim jarayoniga yangicha yondashib, ijodkorlik, bunyodkorlik tadbiq etilsagina, ta’lim samarasi yangi bosqichga ko‘tariladi, ya’ni:
• talabaning talabi, moyilligi, istak xohishi, uning imkoniyatlari darajasida qondiriladi;
• talabaning o‘quv mehnatiga mas’uliyati, javobgarligi va burchi oshadi;
• bilimlarni mustaqil egallash malakalari shakllanadi;
• unda umr bo‘yi o‘z bilimini o‘zigina boyitishi mumkinligiga ishonch paydo bo‘ladi;
• erkin fikrlash malakasi shakllanadi;
• shaxs jamiyatda o‘zining o‘rnini tezroq topib olishiga muhit yaratadi.
Buning uchun biz talabaga «sen buni bilishing kerak» degan majburlovchi da’vatdan «menga bu zarur va men buni bilishga uni hayotda qo‘llashga qodirman» degan ichki ishonch va intilishni uyg‘otishga o‘tishimiz kerak.
Shunday qilib, oliy o‘quv yurtlarida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash talabalarning bilish faoliyatini faollashtirish, o‘quv mashg‘ulotlari samaradorligini, o‘qituvchilarning kasbiy tayyorgarligi, o‘qitishda masofaviy ta’lim va kompyuter savodxonligini orttirishga zamin tayyorlaydi.
8.2. O‘qitish texnologiyalari majmuaviy interaktiv tizim sifatida
Zamonaviy o‘qitish texnologiyalari – majmuaviy interaktiv tizimlar bo‘lib, ular o‘z ichiga ta’lim maqsadlari bilan belgilangan kasbiy ko‘nikma va malakalarning, shaxs xislatlarining o‘rganuvchilar tomonidan egallanishi hamda bilimlarni o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan operatsiya va harakatlarning tartiblashtirilgan to‘plamini qamrab oladi. Bu o‘rinda ta’lim maqsadlarining belgilanishi, mazmunni tanlash va ishlab chiqishga, ta’lim jarayonlarini tashkil qilishga, ta’lim metod va vositalarining belgilanishiga, shuningdek, o‘qituvchilarning malaka darajasiga, erishilgan natijalarni baholash metodiga asoslanishi lozim. Keltirilgan mezonlarning majmuaviy qo‘llanilishi o‘quv jarayoni mohiyatini va uning texnologiyasini belgilab beradi.
O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuni va «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi» har bir o‘qituvchining oldiga dunyoga yangi ko‘z bilan qaraydigan, uddaburon, ishning ko‘zini biluvchi, buyuk kelajagimiz poydevorini quruvchi va yuksaltiruvchi mutaxassis kadrlarni tayyorlash vazifasini qo‘ydi. Bunday ulkan vazifalarni amalga oshirishda o‘qitish amaliyotiga zamonaviy va jahonning eng ilg‘or ta’lim texnologiyalarini qo‘llashni davr taqozo etmoqda.
Ma’lumki, har qanday pedagogik texnologiya ta’limni rivojlantiruvchi yangi tamoyillarga asoslangan bo‘lib, u o‘quvchi-talaba shaxsini shakllantirishga yo‘naltirilmog‘i kerak. Yangi pedagogik texnologiya markazida ta’lim jarayonining rahbari hamda shu jarayonning subyekti va obyekti bo‘lgan o‘qituvchi va o‘quvchi-talaba turadi. Shunday ekan, bu ikki shaxs o‘rtasidagi o‘zaro muloqot, hamkorlik, bir-biriga ko‘rsatadigan ta’sir jarayonlari yuksak darajada, zamonaviy va milliy talablar asosida bo‘lishi lozim. Buning uchun ta’lim jarayoni, o‘qituvchi va ta’lim-tarbiya jarayoni oldiga qo‘yilgan talablar, ta’limni tashkil etish va boshqarish tamoyillari hamda yo‘llari o‘quvchi-talabani aqliy va jismoniy jihatdan rivojlantirish usullari, u bilan hamkorlik qilish, uni o‘qish va o‘rganishga yo‘naltirish, o‘quvchi-talaba shaxsiy faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, ular bilan muloqotga kirishish, muammo va kelishmovchiliklarni bartaraf etish, auditoriyada ijodiy, ishchanlik muhitini vujudga keltirish, o‘quvchi-talaba faoliyatini aniq va to‘g‘ri baholash metodlari bilan qurollangan bo‘lishi lozim.1
Zamonaviy ta’limni tashkil etishga qo‘yiladigan muhim talablardan yana biri ortiqcha ruhiy va jismoniy kuch sarf etmay, qisqa vaqt ichida yuksak natijalarga erishishdir. Qisqa vaqt orasida muayyan nazariy bilimlarni o‘quvchilarga yetkazib berish, ularda ma’lum faoliyat yuzasidan ko‘nikma va malakalarni hosil qilish, shuningdek, ta’lim oluvchilar faoliyatini nazorat etish, ular tomonidan egallangan bilim, malakalar darajasini baholash, o‘qituvchidan yuksak pedagogik mahoratni talab etadi.
Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda bu borada katta tajriba to‘planib, interfaol metodlar nomi bilan yuritilmoqda. 1996 yildan buyon mamlakatimiz ta’lim tizimi xodimlari o‘rtasida interfaol metodlar va ulardan ta’lim jarayonini tashkil etishda foydalanish borasidagi nazariy va amaliy bilimlar targ‘ib etib kelinmoqda.
Biz amaliyotda qo‘llagan va ijobiy natija bergan texnologiyalardan biri bu — «BLITS-O‘YIN» metodidir.
Ushbu texnologiya talabalarni harakatlar ketma-ketligini to‘g‘ri tashkil etishga, mantiqiy fikrlashga, o‘rganayotgan predmeti asosida ko‘p, xilma-xil fikrlardan, ma’lumotlardan kerakligini tanlab olishni o‘rgatishga qaratilgan. Bu texnologiya davomida o‘quvchilar o‘zlarining mustaqil fikrlarini boshqalarga o‘tkaza oladilar.
Maqsad:
«Blis-o‘yin» texnologiyasi talabalarga tarqatilgan qog‘ozlarda ko‘rsatilgan harakatlar ketma-ketligini avval yakka holda mustaqil ravishda belgilab, so‘ngra o‘z fikrini boshqalarga o‘tkaza olish yoki o‘z fikrida qolish, boshqalar bilan hamfikr bo‘la olishga yordam beradi.
O‘TKAZILISH JARAYONI
1-BOSQICH.
— o‘qituvchi ushbu o‘yin bir necha bosqichda o‘tkazilishi haqida talabalarga tushuncha beradi. Har bir bosqichdagi vazifani bajarishga aniq vaqt ajratilishi, talabalar esa shu vaqtdan unumli foydalanishlari kerakligi haqida ularni ogohlantiradi;
— talabalarga alohida-alohida tarqatma material beriladi;
— o‘qituvchi tarqatma material mazmuni va bajariladigan vazifani talabalarga tushuntiradi, ya’ni tarqatma materialda berilgan harakatlarni ketma-ketligini to‘g‘ri belgilash, belgini esa qog‘ozdagi alohida ajratilgan bo‘limga raqamlar bilan ko‘rsatish kerakligini tushuntiradi;
— berilgan topshiriq avval yakka tartibda bajarilishini aytadi.
2- BOSQICH
— o‘qituvchi birinchi berilgan topshiriqni har bir talaba tomonidan yakka tartibda bajarilishini kuzatadi va tushunmovchiliklar yuzaga kelganda yordam ko‘rsatadi;
— har bir talaba tarqatma materialdagi «yakka baho» bo‘limiga shu yerda berilgan harakatlardan o‘zining shaxsiy fikri asosida mantiqiy ketma-ketligini raqamlar bilan belgilab chiqadi, ya’ni berilgan bir nechta harakatdan, uning fikricha qaysi biri birinchi bo‘lishi, qaysi biri esa ikkinchi bo‘lishini belgilaydi, o‘qituvchi bu vazifani bajarish uchun talabalarga 10 daqiqa vaqt beradi.
3-BOSQICH
— o‘qituvchi talabalardan 3 kishidan iborat kichik guruhlar tashkil etishlarini so‘raydi. 3 kishilik guruhlar o‘quvchilarning xohishlariga qarab yoki raqamlar bo‘yicha tashkil etilishi mumkin;
— kichik guruhlardagi talabalarning har biri o‘z qog‘ozidagi yakka baho bo‘limida belgilangan harakatlar ketma-ketligi bilan bir-birlarini tanishtiradilar, keyin 3 kishida uch xil bo‘lgan ketma-ketlikni birgalashib, bir-birlari bilan tortishib, bahslashib, ta’sir o‘tkazib kelishgan holda ularga tarqatilgan qog‘ozdagi «guruh bahosi» bo‘limiga raqamlar bilan belgilab chiqadilar;
— o‘qituvchi kichik guruhdagi tortishuvlarda ishtirok etmaydi, faqat kichik guruhlar va har bir talaba faoliyatini kuzatadi, bu vazifani bajarish uchun 20 daqiqa vaqt beriladi.
4-BOSQICH
Barcha kichik guruhlar o‘z ishlarini tugatgach, o‘qituvchi harakatlar ketma-ketligi bo‘yicha to‘g‘ri javobni beradi, ya’ni talabalarga tarqatilgan qog‘ozlardan «to‘g‘ri javob» bo‘limini topishni va unga o‘qituvchi tomonidan aytilgan harakatlar ketma-ketligining raqamlarini yozishni so‘raydi.
5-BOSQICH
O‘qituvchi «to‘g‘ri javob» bo‘limida berilgan raqamlarning «yakka baho» bo‘limida berilgan raqamlarni (yoki aksincha), ya’ni kattadan-kichikni ayirgan holda «yakka xato» bo‘limiga chiqqan farqni yozishni so‘raydi. «yakka baho» bo‘limidagi sonlarni yuqoridan pastga qarab qo‘shib chiqib umumiysini hisoblashlari kerakligini uqtiradi.
6-BOSQICH
Xuddi shu tartibda «to‘g‘ri javob» va «guruh bahosi» o‘rtasidagi farq kattadan-kichikni ayirish orqali bajariladi, chiqarilgan farqlar soni «guruh xatosi» bo‘limiga yozilib, yuqoridan pastga qarab qo‘shiladi va umumiy son keltirib chiqariladi.
7-BOSQICH
O‘qituvchi yakka va guruh xatolarining umumiy soni bo‘yicha tushuncha beradi, ularni alohida-alohida sharhlaydi.
IZOH: Bajarilgan vazifani baholashning yana bir turi, quyidagicha: talaba-o‘quvchilarning javoblari o‘qituvchi tomonidan berilgan «to‘g‘ri javob»ning yarmidan ko‘piga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, demak, «qoniqarli», 75%ga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, «yaxshi», 100%ga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa «a’lo» deb belgilash mumkin.
Umuman olganda, hozirgi kunda innovatsion texnologiyalar, axborot texnologiyalari o‘qitishning asosiy vositalari bo‘lib xizmat qilmoqda. Chunki bularning qo‘llanilishi talabalarning o‘quv jarayoniga faol jalb kilinishini ta’minlaydi. Shuning uchun ta’lim texnologiyalari bazasida kompleks o‘qitish vositalari konsepsiyasi ishlab chiqilishi zarur bo‘lib, mazkur konsepsiya doirasida yangi axborot texnologiyalarini qo‘llanilishi o‘quv jarayonini samarali kechishiga olib keladi.
8.3. Seminar darslarini tashkil etishda interaktiv metodlar
Seminar musobaqa darslarini tashkil etish usuli 1976 yildan beri qo‘llanilib kelinadi. Bu usul talabalarning qiziqishini va faolligini oshiradi. Bu usulga tayyorgarlik ko‘rish uchun talabalar oldindan ogohlantiriladi va mavzu e’lon qilinadi. Talabalar guruhi ikki kichik guruhchalarga bo‘linadi. Ularning har biri mavzu bo‘yicha savollar tayyorlab kelishi lozim. Seminar boshida talabalar musobaqa shartlari bilan tanishtiriladi. Bunda faqat javoblar uchun emas, balki savollarni to‘g‘ri va aniqligi uchun, qo‘shimcha va tuzatishlar kiritish uchun ham ma’lum ballar belgilanadi. Guruh talabalarining barchasi faol qatnashishlari uchun esa minus ballar ham ko‘rsatilishi mumkin, masalan, +3 dan –3 gacha noto‘g‘ri javoblar va savollar uchun ballarni ayirish usuli ishlatilishi mumkin. Musobaqa davomida doskaga to‘plangan ballar yozib borilishi mumkin. Seminar oxirida g‘olib guruh qatnashchilari qo‘shimcha ballar bilan rag‘batlanishi mumkin. Pedagog esa sinchkovlik bilan javoblarni eshitib, har bir talabaga baho qo‘yib borishi lozim. Bu usul bilimlarning yanada mustahkamroq egallanishiga, nutq madaniyatining oshishiga, savollarning to‘g‘ri tuzilishiga, o‘z fikrini bayon etishga o‘rgatadi. Eng muhimi esa talabalarda mustaqil bilimlarni egallash, qidirish, mavzuga ijodiy yondashish oshadi. O‘rganilayotgan mavzu har tomonlama tahlil etiladi va hayotiy jarayonlar bilan bog‘lanadi.1
Kichik guruhchalar usuli
Bu usulda guruh talabalari bir necha guruhga bo‘linadi, har bir guruhda 4-6 tadan talaba bo‘lishi mumkin. Har bir guruhning rahbari tayinlanadi. Ularga oldindan vazifa beriladi. Guruh talabalari seminarga birgalikda tayyorlanib o‘z savollarini to‘liq ochib berishga harakat qilishlari kerak. Boshqa guruhlar asosiy ma’ruzachiga savollar beradilar, savollarga guruhning talabalari javob berishda yordam beradilar. Asosiy ma’ruzachi himoyasidan so‘ng opponentlar savolni yanada to‘liqroq izohlab berishlari kerak. Uchinchi va to‘rtinchi guruh talabalari o‘z fikrlarini bildirgach, tadqiqot olib borgan guruhga baho qo‘yib, unga izoh berishlari kerak. Bunday usulda ish olib borish uchun guruhlarni tuzishda talabalarning bilimi teng bo‘lishiga harakat qilish kerak. Guruh rahbari qilib yaxshi o‘zlashtiruvchi talabalarni tanlash lozim. Bu usulda talabalarning mustaqil ishlashi, ijodiy yondashishi, jamoa bo‘lib ish bajarish kabi malakalari rivojlanadi. Talabalarning o‘zaro munosabati chuqurlashadi va individual xususiyatlar namoyon bo‘lishi ortadi.
Ma’lum bo‘limlar tugagach esa, bo‘lim yuzasidan turli musobaqalar o‘tkazish mumkin: ekspress metodi, KVN metodi (Slaboye zveno), bo‘sh zanjirlarini topish metodi, munozara metodi, muammoli vaziyatlar metodi va boshqalar.
Iqtisodiy ta’limda masala, grafik va modellashtirishning ahamiyati. Iqtisodiy ta’limda ma’ruza va seminar darslarida iqtisodiy rivojlanish qonuniyatlarini o‘rganish turli masalalarni ishlash bilan birgalikda olib borilishi samaradorlikni oshiradi. Ma’ruza davomida 2-3 yillik qisqa muddatda ishlanuvchi masalalarni ishlash, seminar darslarida va uy vazifalarini rejalashtirishda esa bir oz murakkabroq masalalarning yechimini topishga da’vat etiladi (Masalan: qo‘shimcha qiymat qonuni). Sxema, grafiklar ayniqsa iqtisodiyotda keng qo‘llanilishi zarur bo‘lgan ko‘rgazmali vosita hisoblanadi. Chunki ular talabalar tasavvurini shakllantirishning xotirada ma’lumotlarni aniq saqlanib qolishiga yordam beradi.
Ammo sxema va grafiklarni tuzishda o‘zaro bog‘liqlik, jarayonning izchilligi va eng muhim mantiqiylikka e’tibor qaratilishi kerak. Grafiklar jarayonning rivojlanishini o‘zida to‘g‘ri aks ettirishi lozim. Shundagina ular talabga javob beradi. Sxemalar mantiqiylik va izchillik asosida tuzilishi va ish jarayonini aniq ko‘rsatishi talab etiladi.
8.4. O‘qitish texnologiyasini loyihalash
O‘qitish texnologiyasini loyihalashni pedagogik vazifaning qo‘yilishi va uni hal etishga qurish asosida qaraymiz.
1. Pedagogik vazifaning qo‘yilishi.
2. Didaktik jarayonni ishlab chiqish.
Pedagogik vazifaning belgilanishi quyidagilarni qamrab oladi:
— ta’lim maqsadlarini tahlil qilish va shu asosda o‘quv predmetining mazmunini aniqlash;
— o‘quv predmeti mazmunini tuzilmasini ishlab chiqish va uni o‘quv elementlari tizimi ko‘rinishida ifodalash;
— o‘quv elementlarini o‘zlashtirish darajalarini belgilash;
— ta’lim oluvchilarning dastlabki bilim darajasini aniqlash, bu ko‘rsatkich o‘quv predmetining mazmuni asoslanadigan o‘quv materialini o‘zlashtirganlik darajasidan kelib chiqadi;
— o‘quv-moddiy baza hamda ta’limning tashkiliy shakllariga qo‘yiladigan chegaralarni belgilash.
Pedagogik vazifalarning hal etilishini ta’minlovchi o‘qitish texnologiyasini loyihalashga qaratilgan o‘qituvchi faoliyati ta’limning metod, shakl va vositalarini shakllantirish bilan belgilanadi. Boshqacha qilib aytganda pedagog faoliyati uchta asosiy tashkil etuvi bilan tavsiflanadi: boshqarish turi, axborot almashinuv jarayonining turi, axborotni uzatish vositalari tiplari va bilish faoliyatini boshqarish. O‘qitish jarayoniga faoliyat nuqtai nazaridan yondashish konsepsiyasiga asoslanib, uni tashkillashtirishning quyidagi mantiqiy ketma-ketligini qurish mumkin. Dastlab o‘quv materiali mazmunining tavsifi, uni o‘rganishdan ko‘zlangan maqsad hamda pedagogik vazifaning qo‘yilish shartlari tahlil etiladi. So‘ngra o‘qitishning mos ravishdagi metodlari hamda ta’lim oluvchilar bilish faoliyatini boshqarish sxemasi belgilab olinadi. Shu asosda o‘qitish vositalari ro‘yxati tuziladi. Ushbu usul bilan hosil qilingan metodlar va ta’lim vositalari tizimi tashkiliy shakllar bilan uyg‘unlashtiriladi, ya’ni texnologiya ishlab chiqiladi.
Ta’lim jarayoni stoxastik xarakterga ega. Unda kutilgan va kutilmagan, rejalashtirilgan, favqudlodda va tasodifiy hodisalar ham uchrab turadi. O‘rganilgan bilimlarga ishlov berish jarayonida ham joriy nazorat natijalariga asoslanib loyihaga yangi o‘zgarish, qo‘shimcha va tuzatishlar kiritiladi;
— bo‘lim yoki mavzu bo‘yicha umumiy xulosalar chiqarish, chiqarilgan xulosalarni murakkab o‘quv holatlariga tatbiq qilish, oraliq nazorat natijalariga ko‘ra mavzu yoki bo‘lim bo‘yicha axborot to‘plash, to‘plangan axborotlarga ishlov berish jarayonlarida talabalar erishgan yutuqlarni tahlil qilish, talabalarning bilim va malakasi, ijodiy faoliyat tajribasidagi kamchiliklarini ko‘rsatish, guruhdagi har bir talabaga yakuniy nazoratgacha bajariladigan qo‘shimcha topshiriqlarni berish, ularni o‘quv materialini yanada atroflicha o‘zlashtirishga rag‘batlantirish;
— yakuniy nazoratning asosiy vazifasi talabalarning ma’lumot va ta’lim mazmuni elementlarini etalon darajasida o‘zlashtirishlarini aniqlash, etalon darajasidan past o‘zlashtirgan o‘quvchi-talabalarni ogohlantirish, qo‘shimcha topshiriqlar berish kabilardan iborat.
Pedagogik texnologiya ta’lim maqsadini aniq o‘rnatishdan boshlab to uning natijalarini baholashgacha bo‘lgan bosqichlarning har biri uchun ijodiy faoliyatni talab etadi. Pedagog faoliyatining texnologiyalanuvchanlik darajasini prof. N.Sayidahmedov quyidagi mezonlar asosida alohida ajratib ko‘rsatgan.1
1. Tashxislanuvchan o‘rnatilgan maqsad – talabalar tomonidan didaktik, jarayon mahsuli sifatida o‘zlashtirilgan aniq o‘lchamli tushunchalar, amallar va faoliyat turlari.
2. Ta’lim mazmunini o‘quv elementlari yordamida bayon qilishda abstraksiya pog‘onalarining va axborotlarni o‘zlashtirish darajasining hisobga olinishi.
3. O‘quv materiallarini o‘zlashtirish bosqichlarining yetarlicha mantiqiy qat’iyanligi – didaktik jarayon tuzilmasiga mosligi.
4. O‘quv jarayoniga yangi vositalar va axborotlashtirish usullarining joriy etilishi.
5. O‘qituvchining qoidabop (algoritmli) va erkin, ijodiy faoliyatidagi mumkin bo‘lgan chetga chiqish chegarasining ko‘rsatilishi.
6. Talaba va o‘qituvchi faoliyatida shaxsiy motivlashganlikning ta’minlanishi (erkinlik, ijodiyot, kurashuvchanlik, hayotiy, kasbiy mohiyat va boshqalar).
7. O‘qitish jarayonining har bir bosqichida kommunikativ munosabatlarning, axborot texnikalari bilan muomala qilishning maqsadga muvofiqligi.
Yuqorida berilgan ko‘rsatkichlar loyihalangan o‘quv jarayonining texnologik darajasini to‘liq ifodalaydi, ularning amalda joriy etilishi esa pedagogni yuqori malakali mutaxassisga aylantiradi, talabaning nufuzini oshiradi va ijodiy faoliyatni rivojlantirishning yangi qirralarini ochadi.
Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar talimi tizimida ta’lim texnologiyasi asosida o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar an’anaviy pedagogik amaliyotdan qator xususiyatlariga ko‘ra farq qiladi:
— mashg‘ulotlar talabalarning o‘quv maqsadlarini oydinlashtirishdan boshlanadi;
— ta’lim-tarbiya jarayoni oldindan qayd etilgan natijaga mo‘ljallab tashkil etiladi;
— har bir talaba o‘z faoliyati xususiyatlariga mos keladigan sur’atda ishlaydi;
— jamoa a’zolarining har biri o‘zlari erishgan natijadan tez-tez ogohlantirib turiladi; erishilgan natija ta’limning har bir bosqichida etalonga birlashtirib turiladi;
— natija talabalarning asosiy o‘quv maqsadlariga ko‘ra aniqlanadi;
— o‘quv materialini to‘liq o‘zlashtirgan talaba keyingi mavzuni o‘rganishga o‘tadi;
— etalondan past o‘zlashtirgan talabalar uchun ta’lim o‘xshash sharoitlarda takrorlanadi;
— talaba uchun o‘qish-o‘rganish harakatiga teng maqsadlarni amalga oshirishdan boshlanadi;
— talaba harakatga teng maqsadlardan oraliq maqsadga – bilimlarga, undan umumiy o‘quv maqsadiga qarab boradi;
— harakatga teng maqsaddan umumiy o‘quv maqsadiga qarab borish o‘qish-o‘rganishning siklligini ta’minlaydi;
— yakuniy (nazorat) baho o‘quv kursi to‘liq o‘rganilgach chiqariladi.
Bugungi kunga kelib, interfaol metodlar, innovatsion texnologiyalar, pedagogik va axborot texnologiyalarini ta’lim jarayonida qo‘llashga bo‘lgan qiziqish, e’tibor kundan-kunga kuchayib bormoqda. Demak, buning asosiy sabablaridan biri, shu vaqtgacha an’anaviy ta’limda talabalar faqat tayyor bilimlarni egallashga o‘rgatilgan bo‘lsa, zamonaviy texnologiyalar esa, ularni egallayotgan bilimlarini o‘zlari qidirib topishlariga, mustaqil o‘rganib, tahlil qilishlariga, hatto xulosalarni ham o‘zlari keltirib chiqarishlariga o‘rgatadi. O‘qituvchi bu jarayonda shaxsning rivojlanishi, shakllanishi, bilim olishi va tarbiyalanishiga sharoit yaratadi va shu bilan bir qatorda boshqaruvchilik, yo‘naltiruvchilik funksiyalarini bajaradi. Ta’lim jarayonida o‘quvchi asosiy figuraga aylanadi.1
Pedagogik texnologiya usulining o‘ziga xos xususiyati shundaki, unda ta’limning rejalashtirilgan maqsadiga erishishni kafolatlaydigan o‘zlashtirish jarayoni loyihalashtiriladi.
Maqsadni ko‘zlash, joriy natijalarni tekshirib borish, o‘quv materialini ayrim bo‘laklarga ajratish – o‘quv jarayonini tashkil etishning bu belgilari — qayta ishlab chiqiladigan ya’ni takrorlanadigan ta’lim sikliga xos xususiyatlardir.
Boshqacha aytganda, takrorlanadigan ta’lim siklining asosiy qismlari quyidagilar:
 ta’lim maqsadlarini umumiy belgilash;
 umumiy maqsadni oydinlashtirib, o‘quv maqsadlariga aylantirish;
 o‘quv amallari majmui;
 ta’lim natijasini baholash.
O‘quv jarayoni bunday takrorlanadigan shaklga ega bo‘lgani uchun modul xarakterini kasb etadi, alohida qismlarga ajratiladi, ular turli mazmunga va umumiy tuzilishga ega bo‘ladi.
2-chizma
O‘quv jarayonining tuzilishi
xatoni tuzatish
xatoni tuzatish
Aslida bu, pedagogik faoliyatning siklli algoritmi bo‘lib, uni ta’lim mazmunining yangi-yangi bo‘limlariga, mavzulariga qo‘llash mumkin.
Ta’lim jarayonini pedagogik texnologiyaga binoan tashkil etish uchun loyihalashtirish bosqichida yuqori malaka talab etiladi, yetakchi pedagoglar guruhi pedagogik texnologiya qoidalari va prinsiplari asosida metodik materiallarni ishlab chiqadi Bunday materiallar mavjud bo‘lsa, o‘qituvchining vazifasi asosan tashkiliy ishlar va maslahat berishdan iborat bo‘ladi.2
O‘quv jarayonining hamma bosqichlarida asosiy e’tibor ta’lim natijasiga erishishga qaratiladi.
Professor M.Ochilov pedagogik texnologiya usuliga quyidagilarni kiritgan:
1. Ta’limning umumiy maqsadlari, muhim masalalari tasnifi.
2. Oydinlashtirilgan maqsad (o‘quv vazifa)larini ishlab chiqish.
3. Ta’limning maqsadlarini nazorat (test) topshiriqlariga aylantirish.
4. Maqsadlarga erishish usullari.
5. Ta’lim maqsadlariga erishilganini baholash.
Bularning har biri pedagogik amallarning qulaylashtirilgan tizimidir.
Pedagogik texnologiyalar masalalari, muammolarini o‘rganayotgan mutaxassislarning fikriga ko‘ra, pedagogik texnologiya – bu faqat axborot texnologiyasi bilan bog‘liq, hamda o‘qitish jarayonida qo‘llanishi zarur bo‘lgan TSO, kompyuter, masofali o‘qish, yoki turli xil texnikalardan foydalanish demakdir.
3-chizma
Pedagogik texnologiya usulining umumiy tuzilmasi

Xatoni tuzatish Joriy nazoratga
(xususiy o‘quv binoan xatoni
maqsadlari uchun) tuzatish

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, pedagogik texnologiyaning asosiy negizi-bu o‘qituvchi va o‘quvchi-talabaning belgilangan maqsaddan kafolatlangan natijaga hamkorlikda erishishlari uchun tanlagan texnologiyalariga bog‘liq, ya’ni o‘qitish jarayonida, maqsad bo‘yicha kafolatlangan natijaga erishishda qo‘llaniladigan har bir ta’lim texnologiyasi o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi hamkorlik faoliyatini tashkil etgani holda, ijobiy natijaga erisha olsa, o‘quv jarayonida o‘quvchi-talabalar mustaqil fikrga ega bo‘lib, ijodiy faoliyat yurita olsalar, izlansalar, tahlil etib, o‘zlari xulosa qila olsalar, o‘zlariga, guruhga, guruh esa ularga baho bera olsa, o‘qituvchi tomonidan esa ularning bunday faoliyatlari uchun imkoniyat va sharoit yaratilsa, bularning barchasi, o‘qitish jarayonining asosi hisoblanadi. Har bir dars, mavzu, o‘quv predmeti o‘ziga xos texnologiyaga ega, ya’ni o‘quv jarayonidagi pedagogik texnologiya – bu yakka tartibdagi jarayon bo‘lib, u o‘quvchi-talabaning ehtiyojidan kelib chiqqan holda bir maqsadga yo‘naltirilgan, oldindan loyihalashtirilgan va kafolatlangan natija berishiga qaratilgan pedagogik jarayondir. 1
8.5. Pedagogik amaliyotda innovatsion texnologiyalarni qo‘llash
«Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» asosida ta’lim-tarbiya sohasida olib borilayotgan tub islohotlarning quyidagi asosiy yo‘nalishlarini anglab olmoq lozim:
• ta’lim mazmunini, tizimini isloh qilish;
• ta’lim-tarbiya boshqaruvini isloh qilish;
• ta’limning bozor iqtisodiyotiga asoslangan mexanizmini yaratish;
• ota-ona, o‘qituvchi-o‘quvchining ta’lim jarayoniga bo‘lgan yangicha qarashlarini shakllantirish;
• bu tub islohotlarning bosh harakatlantiruvchi kuchi-yangi pedagogik texnologiyani amaliyotga tatbiq etishdan iborat.
Hozirgi davr ta’lim taraqqiyoti yangi yo‘nalish-innovatsion pedagogikani maydonga olib chiqdi. «Innovatsion pedagogika» termini va unga xos bo‘lgan tadqiqotlar G‘arbiy Yevropa va AQSHda, 60-yillarda paydo bo‘ldi. Innovatsion faoliyat F.N.Gonobolin, S.M.Godnin, V.I.Zagvyazinskiy, V.A.Kan-Kalik, N.V.Kuzmina, V.A.Slastenin, A.I.Shcherbakov ishlarida tadqiq etilgan. Bu tadqiqotlarda innovatsion faoliyat amaliyoti va ilg‘or pedagogik tajribalarni keng yoyish nuqtai nazaridan yoritilgan.
X.Barnet, Dj.Basset, D.Gamilton, N.Gross, R.Karlson, M.Mayez, A.Xeyvlok, D.Chen, R.Edem ishlarida innovatsion jarayonlarni boshqarish, ta’limdagi o‘zgarishlarni tashkil etish, innovatsiyaning «hayoti va faoliyati» uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlar masalalari tahlil kilingan.
Yangilik kiritishning ijtimoiy-psixologik aspekti amerikalik innovatik E.Rodjers tomonidan ishlab chiqilgan. U yangilik kiritish jarayoni qatnashchilarining toifalari tasnifini, uning yangilikka bo‘lgan munosabatini, uni idrok qilishga shayligini tadqiq etadi.
Oliy maktab o‘qituvchisining innovatsion faoliyati oliy maktab pedagogikasining bosh muammolaridan biridir.
Innovatsiya (inglizcha innovation) – yangilik kiritish, yangilikdir.
A.I.Prigojin innovatsiya deganda, muayyan ijtimoiy birlikka-tashkilot, aholi, jamiyat, guruhga yangi, nisbatan turg‘un unsurlarni kiritib boruvchi maqsadga muvofiq o‘zgarishlarni tushunadi. Bu innovator faoliyatidir.
Tadqiqotchilar (A.I.Prigojin, B.V.Sazonov, V.S.Tolstoy, A.G.Kruglikov, A.S.Axiyezer, N.P.Stepanov va boshqalar) innovatsion jarayonlar tarkibiy qismlarini o‘rganishning ikki yondashuvini ajratadilar: yangilikning individual mikrosathi va alohida-alohida kiritilgan yangiliklarni o‘zaro ta’sirining mikrosathi.
Birinchi yondashuvda, hayotga joriy etilgan qandaydir yangi g‘oya yoritiladi.
Ikkinchi yondashuvda, alohida-alohida kiritilgan yangiliklarning o‘zaro ta’siri, ularning birligi, raqobati va natijada birining o‘rnini ikkinchisi egallashidir.
Bu konsepsiya yangilik kiritishga nisbatan o‘lchanadigan jarayon ekanligidan kelib chiqadi.
Pedagogikaga oid adabiyotlarda innovatsiya jarayonning sxemasi beriladi. U quyidagi bosqichlarni qamrab oladi:
1. Yangi g‘oya tug‘ilishi yoki yangilik konsepsiyasini paydo qilish bosqichi, u kashfiyot bosqichi deb ham yuritiladi.
2. Ixtiro qilish, ya’ni yangilik yaratish bosqichi.
3. Yaratilgan yangilikni amalda qo‘llay bilish bosqichi.
4. Yangilikni yoyish, uni keng tatbiq etish bosqichi.
5. Muayyan sohada yangilikning hukmronlik qilish bosqichi. Bu bosqichda yangilik o‘zining yangiligini yo‘qotadi, uning samara beradigan muqobili paydo bo‘ladi.
6. Yangi muqobillik asosida, almashtirish orqali yangilikning qo‘llanish doirasini qisqartirish bosqichi.
7. V.A.Slastenin yangilik kiritishni maqsadga muvofiq yo‘naltirilgan yangilik yaratish, keng yoyish va foydalanish jarayoni majmui, uning maqsadi insonlarning ehtiyoji va intilishlarini yangi vositalari bilan qondirish deb biladi.
Yangilik kiritishning tizimli konsepsiyasi mualliflari (A.I.Prigojin, B.V.Sazonov, V.S.Tolstoy) innovatsion jarayonlarning ikki muhim shaklini farqlaydilar.
Birinchi shaklga, yangilik kiritishning oddiy ishlab chiqishi kiritiladi. Bu ilk bor mahsulot o‘zlashtirgan tashkilotlarga taalluqlidir.
Ikkinchi shaklga, yangilikni keng ko‘lamda ishlab chiqishga taaluqlidir.
Yangilik kiritish ham, ichki mantiq ham vaqtga nisbatan qonuniy rivojlangan va uning atrof-muhitga o‘zaro ta’sirini ifodalaydigan dinamik tizimdir.
Pedagogik innovatsiyada «yangi» tushunchasi markaziy o‘rin tutadi. Shuningdek, u pedagogik fanda xususiy, shartli, mahalliy va subyektiv yangilikka qiziqish uyg‘otadi.
Xususiy yangilik V.A.Slasteninning aniqlashicha, joriy zamonaviylashtirishda muayyan tizim mahsuloti unsurlaridan birini yangilashni ko‘zda tutadi.
Murakkab va progressiv yangilanishga olib keluvchi ma’lum unsurlarning yig‘indisi shartli yangilik hisoblanadi.
Mahalliy yangilik aniq obyektda yangilikning foydalanishi bilan belgilanadi.
Subyektni yangilik ma’lum obyekt uchun obyektning o‘zi yangi bo‘lishi bilan belgilanadi.
Ilmiy yo‘nalishlarda yangilik va innovatsiya tushunchalari farqlanadi. Yangilik — bu vosita: yangi metod, metodika, texnologiya va boshqalar.
«Innovatsiya» — bu ta’lim: ma’lum bosqichlar bo‘yicha rivojlanadigan jarayon.
V.I.Zagvyazinskiy «yangi» tushunchasiga ta’rif berib, pedagogikadagi «yangi» faqatgina bu g‘oya emas, balki hali foydalanilmagan yondashuvlar, metodlar, texnologiyalardir, lekin bu pedagogik jarayonning unsurlari majmuan yoki alohida olingan unsurlar bo‘lib, o‘zgarib bo‘lib, o‘zgarib turuvchi vaziyatda va sharoitda ta’lim va tarbiya vazifalarini samarali hal etishning ilg‘or boshlanmalarini o‘zida aks ettiradi.
R.N.Yusufbekova pedagogik yangilikka o‘qitish va tarbiya berishda avval ma’lum bo‘lmagan va avval qayd qilinmagan holat, natija, rivojlanib boruvchi nazariya va amaliyotga eltuvchi pedagogik voqelikning o‘zgarib turishi mumkin bo‘lgan mazmuni sifatida qaraydi.
Pedagogik innovatsiyada R.N.Yusufbekova innovatsion jarayon tuzilmasining uch blokini farqlaydi:
Birinchi blok — pedagogikadagi yangini ajratish bloki. Bunga pedagogikadagi yangi, pedagogik yangilikning tasnifi, yangini yaratish shart-sharoiti, yangilikning me’yorlari, uni o‘zlashtirish va foydalanishga tayyorligi, an’ana va novatorlik, pedagogikadagi yangini yaratish bosqichlari kiradi.
Ikkinchi blok — yangini idrok qilish, o‘zlashtirish va baholash bloki: pedagogik hamjamiyatlar, yangini baholash va uni o‘zlashtirish jarayonlarining rang-barangligi, pedagogikadagi konservatorlik va novatorlik, innovatsiya muhiti, pedagogik jamiyatlarning yangini idrok etish va baholashga tayyorligi.
Uchinchi blok – yangidan foydalanish va uni joriy etish bloki, ya’ni yangini tatbiq etish, foydalanish va keng joriy etish qonuniyatlari va turlaridir. M.M.Potashnikning innovatsiya jarayonlari talqinlari kishi e’tiborini o‘ziga tortadi. U innovatsiya jarayonining quyidagi tuzilmasini beradi:
• faoliyat tuzilmasi-motiv-maqsad-vazifa-mazmun-shakl-metodlar-metodika komponentlari yig‘indisi;
• subyektiv tuzilma-innovatsion faoliyat subyektlarining xalqaro, mintaqaviy, tuman, shahar va boshqa sathlari;
• mazmun tuzilmasi – o‘quv-tarbiyaviy ishlar, boshqaruv (va b.)da yangilikning paydo bo‘lishi, ishlab chiqilishi va o‘zlashtirilishi;
• bosqichlikka asoslangan hayot davriylik tuzilmasi-yangilikning paydo bo‘lishi-ildam-o‘sish-yetuklik-o‘zlashtirish-diffuziya (singib ketish, tarqalish) – zamonaviylashtirish;
• boshqaruv tuzilmasi – boshqaruv harakatlarining to‘rtta turining o‘zaro aloqasi: rejalashtirish, tashkil etish, rahbarlik qilish, nazorat qilish:
• tashkiliy tuzilma – diagnostik, oldindan ko‘ra bilish, sof tashkiliy, amaliy, umumlashtiruvchi, tatbiq etuvchi.
Innovatsiya jarayoni, tarkibiy tuzilmalar va qonuniyatlarni qamrab olgan tizimdan iboratdir.
Pedagogikaga oid adabiyotlarda innovatsion jarayoni kechishining 4ta asosiy qonuniyati farqlanadi:
• pedagogik innovatsiya muhitining ayovsiz bemaromlik qonuni;
• nihoyat amalga oshish qonuni;
• pedagogik innovatsiyaning davriy takrorlanishi va qaytishi qonuni;
• qoliplashtirish (streotiplashtirish) qonuni;
Hozirgi kunda ta’lim jarayonida interfaol metodlar, innovatsion texnologiyalar, pedagogik va axborot texnologiyalarini o‘quv jarayonida qo‘llashga bo‘lgan e’tibor kundan-kunga kuchayib bormoqda, bunday bo‘lishining sabablaridan biri, shu vaqtgacha an’anaviy ta’limda o‘quvchi-talabalarni faqat tayyor bilimlarni egallashga o‘rgatilgan bo‘lsa, zamonaviy texnologiyalar ularni egallayotgan bilimlarini o‘zlari qidirib topishlariga, mustaqil o‘rganib, tahlil qilishlariga, hatto xulosalarni ham o‘zlari keltirib chiqarishlariga o‘rgatadi. O‘qituvchi bu jarayonda shaxsni rivojlanishi, shakllanishi, bilim olishi va tarbiyalanishiga sharoit yaratadi va shu bilan bir qatorda boshqaruvchilik, yo‘naltiruvchilik funksiyasini bajaradi. Ta’lim jarayonida o‘quvchi–talaba asosiy figuraga aylanadi.
Shuning uchun oliy o‘quv yurtlari va fakultetlarida malakali kasb egalarini tayyorlashda zamonaviy o‘qitish metodlari-interfaol metodlar, innovatsion texnologiyalarning o‘rni va roli benihoya kattadir. Pedagogik texnologiya va pedagog mahoratiga oid bilim, tajriba va interaktiv metodlar o‘quvchi-talabalarni bilimli, yetuk malakaga ega bo‘lishlarini ta’minlaydi.
Innovatsion texnologiyalar pedagogik jarayon hamda o‘qituvchi va talaba faoliyatiga yangilik, o‘zgarishlar kiritish bo‘lib, uni amalga oshirishda asosan interfaol metodlardan to‘liq foydalaniladi. Interfaol metodlar — bu jamoa bo‘lib fikrlash deb yuritiladi, ya’ni u pedagogik ta’sir etish usullari bo‘lib, ta’lim mazmunining tarkibiy qismi hisoblanadi. Bu metodlarning o‘ziga xosligi shundaki, ular faqat pedagog va o‘quvchi-talabalarning birgalikda faoliyat ko‘rsatishi orqali amalga oshiriladi.
Bunday pedagogik hamkorlik jarayoni o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, ularga quyidagilar kiradi:
— o‘quvchi-talabani dars davomida befarq bo‘lmaslikka, mustaqil fikrlash, ijod etish va izlanishga majbur etish;
— o‘quvchi-talabalarni o‘quv jarayonida bilimga bo‘lgan qiziqishlarini doimiy ravishda bo‘lishini ta’minlashi;
— o‘quvchi-talabaning bilimga bo‘lgan qiziqishini mustaqil ravishda har bir masalaga ijodiy yondashgan holda kuchaytirishi;
— pedagog va o‘quvchi-talaba o‘rtasida hamkorlikdagi faoliyatining uzluksizligi ta’minlash.
O‘qituvchi va o‘quvchi-talabaning kutilgan natijaga erishishlari qanday texnologiyani tanlashlari ular ixtiyorida, chunki har ikkala tomonning asosiy maqsadi aniq natijaga erishishga qaratilgan, bunda o‘quvchi-talabalarning bilim saviyasi, guruh xarakteri, sharoitga qarab ishlatiladigan texnologiya tanlanadi, masalan, natijaga erishish uchun balki, kompyuter bilan ishlash lozimdir, balkim film, tarqatma material, chizma va plakatlar, turli adabiyotlar, axborot texnologiyasi kerak bo‘lar, bular o‘qituvchi va o‘quvchi-talabaga bog‘liq.
Shu bilan bir qatorda o‘qitish jarayonini oldindan loyihalashtirish zarur, bu jarayonda o‘qituvchi o‘quv predmetining o‘ziga xos tomonini, joy va sharoitni, TSOni, eng asosiysi, o‘quvchi-talabaning imkoniyati va ehtiyojini hamda hamkorlikdagi faoliyatni tashkil eta olishini hisobga olishi kerak, shundagina kerakli kafolatlangan natijaga erishish mumkitn. Qisqa qilib aytganda, o‘quvchi-talabani ta’limning markaziga olib chiqish kerak.
O‘qituvchi tomonidan har bir darsni yaxlit holatda ko‘ra bilish va uni tasavvur etish uchun bo‘lajak dars jarayonini loyihalashtirib olish kerak. Bunda o‘qituvchiga u tomonidan bo‘lajak darsning texnologik xaritasini tuzib olishi katta ahamiyatga egadir, chunki darsning texnologik xaritasi har bir mavzu, har bir dars uchun o‘qitilayotgan predmet, fanning xususiyatidan, o‘quvchi-talabalarning imkoniyati va ehtiyojidan kelib chiqqan holda tuziladi. Bunday texnologik xaritani tuzish oson emas, chunki buning uchun o‘qituvchi pedagogika, psixologiya, xususiy metodika, pedagogik va axborot texnologiyalaridan xabardor bo‘lishi, shuningdek, juda ko‘p metodlar va usullarni bilishi kerak bo‘ladi. Har bir darsni rang-barang, qiziqarli bo‘lishi avvaldan puxta o‘ylab tuzilgan darsning loyihalashtirilgan texnologik xaritasiga bog‘liq.
O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunining qoidalariga muvofiq tayyorlangan «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da yosh avlodni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda xalqning boy intellektual merosi va umumbashariy qadriyatlari asosida zamonaviy madaniyat va iqtisodiyotning pedagogik shakl va vositalarini ishlab chiqish, amaliyotga joriy etishga alohida ahamiyat berilgan.
Shu jihatdan ham umumiy o‘rta ta’lim maktablarida davlat ta’lim standartlari bo‘yicha ko‘zda tutilgan iqtisodiy ta’lim va iqtisodiy tarbiyani takomillashtirish, uni o‘quvchi-talabalar ongiga singdirib borib, iqtisodiy tafakkurni shakllantirish muammosi dolzarbdir.
Chunki har bir o‘quvchi-talaba bozor munosabatlari rivojlanib borayotgan bir davrda – uni o‘rab turgan iqtisodiy voqelikni, unda kechayotgan jarayonni anglashi, tadqiq va tahlil qilib, xulosalar chiqarish imkoniga ega bo‘lishi lozim. Bu esa har bir fuqarodan iqtisodiyot nazariyasining asoslaridan xabardor bo‘lishini, uni amalda joriy qilish yo‘l va vositalarini talab darajasida o‘zlashtirishini taqozo etadi. Bu masalalar asosan, o‘quv muassasalarida amalga oshiriladi.
Iqtisodiy tarbiyaning bosh maqsadi – yoshlarda iqtisodiy savodxonlikni, iqtisodiy ongni, iqtisodiy madaniyatni yuksaltirishdan iboratdir. Bu esa shaxsning kamol topish faoliyati vositasida aniq iqtisodga bog‘liq, nazariy bilimlar tizimini, shuningdek, iqtisodiy bilim, ko‘nikma va malakalar majmuasi, o‘rganuvchining iqtisodiy ongiga bevosita ta’sir etishga imkon beruvchi bosqichlarni amalga oshirishdir.
O‘quvchi-talabalarning bosqichma-bosqich uzluksiz ta’limi jarayonida, xususan, iqtisodiy bilim asoslarini o‘rganish mobaynida ularning iqtisodiy tafakkurlari ham shakllana boradi. Ular quyidagi bilimlar majmui bo‘lib xizmat qiladi: shaxsning ehtiyoj imkoniyatlarini hisobga olib, aniq reja va dasturlar tuzib, o‘ziga xos uslub va metodlar asosida amalga oshirishda; shaxsning mustaqil faoliyatida samarali o‘rin tutadigan aniq iqtisodiy tushunchalarni; iqtisodning siyosiy va bozor munosabatlari bilan bog‘liq qonuniyat asoslari va ulardan amalda foydalanish yo‘l-yo‘riqlarini; mustaqil faoliyat ko‘rsatishda zarur bo‘ladigan barcha iqtisodiy bilim, ko‘nikma va malakalar majmuini o‘zlashtirishni; hayotda qaysi sohani tanlashidan qat’i nazar, ehtiyoj darajasida iqtisodiy tayyorgarlikni o‘zida shakllantirishni; iqtisodiy bilim asoslaridan to‘g‘ri va maqsadga muvofiq holda foydalana olish shaxs barkamolligini belgilovchi axloqiy sifatlaridan biri deb qarashni; iqtisodiy bilim asosidan xabardorlikni o‘z faoliyati davomida jamiyat va davlat iqtisodiy, huquqiy siyosati asosida namoyon etadi.
Bugungi kundagi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot ishlab chiqarishning ko‘p sonli tarmoqlari bilan bir qatorda, ma’rifat va madaniyat hamda iqtisodiy sohalarga, shu jumladan, ijtimoiy-gumanitar, iqtisodiy bilimlar doirasiga ham zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etishni taqozo etmoqda.
Zamonaviy pedagogik texnologiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish ilmiy muammo sifatida iqtisodiy yo‘nalishdagi o‘quv yurtlarida maxsus ilmiy tadqiqotlar olib borishni ko‘zda tutadi. Bunda eng avvalo, quyidagilarni aniqlash lozim:
— zamonaviy pedagogik texnologiyalarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish uchun ijtimoiy-pedagogik asoslar mavjudligini aniqlash;
— ta’lim majmui sifatida nimani anglatishi va qanday tarkibiy qismlardan tashkil topganligini belgilash;
— pedagogik texnologiyaning funksional majmui jarayon sifatida nimalardan iboratligini aniqlash;
— zamonaviy pedagogik texnologiyalar «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» maqsadlariga qay darajada mos kelishi va uni baholash mumkinligini ko‘rsatib berish;
— pedagogik texnologiyaning majmualar nazariyasining asosiy qonuniyatlariga mosligini nazoratda tutib turish yo‘l-yo‘rig‘ini ishlab chiqish.
Shunday qilib, bugungi kunga kelib, jamiyatimiz jadallik bilan taraqqiy etib, iqtisodiy va siyosiy mavqei kundan-kunga ortib borayotgan bo‘lsa-da, biroq ijtimoiy sohada va ayniqsa, ta’lim-tarbiya jarayonida umumiy taraqqiyotdan biroz orqada qolish sezilmoqda. Bunday noxush vaziyatdan chiqib ketish yo‘llaridan biri ta’lim-tarbiya jarayonini qabul qilingan davlat standartlari asosida texnologiyalashtirishdan iboratdir.
Qisqa xulosa
Bugungi kunda oliy o‘quv yurtlari va fakultetlarida malakali kasb egalarini tayyorlashda zamonaviy o‘qitish metodlari-interfaol metodlar, innovatsion texnologiyalarning o‘rni va roli benihoya kattadir. Pedagogik texnologiya va pedagog mahoratiga oid bilim, tajriba va interaktiv metodlar o‘quvchi-talabalarni bilimli, yetuk malakaga ega bo‘lishlarini ta’minlaydi.
Innovatsion texnologiyalar pedagogik jarayon hamda o‘qituvchi va talaba faoliyatiga yangilik, o‘zgarishlar kiritish bo‘lib, uni amalga oshirishda asosan interfaol metodlardan to‘liq foydalaniladi. Interfaol metodlar — bu jamoa bo‘lib fikrlash deb yuritiladi, ya’ni pedagogik ta’sir etish usullari bo‘lib, ta’lim mazmunining tarkibiy qismi hisoblanadi. Bu metodlarning o‘ziga xosligi shundaki, ular faqat pedagog va o‘quvchi-talabalarning birgalikda faoliyat ko‘rsatishi orqali amalga oshiriladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, zamonaviy pedagogik texnologiyalar, pedagogika ilmining tadqiqot obyekti sifatida, aniq fanlarni o‘qitish uslubi bo‘libgina qolmay, balki ijtimoiy-iqtisodiy fanlarni o‘qitishga ham yangicha yondashuv sifatida qayd qilinishi kerak.
O‘z-o‘zini nazorat va muhokama uchun uchun savollar:
1. Ta’limda «innovatsion jarayonlar» termini nimani anglatadi?
2. Innovatsion faoliyatni shakllantirish shartlarini izohlab bering?
3. Pedagogik texnologiyaga ta’rif bering?
4. Pedagogik texnologiyaning tasniflarini asoslab bering?
5. Muammoli o‘qitishning mohiyati nimada?
6. Siz texnologiyalarning qaysi turlarini bilasiz?
7. Interfaol metodga misol keltiring?
8. Zamonaviy o‘qitish texnologiyalarining ahamiyatini tushuntiring?
9. Nima uchun pedagogik texnologiya loyihalanadi (misollar yordamida asoslab bering)?
10. “Blis-o‘yin” metodi bo‘yicha misol keltiring?
Tavsiya etiladigan adabiyotlar:
1. B.Farberman. Ilg‘or pedagogik texnologiyalar. – T.: Fan, 2000 yil.
2. Tolipov O‘.Q., Barakayev M., Sharipov Sh.S. Kasbiy pedagogika. – T.: TDIU, 2001 yil.
3. Sayidahmedov N. Pedagogik texnologiyalar. — T.: Moliya, 2003 yil.
4. Sayidaxmedov N. Pedagogik amaliyotda yangi texnologiyalarni qo‘llash namunalari. — T.: RTM. 2000 yil.
5. Azizxo‘jayeva N.N. Pedagogik mahorat va pedagogik texnologiyalar. — T.: TDPU, 2003 yil.
6. www. bilimdon. uz. — O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining asosiy veb sayti.
7. www. dl.uz. — Masofaviy ta’lim tizimiga bag‘ishlangan veb sayt.
IX . Kasbiy fanlarni o‘qitish jarayonida ilg‘or pedagogik texnologiyalardan foydalanish
9.1. Ta’lim texnologiyasi va uning tuzilishi.
9.2. Kasb ta’limida axborot texnologiyalari.
9.3. Muammoli ta’lim texnologiyasi va uning maqsadi, vazifasi.
9.4. Kasbiy fanlarni o‘qitishda ilg‘or pedagogik texnologiyalarni qo‘llashning ahamiyati va zarurati.
9.1. Ta’lim texnologiyasi va uning tuzilishi
Ta’lim nihoyatda murakkab jarayon bo‘lib, uning samaradorligi pedagog va talaba-o‘quvchi faolliligiga, ta’lim vositalarining mavjudligiga, mazkur jarayonning tashkiliy, ilmiy, metodik mukammalligiga, jamiyatda ilmli kishilarga bo‘lgan ehtiyojga va boshqa hali aniqlanmagan omillarga bog‘liq. Jamiyat o‘zining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy ehtiyojlari asosida ta’lim samaradorligi yuqori bo‘lishini talab etadi.
O‘zbekistonda bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiy strukturalar yaratilayotgan hozirgi kunda yuksak malakali va olgan bilimlarini amalda qo‘llay oladigan shaxslarga talab kuchayib bormoqda. Bilimdon va tadbirkor, ijtimoiy faol shaxs jamiyat hayotida, mehnatda o‘zining o‘rnini topadi. O‘zbekiston Prezidenti I.A.Karimov «….shuni yaxshilab tushunib olishimiz zarurki, jamiyatimizni yanada demokratlashtirish va fuqarolik institutlarini shakllantirish, avvalo, aholi siyosiy, ijtimoiy va davlat hayotida nechog‘lik faol ishtirok etishi bilan uzviy bog‘liq» deb ko‘rsatdi. Bunday faollik vujudga kelishi uchun bilimdon va harakatchan, milliy istiqlol g‘oyasiga sodiq bo‘lgan shaxsni shakllantirish kerak.
Uzluksiz ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarini shunday tashkil etish kerakki, u bugungi kun yoshlariga chuqur va asosli ta’lim-tarbiya berish bilan birga ularni keng qamrovli fikrlashga o‘rgatsin. Ta’lim jarayonida talabada mustaqil bilim olish ehtiyojining shakllanib borishi hozirgi kun talabidir.
Pedagogik amaliyot va tadqiqotlarda qator ish usullari qo‘llab ko‘rildi. Ta’limni muammoli tashkil etish, ta’limda o‘quvchi-talabalarni faollashtirish, hamkorlik pedagogikasi, tayanch so‘zlariga asoslanish, ta’limni optimallashtirish va boshqalar tajribadan o‘tdi. Lekin bu pedagogik vositalar ayrim o‘qituvchilarda samarali natija bersa ham, uni ommaviy yo‘sinda ta’lim tizimiga kiritib bo‘lmadi.
Pedagogik texnologiyaning asosiy mohiyati ta’limda talabalarni qiziqtirib o‘qitish va bilimlarni to‘liq o‘zlashtirishga erishishdir. Ta’limda berilayotgan bilimlarni talabalarning aksariyat ko‘pchilik qismi puxta o‘zlashtirishi pedagogik texnologiya joriy etilishining asosiy maqsadi hisoblanadi.
Pedagogik texnologiya asosida dars o‘tishda eng asosiy talab talabaning hayotiy tajribasi avval o‘zlashtirgan bilimlari va qiziqishlari asosida bilim berishni ko‘zda tutadi. Pedagogik texnologiya o‘rganilayotgan soha bo‘yicha talabalarda bilim yetarlicha bo‘lmagan holda ham talabada salbiy kechinmaga o‘rin qoldirmaslikni, bu talabaning aybi emasligini tan olishni talab etadi. Faollik ko‘rsatilsa, bilimlarni o‘zlashtirib olishga talabalarda ishonch hosil qilish tavsiya etiladi.
Mavjud pedagogika fanida dars jarayoniga oid berilgan ma’lumotlarda e’tibor ko‘proq yangi bilimlarni bayon etish, uni mustahkamlash va natijasini hisobga olishga qaratilgan. Bilim berishda talabaning avvalgi bilimlari, hayotiy tajribasi yetarlicha hisobga olinmagan. Dars rejasida avval o‘tilgan mavzuni yakunlab, yangi mavzuga bog‘lash taklif etilgan. Lekin shu yangi o‘tilayotgan mavzu bo‘yicha talabaning bilimini aniqlash, mavzuga xos bo‘ladigan dastlabki ma’lumotlarni berish yetarlicha amalga oshirilmagan.
Pedagogik texnologiya talabalarning o‘rganilayotgan soha bo‘yicha bilimlarini esga tushirish, jonlantirish yangi bilimni o‘zlashtirishga asos bo‘ladi deb ko‘rsatadi. Bilimlar va tayyorgarlikni aniqlash talabani faollashtirish va bilim o‘zlashtirishga ijobiy motivni keltirib chiqaradi. Mavzuni o‘rganishga kirishishda uni erkin suhbat, munozara, aqliy hujum va boshqa shakllarda jonlantirish mumkin.
Pedagogik texnologiya ta’lim amaliyotida uchta darajada qo‘llaniladi:
1.Umumiy pedagogik daraja. Umumiy pedagogik (umumdidaktik, umumtarbiyaviy) texnologiya o‘quv-tarbiya jarayonining yaxlit tizimliligi, ma’lum bir mintaqa, o‘quv yurti tomonidan uzluksiz ta’lim tizimining muayyan bir bosqichidagi texnologiyaning umumiy qonuniyatlari, ilmiy-nazariy asoslari, tamoyillari, amaliyotda qo‘llanishining umumiy xususiyatlari, shart-sharoitlarini ifodalaydi. Shu o‘rinda qayd etish kerakki, uzluksiz ta’lim tizimining har bir bosqichida ta’lim mazmuni orqali tegishli o‘ziga xos maqsad va vazifalarni amalga oshirish ko‘zda tutilganligi sababli, pedagogik texnologiya ham o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘ladi. Bu darajada pedagogik texnologiya pedagogik tizim tushunchasiga sinonim hisoblanadi. Uning tarkibiga ta’lim-tarbiya jarayonining maqsad va vazifasi, mazmuni, vosita va metodlari, tarbiya jarayonining obyekti va subyekti faoliyatining algoritmlari kiradi.
2. Xususiy metodik darajada pedagogik texnologiyaning muayyan bir predmet, kursni o‘qitish jarayonining maqsad va vazifalarini amalga oshirish maqsadida foydalaniladigan ta’lim mazmuni, o‘qitish vositalari, metodlari va shakllarining majmuasi tushuniladi.
3. Lokal (modul) darajada o‘quv-tarbiya jarayonining ma’lum bir qismining xususiy didaktik va tarbiyaviy maqsadini hal etishga qaratilgan texnologiya tushuniladi. Unda o‘quvchi-talabalarning mustaqil ishlarini tashkil etish, ular bilimini nazorat qilish, shaxsiy fazilatlarini shakllantirish kabi masalalar ko‘zda tutiladi.
Pedagogik texnologiyaning yuqorida qayd etilgan uchta darajasi bir-birini to‘ldiradi va taqozo etadi. O‘zbekistonda pedagogik texnologiya masalalari, asosan, ta’lim doirasida o‘rganilmoqda. Ta’lim texnologiyasi deb, o‘quv-tarbiya jarayonida o‘quvchi maqomini o‘zgartirish, yangilash yo‘li bilan ma’lumot mazmunini va modellashtirish darajalari – o‘quv materiali, o‘quv predmetiga pedagogik ishlov berish, o‘rganiladigan mavzuni o‘quvchi-talabalarning real bilish imkoniyatlariga moslashtirish, ta’lim natijasini qabul qilingan etalon darajasiga ko‘tarish va baholashga oid usul va vositalar, shuningdek, ta’limning tashkiliy shakllarini tushunamiz. Ta’lim texnologiyasi o‘quv-tarbiya jarayonini boshqarishning hozirgi yetakchi prinsipi (subordinatsiya) ni chegaralaydi, unda koordinatsiya o‘qituvchi va o‘quvchi-talaba faoliyatini o‘zaro muvofiqlashtirishning yetakchi prinsipiga aylanadi. Koordinatsiya ta’limni tashkil qilish, boshqarish va nazorat qilishning bosh prinsipiga aylanganda o‘quvchi-talaba ta’lim jarayonining o‘qituvchi bilan teng huquqli subyektiga aylanadi, bunda ta’lim jarayonini o‘qituvchi va o‘quvchi-talaba birgalikda amalga oshiradi.
G‘arb mamlakatlaridagi ta’lim texnologiyasining bosh g‘oyasi dasturlashtirilgan ta’limga borib taqaladi. Dasturlashtirilgan ta’lim asoschilaridan biri Berres Frederik Skinnerning ta’kidlashicha, o‘quvchi-talabalarning o‘quv materiali va uni o‘zlashtirishga oid xatti-harakatlari (o‘quvchi-talaba faoliyati) pog‘onalar (ta’lim bosqichlari)ga ajratiladi, har bir bosqichda o‘quv materialining ma’lum bir qismi to‘liq o‘zlashtiriladi, o‘quv materialining mazkur o‘zlashtirilgan qismi tekshirilib, keyingi qismni o‘rganishga o‘tiladi. Demak, pedagogik texnologiyaning asosiy tamoyili ma’lumot mazmunini to‘liq o‘zlashtirish taktikasidan iborat bo‘lib, u dastavval dasturlashtirilgan ta’lim nazariyasi va amaliyoti negizida paydo bo‘lgan edi.
Pedagogik texnologiya inson ongi, tafakkuri bilan bog‘liq bilimlar sohasi sifatida murakkab pedagogik jarayonni ifoda etadi. Uning o‘ziga xos jihati – tarbiya muammosini ham qamrab olishidir. Demak, texnologiya samaradorligi inson o‘zining ko‘pqirrali tomonlari bilan unda qanchalik to‘liq namoyon bo‘lyapti, uning psixologik-kasbiy jihatlari, ularning kelajakda rivojlanishi (yoki pasayishi) qanday hisobga olinyapti, degan savollarning yechimiga bog‘liq ekan. Shu jihatdan olganda texnologiya shaxsning rivojlanish bosqichlarini loyihalashtirish, tashhislash kabi imkoniyatlarga ham ega bo‘ladi. Bu esa pedagogning texnologik jarayon bilan ishlash qobiliyatiga bog‘liq.
Pedagogning belgilangan o‘quv-tarbiya vazifalarini me’yoriy hujjatlarda ko‘rsatilgan talablar asosida yo‘l qo‘yiladigan chegaraviy ko‘rsatkichlar doirasida bajarish holati ishlash qobiliyati deb atalishi mumkin. Demak, u yoki bu fan o‘qituvchisining mahoratini aniqlashda uning faoliyati davlat ta’lim standartlari talablariga va pedagogik shartlarga nechog‘lik mos kelishi nazarda tutiladi.
Pedagogik nashrlarda pedagog faoliyatini baholash uchun qator ko‘rsatkichlar tavsiya etiladi, jumladan:
 pedagogik natijaviylik – pedagog guruhida fan bo‘yicha o‘zlashtirishning o‘rtacha qiymati;
 o‘qitishning ilmiylik darajasi – pedagogning o‘quv elementlarini fan abstraksiyasi pog‘onalari bo‘yicha tushuntirishi;
 ta’lim mazmunini metodik tayyorlash – umumiyligi, izchilligi, harakatdaligi, ortiqcha emasligi kabi talablarning e’tiborga olinishi;
 ta’limda u yoki bu natijani qo‘lga kiritish yo‘llaridan samarali foydalanish – ekstensiv yoki intensiv sharoitda va hokazo.
Umuman olganda, pedagog uchun asosiy kasbiy-me’yoriy ko‘rsatkich – bu birinchi navbatda o‘z holatini pedagogik jarayonda bunyodkor sifatida his etishi va anglab yetishidir. Pedagog o‘zining ish faoliyatiga xususiy kasbiy yaroqliligini, pedagogik voqelikdagi o‘z o‘rnini baholay olmas ekan, undan hech qachon ijodkorlikni talab qilib bo‘lmaydi. Demak, pedagogik faoliyatga kirib kelayotgan har bir inson o‘zining unga moslanuvchanligini, shu kasbga layoqati, qiziqishi borligini to‘liq tasavvur etishi kerak.
Ta’lim texnologiyasining asosiy maqsadi ham, o‘quv predmetlarini to‘liq o‘zlashtirishga mos keladigan ta’lim loyihasini yaratishdir. Bunday loyiha hozirgi zamon psixologiyasi, didaktikasi va pedagogik amaliyotining asosiy va ilg‘or g‘oyalariga tayangan holdagina yaratiladi.
Ta’lim – boshqariladigan jarayon bo‘lib, uning natijasi, ko‘p jihatdan, tayyorlangan didaktik loyihaga bog‘liq. Didaktik loyiha esa ta’lim texnologiyasining mahsulidir. O‘quvchi-talabalarning bilish faoliyatini didaktik loyihaga ko‘ra boshqarish ta’lim texnologiyasining pedagogik asosi sanaladi. Har qanday jarayonning boshlanishi va yakuni mavjud bo‘lganidek, didaktik loyihani amalga oshirishning ham kirish va chiqish nuqtalari bor. Ikki nuqta orasiga juda ko‘p nuqtalarni joylashtirish mumkin bo‘lganidek, didaktik loyihani amalga oshirish ibtidosi bilan intihosigacha bo‘lgan masofada ta’limning samarali usullari, vositalari ko‘p topiladi. Bu yerda ta’lim texnologiyasi eng samarali usul bo‘lib, ta’limning samarali shaklini tanlashda o‘qituvchiga yordamga keladi. Didaktik loyihani tayyorlash va uni amalga oshirish jarayonlari 4-chizmada keltirilgan.
4-chizma
Chiqish Kirish
Etalon
Maqsad
Demak, chizmadan ko‘rinadiki, maqsaddan etalonga yetib kelguncha o‘qituvchi va talaba ongi juda ko‘p hodisalar bilan uchrashadi. Ta’limga texnologik yondashish – bu ma’lumot va ta’lim mazmunini atroflicha tahlil qilish yo‘li bilan o‘quv-tarbiya jarayonining umumiy, xususiy maqsadlarini tahlil qilish, o‘qituvchi va talaba maqsadlarining uchrashgan nuqtalarida (o‘qitish maqsadi, o‘qish maqsadi) ta’limning didaktik maqsadini belgilash asosida ta’limni loyihalash va amalga oshirish yo‘llari bilan mo‘ljaldagi etalonga erishishdir.1 Umuman, ta’lim texnologiyasi haqida gap ketganda o‘zaro daxldor quyidagi hodisalarni bir-biridan farqlashga ehtiyoj tug‘iladi: ta’limni didaktik loyihalash; loyihani amalga oshirish; ta’limning joriy va oraliq natijasiga ko‘ra didaktik loyihaga tuzatish va o‘zgartirishlar kiritish; ta’limni takrorlash va yakuniy nazoratdan iborat. Bu hodisalarning birinchi va ikkinchisi an’anaviy ta’lim tajribasida ham uchraydi. Ta’lim texnologiyasining an’anaviy ta’lim tizimidan farqi shundaki, ta’lim natijasi va uning etalon darajasida bo‘lishi doimo o‘qituvchi hamda o‘quvchi-talabaning diqqat markazida turadi. O‘qituvchi ta’lim natijasini tez-tez tekshirib, o‘quvchi-talabalarni o‘zlari erishgan yutuqlardan ogoh qilib turadi va talabalar o‘zlari erishgan yutuq va kamchiliklarni anglab, yutuqlarini yanada ko‘paytirishga, kamchiliklarini esa bartaraf etishga harakat qiladi. Talabalar ta’limning zaruriyligini, ular ta’lim jarayonining haqiqiy subyektiga aylangan paytida sezishadi.
Demak, maqsaddan etalonga yetib kelguncha o‘qituvchi va o‘quvchi-talaba ongi juda ko‘p hodisalar bilan uchrashadi. Ta’limga texnologik yondashish – bu ma’lumot va ta’lim mazmunini atroflicha tahlil qilish yo‘li bilan o‘quv-tarbiya jarayonining umumiy, xususiy maqsadlarini tahlil qilish, o‘qituvchi va o‘quvchi-talaba maqsadlarining uchrashgan nuqtalarida (o‘qitish maqsadi, o‘qish maqsadi) ta’limning didaktik maqsadini belgilash asosida ta’limni loyihalash va amalga oshirish yo‘llari bilan mo‘ljaldagi etalonga erishishdir. Umuman, ta’lim texnologiyasi haqida gap ketganda o‘zaro daxldor quyidagi hodisalarni bir-biridan farqlashga ehtiyoj tug‘iladi: ta’limni didaktik loyihalash; loyihani amalga oshirish; ta’limning joriy va oraliq natijasiga ko‘ra didaktik loyihaga tuzatish va o‘zgartirishlar kiritish; ta’limni takrorlash va yakuniy nazoratdan iborat. Bu hodisalarning birinchi va ikkinchisi an’anaviy ta’lim tajribasida ham uchraydi.
Ta’lim texnologiyasining an’anaviy ta’lim tizimidan farqi shundaki, ta’lim natijasi va uning etalon darajasida bo‘lishi doimo o‘qituvchi hamda o‘quvchi-talabaning diqqat markazida turadi. O‘qituvchi ta’lim natijasini tez-tez tekshirib, o‘quvchi-talabalarni o‘zlari erishgan yutuqlardan ogoh qilib turadi va o‘quvchi-talabalar o‘zlari erishgan yutuq va kamchiliklarni anglab, yutuqlarini yanada ko‘paytirishga, kamchiliklarini esa bartaraf etishga harakat qiladi. O‘quvchi-talabalar ta’limning zaruriyligini, ular ta’lim jarayonining haqiqiy subyektiga aylangan paytida sezishadi.
Ta’lim texnologiyasi bo‘yicha qilinadigan ishlar ikki qismdan iborat: ta’lim loyihasini tayyorlash va loyihani amalga oshirish.
1. Ta’lim loyihasini tayyorlash. Loyiha o‘qituvchi yoki ekspert a’zolari tuza olish faoliyatining mahsuli bo‘lib, qator umumiy xususiyatlarga ega. Loyiha asosida o‘qituvchi va o‘quvchi-talabalarning kelajakda birgalikda amalga oshiradigan faoliyati yotadi.
Ta’lim loyihasi ma’lumot mazmunini davlat standartlari talablari asosida tahlil etishdan boshlanadi. Tahlil ma’lumot mazmuni elementlari (bilimlar, ko‘nikma va malakalar, ijodiy faoliyat tajribasi, munosabatlar) dasturlarda qanday berilganligi, darsliklarda qanday aks ettirilganligiga qaratiladi. Keyin ta’lim mazmuni o‘rganiladi, u yoki bu mavzuni o‘rganishdan ko‘zda tutilgan maqsad, ta’limning didaktik maqsadi, o‘qituvchi va o‘quvchi-talabalar maqsadi, maqsadlarni amalga oshirish va hisobga olish varaqalari, beriladigan uy vazifalari miqdori, mavzular bo‘yicha o‘tkaziladigan test savollari, reyting nazorati bosqichlari, etalon darajasida o‘zlashtirish usuli oldindan belgilab qo‘yiladi. Bu ishlarning barchasi ongda ta’lim modelini yaratishga olib keladi.
2. Ta’lim loyihasini amalga oshirish. Ta’lim loyihasi bevosita ta’lim sharoitida amalga oshiriladi. Bu jarayonda quyidagilarga alohida e’tibor qaratiladi:
— o‘rganilayotgan mavzu bo‘yicha maqsad, vazifalar bilan o‘quvchi-talabalarni oldindan tanishtirish, muammo, topshiriqlarni, shuningdek, uy vazifalari, mustaqil bajariladigan ishlarni, ularni bajarish tartibi, paytini e’lon qilish, mavzuni to‘liq o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berish, o‘zlashtirish me’yorlarini aytib berish;
— o‘quvchi-talabalarni faol, mustaqil faoliyatga rag‘batlantirish, ular diqqatini bo‘lim yoki mavzu mazmuniga tortish, uni qanday o‘rganish zarurligini aytib berish, bilishga qiziqish uyg‘otish, o‘qish-o‘rganishga havas, muammolarni bajarishga ehtiyoj uyg‘otish, emotsiyalar, tafakkur hodisalari, bilimlarni o‘quv holatlariga tatbiq etish yo‘llari orqali mavzu bo‘yicha ma’lumotlar to‘plash, to‘plangan ma’lumotlar yuzasidan joriy nazoratni tashkil etish, mavzuni to‘liq o‘zlashtirishga oid o‘zgarish, qo‘shimcha, tuzatishlarni belgilash;
— bo‘lim yoki mavzu bo‘yicha to‘plangan bilimlarga ishlov berish.
Ta’lim jarayoni stoxastik xarakterga ega. Unda kutilgan va kutilmagan, rejalashtirilgan, favqudlodda va tasodifiy hodisalar ham uchrab turadi. O‘rganilgan bilimlarga ishlov berish jarayonida ham joriy nazorat natijalariga asoslanib loyihaga yangi o‘zgarish, qo‘shimcha va tuzatishlar kiritiladi;
— bo‘lim yoki mavzu bo‘yicha umumiy xulosalar chiqarish, chiqarilgan xulosalarni murakkab o‘quv holatlariga tatbiq qilish, oraliq nazorat natijalariga ko‘ra mavzu yoki bo‘lim bo‘yicha axborot to‘plash, to‘plangan axborotlarga ishlov berish jarayonlarida o‘quvchi-talabalar erishgan yutuqlarni tahlil qilish, o‘quvchi-talabalarning bilim va malakasi, ijodiy faoliyat tajribasidagi kamchiliklarini ko‘rsatish, guruhdagi har bir ûquvchi-talabaga yakuniy nazoratgacha bajariladigan qo‘shimcha topshiriqlarni berish, ularni o‘quv materialini yanada atroflicha o‘zlashtirishga rag‘batlantirish;
— yakuniy nazoratning asosiy vazifasi o‘quvchi-talabalarning ma’lumot va ta’lim mazmuni elementlarini etalon darajasida o‘zlashtirishlarini aniqlash, etalon darajasidan past o‘zlashtirgan o‘quvchi-talabalarni ogohlantirish, qo‘shimcha topshiriqlar berish kabilardan iborat.
Zamonaviy pedagogik texnologiya ta’lim maqsadini aniq o‘rnatishdan boshlab to uning natijalarini baholashgacha bo‘lgan bosqichlarning har biri uchun ijodiy faoliyatni talab etadi. Pedagog faoliyatining texnologiyalanuvchanlik darajasini prof. N.Sayidahmedov quyidagi mezonlar asosida alohida ajratib ko‘rsatgan.1
1. Tashhislanuvchan o‘rnatilgan maqsad – o‘quvchi-talaba tomonidan didaktik, jarayon mahsuli sifatida o‘zlashtirilgan aniq o‘lchamli tushunchalar, amallar va faoliyat turlari.
2. Ta’lim mazmunini o‘quv elementlari yordamida bayon qilishda abstraksiya pog‘onalarining va axborotlarni o‘zlashtirish darajasining hisobga olinishi.
3. O‘quv materiallarini o‘zlashtirish bosqichlarining didaktik jarayon tuzilmasiga mosligi.
4. O‘quv jarayoniga yangi vositalar va axborotlashtirish usullarining joriy etilishi.
5. O‘qituvchining qoidabop (algoritmli) va erkin, ijodiy faoliyatidagi mumkin bo‘lgan chetga chiqish chegarasining ko‘rsatilishi.
6. O‘quvchi-talaba va o‘qituvchi faoliyatida shaxsiy motivlashganlikning ta’minlanishi (erkinlik, ijodiyot, kurashuvchanlik, hayotiy, kasbiy mohiyat va boshqalar).
7. O‘qitish jarayonining har bir bosqichida kommunikativ munosabatlarning, axborot texnikalari bilan muomala qilishning maqsadga muvofiqligi.
Shunday qilib, yuqorida berilgan ko‘rsatkichlar loyihalangan o‘quv jarayonining texnologik darajasini to‘liq ifodalaydi, amalda joriy etilishi esa pedagogni yuqori malakali mutaxassisga aylantiradi, o‘quvchi-talabaning nufuzini ham birmuncha oshiradi va ijodiy faoliyatni rivojlantirishning yangi qirralarini ochadi.

9.2. Kasb ta’limida axborot texnologiyalari

Axborot tizimlari va texnologiyalari yildan-yilga kishilik faoliyatining turli sohalarida yanada keng qo‘llanilib borilmoqda. Ularni yaratish, ishga tushirish va keng qo‘llashdan maqsad — jamiyat va inson butun hayot faoliyatini axborotlashtirish borasidagi muammolarni hal etishdir.
Jamiyatni axborotlashtirish deganda inson fao¬liyatining barcha ijtimoiy ahamiyatga ega bulgan sohalarida boyitilgan bilimlar, ishonchli axborotlar bilan to‘liq, va uz vaqtida foydalanishni ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni hamma joylarda tatbiq, etish tushuniladi. Bundan shu narsa nazarda tutilmoqdaki, zamonaviy axborot tizimlari va texnologiyalarini hamma joyga tatbik, etish qabul qilinajak qarorlar samarasini oshiradi. Bu faqat milliy iqtisod rivojlanishining iqtisodiy ko‘rsatkichlari o‘sishinigina emas, balki ayni paytda ishlab chiqarishni rivojlantirish, yangi ish joylarini tashkil etish, aholining turmush darajasini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilishga yunaltirilgan fundamental va amaliy fanlarda sifatli ilmiy yutuqlarga erishishni ham ta’minlaydi.
Yangi XXI asrda mamlakatlarning milliy iqtisodi globallashib, axborotlashgan iqtisod shakliga aylanmoqda. Ya’ni milliy iqtisoddagi axborot va bilimlarning tutgan o‘rni tobora yuksalmoqda va ular strategik resursga aylangan. Dunyoda jamg‘arilgan axborot va bilimlarning 90%i so‘nggi 30 yil mobaynida yaratilgan. Axborot va bilimlar hajmining kundan-kunga ortib borishi milliy iqtisodning barcha sohalarida, jumladan, ta’limda ham axborot-kommunikatsiyalar texnologiyalaridan keng ko‘lamda samarali foydalanishni talab etmoqda.
Axborot xuddi an’anaviy resurslar kabi izlab topish, tarqatish mumkin bo‘lgan resursga aylandi. Ushbu resursning foydalanadigan umumiy hajmi kelgusida davlatlarning strategik imkoniyatini, shuningdek mudofaa qobiliyatini ham belgilab beradi, deyishga jiddiy asos bor.
Axborot resurslarini oqilona tashkil etish va foydalanishda ular mehnat, moddiy va energetik re¬surslar ekvivalenti sifatida namoyon bo‘ladi. Ayni paytda axborot — bu boshqa barcha resurslardan oqilo¬na va samarali foydalanish hamda ularni asrab-avaylashga ko‘maklashuvchi yagona resurs turidir.
Shunday qilib, axborot resurslari zamonaviy axborotlashgan jamiyatda ishlab chiqarishning asosiy qismi bo‘libgina qolmay, balki ular milliy daromad manbai sifatidagi tovar hamdir.
XXI asrga kelib insoniyat tarixida ilk bor sanoati rivojlangan mamlakatlar ishlab chiqarishida axbo¬rot ish quroliga aylandi. Moddiy ishlab chiqarish sohasidan mehnat resurslarining og‘ishmay axborotlar sohasiga o‘tib borishi tendensiyasi tobora yaqqol sezilmoqda. Buning asosiy sababi shundaki, ishlab chiqarish sur’ati o‘sishi va rivojlanishi jarayonida qarorlar qabul qilish hamda boshqarish uchun zarur bo‘lgan axborot hajmi oshib borayapti. Bu o‘sish avvalo, iqtisodiy, texnik, ilmiy, texnologik va ijtimoiy tizimlar va jarayonlarda namoyon bo‘lmoqda.
Axborot tanqisligi bilan bog‘liq, bo‘lgan boshqaruv xatolari juda qimmatga tushadi.
Ayni paytda, boshqaruv va ishlab chiqarish samaradorligi, ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqish va foydalanish bo‘yicha eng ko‘p axborotga ega bo‘lgan tizim yutib chiqmoqda.
Mutaxassislar, birinchi galda iqtisodchilarning axborotga erkin kirib borishini sanoat rivojlanishi sharoitida bozor iqtisodi samaradorligining asosiy shartlaridan biri deb hisoblaydi. Ularning faoliyati va jamiyat ishlab chiqarishining asosiy sohalari u yoki bu ma’noda axborot bilan bog‘liq, bo‘lib, ish bilan band bo‘lganlarning 40-60 % ini tashkil etadi. Axborot xizmatlari jahon yalpi ijtimoiy mahsuloti va milliy daromadining 10% ini tashkil qilmoqda. Shuning 90%i AQSH, Yaponiya va G‘arbiy Yevro¬pa hissasiga to‘g‘ri keladi.
Axborot intellektual faoliyatning muhim mahsuloti sanaladi. Sanoati rivojlangan barcha mamlakatlarda ushbu mahsulotlarni o‘z foydalanuvchilariga yetkazishning “usullari va vositalari”ni ishlab chiqish hamda joriy etish jadal sur’atlarda olib borilmoqdaki, bu axborot tizimlari va texnologiyalari sanoatini yaratishda o‘z aksini topgan.
Axborot texnologiyalari industriyasining yuzaga kelishi ularning axborot jamiyatini yaratishni qanday ta’minlashiga bog‘liq. Axborot texnologiyalari industriyasi axborot mahsulotlari va vositalarini ishlab chiqaradi hamda iste’molchilarga yetkazadi. Axborot mahsulotlari deganda avvalo, an’naviy yo‘l bilan yoki elektron texnika yordamida olingan turli bilimlar sohasi, shuningdek, ma’lumot va axborotning boshqa shakllari tushuniladi.
Shaxsiy kompyuterlarning ommaviy ravishda ishlab chiqarilishi ayniqsa axborot texnologiyala¬ri sanoati uchun keng imkoniyatlar ochib berdi. Shaxsiy kompyuterlar inson faoliyatining deyarli barcha sohalariga kirib bordi va mutaxassislarning bilimlar manbaiga kirib borishi hamda uni bevosita qayta ishlash jarayonida qatnashish imkoniyatini kengaytirdi.
Axborot-kommunikatsiyalar texnologiyalarini ta’lim tizimida qo‘llashda shaxsiy kompyuterning tutgan o‘rni oshib bormoqda. 2000 yilda AQSHda 1000 kishiga 500 ta kompyuter to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, axborotlashgan iqtisod hali kirib bormagan mamlakatlarda ahvol ancha jiddiy. Ya’ni Braziliyada — 24, Rossiyada — 31, Turkiyada — 20, Hindistonda esa — bu raqam 3 taga to‘g‘ri kelmoqda. Internet orqali savdo-sotiq, qilish kundan-kunga ortib borayapti, jumladan AQSHda shaxsiy kompyuter Internet tizimiga ulangan oilalarning 47%i elektron magazinlardan tovarlar sotib olishmoqda. Axborotlashgan iqtisod yangi ish o‘rinlarini barpo etmoqda. Xizmatchilar o‘z ish joyini AQSHda o‘rta hisobda 4 yilda, Yevropada esa 8 yilda almashtiradi. Bunday sharoitda uzluksiz ta’limni axborot-kommunikatsiyalar texnologiyalarisiz yo‘lga qo‘yib bo‘lmaydi.1
Axborot texnologiyalari rivojlanishi bevosita iqtisodiy obyektlarning axborot tizimlaridan foydalanishi bilan bog‘liq. Zamonaviy axborot texnolo¬giyalari rahbarlarga, mutaxassislarga, texnik xodimlarga axborotni qayta ishlash va qarorlar qabul qilishda hamda to‘liq va ishonchli bo‘lgan zamonaviy axborot tizimini yaratishda ko‘mak beradi.
Axborot texnologiyalari ma’lumotlarni qayta ishlashning mustaqil tizimi sifatida ham, funksiyaviy tarkibiy qism sifatida ham ishlaydi va yanada yirik tizim doirasida boshqaruv jarayonini ta’minlaydi. Bunday tizimlar qatoriga sanoat korxonalari, firmalar, korporatsiyalar, moliya-kredit va tijorat-savdo tashkilotlari, ishlab chiqarish va xo‘jalik jarayonlarining avtomatlashtirilgan boshqarish, ilmiy tajribalar, iqtisodiy-matematik modeli, ma’lumotlar¬ni qayta ishlash tizimi, kutubxona xizmati va boshqa bir qator sohalar kiradi.
Jahonda ta’lim tizimi tezkor sur’atlarda taraqqiy etib bormoqda. Misol uchun Gollandiyani olib qaraydigan bo‘lsak, yuqori saviyaga ega bo‘lgan bitiruvchilar ishsiz qolmoqda. Shuning uchun ham yetkazayotgan kadrlarimizga bo‘lgan talab darajasini yaqindan o‘rganishimiz kerak. Agar ichki bozorimizda bunday kadrlarga ehtiyoj bo‘lmasa, Internet orqali tashqi bozorda ularga bo‘lgan talabni qidirib topishimiz zarur. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, AQSH universitetlaridagi professorlarning 85%ini hindistonliklar tashkil qiladi. Ularning ushbu yutuqlarga erishishini avvalo aniq fanlarni chuqur bilishi, chet tillarini mukammal o‘rganganligi va axborot-kommunikatsiyalar texnologiyalarini milliy iqgisod va ta’lim sohalarida samarali qo‘llay bilishi bilan izohlash mumkin.
Hozirgi kunda nafaqat ta’lim sohasiga, balki mil¬liy iqtisodning barcha tarmoqlariga Internet, elek¬tron tijorat, elektron biznes, virtual tijorat, virtual ta’lim, masofaviy o‘qitish, virtual stend tex¬nologiyalari keng ko‘lamda kirib kelmoqda.
Shunday qilib, bugungi kunda axborot-kommunikatsiyalar texnologiyalarining hayotimiz barcha jabhalariga kirib kelishi, ayniqsa iqtisodiyot, kasbiy ta’lim, biznes va uzluksiz ta’limni yo‘lga qo‘yish mexanizmlarini tubdan o‘zgartirib yubormoqda. Shuni ta’kidlash kerakki, jahon iqtisodiyotining globallashib borayotganida Internet orqali ta’lim xizmatlarini taklif etish borasida mehnat bozorining hajmi cheksizdir.
9.4. Muammoli ta’lim texnologiyasi va uning maqsadi, vazifasi
Oliy o‘quv yurtlarida o‘quv-tarbiya jarayonining samaradorligini oshirishning muhim sharti mazkur jarayonga tizimli yondashuv sanaladi va o‘qituvchilarga quyidagi dars turlari tavsiya etiladi:
1.Ma’ruza (kirish ma’ruzasi, mavzuli ma’ruza, umumlashtiruvchi ma’ruza) mashg‘ulotlari.
2.Seminar (bilimlarni mustahkamlovchi, yangi bilimlarni mustaqil egallashga mo‘ljallangan) darslari.
3. Modulli dars.
4. Muammoli (aqliy hujum) darslar.
5. Munozarali (ilmiy munozara va erkin fikrlash) darslar.
6.Didaktik-o‘yinli (syujetli-rolli, ijodiy, ishbilarmonlar, konferensiyalar, o‘yin mashqlar) darslar.
7.Sinov (didaktik kartochkalar, test topshiriqlari, o‘zaro nazorat varag‘i yordamida EHM nazorat dasturlari vositasida o‘tkaziladigan) darslari.
Mazkur darslarning o‘ziga xos jihati dars davomida vujudga keltirilgan muammoli vaziyatlarga asoslanadi.
Muammoli ta’lim deyilganda, o‘qituvchi rahbarligida muammoli vaziyat yuzaga keltirilib, mazkur muammo o‘quvchi-talabalarning faol mustaqil faoliyati natijasida bilim, ko‘nikma va malakalarni ijodiy o‘zlashtirish va aqliy faoliyatni rivojlantirishga imkon beradigan ta’lim jarayonini tashkil etish nazarda tutiladi. Shuningdek, muammoli o‘qitishning mohiyatini o‘qituvchi tomonidan o‘quvchi-talabalarning o‘quv ishlarida muammoli vaziyatni vujudga keltirish va o‘quv vazifalarini, muammolarini va savollarini hal qilish orqali yangi bilimlarni o‘zlashtirish bo‘yicha ularning bilish faoliyatini boshqarish tashkil etadi. Bu esa bilimlarni o‘zlashtirishning ilmiy-tadqiqot usulini yuzaga keltiradi.
Muammoli ta’limning muvaffaqiyati quyidagi omillarga bog‘liq:
1. O‘quv materialini muammolashtirish;
2. O‘quvchi-talabalarning bilish faoliyatini faollashtirish;
3. Ta’lim jarayonini o‘yin, mehnat faoliyati bilan uyg‘unlashtirish;
4. O‘qituvchi tomonidan muammoli metodlardan o‘z o‘rnida samarali foydalanish ko‘nikmasiga ega bo‘lish;
5. Muammoli vaziyatni hal etish yuzasidan muammoli savollar zanjirini tuzish va mantiqiy ketma-ketlikda o‘quvchi-talabalarga bayon etish.
Muammoli metodlar muammoli vaziyatlarni vujudga keltirib, o‘quvchi-talabalarning muammoni hal etish, murakkab savollarga javob topish jarayonida alohida obyekt, hodisa va qonunlarni tahlil qilish ko‘nikmalari va bilimlarni faollashtirishga asoslangan faol bilish faoliyatini taqozo etadi.
Muammoli vaziyat muayyan pedagogik vositalarda maqsadga muvofiq tashkil etiladigan o‘ziga xos o‘qitish sharoitida yuzaga keladi hamda o‘rganilgan mavzular xususiyatlaridan kelib chiqib, bunday vaziyatlarni yaratishning maxsus usullarini ishlab chiqish zarur. O‘qitishda muammoli vaziyat shunchaki «fikr yo‘lidagi kutilmagan to‘siq» bilan bog‘langan aqliy mashaqqat holati emas, balki u bilish maqsadlari maxsus taqozo qilgan aqliy taranglik holatidir. Bunday vaziyat negizida avval o‘zlashtirilgan bilim izlari va yangi yuzaga kelgan vazifani hal qilish uchun aqliy va amaliy harakat usullari yotadi. Bunda har qanday mashaqqat muammoli vaziyat bilan bog‘liq bo‘lmasa, ya’ni yangi bilimlar avvalgi bilimlar bilan bog‘lanmasa, aqliy mashaqqat muammoli bo‘lmaydi. Muammoli vaziyat har qanday fikrlash mashaqqatlaridan farq qilib, unda o‘quvchi-talaba mashaqqat talab qilgan tushuncha yoki faktning unga avval va ayni vaqtda ma’lum bo‘lgan vazifa, masala bo‘yicha ichki, yashirin aloqalarini anglab yetadi.
Muammoli vaziyatning belgilari quyidagilardir:
— o‘quvchi-talabaga notanish bo‘lgan faktning mavjud bo‘lishi;
— vazifalarni bajarish uchun talabaga beriladigan ko‘rsatmalar, yuzaga kelgan bilish mashaqqatini hal qilishda ularning shaxsiy manfaatdorligi.
Muammoli vaziyatlarni hal etishda o‘qituvchi o‘quvchi-talabalar faoliyatini fikr yuritishning mantiqiy operatsiyalari: tahlil, sintez, taqqoslash, analogiya, umumlashtirish, tasniflash va xulosa yasashga yo‘naltiradi.
Muammoli vaziyatlardan o‘quv jarayonining barcha bosqichlarida: yangi mavzu bayoni, mustahkamlash va bilimlarni nazorat qilishda foydalanish mumkin. Muammoli vaziyatlar tizimi muvaffaqiyatli yaratilgan hollarda mazkur mavzuni muammoli dars shaklida o‘tish tavsiya etiladi. O‘qitish jarayoniga muammoli darslarni qo‘llash uchun o‘qituvchi quyidagi masalalarni hal qilishi kerak bo‘ladi:
— o‘quv dasturi bo‘yicha qaysi mavzularni muammoli dars shaklida o‘tish mumkinligini;
— mavzu matnidagi masalalar bo‘yicha muammoli vaziyatni keltirib chiqaradigan savollar, topshiriqlarni aniqlash, bunda didaktikaning ilmiylik, sistemalilik, mantiqiylik, ketma-ketlik, izchillik prinsiplariga amal qilishi;
— o‘quvchi-talabalarning bilish faoliyatini faollashtirish va boshqarishni ta’minlaydigan vosita va usullarni aniqlashi, ulardan o‘z o‘rnida va samarali foydalanish yo‘llarini belgilashi zarur.
O‘qituvchi o‘rganilayotgan bob va mavzularning didaktik maqsadi, ta’lim mazmunidan kelib chiqqan holda yuqori samara beradigan mashg‘ulot turini belgilaydi, o‘quv yili boshidan taqvim mavzularni rejalashtiradi.
Oliy o‘quv yurtlarida zamonaviy ta’lim texnologiyasi – bu muammoli o‘qitish, tadqiq etib, muammoni hal etishdir. Ta’lim texnologiyasi esa, rivojlanayotgan ta’lim jarayonini, muammoli o‘qitish vazifasini faol o‘rganish jarayonini rag‘batlantirish, tadqiqot ishlarini olib borish va tafakkur etish usulini tarbiyalashdan iboratdir. Muammoli o‘qitish jarayoni shaxsning ijodiy faoliyatini tarbiyalash maqsadlariga mos oliy o‘quv yurtlari ish amaliyotida muammoli o‘qitish bilan birgalikda illustratsiyali tushuntirish texnologiyasi, axborot-ma’lumot texnologiyasi va dasturlashgan ta’lim texnologiyasi kabilardan keng foydalaniladi.
Muammoli o‘qitish jarayonida o‘quvchi-talabaning mustaqillik roli reproduktiv o‘quv usullariga solishtirib qaraganda ancha samarali bo‘ladi. Muammoli o‘qitishning maqsadi o‘quvchi-talabalar bilan ishlash jarayonida ta’lim-tarbiya masalalari, muammo va savollariga javob qidirish, ularni hal etish yo‘llari bilan yangi bilimlarni o‘zlashtirishni, o‘quvchi-talabalar o‘quv faoliyatida muammoli vaziyatlarni vujudga keltirish va hal etish bo‘yicha o‘qituvchi (pedagog)lar ularda qiziqish uyg‘ota olishdan iborat.
Professor N.N.Azizxo‘jayeva muammoli vaziyatning ma’nosini quyidagicha ta’riflagan, ya’ni muammoli vaziyat o‘quvchi-talabalarga ma’lumotlar, bilimlar bilan yangi dalillar, hodisalar, vaziyatlar orasidagi dialektik qarama-qarshiliklar bo‘lib, ularni tushunib olish uchun ilgari olgan bilimlarining yetishmasligidir. Bu qarama-qarshiliklar (tushunmovchiliklar) ijodiy bilimlarni o‘zlashtirish uchun harakatlantiruvchi kuch bo‘lib xizmat qiladi.1
Ta’lim jarayonida muammoli vaziyat xususiyati quyidagilardan iborat:
— o‘quvchi-talabalar uchun noma’lum yangilikning mavjudligi;
— muammolarni o‘zlari hal etishlari;
— shaxsiy qiziqish va ehtiyojlari yuzaga kelgan tushunmovchiliklarni o‘zlari o‘rganishga harakat qilishlari;
— nima noma’lum ekanligini bilib, ma’nosini tushunib, uni hal etishga intilish kabilar.
Yuzaga kelgan muammolarni tahlil qilib fikr yuritish, o‘quvchi-talabalarning mustaqil aqliy faoliyatini rivojlantirishning muhim talablaridandir. Bunday fikr yuritish o‘quvchi-talabani shu narsani anglay olmaganligini tushunib yetib, bu gapning ma’nosiga jiddiy ravishda e’tibor berishga qaratadi.
Muammoli ta’limni tashkil etish va olib borishda o‘qituvchi o‘zining ta’lim-tarbiya berishdagi faoliyatini aniq tushunib, yetishi ham muhim ahamiyatga ega. O‘qituvchi o‘quvchi-talabalarga tayyor fikr bermay, balki ularning izlanishiga to‘g‘ri yo‘nalish berishi lozim. O‘quvchi-talabalar mashg‘ulotlarda va kundalik hayotda uchraydigan voqea, xabar, hodisa va turli dalillarni o‘zlari tahlil qilib, mustaqil fikrga ega bo‘lishni maqsad qilib qo‘yishlari kerak. Shuningdek, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlaridagi muammoli ta’lim o‘quvchi-talabalarning izlanish faoliyati, bilim va malakalarni chuqur egallab olishini, tevarak-atrofdagi o‘zgarishlarga bo‘ladigan qarashiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatish imkoniyatini ham yaratib beradi.
O‘qituvchi muammoli ta’lim tizimida o‘quvchi-talabalar o‘quv-izlanish faoliyatini shunday tashkil etadiki, ularning diqqat-e’tibori yuzaga kelgan qiyinchilik va kamchiliklarni hal etishga, turli axborotlarni mustaqil tahlil qilishga, yechimini topish, umumlashtirish va xulosalar chiqarishga, olgan bilim va malakalarini keyingi duch keladigan vaziyatlarda qo‘llay olishga qaratilgan bo‘lishi lozim. Demak, buning natijasida o‘quvchi- talabalarda mustaqil fikr yuritish, bilim olish, yangidan-yangi maqsadlarni oldiga qo‘yish, yangicha fikrlash yo‘llariga o‘rganish hamda tafakkurining rivojlanish qobiliyatining shakllanishiga imkon beradi. O‘quvchi-talabalar muammoli ta’lim jarayonida o‘quv materiallarini o‘rganishlari, tegishli ma’lumotlarni mustaqil tahlil qilishlari, berilgan o‘quv masalalarini farazlarini oldinga surib, ularni isbot qilish yo‘llari bilan yechishlari, ta’lim jarayonini o‘zlashtirishga aql bilan harakat qilishlari ularning intellektual faoliyatlarini oshiradi.
Muammoli darslarda o‘qituvchining faoliyati, avvalo mavzu mazmunidan kelib chiqqan holda o‘quv muammolarini aniqlash, muammoli vaziyatlar tizimini yaratish, o‘quvchi-talabalar oldiga o‘quv muammolarini yuqori ilmiy va metodik saviyada qo‘yish, darsda mazkur o‘quv muammolaridan samarali foydalanishga erishish, o‘quvchi-talabalar faoliyatini muammolarni hal etishga yo‘naltirishdan iborat bo‘ladi.
O‘quvchi-talabalarning faoliyati muammoli vaziyatlarni idrok etish, hal qilish usullarini izlash, muammoni tahlil qilib, taxminlarni ilgari surish, taxminlarni ilmiy, mantiqiy nuqtai nazardan asoslash, taxminlarni tekshirish va xulosa chiqarishdan iborat bo‘ladi.
Hozirgi zamon muammoli darslarning didaktik maqsadi quyidagilardan iborat:
 O‘quv muammolarini hal etishda o‘quvchi-talabalar tomonidan avval o‘zlashtirgan bilimlarini ijodiy qo‘llab, yangi bilimlarni egallash ko‘nikmalarini;
 Bilimlarni ijodiy o‘zlashtirish va amalda qo‘llash malakalarini;
 Izlanuvchanligi, qiziqishi, motivlari, mantiqiy tafakkuri, ijodiy faoliyati, aqliy kamoloti, zakovatini rivojlantirishdan iborat.
Muammoli mashg‘ulotda muammoli vaziyat bo‘lishi nazarda tutiladi va u an’anaviy darsning hamma bosqichlarini o‘z ichiga oladi: uy vazifasini tekshirish, maxsus og‘zaki mashqlar, o‘quvchi-talabalar oldiga dars maqsadini qo‘yish, yangi o‘quv materialini tayyorlash va uni o‘rganish, yangi va ilgari o‘rganilgan materialni bog‘lab mustahkamlash, mashg‘ulotni yakunlab, uyga vazifa berish kabilar. Muammoli mashg‘ulotlarda yangi o‘rganilayotgan qonun-qoidaga oid faktlar to‘plash, ularni bir-biri bilan taqqoslash va tahlil qilish, bilimlarni o‘rganish va mustahkamlash jarayoni parallel ravishda olib boriladi.
Ta’limda muammoli o‘qitishning uch sharti mavjud:
1. Muammoli ta’limni tashkil etishda o‘quv materiallarini tizimli, tartib bilan rivojlantirish.
2. Vazifa berilganda uni yechish usullarini tanlash imkoniyatini berish.
3. O‘quvchi-talaba bilim olishni maqsad qilib qo‘yishi va maqsadiga erishishi uchun o‘z bilimini to‘g‘ri baholay olishi.
Ta’lim jarayonida muammoli vaziyatni yuzaga keltirishda bir qator didaktik maqsadlar ham ko‘zda tutiladi, ya’ni;
 o‘quvchi-talabalar diqqati o‘quv materialiga tortiladi;
 o‘quvchi-talabalarda fanga nisbatan qiziqish uyg‘otish;
 ularni o‘zlashtirish faoliyatini jonlantirish;
 ularning oldiga aqliy faoliyatni rivojlantiruvchi masalalarni qo‘yish;
 o‘quvchi-talabalar o‘rganishi zarur bo‘lgan bilimlar yetarli darajada emasligini dalillarga asoslangan holda ko‘rsatish;
 o‘quv materiallarini tahlil etishga o‘rgatish;
 o‘qitishdagi muammolarni hal etishning yo‘l-yo‘riqlarini topishda ularga ko‘mak berish.
Ta’lim jarayonida muammoli vaziyatlar bir necha turga bo‘linadi:
1. O‘quvchi-talabalar o‘z oldilarida turgan masalaning yechimini topa olmaydi, muammoli savol yuzaga kelganda unga o‘z vaqtida javob bera olmaydi, yangi mavzuni tushunishda qiyinchiliklarga duch keladi.
2. O‘quvchi-talabalar oldin egallagan bilimlarini yangi sharoit va vaziyat yuzaga kelganda qo‘llay olmaydi.
3. Ularning muammoni nazariy yo‘l bilan hal etish va bu tanlangan usulni amalga oshirishi o‘rtasida qarama-qarshiliklar vujudga keladi.
4. O‘quvchi-talabalar amalda bajargan topshiriq natijalari bilan o‘zlarining nazariy jihatdan tushunib yetishlari o‘rtasida bilimlarining yetishmasligi ham muammoli vaziyatlar yuzaga kelishiga olib keladi.
Ta’lim jarayonida muammoli o‘qitish samarali, maqsadga muvofiq bo‘lishi uchun uni o‘quv jarayoni, o‘quv-tarbiya ishlari asosining bir qismiga aylantirish zarur. Muammoli ta’lim yordamida talabalarda o‘quv muammolari va mutaxassislik masalalarini yechishga tadqiqiy yondashish, mustaqil tarzda o‘rganish mahoratini shakllantirishni tarbiyalaydi.
Shunday qilib, muammoli ta’lim o‘quvchi-talabalar bilim tizimlari va aqliy hamda amaliy faoliyatlarida samarali o‘zlashtirishga yordam beradi, o‘zlashtirgan yangi bilimlaridan kelajakdagi vaziyatlarda unumli foydalana olishni, ta’lim muammolarini yecha bilish, mustaqil izlanishga o‘rgatish, ijodiy tajribaga ega bo‘lish va uni rivojlantirish, ta’lim jarayonining vazifalarini tahlil qilish, muammoli ta’limni aniqlash imkoniyatlarini ochib beradi.
9.4. Kasbiy fanlarni o‘qitishda ilg‘or pedagogik texnologiyalarni qo‘llashning ahamiyati va zarurati
Prezidentimiz I.A.Karimov alohida ta’kidlaganlaridek, «Biz mamlakatimizning istiqboli yosh avlodimiz qanday tarbiya topishiga, qanday ma’naviy fazilatlar egasi bo‘lib voyaga yetishiga, farzandlarimizning hayotda nechog‘lik faol munosabatda bo‘lishiga, qanday oliy maqsadlarga xizmat qilishiga bog‘liq ekanini hamisha yodda tutishimiz kerak». Shu sababli ham birinchi navbatda ta’lim mazmuni va uning tarkibini kengaytirish va chuqurlashtirish, xususan, bu mazmunga nafaqat bilim, ko‘nikma va malaka, balki umuminsoniy madaniyatni tashkil qiluvchi – ijodiy faoliyat tajribasi, tevarak-atrofga munosabatlarni ham kiritish g‘oyasi kun tartibiga ko‘ndalang qilib qo‘yildi.
Bizningcha, bu g‘oyani ijtimoiy hayotning quyidagi komponentlari orqali ro‘yobga chiqarish mumkin:
 faoliyat turlari (moddiy, amaliy ijtimoiy, ma’naviy);
 ijtimoiy ong shakllari (axloq, san’at, siyosat, falsafa, fan va boshqalar);
 ijtimoiy munosabatlar tizimi (moddiy va mafkuraviy);
 moddiy, ijtimoiy va tabiiy borliq (keyingi avlodlarga meros qilib qoldirilgan boyliklar).
Ta’lim mazmuni, uning komponentlari, tarkibi, vazifalari haqida so‘z ketganda dalillar bilan qonuniyatlar, yaqqollik bilan mavhumlik, bilimlar bilan haqiqatni mustaqil bilish metodlari o‘rtasidagi maqbul keladigan munosabatlarni aniqlash zarur.
«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da ta’kidlanganidek, «Zamonaviy iqtisodiyot, fan, texnika va texnologiyalarni rivojlantirish asosida kadrlar tayyorlashning takomillashgan tizimini yaratish mamlakatni taraqqiy ettirishning eng muhim sharti hisoblanadi. Tizimning amal qilishi kadrlarning istiqbolga mo‘ljallangan vazifalarini hisobga olish va hal etish qobiliyatiga yuksak umumiy va kasbiy madaniyatiga, ijodiy va ijtimoiy faolikka, ijtimoiy siyosiy hayotda mustaqil ravishda yo‘nalish ola bilish mahoratiga ega bo‘lgan yangi avlodni shakllantirishni ta’minlaydi».
Kadrlar tayyorlash sohasida hozirga qadar amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar faqat mavjud ta’lim tizimini isloh qilishga qaratilgan edi. U shaxs, jamiyat va davlatning ehtiyojlari bilan kasbiy tayyorgarlikning amaldagi tizimi o‘rtasidagi tafovutlarni bartaraf etishni ta’minlamas edi. Xalqaro tajribani, mavjud kadrlar tayyorlash tizimining ahvoli va muammolarini tahlil qilish asosida uning prinsip jihatidan yangi modeli ishlab chiqildi.
Kadrlar tayyorlash tizimi yangi modelining mohiyati va o‘ziga xos xususiyati unga asosiy tarkibiy qismlari sifatida quyidagi komponentlar kiritilganligidadir:
— shaxs – kadrlar tayyorlash tizimining bosh subyekti, ta’limga oid xizmatlarning iste’molchisi va ularning yaratuvchisi;
— uzluksiz ta’lim – kadrlar tayyorlashning poydevori asosi;
— fan – yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlovchi va ularning iste’molchisi;
— ishlab chiqarish – kadrlarga bo‘lgan ehtiyojning istiqbolini belgilashni, ularning tayyorgarlik darajasi sifatini baholashni, shuningdek, kadrlar tayyorlash tizimini qisman moliyaviy va moddiy-texnikaviy ta’minlashni amalga oshiruvchi asosiy buyurtmachi;
— davlat va jamiyat – kadrlarning tayyorgarligi sifatini nazorat qilish va baholashni amalga oshiruvchi, kadrlarni tayyorlash va ularni qabul qilib olishning bosh kafillari.
«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» umumiy madaniyatni shakllantirish, jamiyatdagi hayotga moslashtirish, kasb-korga va ta’limga oid dasturlarni ongli ravishda tanlash hamda keyinchalik ro‘yobga chiqarish uchun ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, tashkiliy, psixologik-pedagogik va boshqa shart-sharoitlarni yaratishni, oila va jamiyat, davlat oldidagi o‘z mas’uliyatini anglovchi barkamol insonni tarbiyalashni nazarda tutadi.
Ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga jadal sur’atlar bilan kirib borish jarayoni respublikamiz aholisi uchun ta’lim darajasini oshiruvchi omillardan biri bo‘lib hisoblanadi. Bu birinchi navbatda bozor munosabatlarining rivojlanishiga bog‘liq bo‘lib, u jarayon bilim darajasiga, iqtisodiyot va ekologiya, kompyuter texnikasi va axborot texnologiyalar ustuvor bo‘lgan va xalq xo‘jaligining rivojlangan tarmoqlariga, ta’lim tizimining takomillashuvi va kadrlar tayyorlashga bog‘liq bo‘ladi.
Kadrlar tayyorlash muammosining samarali yechimi birinchi navbatda bugungi kun talablariga javob bera oladigan psixologiya, pedagogika, iqtisodiyot, ekologiya, madaniyat, huquqshunoslik va shunga o‘xshash boshqa fanlarning bilim asoslarini chuqur biladigan professional malakaga, har tomonlama chuhur bilimga ega bo‘lgan o‘qituvchi kadrlar tayyorlanishi bilan bog‘liqdir. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I.A.Karimov Oliy Majlisning IX sessiyasida ta’kidlab o‘tganlaridek: «Domlalar, professorlar, kafedra mudirlari o‘z ustida ishlamasa, o‘z sohasi bo‘yicha chet mamlakatlarga ilmiy safarlarga borib kelmasa, tajriba almashtirilmasa, albatta bunday ahvol o‘quv jarayoniga va uning samarasiga salbiy ta’sir qiladi».1
Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatib turibdiki, yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash jarayonida quyidagilar hal qiluvchi ahamiyat kasb etar ekan:
1. Ta’lim, fan va ishlab chiqarishning o‘zaro samarali aloqadorligi.
2. Ta’lim korxonalari va professional ta’lim dasturlari turlarining xilma-xilligi, ularning fan va texnikaning eng so‘nggi yutuqlari, iqtisodiyot va texnologiyalarning eng yuqori andozalari va ko‘rinishlaridan foydalanish.
3. Professional ta’lim tizimini ustuvor va foyda keltiruvchi iqtisodiy tarmoqqa aylantirish.
4. Ta’lim muassasalarini zamonaviy o‘quv-metodik adabiyotlar bilan ta’minlash va ularning moddiy-texnik bazasini yaratish hamda ularning moliyaviy ko‘rsatkichlarini mustahkamlash.
5. Professional ta’lim tizimiga eng yuqori malakali o‘qituvchilarni va mutaxassislarni jalb ettirish.
6. O‘quv jarayonini axborotlashtirish va kompyuterlashtirish.
7. Kadrlar tayyorlashning sifat bahosini va obyektiv nazorat tizimini qo‘llash.
8. Shaxsning rivojlanishi, o‘lchovi, sifat va xulqini, qobiliyat intellektini baholash va kasbiy mahorati muammolariga bag‘ishlangan psixologik-pedagogik izlanishlarni bajarish.
9. O‘qituvchilarni yuqori darajada moddiy rag‘batlantirish va ularni ijtimoiy himoya qilish.
Bu holatlarning barchasi «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da o‘z aksini topgan. Bugungi kunning mutaxassisi har tomonlama rivojlangan yuqori darajadagi intellektga ega bo‘lgan, fan asoslarini chuqur o‘rgangan bilimdon, zukko, dono, fidoiy, ma’rifatli va ma’naviyatli inson bo‘lishi kerak. U o‘z mutaxassisligidan tashqari, xorijiy tillardan birini egallagan bo‘lishi hamda kompyuter texnikasidan foydalana olishi shart.
Oliy ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchi zamonaviy pedagogik texnologiyalar, ta’lim-tarbiya jarayonini faollashtirish usullari va o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha sifatli bilim, ko‘nikma va malakalarni hosil qilishni ta’minlovchi pedagogik usullarni qo‘llay bilishi lozim. U zamonaviy pedagogik texnologiyalarning mohiyati, maqsadi va vazifalarini o‘rganib chiqib, ular haqida ilmiy asoslangan ma’lumotlar, amaliy yo‘llanmalar ishlab chiqishi, ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini o‘zlashtirganidan so‘ng, uni ta’lim tizimiga joriy eta olishi zarur.
Bugungi kunda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoni, jamiyatning tez o‘zgarib borayotgan turmush sharoiti, ta’lim tizimiga ta’sirchanlik va tezkorlik xossalarining berilishini, ya’ni ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyot talablariga javob berish, shaxs qobiliyati va iste’dodini hisobga olish imkoniyat va shart-sharoitlarini yaratishni taqozo etadi.
O‘quv-tarbiya dasturlarining ta’sirchanligi va tezkorligini ta’minlash ta’lim jarayonini differensiatsiyalash muammosi bilan uzviy bog‘liq. Hozirgi sharoitda, so‘zda emas, ishda uzluksiz ta’lim tizimiga ta’limni differensiyalash prinsip va mexanizmlarini joriy etish kerak.
Ta’limni differensiatsiyalash zamonaviy ta’lim tizimining asosiy xususiyatlaridan biridir. U o‘quvchi-talabalarning shaxsiy ehtiyojlari, layoqati, imkoniyatlari, qiziqishlari, kasb tanlashidan kelib chiqqan holda turli ko‘rinishda bilim olish imkoniyatini beradi.
O‘quv-tarbiya jarayonida qatnashuvchi barcha subyektlarning o‘zaro samarali ta’sirini ta’minlovchi mexanizmlar va shart-sharoitlarni yuzaga keltirish zarur. Umuman olganda, ushbu tizimning barcha tarkibiy qismlari – oila, uzluksiz ta’lim, mahalla, jamoat birlashmalari, jamg‘armalar mavjud. Biroq, birinchidan, ularning o‘z ichidagi samaradorlik faoliyatini ko‘tarish, ikkinchidan, samarali ta’sirchanlik, ya’ni uzviyligi, bir-biriga chambarchas bog‘liqligidan kelib chiqib ularning faoliyatini takomillashtirish lozim.
Ta’lim muassasalarining faoliyatini ijtimoiy institutlar sifatida tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur. Bunda, maktab, litsey, kollej, institutlarni nafaqat ilm-fan maskani, balki haqiqiy madaniy-ma’rifiy markazlarga aylantirish kerak. Ular mahalla, oila, jamoat birlashmalari bilan yaqindan aloqada bo‘lishlari shart. Ushbu maskanlarda ijod qilish ruhi, ijtimoiy faollik, shaxsiy ishtirok, o‘zaro hamkorlik muhitining yaratilishi, bir tarafdan, mustaqil fikr yurituvchi shaxsni tarbiyalashga, ikkinchi tarafdan, yangi ijtimoiy muhit, tafakkurning shakllanishiga olib keladi.
Oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv-tarbiya jarayonida modulli ta’lim texnologiyasi, hamkorlikda o‘qitish texnologiyasi, didaktik o‘yin texnologiyalari, muammoli ta’lim texnologiyalaridan foydalanish yo‘llari ishlab chiqildi.
Talabalarda darslik, ilmiy-ommabop va qo‘shimcha adabiyotlar bilan mustaqil ishlash ko‘nikmalari, ijodiy va mustaqil fikrlashni rivojlantirish maqsadida modulli ta’lim texnologiyalaridan foydalaniladi. Modulli ta’lim texnologiyalarining o‘ziga xos jihati o‘rganilayotgan mavzu bo‘yicha talabalarning mustaqil va ijodiy ishlashiga imkon beradigan modulli dastur tuziladi. Talabalar modul dasturi yordamida mustaqil va ijodiy ishlab, mashg‘ulotlardan ko‘zlangan maqsadga erishadilar.
Modul dasturlari o‘rganilayotgan mavzu yuzasidan talabalar bajarishi lozim bo‘lgan topshiriqlar, topshiriqlarni bajarish bo‘yicha ko‘rsatmalarni o‘zida mujassamlashtiradi. Ishlab chiqilgan dasturlar mazmun va mohiyatiga ko‘ra, talabalarning individual, ikkita talaba birgalikda va kichik guruhlarda hamkorlikda ishlashiga mo‘ljallangan modul dasturlariga ajratiladi. Modul dasturlarning didaktik maqsadidan kelib chiqib, o‘quv-tarbiya jarayonidan o‘z o‘rnida foydalanish yuqori samara beradi.
O‘quv-tarbiya jarayonida hamkorlikda o‘qitish texnologiyasi metodlaridan foydalanish har bir talabani kundalik qizg‘in aqliy mehnatga, ijodiy va mustaqil fikr yuritishga o‘rgatish, shaxs sifatida ongli mustaqillikni tarbiyalash, talabada shaxsiy qadr-qimmat tuyg‘usini vujudga keltirish, o‘z kuchi va qobiliyatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, ta’lim olishda mas’uliyat hissini shakllantirishni ko‘zda tutadi. Hamkorlikda o‘qitish texnologiyasi har bir talabaning ta’lim olishdai muvaffaqiyati guruh muvaffaqiyatiga olib kelishini anglagan holda muntazam va sidqidildan aqliy mehnat qilishga, berilgan topshiriqlarni sifatli bajarishga, o‘quv materialini puxta o‘zlashtirishga zamin tayyorlaydi.
Oliy o‘quv yurtlarida olib boriladigan mashg‘ulotlarda hamkorlikda o‘qitish texnologiyasining guruhlarda o‘qitish, zigzag yoki arra, kichik guruhlarda ijodiy izlanishni tashkil etish metodlaridan foydalanish uchun pedagog har bir metodning didaktik maqsadini anglagan holda o‘quv topshiriqlarini tuzadi va ulardan o‘z o‘rnida foydalanish yo‘llarini belgilaydi.
Hozirgi kunda juda ko‘p metodist va pedagog olimlar «Zamonaviy pedagogik texnologiyalar» talaba-o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berishda ko‘zlangan maqsadga erishishni to‘la kafolatlaydi, deb qaralmoqda. To‘g‘ri, zamonaviy texnologiyalar yordamida ishlab chiqarishda boshqaruvchidan katta kuch talab qilinmaydi. Maxsus texnologiyaning o‘zi qo‘yilgan maqsadga to‘la erishishni kafolatlaydi. Ammo bu nazariyani pedagogik texnologiyada to‘laligicha qabul qilib bo‘lmaydi, chunki bunda obyekt shaxs bo‘lib, uning ongi taklif qilinayotgan texnologiyani to‘laligicha qabul qila olmaydi, aksincha uni inkor qilishi mumkin. Shuning uchun ham zamonaviy pedagogik texnologiyalarni ta’lim jarayoniga kiritishda uning boshqaruvchisi bo‘lgan pedagog ko‘zlangan maqsadga erishishning bosh kafolatchisi hisoblanadi. Demak, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni uning asosiy negizi bo‘lgan axborotlar texnologiyasini ta’lim tizimiga joriy etishda uning boshqaruvchisi bo‘lmish pedagogning tayyorgarlik darajasini birinchi o‘rinda hal qilish bugungi kun «Pedagogika» fanining eng dolzarb muammolaridan biriga aylandi.
Oliy ta’limda zamonaviy pedagogik texnologiyalarni o‘quv jarayoniga joriy etish ko‘lamini kengaytirish, mazkur yo‘nalishda ilg‘or pedagogik tajribalarni tatbiq etish, har bir fan bo‘yicha bu sohada aniq rejalarni tuzish va amalga oshirish; darslik, o‘quv qo‘llanma, dastur, ma’ruza matnlarini tayyorlash, ilmiy-metodik ishlarda, o‘quv-tarbiya jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etishni rivojlantirish, ularni axborot vositalari bilan ta’minlash hamda kommunikatsion tarmoqlarga bog‘lash muhim vazifa hisoblanadi.
Umuman olganda, oliy ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan har bir pedagog quyidagi zamonaviy pedagogik texnologiyalarni, ya’ni:
 zamonaviy pedagogik texnologiyalarning ilmiy-nazariy asoslari;
 pedagogik texnologiyalar konsepsiyasining rivojlanish tarixi;
 ta’lim jarayoniga texnologik yondashish haqida tasavvurga ega bo‘lish;
 pedagogik texnologiyalarning didaktik qonuniyatlarini;
 o‘qitiladigan fanga tegishli ilg‘or o‘qitish texnologiyalarini;
 didaktik jarayonni ma’lum vaqt chegarasida loyihalanishi;
 o‘qitishning faol metodlarini bilish va qo‘llay olish;
 uy vazifalarini maqsadli, tashhisli va aniq o‘quv element turi tarzida berish, texnologiya loyihalarining mantiqiy tuzilmasi, korreksiyasi;
 o‘quv maqsadlari tavsiyanomasini ishlab chiqish;
 test topshiriqlarini talaba faoliyat darajalariga mos holda tuzish bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘lish sharti;
 internet kompyuter tarmog‘idan foydalanish;
 o‘quv jarayoniga elektron pochtadan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘lish;
 reyting nazorati va talabalarning bilimlarini obyektiv baholashni bilishi kerak.
Bugungi kunda respublikamizda oliy ta’lim tizimi yangi rivojlanish pog‘onasiga ko‘tarildi: ikki bosqichli ta’lim – bakalavriat va magistratura faoliyat ko‘rsata boshladi; davlat ta’lim standartlari ishlab chiqildi; talabalarning mustaqil ta’lim olishini yakka tartibda amalga oshirish joriy etilyapti, ta’lim mazmunida fan va ishlab chiqarish integratsiyasi o‘z aksini tobora ko‘proq topmoqda; professor-o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirishga e’tibor kuchaytirilganligi ayniqsa quvonarlidir.
Ta’lim-tarbiyaviy jarayonni rivojlangan davlatlar tajribalari asosida takomillashtirish, uning ishtirokchilari – o‘qituvchi va talaba-magistr faoliyatini «subyekt-subyekt» imkoniyatlari asosida tashkil etish zarurati bugun barcha oliy o‘quv yurtlarida pedagogika va psixologiya fanlarini o‘quv rejasiga kiritish lozimligini isbotladi. Endigi vazifa esa, bu fanlarni o‘qitishga alohida e’tibor qaratish, pedagogik faoliyatning siru-sinoatlarini tadqiq qilish asosida amaliy xulosalarni qo‘lga kiritishdir.
Shunday qilib, mamlakatimizda shaxs manfaati va ta’lim ustuvorligi e’tirof etilgan bir davrda pedagogika fani erkin shaxsni shakllantirish qonuniyatlari, yoshlar shaxsini hayotga moslashtirishning shakl va metodlari, mazmuni va prinsiplarini o‘rganadi. Endilikda pedagogika o‘z predmeti, fanlar bilan aloqasi, pedagogik bilimlar tizimi va ularning mantiqiy tuzilmasi, nazariy pedagogik bilimlarni tarbiyaga, ta’lim amaliyotiga qo‘llash masalalariga doir muammolarni qaytadan yangicha talqinda ko‘ndalang qo‘ymoqda. Demak, pedagogikada tadqiqotlarning dolzarbligi, bir tomondan, jamiyat ehtiyoji – o‘quv-tarbiya tizimini yanada rivojlantirish bilan, boshqa tomondan esa, pedagogik bilimlarning yangilanish va rivojlanish darajasi bilan belgilanar ekan.
Qisqa xulosa
Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda jahon ta’lim maydoniga kirishga yo‘naltirilgan yangi ta’lim tizimi qaror topdi. Bu jarayon bilan bir vaqtda pedagogik o‘quv-tarbiya jarayonining nazariyasi va amaliyotida sezilarli o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Ta’limdagi yondashuvlar, tarkibi o‘zgarmoqda va boshqacha munosabatlar, pedagogik mentalitetlar o‘rnatilmoqda.
Ta’lim tarkibi yangi protsessual mahoratlar, axborotlar bilan ishlash qobiliyatining rivojlanishi, ilmiy muammo va bozor amaliyotining ijodiy yechimining ta’lim dasturlarini individuallashtirishga qaratilishi bilan boyitilmoqda.
Axborotning an’anaviy usullari-og‘zaki va yozma nutq, telefon va global masshtabli telekommunikatsiyalarni ishlatish bilan almashtirilmoqda.
Pedagogik jarayonning muhim tarkibi bo‘lib, talaba bilan o‘qituvchining shaxsga yo‘naltirilgan o‘zaro munosabatlari hisoblanadi. Ijtimoiy bilimga teng bo‘lgan pedagogik texnologiyalarning tashkil topishida fanning roli ortib bormoqda.
Shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda ushbu bobda mavzu bo‘yicha qator ma’lumotlar keltirilgan va eng asosiysi talabalarga tushunarli tarzda bayon etilgan.
O‘z-o‘zini nazorat va muhokama uchun savollar:
1. Bugungi kunda ta’lim tizimidagi yangiliklar haqida so‘zlab bering?
2. Ta’lim texnologiyasi va uning rivojlanishi haqida fikr bildiring?
3.Ta’limda texnologik yondashish variantlari deganda nimani tushunasiz?
4. Axborot texnologiyalariga nimalar kiradi?
5. Rivojlangan jamiyatda axborot texnologiyalarining o‘rni qanday?
6. Pedagogik texnologiyaga berilgan ta’riflarni izohlab bering?
7. Muammoli ta’lim texnologiyasi haqida fikringiz qanday?
8. Modulli ta’lim texnologiyasiga misol keltiring?
9. “Reyting”, “Texnologiya”, “Innovatsiya” tushunchalarini izohlab bering?
10. “Internet”, “Elektron pochta”, “Multimediya” ga misollar keltiring?
Tavsiya etiladigan adabiyotlar:
1. Karimov I.A. Barkamol avlod O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori. – T.: Sharq nashriyot-matbaa konsernining Bosh tahririyati. 1997.
2. Qodirov B. Ta’lim tizimidagi islohotlar maqsad va yo‘nalishlar. -T.: O‘zbekiston, 2000.
3. G‘ulomov S.S. va boshqalar. Axborot tizimlari va texnologiyalari. — T.: Sharq nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, 2000.
4. Tojiyev., Salaxutdinov R., Barakayev M., Abdalova S. Ta’lim jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalari. – T.: 2001.
5. Farberman B.L. Progressivnie pedagogicheskiye texnologii. – T.: 1999.
6. Xo‘jayev N.X., Xodiyev B.Yu., Baubekova G.D., Tilabova N.T. Yangi pedagogik texnologiyalar. O‘quv qo‘llanma. – T.: Fan, 2002.
www.bilimdon uz. -O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim
vazirligining veb sayti.
www.de.uz — Masofaviy ta’lim tizimiga bag‘ishlangan veb sayt.
X . Kasb ta’limi muassasida tarbiyaviy ishlar nazariyasi va amaliyoti
10.1. Talaba yoshlarning ma’naviy-axloqiy odatlarini tarbiyalash.
10.2. Kasb ta’limi muassasalarida olib borilayotgan tarbiyaviy ishlarning asosiy mohiyati va mazmuni
10.3. Kasb ta’limi muassasalarida axloqiy tarbiya muammosi
10.4. Yoshlarni kasbga yo‘naltirishda milliy istiqlol mafkurasiga asoslangan ma’naviy-axloqiy, madaniy-maishiy ishlar
10.1. Talaba yoshlarning ma’naviy-axloqiy odatlarini tarbiyalash
Hozirgi kunda yoshlarni barkamol inson, o‘z vatanining ilg‘or kishisi sifatida tarbiyalash eng asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Chunki aynan yoshlar davlatimizning kelajagidir.
Mamlakatimizda chuqur, keng qamrovli iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Jamiyat ma’naviy yuksalish va yangilanish sari yuz tutgan bir paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999 yil 3–sentyabrdagi “Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashi qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmoni zamiridagi g‘oyalar, ulardan kelib chiqadigan asosiy maqsadlar ma’naviyatning ustuvorligini yana bir karra tasdiqlaydi.1
Xalqning ma’naviy ruhini mustahkamlash va rivojlantirish – O‘zbekistonda davlat va jamiyatning eng muhim vazifasidir. Ma’naviyat shunday qimmatbaho mevaki, u bizning qadimiy va navqiron xalqimiz qalbida butun insoniyatning ulkan oilasida o‘z mustaqilligini tushunib yetish va ozodlikni sevish tuyg‘usi bilan birgalikda yetilgan. Ma’naviyat insonga ona suti, ota namunasi, ajdodlar o‘giti bilan birga singadi. Ona tilining buyuk ahamiyati shundaki, u ma’naviyat belgisi sifatida kishilarni yaqin qilib jipslashtiradi. Tabiatga yaqinlik, jonajon o‘lkaning benihoya go‘zalligidan bahramand bo‘lish ma’naviyatga oziq beradi, kuchaytiradi. Ma’naviyat o‘z xalqining tarixini, uning madaniyati va vazifalarini chuqur bilish va tushunib yetishga suyangandagina qudratli kuchga aylanadi.
Ma’naviyati yuksak shaxslar yurtni tanitadi. Shaxsni esa uning ma’naviy qiyofasi tanitadi. Ma’naviyat – tarbiyadan boshlanadi. Ta’lim–tarbiyasiz ma’naviyatning bo‘lmasligi barchaga ayon haqiqatdir.
Milliy pedagogika asoschilaridan biri Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot – yo halokat, yo sadoqat, yo falokat masalasidir!” degan so‘zlari fikrimizga dalil bo‘ladi.
Tarbiya – ma’naviy manbalar va hozirgi zamon talablari va ehtiyojlarini nazarda tutgan holda, o‘qituvchining o‘quvchi bilan aniq bir maqsadga qaratilgan o‘zaro amaliy va nazariy muloqotidir.
Tarbiya jarayonining jamiyat taraqqiyotidagi roli nihoyatda beqiyosdir. Insonni tarbiyalash, uni bilim olishga, mehnat qilishga undash va bu xatti-harakatini sekin-asta ko‘nikmaga aylantirib borish lozim. Bu esa, insonni mushohada qilish qobiliyatini tarbiyalaydi va mushohada qilish aqlni peshlaydi. Aql ongni saqlaydi, ong esa moddiy va ma’naviy manbaga aylanadi. Shu tarzda inson asta-sekin komillikka erishib boradi. Ammo buning uchun tarbiyachi va tarbiyalanuvchidan uzoq davom etadigan mas’uliyat, sharafli mehnat va qunt, irodani talab etadi.
Jamiyat taraqqiyoti tarixi shuni ko‘rsatadiki, faqat ma’naviyat-ma’rifat keng quloch yoygan, ilm-urfon taraqqiy etgan mamlakatdagina adolatli jamiyat qurish va unda bir-biriga mehr-oqibatli, kamolotli insonlar shakllanishi mumkin. Bunday jamiyatda xalqning ertangi kunga ishonchi va bunyodkorlik, yaratuvchilik ishiga, ezgulikka intilishi kuchli va jamiyat fuqarolarida sog‘lom fikr, aql-idrok har doim ustuvor bo‘ladi.
Mustaqillik bizga ma’rifiy, madaniy, adolatli va insonparvar jamiyat qurish imkonini berdi. Endi bu jamiyatga har bir inson o‘z o‘rni, mavqeiga yarasha vijdonan hissa qo‘shmog‘i lozim.
Insonning ma’naviyati uning odobi, axloqiy, huquqiy, iqtisodiy va siyosiy bilimlari zamirida shakllanadi. Mazkur bilimlar o‘z navbatida inson ijobiy sifatlarining kamol topib, boyib borishiga olib keladi. Fazilatlar insonning ijobiy sifatlari majmuidan iborat.
Sifat – alohida bir shaxsning muayyan bir xislatini ifodalovchi axloqiy kategoriyadir.
Fazilat – alohida shaxs, el, elat, xalq, ulusga taalluqli bo‘lgan ijobiy axloqiy sifatlar majmui.
Odamning inson sifatida shakllana borishi jarayonida uning kamoloti darajasi odob, axloq, madaniyat, ma’naviyat elementlarining unda qanchalik mujassamlanganligi bilan belgilanadi. Shu o‘rinda bu kategoriyalarning mohiyati ustida to‘xtalib o‘tish joizdir.
Odob – har bir insonning o‘zi bir inson yoki jamoa bilan bo‘lgan muloqotida hamda yurish-turishida o‘zini tuta bilishidir.
Axloq — jamiyatda qabul qilingan, jamoatchilik fikri bilan ma’qullangan xulq-odob normalari majmui.
Madaniyat – jamiyatning va unda yashovchi fuqarolarning faoliyati jarayonida to‘plangan barcha ijobiy yutuqlar majmuasi.
Ma’naviyat – inson ongini aks ettiruvchi barcha ijobiy, ruhiy, intellektual fazilatlar majmuasi.
Kamolotga erishgan, har tomonlama rivojlangan avlodni tarbiyalash jarayoni uning doimiy, muntazam izchil va bir tizimga kirgan shaklda bo‘lishini taqoza etadi. Bu yo‘lda kasbiy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini takomillashtirish, professional fanlar singari g‘oyaviy mazmuni talabalarga yangi jamiyatning har bir mutaxassisiga zarur bo‘lgan ijtimoiy dunyoqarashni shakllantiruvchi tasavvurlar zahirasini hosil qilishi lozim bo‘lgan ijtimoiy gumanitar fanlarni o‘qitishga yangicha yondoshuv asosida axloq malakalarini hosil qilish mumkin. Talaba yoshlarda yagona pedagogik jarayonda ma’naviy-axloqiy odatlarni tarbiyalashda quyidagi vazifalar hal etilishi lozim:
— sho‘rolar hokimiyati davrida ta’lim sohasidan o‘rin olgan mafkuraviy mahdudlikdan xalos bo‘lish;
— o‘zbek milliy mentaliteti va jahon sivilizatsiyasi yutuqlariga tayanadigan ma’naviy qadriyatlar tizimini mustahkamlash;
— Sharq mutafakkirlari asarlarida ko‘tarilgan Komil inson g‘oyasi ta’limotlariga amal qilish;
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti asarlarida ta’lim-tarbiya xususan hozirgi zamon yoshlari qanday bo‘lishi kerak degan ta’limotiga nisbatan javoblarga to‘la amal qilish kabilar.
10.2. Kasb ta’limi muassasalarida olib borilayotgan tarbiyaviy ishlarning asosiy mohiyati va mazmuni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov tomonidan ishlab chiqilgan o‘zining mustaqil taraqqiyot yo‘liga asoslangan holda bozor iqtisodiyotiga to‘la ishonch bilan o‘tib bormoqda. Prezidentimiz I.A.Karimov aytganlaridek, «Siyosiy mustaqillik rivojlangan, o‘zaro mutanosib, to‘laqonli iqtisodiyot bilan mustahkamlanmas ekan, u bor-yo‘g‘i quruq, balandparvoz gaplar, soxta obro‘-e’tibor orttirish vositasiga aylanib qolaveradi».1
Mustaqillikning bosib o‘tgan yillari davomida milliy xo‘jaligimiz iqtisodiy jihatdan mustahkamlanib, inqiroz holatidan chiqarildi va uning ko‘pgina sohalarida barqaror o‘sishga erishildi. Bozor mexanizmining tarkibiy qismlari qaror topdi va uning infratuzilmalari vujudga keltirildi, hozirgi kunda esa iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, iqtisodiyotni har taraflama erkinlashtirish amalga oshirilmoqda. Eng muhimi shu davr ichida milliy istiqlol g‘oyasi va mafkurasi shakllanib, kishilarimiz ongiga singib bormoqda.2
Mamlakatimiz Prezidenti I.A.Karimov aytganlaridek, «Istiqlol mafkurasi ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining ezgu g‘oya-ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etish yo‘lidagi asriy orzu intilishlari, hayotiy ideallarini o‘zida aks ettiradi»3
Bu qo‘yilgan dastlabki qadamlarimiz natijasida shakllanib kelayotgan milliy iqtisodimiz yangi XXI asrda biz yashamoqchi bo‘lgan umumiy uyimiz, ya’ni yangilanayotgan vatanimizning hayotiy asosini, uning kelgusidagi taraqqiyot manbaini tashkil etadi.
Bugungi kunda xalqning boy zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, fan, texnika va texnologiyalarning yutuqlari asosida mutaxassislar tayyorlashning mukammal tizimini shakllantirish O‘zbekiston taraqqiyotining muhim shartidir. Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek: «.. bugungi kunda oldimizga qo‘ygan buyuk maqsadlarimizga, ezgu niyatlarimizga erishishimiz, jamiyatimizning yangilanishi, hayotimizning taraqqiyoti va istiqboli amalga oshirilayotgan islohotlarimiz, rejalarimizning samarasi taqdiri– bularning barchasi, avvalambor, zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali, ongli mutaxassis kadrlar tayyorlash muammosi bilan chambarchas bog‘liqligini barchamiz anglab yetmoqdamiz»1.
Ta’lim-individning jamiyat hayotining turli sohalariga jamiyatda mavjud madaniyatga tayyorlash va moslashtirish vazifasini bajaruvchi ijtimoiy institutdir,
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, har qanday sohada bo‘lganidek ta’lim sohasida ham muammolar mavjud. Bu kabi muammolar mustaqil respublikamizni ham chetlab o‘tgan emas. Ushbu muammolarni hal etish hamda ta’lim sohasida zaruriy islohotlarni amalga oshirish maqsadida ta’lim tizimining huquqiy asoslari yaratildi. «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun va «Kadrlar tayerlash milliy dasturi»ga ko‘ra mamlakatimizda yagona uzluksiz ta’lim tizimi tashkil qilinib, ta’lim islohoti va uning istiqbollari quyidagi tamoyillar asosida belgilandi:
a) millati, dini, irqi, e’tiqodidan qat’iy nazar, barcha fuqarolar uchun ta’lim olish imkoniyati yaratilganligi.
b) ta’lim tizimining uzluksizligi, ilmiyligi, dunyoviyligi va izchilligi.
v) ta’limda umummilliy, umuminsoniy, ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlarning ustuvorligi.
g) ta’limning insonparvarligi, demokratiyaliligi, ta’lim-tarbiya muassasalarining siyosiy partiya va boshqa ta’sirlardan xoliligi.
Demak, yuqoridagi tamoyillar amalga oshirilayotgan ekan, jamiyatimizning har bir a’zosi, xoh duradgor, hisobchi, korxona rahbari yoxud mashhur siyosatchi bo‘lsin, bu sohaga yuksak hurmat-e’tibor bilan munosabatda bo‘lishi lozim. Vaholanki, Yurtboshimiz I.A.Karimovning «Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, aqlli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart» degan shiori hamisha har birimizning diqqat markazimizda bo‘lishi shart.
Kasbiy ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ishlarning mohiyati – uning milliy istiqlol mafkurasiga asoslangan, ma’naviy-axloqiy, huquqiy, vatanparvarlik, fuqaroviy, mehnat, madaniy-maishiy, ekologik va shu singari yo‘nalishlar bilan erishiladigan g‘oyaviy a’mol va ideallarga mos holda olib borilishi maqsadga molik masaladir. Bu muammolarni amalga oshirish barcha pedagoglarning oldida turgan yuksak vazifadir.
Mustaqillik sharoitida talaba-yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda qator vazifalarni hal etish talab etiladi. Jumladan:
— Har bir ta’lim oluvchining ongida davlat mustaqilligi xalqning oliy g‘oyaviy-axloqiy qadriyati ekani, o‘z vatani bilan faxrlanish, uning xavfsizligini ta’minlash va O‘zbekistonning ulug‘ tarixiy o‘tmishiga, bozor munosabatlariga asoslangan yangi demokratik jamiyat qurishda tanlab olgan o‘ziga xos yo‘lini mustahkamlash, islom dini ruhi bilan sug‘orilgan oliy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni to‘g‘ri tushuntirish va uni e’tiqodga aylantirish;
— Ta’lim oluvchilar ongiga umuminsoniy qadriyatlarni singdirish, ularni zamonaviy qadriyatlar ehtiyoji — o‘zini yuqori tutish va viqor saqlash, oilaviy tantanalarda o‘zini ko‘rsatishga urinish, xizmat vazifasidan shaxsiy maqsadlar uchun foydalanish kabi illatlarga murosasiz bo‘lish ruhida tarbiyalab borish ularni yuqori axloq malakalari bilan qurollantirishning garovi bo‘lib hisoblanadi.
Umuman olganda, axloqiy tarbiya tarbiyaviy ishlar kompleksida yetakchi o‘rin tutadi. Kasb ta’limi muassasalarida talaba-yoshlarda axloqiy tarbiyani amalga oshirishda avvalo axloqiy tushuncha va ishonch hissini yaratishdan boshlagan ma’qul. Chunki yoshlarda axloqiy tushuncha e’tiqodlarni tarkib toptirmay turib, axloqiy odatlarni, xatti-harakat bilan bog‘liq malaka va odatlarni hosil qilib bo‘lmaydi. Bunda asosan yoshlarga axloq-odob norma va qoidalari mazmuniga oid bilim berishga katta ahamiyat berish lozim.
10.3. Kasb ta’limi muassasalarida axloqiy tarbiya muammosi

Axloqiy tarbiya mazmunining shakllanishida o‘zbek mutafakkirlarining alohida xizmatlari bor. Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino kabi buyuk mutafakkirlar tarbiya jarayoniga jiddiy qaraganlar va bu boradagi qimmatli fikrlarini dunyoga tanilgan asarlarida bayon etganlar. Ushbu asarlar nafaqat o‘zbek xalqining, balki butun insoniyatning rivojlanish jarayonida muhim ahamiyat kasb etgan. Ularning ilmiy qarashlari bugungi kunda ham insoniyat uchun dasturil amal bo‘lib xizmat qilib kelmoqda. Abu Nasr Forobiy — mashhur mutafakkir, qadimgi Yunon ilmi va falsafasining sharqdagi eng yirik targ‘ibotchisi. O‘rta asr ijtimoiy-falsafiy fikr taraqkiyotiga asos solgan mutafakkir. Forobiy «Aql haqidagi risola», «Falsafadan oldin nimani o‘rganish kerak», «Substansiya haqida», «Falsafa manbalari», «Logikaga kirish», «Masalalar manbai» kabi 160 dan ortiq risolalar yaratdi . Alloma bu asarlarida davlat tuzilishi va uni boshqarish, turli ijtimoiy nizolarning oldini olish hamda kamolotga erishgan ijtimoiy jamoani yaratish kabi masalalar ustida fikr yuritadi. Yetuk jamoani vujudga keltirish, komil insonni yaratish muammosini hal etish bilan bog‘liq ekanligini birinchi bor o‘rta asr sharoitida Forobiy olg‘a surdi. Uning «Ideal jamoa haqida», «Baxt-saodatga erishuv to‘g‘risida» kabi mashhur asarlari shu masalalarga bag‘ishlangan. Forobiy ta’lim-tarbiyaga bag‘ishlangan asarlarida ta’lim-tarbiyaning muhimligi, unda nimalarga e’tibor berish zururligi, ta’lim-tarbiya usullari va uslubiyatlari haqida fikr yuritadi. Uning «Fozil odamlar shahri», «Ixso-al-ilm», «Ilmlarning kelib chiqishi», «Aql ma’nolari to‘g‘risida» kabi asarlarida ijtimoiy-tarbiyaviy qarashlar o‘z ifodasini topgan.
Jamiyatda mavjud an’ana va urf-odatlarda ham axloq me’yorlari va mazmuni o‘z aksini topadi. Axloqiy tarbiyaning bir kategoriyasi sifatida axloqiy qadriyatlar qabul qilingan va bu axloqiy qadriyatlar axloqiy tarbiyaning mazmunini va me’yorlarini belgilashda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.Umuman qadriyatlar deganda milliy va umuminsoniy qadriyatlar tushuniladi. Qadriyatlar ijtimoiy xususiyatga ega bo‘lib, kishilarning amaliy faoliyati jarayonida paydo bo‘ladi va rivojlanadi. Qadriyatlar kishilarning turli sohadagi, avvalo, ishlab chiqarish, mehnat sohasidagi faoliyati uchun foyda keltiradigan narsalar, hodisalar majmui bilan bog‘liq holda yuzaga keladi. So‘ngra asta-sekin subyekt faolligining orta borishi natijasida nisbiy mustaqil soha tarzida amal qila boshlaydi. Axloqiy mazmundagi qadriyatlar bolaning ongi va faoliyatini faollashtiradi, ish va so‘z biriligini ta’minlashga yordam beradi. Bunday qadriyatlar jumlasiga insonparvarlik, ma’rifatparvarlik, mehr-muhabbat, poklik, kattalarga hurmat, muhabbat, xushmuomalalik, do‘stlik, saxiylik, sahovat, shirinso‘zlik
va boshqalar kiradi. Mazkur qadriyatlar negizida jamiyatda, oilada, maktabda bolani yuksak insoniy fazilatlarga ongli ravishda amal qilishga da’vat etish g‘oyasi yotadi.
Axloqiy tarbiya jarayonining dastlabki bosqichida shaxs axloq me’yorlariga ma’lum darajada to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysungan holda ko‘r-ko‘rona amal qilsa, axloqiylikning yuqori darajasiga yetganda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘r-ko‘rona bo‘ysunish ongli idrok etishga yakka shaxsning axloq me’yorlari va jamiyat axloq me’yorlari o‘rtasida uyg‘unlikning hosil bo‘lishiga erishish lozimdir. Axloqiy madaniyatning muhim belgilaridan biri ham xuddi ana shu shaxs va jamiyat orasidagi uyg‘un munosabatning, axloqiy birlikning hosil bo‘lishi demakdir.
Inson axloqiy madaniyatning eng oddiy me’yorlarini ilk yoshligidan boshlaboq avval oilada, so‘ng o‘rtoqlari bilan bo‘ladigan munosabatlarida egallay boshlaydi. Bu ahloqiy me’yorlarga amal qilishning motivlari turlicha bo‘ladi. Ota-onaga bo‘lgan hurmat va muhabbat bolani axloqiy talablarga amal qilishga va shu orqali ota-onaning hayrixohligiga va mehriga sazovor bo‘lishga undaydi. Bundan tashqari axloqiy me’yorlarga amal qilmaslik holatida jazolashdan foydalanish ham bolani ogoh bo‘lishga undaydi. O‘z tengqurlari bilan muloqotga kirishish ishtiyoqi, ichki ehtiyoj ham bolada axloqiy me’yorlarga amal qilish motivatsiyasini uyg‘otadi. Bularning barchasi har bir yosh bolani axloqiy me’yorlar bilan to‘qnashishiga va ularga amal qilishni o‘rganishiga yordam beradi. Shuningdek, insonda axloqiy me’yorlarga amal qilish malakasini va ko‘nikmasini hosil bo‘lishiga olib keladi. Ammo bunday axloqiy me’yorlarga amal qilishni biz hali axloqiy onglilik darajasi deb ayta olmaymiz. Chunki bu holda axloqiy me’yorlar ichki ehtiyojdan kelib chiqqan holda emas, balki tashqi ta’sirlarning natijasi sifatida vujudga keladi. Shunga qaramay axloqiy darajaning bu dastlabki pog‘onasi juda muhim ahamiyat kasb etadi, chunki u boshlang‘ich nuqta sifatida keyingi rivojlanish uchun xizmat qiladi. Axloqiy rivojlanishning bu bosqichida atrof-muhitdagi axloqiy madaniyat darajasi eng muhim rol o‘ynaydi.
Rivojlanishning barcha bosqichlarida jamiyatda qaror topgan axloqiy bilimlar yangi axloqiy bilimlar bilan to‘ldirilib birishi talab etilgan. Aytish joizki, bu qonuniy jarayondir. Demak, hozirgi vaqtda ham axloqiy bilimlarimiz qanchalik boy bo‘lmasin dialektik rivojlanish qonuni ushbu axloqiy bilimlarni yanada to‘ldirib borilishini talab etadi. Ayniqsa O‘zbekiston Respublikasida ro‘y berayotgan sifat o‘zgarishlar bugungi kunda axloqiy qarashlarni qaytadan talqin etishni, fan va texnikaning rivoji natijasida erishilayotgan yangi bilimlardan axloqiy tarbiya jarayonida foydalanishni taqozo etishini nazarga olsak, bu vazifaning qanchalik zarurligini his etamiz. Demak, biz axloqiy tarbiyani uchinchi vazifasini ham aniqlab oldik bu: — axloqiy bilimlarni yanada to‘ldirib borish, ilm-fan erishgan yangi bilimlardan va yutuqlardan foydalanishni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

10.4. Yoshlarni kasbga yo‘naltirishda milliy istiqlol mafkurasiga asoslangan ma’naviy-axloqiy, madaniy-maishiy ishlar
O‘zbekiston Respublikasida chuqur keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgan bir paytda, zamon talablariga javob beradigan oliy ma’lumotli iqtisodchi mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashtirishgan uzluksiz iqtisodiy ta’lim tizimini shakllantirishga birinchi darajali ahamiyat berilmoqda. Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek: «Biz qiyin sharoitda kelajagimiz poydevorini qurib oldik. Bunga o‘rnimizga keladigan yosh avlod qanday baho beradi, loyihalarimiz, ishlarimizni taroziga solib ko‘rib nima deydi? Har birimiz mana shu savolni dilga tugib mehnat qilishimiz lozim. Mening ishonchim komilki, O‘zbekiston xalqi farovon turmush kechiradigan buyuk davlat bo‘ladi».1
Ma’lumki, qaysi davlatda kadrlar tayyorlash siyosati to‘g‘ri va omilkorlik bilan tashkil etilsa, o‘sha davlatda har doim taraqqiyot bo‘ladi.
Ta’lim har bir jamiyatning ajralmas qismi, madaniyati va rivojlanishning asosiy ko‘rsatkichidir. Har qanday mamlakat istiqbolli rejalar tuzar ekan, avvalo ta’limga e’tiborni kuchaytiradi. Shu ma’noda mustaqilligimizning dastlabki kunlaridan boshlaboq, davlatimiz rahbarining «Kelajak bugundan boshlanadi», «Hozir tarbiya masalasiga e’tibor qilinmasa, kelajak boy beriladi», «Tarbiyadan xech narsani ayamaymiz»2 degan da’vatlari ostida ta’lim tizimini isloh qilishga kirishildi.
Mamlakatimiz xalq xo‘jaligini yanada yuksaltirish, respublikaning aql zakovat salohiyatini o‘stirish, davlatimiz qudratini oshirish, uning mustaqilligini mustahkamlash uchun xizmat qiladigan O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risidagi qonuni» va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» ishlab chiqildi. Ta’lim tizimining moliyaviy va moddiy ta’minoti qonuniy yo‘l bilan ijobiy hal etildi.
Faqat o‘tish davrining o‘zida mazkur dastur uchun 65 mlrd. so‘m ajratish ko‘zda tutilgan. 1999 yilda bu maqsadlar uchun 34 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning 8-10 foizga teng qismi ma’rifat, ta’lim va tarbiyaga ajratilmoqda – bu katta miqdordagi mablag‘dir. Masalan, respublikamizda «Kadrlar tayyorlsh milliy dasturi» doirasidagi ta’lim xarajatlari 1999 yili 159,2 mlrd. so‘m, 2000 yili 248,8 mlrd. so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2001 yili 336, 1 mlrd. so‘m sarflangan.
1997 yilda tashkil topgan «Umid» va boshqa jamg‘armalarning ko‘magida iqtidorli yoshlar rivojlangan davlatlardagi nufuzli o‘quv markazlarida tahsil olmoqdalar. Yoshlar xorij hayotini ko‘rib, xalqaro hayotiy tajriba orttirib, chet tillarini mukammal egallab, zamonaviy bakalavrlik va magistrlik darajasiga respublikamizning turli bosqichdagi kadrlar xorijiy ta’lim markazlarida tajriba va malaka orttirib kelmoqdalar. Bunday yondashuvlar ham O‘zbekiston ta’lim tizimining yorqin istiqboliga va uning mavqeini oshirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda kelajagi buyuk davlatni qurish tafakkuri, dunyoqarashi zamon talablariga mos ravishda o‘zgargan mutaxassislarimizga ko‘p jihatdan bog‘liqdir. Yangicha fikrlaydigan, yangi bozor sharoitlarida muvaffaqiyatli xo‘jalik yuritadigan yuksak malakali, chuqur bilimli mutaxassislarni tayyorlash davr talabi va haqiqat taqozosidir.
Bugungi kunda iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida iqtisodchi mutaxassislar tayyorlashning umumiy mazmuni va o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki:1
— u bozor iqtisodiyotining fundamental asosi;
— zamonaviy ta’lim tizimini isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri;
— aholi kasb ta’limining obro‘li sohasi;
— uzluksiz ta’lim tizimining muhim bo‘g‘inlaridan biri bo‘lib hisoblanadi.
Mamlakatimizda iqtisodchi mutaxassislarni tayyorlash tizimini barpo etish va rivojlantirish tajribasi katta ilmiy va amaliy qiziqish uyg‘otadi, chunki u zamonaviy iqtisodiy ta’limning ahvolini tahlil qilish va nazariy jihatdan izohlash, uning uzluksiz kasb ta’limi tizimi bilan uyg‘unlashtirish va samarali didaktik rivojlanishni bashorat qilish vazifalarini hal etish imkonini beradi.
Prezidentimiz I.A.Karimov ta’kidlaganlaridek, — «Iqtisodiyot, siyosat sohasidagi barcha islohotlarimizning asosiy maqsadi insonga qaratilgan. Mana shuning uchun ham milliy uyg‘onish g‘oyasini amalga oshirishga qobil yangi avlodni tarbiyalash ishi davlat ishi, uning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qoladi».1
Rivojlangan mamlakatlarda kasb ta’limi (shu jumladan oliy ta’lim)ning bosh maqsadi – raqobatbardosh tovarlar ishlab chiqarish va barcha toifadagi malakali xodimlarni tayyorlash orqali raqobatbardosh xizmat ko‘rsatishdan iborat.
Zero, raqobatbardosh mutaxassislarsiz raqobatbardosh iqtisodiyot bo‘lishi mumkin emas.
O‘zbekistonda mazkur masalani muvaffaqiyatli hal qilishda Kadrlar tayyorlash milliy modeli asos bo‘lib hisoblanadi. U quyidagilarni o‘z ichiga oladi:2
shaxs – kadrlar tayyorlash tizimining asosiy subyekti va obyekti, ta’lim xizmatini talab etuvchi hamda amalga oshiruvchi;
davlat va jamiyat – ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimi faoliyat ko‘rsatishini nazorat qilish hamda ish olib borishning boshqarishni amalga oshiruvchi kadrlar tayyorlash va ularga talabgorlik kafolati;
uzluksiz ta’lim – o‘z tarkibiga barcha ta’lim turini, davlat ta’lim standartlarini, faoliyat ko‘rsatish tuzilmasi va muhitini olgan malakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlash asosi;
fan – yuqori malakali mutaxassislar tayyorlovchi va talab etuvchi, ilg‘or pedagogik va informatsiyaviy texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi;
ishlab chiqarish – kadrlarga bo‘lgan talabni, shuningdek ularning tayyorlanganlik va sifat darajasiga talabni belgilovchi asosiy buyurtmachi, kadrlar tayyorlash tizimlarini moliyalash va moddiy-texnik ta’minlash ishtirokchisi.
Kasb ta’limi muassasalarida axloqiy tarbiya muammosini amalga oshirish uchun qator muammolarni hal etishga e’tiborni qaratish kerak. Ular:
1.O‘qitish jarayonini ilg‘or pedagogik texnologiya va axborot texnologiyasi asosida uyushtirish;
2. Talaba va ustoz o‘rtasidagi axloqiy hamda aqliy saviyani oshirishga erishish;
3. Ta’lim-tarbiya masalalarining qat’iy reja asosida olib borilishi;
4. O‘quv muassasasida ijobiy emotsional sharoit yaratish;
5. Ta’lim oluvchilarning o‘quv muassasasining umumiy tartib, hayot tizimiga rioya qilishiga erishishni ta’minlash.
Shunday qilib, yagona ta’lim-tarbiya jarayonida axloqiy tarbiya ishini amalga oshirishda suhbat, munozara, ma’ruza kabi metodlardan, axloqiy odatlarni esa mashq, turli faoliyatni uyushtirish orqali amalga oshirish mumkin.
O‘z-o‘zini nazorat va muhokama uchun savollar:
1.Respublikamizda ma’naviyat-ma’rifat bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
2. Tarbiya mazmunining mohiyatini belgilashda qanday yondashuvlar mavjud?
3.Oliy maktabda ta’lim-tarbiya ishlari qanday shakllarda amalga oshiriladi?
4. Talabalarda ma’naviy-axloqiy odatlarni tarbiyalash deganda nimani tushunasiz?
5. Tarbiyaviy ishlar mexanizmini ta’riflab bering?
6. Kasb ta’limi muassasalarida axloqiy tarbiya muammosi qanday tartibda amalga oshiriladi?
7. Talabalarning aqliy faoliyati xususiyatlari qanday izohlanadi?
8. Madaniyat, ma’naviyat, axloq, odobga ta’rif bering?
9. Axloqiy tarbiyaning maqsad va vazifasi haqida so‘zlab bering?
10.Sharq mutafakkirlarining axloqiy tarbiya haqidagi qarashlaridan misollar keltiring?
Tavsiya etiladigan adabiyotlar:
1. Karimov I.A. O‘zbekiston XXI asrga intilmoqda. – T.: O‘zbekiston, 1999.
2. Karimov I.A. Yuksak malakali mutaxassislar taraqqiyot omili. – T.: O‘zbekiston, 1995.
3. Karimov I.A. Barkamol avlod O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori. – T.: O‘zbekiston, 1997.
4. Nishonova S. Komil insonni tarbiyasi: o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun qo‘llanma. — T.: Istiqlol. 2003.
5. Bordavskaya N.V., Rean A.A. Pedagogika.- M.: Piter, 2004.
6. Munavvarov A.Q. Pedagogika. – T.: O‘qituvchi, 1996.
7. www. bilimdon. uz. — O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining asosiy veb sayti.
XI . Kasbiy ta’limda boshqarish qobiliyatini shakllantirish
11.1. O‘quv-tarbiyaviy jarayonni boshqarish
11.2. Pedagogik jamoa – o‘quv muassasasini boshqarishning obyekti
11.3. Pedagogik faoliyatni boshqarish dasturi
11.4. Rahbar va uning shaxsi
11.5. Boshqaruv faoliyatini amalga oshirishda marketing
11.1. O‘quv-tarbiyaviy jarayonni boshqarish

Mustaqil Respublikamiz amaliyotida qo‘llanayotgan qomusimizda belgilab berilgan qonunlarimizdan kelib chiqqan holda shuni ta’kidlash lozimki, har tomonlama kamolga yetgan barkamol inson uchun zarur bo‘lgan ma’naviyat qirralari — iymon, e’tiqod, mehr, vatanparvarlik, insonga cheksiz muhabbat, do‘stlik, muruvvatlilik, qanoatlilik va sabr-toqatlilik, saxiylik, milliy g‘urur kabi fazilatlarni shakllantirish zarurdir.
Tarbiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad, har tomonlama ma’naviy rivojlangan aqliy va axloqiy barkamol shaxsni shakllantirishdan iborat. Shunga ko‘ra tarbiyaviy faoliyatning mazmuni, tashkiliy shakllari va usullari aynan ana shu maqsadga erishishni taqozo etadi.
Tarbiyaviy ish ma’lum maqsadni ko‘zlovchi va uzluksiz davom etadigan jarayondir. Ko‘pincha bir necha maqsad va vazifa birdaniga bajariladi, bu esa o‘quvchilar jamoasining aqliy va axloqiy o‘sishini ta’minlaydi.
Quyida o‘quv-tarbiya jarayonining qonun-qoidalarini ko‘rib chiqamiz.
1.Tarbiyaning ma’lum bir maqsadga qaratilganligi qoidasi bolalar jamoasining rivojlanish istiqbollarini ko‘ra bilishga yordam beradi. Har bir tarbiyaviy tadbir oldindan puxta o‘ylangan, muayyan maqsadni amalga oshirishga bo‘ysundirilgan bo‘lsa, uning g‘oyaviy-siyosiy darajasini ko‘taradi, tanlangan usul va vositalar maqsadga muvofiq keladi, ularning tarbiyaviy ta’siri yuqori bo‘ladi.
Tarbiya maqsadini belgilashda jamiyat talablari, davr nafasi, milliy xususiyatlar asos qilib olinadi. Tarbiyaning maqsadi — har tomonlama kamol topgan — mukammal inson shaxsini voyaga yetkazishdan iboratdir.
O‘qituvchilar jamoasi va har bir o‘qituvchi ana shu maqsadlardan kelib chiqib, tarbiyaviy ishlarning vazifalarini belgilaydi, uning mazmunini aniqlaydi hamda maktab ish sharoitlarini hisobga olgan holda yosh yigit-qizlarni tarbiyalashning shakl va uslublarini tanlaydi.
2. Tarbiyaning insonparvarlik va demokratik qoidasi; Umumiy ta’lim maktabida yangi pedagogik tafakkur egasi, munosib shaxs, o‘z ishining ustasi bo‘lgan o‘qituvchiga ehtiyoj tug‘iladi. Zero o‘qituvchining bilim saviyasi, ma’naviyati jamiyatni xarakatga keltiruvchi, taraqqiyotga eltuvchi yetakchi omillardan biridir. O‘qituvchi o‘zining insoniy fazilatlari, yurish-turishi, xatti-harakati, kiyinishi, odob-axloqi va muomalasi bilan o‘quvchi qalbiga kirishi, uni ezgulik sari yo‘naltirishi zarur.
Bir butun pedagogik jarayonda ta’lim doimo tarbiyaviy vazifalarni, tarbiya esa hayotni bilish, unga tayyorlanishdek mas’uliyatli vazifani bajaradi. Tarbiyaning vazifalari ko‘p qirralidir. Ta’limning asosiy vazifasi o‘quvchi-talabalarni bilimlar bilan qurollantirish bo‘lsa, tarbiyada o‘quvchi-talabaning jamiyatimizda qabul qilingan axloq-odob qoidalariga mos keladigan e’tiqodini, axloqiy malaka va ko‘nikmalarini, ehtiyoj va intilishlarini tarkib toptirish muhimdir.
Hamma davrlarning ilg‘or kishilari tarbiyaga yukori baho berganlar. Xalq donishmandlari va mutafakkirlaridan Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zavqiy, Furqat, Avaz O‘tar, Hamza, Abdulla Avloniy inson kamolotini ilm-fan va tarbiyada deb bildilar.
Tarbiyashunos olim Abdulla Avloniy o‘zining «Turkiy Guliston yoxud axloq» asarida inson kamolotida tarbiyaning rolini alohida ta’kidlab shunday degandi: «Janobi haq insonlarning asl xilqatda iste’dod va qobiliyatni, yaxshi ila yomonni, foyda ila zararni, oq ila qorani ayiradigan qilib yaratgan. Lekin bu insondagi qobiliyatni kamolga yetkazmoq tarbiya vositasida bo‘ladir. Agar bola yaxshi tarbiya topib, buzuq xulqlardan saqlanib, go‘zal xulqlarga odatlanib katta bo‘lsa, har kim qoshida maqbul, baxtiyor bir inson bo‘lib chiqadi. Agar tarbiyasiz, axloqi buzilib o‘ssa, nasihatni qulog‘iga olmaydigan, har xil buzuq ishlarni qiladigan, nodon, johil bir rasvoyi olam bo‘lib qoladi. Tarbiya qiluvchilar tabib kabidurki, tabib xastaning badanidagi kasaliga davo qilgani kabi tarbiyani bolaning vujudidagi jahl maraziga «yaxshi xulq» degan davoni ichidan, «poklik» degan davoni ustidan berib, katta qilmog‘i lozimdir. Zeroki, amri sharifi uzra xulqimizni tuzatmoqqa amr qilinganmiz. Lekin xulqimizning yaxshi bo‘lishining asosiy panjasi tarbiyadir. Axloqimiz binosining go‘zal va chiroyli bo‘lishiga tarbiyaning zo‘r ta’siri bordir”1.
O‘quv jarayonini boshqarish nisbatan oson, uning natijalari darhol namoyon bo‘ladi. Tarbiyaviy jarayon esa g‘oyatda murakkab.
Shunisi quvonarliki, tarbiyaviy ishlarga yangicha munosabat mustaqillik ma’naviyat negizi asosida hukumat qarorlarida, xalq ta’limi islohotlarida, olimlar va ijodkor o‘qituvchilarning izlanishlarida o‘z aksini topmoqda. O‘zbekistonning uzluksiz ta’lim tizimidagi barcha o‘quv muassasalari yosh avlod ongida milliy istiqlol mafkurasini shakllantirish, ma’naviyatni milliy merosimiz bilan boyitish, yosh vatanparvarlarni tarbiyalashda yangicha ish uslublari asosida ijodiy yondashmoqdalar.
Ma’lumki, o‘quv tarbiyaviy jarayonni boshqarish pedagogik jamoa faoliyatini tashkillashtirish orqali amalga oshiriladi. Shu sababli o‘quv muassasasini boshqarishning asosiy obyekti pedagogik jamoa hisoblanadi.
Ijtimoiy boshqaruvning asosiy mohiyati quyidagi ikki asosiy masalani yechishga qaratiladi:
1. Pedagoglar faoliyatini yo‘naltirish.
2. Pedagoglar faoliyatini faollashtirish.
Birinchi masalani hal qilish uchun boshqaruv subyekti xodimlar faoliyatini talab etiladigan yo‘nalishga soluvchi ma’lum dasturni ishlab chiqishga zarurat tug‘iladi. Ikkinchi masalani amalga oshirish uchun esa shaxsning hissiy-ehtiyoj sohasidagi talablarini (moddiy va ma’naviy, jamoadagi ijtimoiy-psixologik muhitni yaxshilash, mehnatni tashkillashtirishning samarali yo‘llarini ishlab chiqish) rag‘batlantirishni qondiruvchi imtiyozli sharoitlar yaratish taqozo etiladi.
Pedagogik faoliyatni faollashtirishda boshqaruv dasturining sifati, ya’ni aniqligi, real sharoitga asoslanganligi, pirovardida yuqori natija berishi, ishlanganlik darajasi ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Har bir sohaga oid dasturlar alohida xususiyatlarga ega bo‘ladi, biroq ularning barchasida quyidagi qonuniyatlar kuzatiladi: bajariladigan ish qay darajada ko‘proq ijodiy mehnatni talab qilsa, jamiyat shu darajada insonparvarlashib va demokratlashib boradi, cheklashlar qay darajada kam bo‘lsa tashabbus bilan ishlash darajasi shuncha ortib boradi.
11.2. Pedagogik jamoa – o‘quv muassasasini boshqarishning obyekti

Respublikamiz hukumati tomonidan ta’lim sohasida o‘rtaga qo‘yilayotgan vazifalarni bajarish ko‘p jihatdan pedagogik jamoaga bog‘liq. Yangi iqtisodiy siyosatga o‘tish sharoitida ta’lim-tarbiyadan ko‘zlangan maqsadga erishish vazifasi asosan pedagogik jamoa zimmasiga yuklatilgan. Bu o‘z navbatida o‘quv muassasasini boshqaradigan rahbarning faoliyati bilan bevosita bog‘liqdir. Qaysi o‘quv muassasasida ichki va tashqi nazorat yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, o‘sha ta’lim maskanida ta’lim-tarbiya ishlari ham izchil bo‘ladi. Pedagoglar jamoasi ishini sistemali nazorat qilish bir tomondan har bir pedagogning o‘z ishi uchun mas’uliyatini oshiradi hamda o‘z faoliyatida uchraydigan kamchiliklarni vaqtida aniqlash va tuzatish imkonini beradi.
Ta’lim muassasasi ishini har jihatdan to‘g‘ri tashkil qilish, uning samaradorligi natijasi garovidir. Bu esa jamoa mehnati jarayonlarini oqilona yo‘lga qo‘yishni taqoza etadi. Binobarin, yoshlarni tarbiyalash ko‘plab kishilarning umumiy mehnati jarayonida hal qilinar ekan, demak bu mehnatning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan ularning kuchlari qanchalik to‘g‘ri yo‘naltirilganligiga, maqsadlar birligi va harakatlar muvofiqligi qanday ta’minlanayotganligiga bog‘liqdir. Aks holda birgalikda qilinayotgan jamoa mehnatining samaradorligi pasayib ketishi mumkin. Umum maqsadlarga erishish yo‘lida o‘qituvchi-pedagoglar o‘rtasida hamjihatlikni ta’minlash, o‘zaro hamkorlik aloqalarini izchil yo‘lga qo‘yish, maktabni boshqarishning muhim vazifasi bo‘lib, bu vazifaning pirovard natijasi asosan rahbarning faoliyatiga bog‘liq.
Ta’lim muassasasini boshqarishda rahbar:
1.Tizimni tashkil etishni ishlab chiqishi, tadqiqot, loyihalash ishlarini yo‘lga qo‘yib ish tartibini belgilashi, shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yilmasligi.
2.Amaliy ish bajarishning belgilangan tartibda va tizimga muvofiq bajarilayotganini tekshirish.
3.Ish me’yorining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikni, qiyinchilik va to‘siqlarni o‘z vaqtida bartaraf etilishini kuzatishi va shu singari boshqa muhim ishlarni amalga oshirishi lozim.
Demak, ta’lim muassasasi rahbari ish faoliyatini 4 bosqichga ajratib ko‘rsatish mumkin:
1.Olingan axborot asosida qaror qabul qilish. Ishning vazifalarini va yo‘nalishlarini belgilash. Ma’lum obyektiv ma’lumotlarni tahlil qilish va umumlashtirish. Yaqin istiqbolli rejalarni belgilash. Ishning mavjud haqiqiy ahvolini belgilash, ularni taqqoslash, imkoniyat darajalarini hisobga olish, variantlarni tanlash, muassasaning rivojlanish yo‘lini belgilash va boshqalar.
2.Tegishli yangi qarorlarning asosiy g‘oyalarini ularni ijro qiluvchilarga tushuntirishi, olingan ma’lumotlarga asosan ishni ko‘rib chiqib, kamchiliklarni tuzatishi, bu vazifalarni amalga oshirishda o‘quv-tarbiyaga oid tadbirlarni amalga oshirishi, kadrlar tanlashdan to‘g‘ri foydalanishi va hokazolar.
3.Ta’lim-tarbiya jarayonining haqiqiy ahvoli to‘g‘risida doimiy ishonchli ma’lumotlar olib turishi, davlat dasturlarining bajarilishini, talabalarda yagonalikka erishilishini nazorat qilishi, o‘qituvchilar va butun jamoaning hisobotlarini eshitib borishi va boshqalar.
4.Favqulodda yuzaga kelgan kamchilik va nuqsonlar hamda to‘siqlarni bartaraf etishi, intizomga oid suhbatlar tashkil qilishi, shikoyat va iltimos bilan kelgan ota-onalarni qabul qilishi, muassasani boshqarishning asosiy vazifalaridan chalg‘itmaydigan ishlar va topshiriqlarni bajarishi va hokazolar.
Har o‘quv yilining oxirida pedagoglar jamoasi faoliyati yakunlari muayyan shaklda aniqlanadi va baholanadi. Mazkur jarayon bundan keyingi ishlarning tashkil etuvchisi va boshlanishi bo‘lib xizmat qiladi. Pedagog o‘quv yili oxirida qilingan barcha ishlardan olingan natijalarni solishtirib u yoki bu metodlarning qanchalik muhim ekanligiga baho berishi va shu asosda tajriba to‘plashi, o‘z ishini takomillashtirib borishi mumkin.
Yil davomida pedagoglar jamoasida muhokama qilish uchun barcha pedagoglarning bir xildagi tushunishi mumkin bo‘lgan prinsipial masalalarni qo‘yib borish ham yaxshi natija beradi. Jamoa rahbari ma’naviyat-ma’rifat borasidagi ishlarning haqiqiy ahvolini, mashg‘ulotlarga, suhbatlarga, majlislarga, turli mavzulardagi yig‘ilishlarda muntazam qatnashish hamda ota-onalar, talabalar, pedagoglar bilan doimiy suhbatlar o‘tkazish orqali o‘rganib boradi va ayrim juz’iy kamchiliklarni yo‘l-yo‘lakay tuzatib boradi.
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytish mumkinki, demak, jamoa rahbari va jamoa a’zolarining faolligisiz, ta’lim-tarbiya ishlarida samarali natijalarga erishib bo‘lmaydi. Shu sababli ta’lim muassasasi rahbari doimo ularning kuchiga tayangan holda ish yuritishi va ular bilan muntazam ravishda aloqada bo‘lib turishi zarur.
10.3. Pedagogik faoliyatni boshqarish dasturi
Ushbu qonuniyat o‘qituvchilardan tashabbusni, mustaqil qaror chiqara olishni, o‘z vazifasiga ijodiy yondoshuvni talab qiluvchi pedagogik faoliyatga ham tom ma’noda taalluqlidir. Shu sababli bu sohada bajarilishi qat’iy talab etiladigan direktiv dasturlarning kamroq qo‘llanilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Misol uchun, bunday dasturlarda ish tartibi, hujjatlarni yuritish va mehnat faoliyatining oxirgi natijasiga aniq talablarni belgilash bilan cheklanish mumkin. Ta’lim natijasiga belgilanadigan talab qat’iy belgilanadi va u davlat ta’lim standartlarida rasmiylashtiriladi. Pedagogik faoliyatning sifat ko‘rsatkichi esa, mos ravishda ta’lim oluvchilarning ushbu talablar darajasiga muvofiqligida o‘z aksini topadi. Demak, direktiv boshqaruv dasturlaridan voz kechish pedagoglarga cheklanmagan erkinlik berilishini anglatmaydi. Ushbu yo‘nalish e’tiborini ta’lim jarayoni usullari va mazmunidan uning yakuniy natijasiga ko‘chirilishiga qaratilgan.
Bajarilishining majburiyligi nuqtai nazaridan boshqaruv dasturlarini informativ va direktiv turlarga ajratish mumkin. Jumladan, matbuotda nashr etilayotgan turli ilmiy-metodik tavsiyalar informativ dasturlar hisoblanadi va ularning bajarilishi majburiy deb belgilanmaydi. Pedagoglar ulardan faqat o‘zi uchun zarur deb bilgan qismini bajarish huquqiga ega. Informativ dasturlarni bajarish to‘laliligicha pedagogning xohishi, uning ehtiyoj va istaklaridan kelib chiqib belgilanadi. Direktiv hujjatlarning bajarilishi majburiy bo‘lib, u tegishli tartibda nazorat qilinadi. Jamiyatimizning demokratlashib borishi natijasida informativ dasturlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib borishi kuzatilmoqda.
Ta’lim muassasasini boshqarish konsepsiyasini ko‘plab boshqaruv g‘oyalarini o‘zida mujassamlashtirgan tashkiliy model sifatida tasavvur qilish mumkin.
Faoliyat nuqtai nazaridan yondashilganda, boshqaruv modelida quyidagi tarkibiy elementlarni uchratish mumkin: motiv, maqsad, rejalashtirish, joriy axborotlarni tahlil qilish, qaror qabul qilish,harakat, natijalarni baholash va tizimga tegishli tuzatishlar kiritish.
Boshqaruv jarayoni davriy xarakterga ega bo‘lib, mazkur davrlarning har biri o‘z davomiyligi, tatbiq etilish sohasi, vazifalari va yechimiga ega. Boshqaruvning alohida olingan davrini quyidagi jarayonlarni qamrab olgan bo‘g‘in sifatida tasavvur qilish mumkin:
1. Axborotlarni qabul qilish va ularning tahlili.
2. Boshqaruv qarorining qabul qilinishi.
3. Ta’lim muassasasi faoliyatini rejalashtirish.
4. Rejani bajarish uchun ishni tashkil qilish.
5. Hisob-kitob, nazorat ishlari va natijalarini tahlil qilish.
10.4. Boshqaruv faoliyatini amalga oshirishda marketing
Bugungi kunda kasbiy ta’lim muassasalari ham bozor iqtisodiyoti qonuniyatlari asosida faoliyat ko‘rsatishi va ta’lim oluvchilarni raqobatbardosh qilib tayyorlashi talab etiladi. Bunda ta’lim muassasasining marketing xizmati muhim o‘rin tutadi. Marketing tadqiqotlari keng sohadagi bir qancha masalalarni o‘z ichiga qamrab oladi:
— qisqa (1 yilgacha) muddatli ijtimoiy-pedagogik prognozlar;
— uzoq (1 yildan ortiq) muddatli ijtimoiy-pedagogik prognozlar;
— bozorning joriy va istiqbol potensialini o‘rganish;
— bitiruvchilarning ishga joylashuv statistikasi tahlili;
— yangi sohalar mutaxassislarining ish o‘rinlarini o‘rganish;
— yangi ish o‘rinlarini yaratishning yo‘nalishlarini tadqiq qilish;
— bozor narxlarining belgilanish xarakterini o‘rganish;
— ta’lim muassasasi ish faoliyatining samaradorligini belgilash.
Ta’lim muassasasi boshqaruvining pedagogik yo‘nalishi barcha imkoniyatlarni asosiy maqsad — yosh avlodni ijtimoiy ishlab chiqarish sohasiga muvaffaqiyatli kirib borishini ta’minlashga qaratilgan bo‘ladi. Ta’lim muassasasi rahbari tomonidan olg‘a suriladigan rejalar va muhim tadbirlar jamoada muhokama qilinishi hamda muvofiqlashtirilishi lozim. Rahbarning bu boradagi harakatlari qo‘yilgan vazifani amalga oshirishga izchil va qat’iy yondashib borilganda doimo qabul qilinadi va qo‘llab-quvatlanadi. O‘quv yurti rahbari jamoada o‘z ishini o‘zaro hurmat va talabchanlik asosida tashkil etishi lozim.
Rahbarlik qiluvchining shaxs o‘z xatti-harakatlari bilan jamoaga ibrat ko‘rsata olishi amalga oshiriladigan qat’iy choralarning tushunilishi va ijobiy samarasini ta’minlaydi.
Agar rahbar o‘z sohasining bilimdoni, deylik u yaxshi bir pedagog bo‘lishi mumkin yoki bo‘lmasa u ajoyib insoniy fazilatlari bilan odamlarning hurmat-e’tiborini qozongan, ularni nimagadir og‘dirish, nimagadir ishontirish, nimagadir undash yoki nimagadir ergashtirishni qoyilmaqom qilib uddalay oladigan bo‘lsin. Lekin u kundalik tashvishlaridan ortib, o‘z ustida ishlamasa, bugungi kunning dolzarb muammolari, dunyo miqyosida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar haqida hech qanday tasavvurga ega bo‘lmasa, bunday rahbar o‘zi istamagan holda tuzatilmas xatoga yo‘l qo‘yishi hech gap emas. Yurtboshimiz ta’kidlab o‘tganidek “…bugungi hayot shiddati, voqealar rivoji shu qadar jo‘shqinki, biz ma’naviyat va mafkura borasida qanchalik muhim va zarur ishlarni amalga oshirayotgan bo‘lsak-da, ba’zi o‘rinlarda afsuski kech qolyapmiz”.
Jamiyat hayotining turli sohalarida global o‘zgartirishlarni amalga oshirishning eng muhim muammolaridan biri boshqaruvchi kadrlar muammosidir. Ta’lim ham jamiyatning tarkibiy qismi sifatida hozirgi zamon sharoitida o‘quv yurti ishida boshqarish nazariyasidan foydalanish muammolarining yanada rivojlantirilishiga ehtiyoj sezadi.
Rahbarlar-rahbar-menejer jamoasini shakllantirish murakkab masaladir. Hayotning o‘zi, bozor iqtisodiyoti va tadbirkorlik amaliyoti bu masala uning hal etilishiga ko‘maklashadi. Biroq ko‘p narsa kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, boshqaruvning ilg‘or tajribasini o‘rganish va yoyish, boshqaruv fani yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha maqsadga yo‘natirilgan ishga ham bog‘liq.
Bozor iqtisodiyoti tizimiga o‘tishning aniq yo‘llaridan biri bozor sharoitida bir necha yuz yildan beri yashab kelayotgan ilg‘or mamlakatlar tajribasini o‘rganishdan iborat. XXI asrda bunday tajribaning juda qimmatli aspektlaridan biri keng hajmli «menejment» tushunchasi bilan qamrab olinadigan faoliyat va bilim sohasidir. Bunda «menejment» tushunchasiboshqarish vazifasini kasb sifatida amalga oshiruvchi odamlar-menejerlarni ham anglatadi.
Boshqaruvni µali juda yosh, fanlararo rang-barang yutuqlariga tayanadigan ilmiy va amaliy bilimning kasbi sifatida anglab yetish hozirgi zamon sivilizatsiyasida mustahkam o‘rin tutmo³da. Bular XX asr boshida F.Teylorning «Ilmiy boshqaruv», M.Veberning «Ideal byurokratiya», A.Fayolyaning «Ma’muriyat fani»kabi asarlarda o‘zining aniq ifodasini topgan. Bu bilim sohasi dastlab boshqaruvda qat’iy va yagona ratsionalizm (amaliylik) yo‘lidan bordi. Biroq bu menejmentda ratsionalizmning barcha afzalliklariga qaramasdan, ko‘pchilik hollarda yangi iqtisodiy-ijtimoiy sharoitlarda o‘quv yurtlarining ish samaradorligini oshirishda eng yaxshi yo‘l ham emas ekan. Boshqarish bilimlari tizimida boshqarish ratsionalizmining cheklanganlikdan ta’sirlanishi sifatida boshqa fe’l-atvoriy yo‘nalish mustahkam qaror topdiki, bu tashkilotlarda boshqarishning real mohiyatini tushunishni chuqurlashtirish uchun psixologiya, sotsiologiya, madaniy antropologiya yutuqlarini keng jalb qilishga asoslangan. Bu yo‘nalish asosida «odamlar orasidagi munosabatlarni» takomillashtirish, «inson omilini» ishga solish, muhandis-pedagog, iqgisodchi-pedagog va boshqa xodimlarning boshqaruv jarayoni ixgirosini rivojlantirish, peshqadamlik samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar amalga oshirila boshlandi.
Boshqaruv tafakkuri uchun nazariy va amaliy jihatdan bugungi kunda eng xos narsa nima? Adabiy manbalarni tahlil etishning ko‘rsatishicha ikkita yangi oqim eng ko‘p ko‘zga ko‘rinmo³da.1
1. Xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuvi, jahon iqtisodiyotida raqobat va o‘zaro boqliqlikning o‘sishi, tranmilliy korporatsiyalarning rivojlanishi, xalqaro axborot tizimlarshing yaratilishi, integratsiya xususiyatli boshqa tuzilmalar munosabati bilan yuzaga kelgan yangi voqealiklarni jamoaviy tafakkur qilish.
Boshqarish bo‘yicha ko‘plab adabiyotlarning chop etilishi, millionlab odamlarga tushunarli bo‘lgan menejment bo‘yicha dasturlarning tarqalishi, turli mamlakatlarning boshqarish tajribasini tekshirish orqali umumlashtirish, holatlarni ishlab chiqish, olimlar va amaliyotchilarning xalqaro keng aloqalari vositasi orqali «boshqarish» fani unga ehtiyoj sezayotgan barcha kishilarning mulkiga aylanmoqda.
2. So‘nggi yillarning xususiyati shundaki, boshqarishning og‘ir yukini o‘z zimmasiga olayotgan yoki shu yo‘lga qadam qo‘yayotgan rahbarlarning tushunishlari va foydalanishlari uchun kuchlari yetadigan bo‘lgan, yaxshi o‘zlashtiriladigan retseptlarga hamda haqiqatlarga murojaat qilinmoqda. Menejment fan sifatida o‘zining butun serqirraliligi bilan o‘z yo‘li bo‘yicha rivojlanmo³da va ulkan istiqbolga erishmoqda.
Shu bilan birga hozirgi vaqtda aholining keng qatlamlari ham boshqarish g‘oyalariga va samarali boshqarish retseptlariga astoydil qiziqmo³dalar. Mazkur mavzu bo‘yicha D.Karnegi., U.Ouchi., T.Piter., R.Uotermen kabi mualliflarning qiziqarli va jonli til bilan yozilgan kitoblari, L.Yakokki, G.Ford, A. Morit kabi bir qator yirik shaxslarning memuar asarlarining dunyo yuzini ko‘rganligi fikrimizning dalilidir. Hatto maqsadlar bo‘yicha «boshqarish», «og‘ishlar bo‘yicha boshqarish» atamalariga o‘xshash «bestselle bo‘yicha boshqarish» atamasi paydo bo‘ldi.
Shuni ham unutmaslik kerakki, hozirgi vaqtda menejerlarning sifati va ularni tayyorlash usullarigagina emas, balki menejerlarni kasbiy tayyorlashda rahbarning o‘zining roli ham jiddiy munozaralarga mavzu bo‘lib qolmoqda. U maxsus ta’limga ega bo‘lgan (ko‘pincha muhandislik, huquqiy, iqtisodiy va shunga o‘xshash bilimlarga qo‘shimcha), professional boshqaruvni kasb qilib olgan.
11.5. Rahbar va uning shaxsi
«Rahbarlik qilish» so‘ziga izohli lug‘atda boshqarish, maslahat berish, kuzatish, yo‘naltirish, ko‘rsatma berish kabi ta’riflar berilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, hozirgi davrda rahbarlar zimmasiga yuklatilgan talablar juda ko‘pdir. Ularni quyidagi besh yirik guruhga bo‘lish mumkin.
1. Ma’naviy yetuklik.
— siyosiy, huquqiy va axloqiy yetuklik;
— ma’rifatlilik va madaniyatlilik;
— xodimlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qodirlik;
-topshirilgan ish uchun shaxsiy javobgarlikni his qilish, halollik, vijdonlilik.
— tashabbus va ilg‘orlikni qo‘llab-quvvatlash qobiliyati.
2. Intizom va mehnatga bo‘lgan munosabati.
— mehnatsevarlik; jamoa o‘rtasida intizomni yo‘lga qo‘ya bilish;
— atrofdagilarda mehnatsevarlik fazilatlarini tarbiyalay bilish;
— ishni rejali olib borish.
3. Bilim darajasi.
— iqtisodiyotni, texnika va texnologiyani bilishi;
— boshqarish ilmini, funksiyalari va tuzilishini bilishi;
— istiqbolni bilishga qodirligi.
4. Tashkilotchilik qobiliyati.
— xodimlarni tanlay bilish va ulardan samarali foydalanishni uddalay bilish;
— qo‘l ostidagilarni mehnatga o‘rgatish va tarbiyalash salohiyatiga ega bo‘lish;
— jipslashgan jamoani vujudga keltira olish;
5. Boshqarish samaradorligini ta’minlay olish.
— boshqarishni kollegial tarzda tashkil qila olish qobiliyati;
— ish haqida qisqa va aniq gapirish qobiliyatiga ega bo‘lish;
— turli manbalardan ish uchun zarur axborotlarni olish qobiliyati;
— boshqaruv organi qarorlarini bajarish ustidan nazoratni ta’minlay bilish.
Har bir rahbar psixologik bilimlar bilan bir qatorda muayyan pedagogik bilimlarga ham ega bo‘lishi kerak. Aynan shu bilimlar yordamida yordamida u xodimlarga ularni tarbiyalash va mukammallashishlariga yanada samarali ta’sir ko‘rsatuvchi shakl hamda usullarni topish mumkin.
Rahbar quyidagi muammolarni hal etishi kerak:
— aqliy rivojlanish (xodimlarning umumiy va kasbiy ma’lumoti);
— ma’naviy boyish (madaniy tadbirlar tashkil etish, etik muammolarni yechish);
— muomala madaniyatini yuksak darajaga ko‘tarish.
Bunda quyidagi tamoyillarga rioya qilish lozim:
— ezgu ideallar bilan mashg‘ul bo‘lish;
— shaxsiy xislatlarni takomillashtirish.
Tarbiyaviy ta’sir rahbarning quyidagi omillarni bilishiga bog‘liq:
— xodim madaniyati va ma’lumot darajasi, uning axloqiy kasbiy va hayot tajribasining qay darajada rivojlanganligi;
— jismonan sog‘lomligi, ma’naviy barkamolligi;
— individual, ijtimoiy-ruhiy sifatlari;
— mehnat jamoasidagi ijtimoiy-ruhiy muhit;
— axloqiy-ma’muriy choraga xodimning munosabati.
Tabiiyki, tarbiyaviy ta’sir umumiy va qotib qolgan bo‘lmasligi lozim, chunki yuqorida qayd etilgan omillar orqali har bir muayyan shaxs uchun o‘ziga xosyondashuvni talab qiladi. Shuning uchun tarbiyaviy ta’sir har bir shaxsning o‘ziga qaratilgan bo‘lishi kerak, bu esa rahbar tarbiyaning turli-tuman usullaridan xabardor bo‘lishini taqoza etadi.
Rahbar tarbiyaviy ta’sirni amalga oshirishining quyidagi ta’bir joiz bo‘lsa, «texnologik tamoyillari» mavjud:
1. Ruhiy o‘ziga xoslik, ya’ni shaxsga tarbiyaviy ta’sir o‘tkazishdan oldin uning individual, ijtimoiy-ruhiy sifatlarini anglash lozim;
2. Ma’naviy motivlar – o‘ziga bo‘ysunuvchilar oldida yuqori darajadagi xulq-atvor egasi ekanligini shaxsan namoyon etish;
3. Yakka tartibda yondashish, bu – har bir shaxsning o‘ziga xos bo‘lgan «a’lo» tomonini izlash;
4. Mehnat faoliyatining talablariga moslashish, bu – xodim aqliy imkoniyatini aniqlash va undan samarali foydalanish bo‘yicha muammoni hal etish;
5. Shaxsiy mo‘ljal. Bu – xodimda noyob qobiliyat kurtaklarini o‘stirish va ularni rivojlantirish.
Umuman olganda, rahbar xodimga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatar ekan, G.Salening quyidagi so‘zlarini yodda tutishi foydadan xoli emas: «Shuni unutmangki, hamma uchun mos andoza yo‘q. Biz, hammamiz – turli toifadamiz va muammolarimiz ham turlicha».
Qisqa xulosa
Ta’lim-tarbiya ishlariga yangicha munosabat mustaqillik, ma’naviyat negizi asosida hukumat qarorlarida ta’lim islohotlarida olimlar va ijodkor o‘qituvchilarning izlanishlarida o‘z aksini topmoqda.
O‘zbekistonning uzluksiz ta’lim tizimidagi barcha o‘quv muassasalari yosh avlodga milliy istiqlol mafkurasini shakllantirishda, ma’naviyatni milliy merosimiz bilan boyitishda, yosh vatanparvarlarni tarbiyalashda yangicha ish uslublari asosida ijodiy yondoshmoqdalar. O‘quv tarbiyaviy jarayonni boshqarish pedagogik jamoa faoliyatini tashkillashtirish orqali amalga oshiriladi. Shu sababli o‘quv muassasasini boshqarishning asosiy obyekti pedagogik jamoa hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, ushbu bobda o‘quv-tarbiyaviy jarayonni boshqarish, pedagogik jamoa-o‘quv muassasasi boshqarishning obyekti, pedagogik faoliyatni faollashtirish yo‘llari, ta’lim muassasasini boshqarish konsepsiyasi, pedagogik faoliyatni boshqarish dasturi, rahbar va uning shaxsi kabilar ko‘plab misollar asosida bayon qilingan.
O‘z-o‘zini nazorat va muhokama uchun savollar:
1. O‘quv-tarbiyaviy jarayonni boshqarish qanday amalga oshiriladi?
2. Pedagogik jamoaga ta’rif bering?
3. Marketing – nima?
4. Boshqaruv faoliyatini amalga oshirishda marketing tizimi haqida so‘zlab bering?
5. Boshqaruv dasturi qanday amalga oshiriladi?
6. Shaxs rivojlanishining asosiy psixologik va pedagogik omillari haqida so‘zlab bering?
7. Shaxs rivojlanishini harakatga keltiruvchi qanday kuchlar mavjud?
8. O‘quv yurtlarida ta’lim jarayoni qanday shakllarda amalga oshiriladi?
9. Menejment – nima?
10. Rahbarga shaxsiga qo‘yiladigan talablar Siningcha bugungi kun rahbari qanday xislatlarga ega bo‘lishi kerak?
Tavsiya etiladigan adabiyotlar:
1. Professionalnaya pedagogika. Uchebnik dlya studentov. – M.: Pedagogika, 2002.
2. Pedagogika professionalnogo obrazovaniya. Pod. red.V.A.Slastenina. — Moskva. Akademiya, 2004 g.
3. Ye.N.Pronina, V.V.Lukashevich. «Psixologiya i pedagogika». Uchebnik dlya studentov VUZov. — M.: Elit, 2004 g.
4. O‘. Tolipov., M.Barakayev., Sh.Sharipov. Kasbiy pedagogika. (Ma’ruzalar matni).– T.: TDIU, 2001 yil.
5 . N.Xo‘jayev va boshqalar. Pedagogika asoslari .- T.: TDIU, 2003 yil.
6. www.inter-pedagogika.ru.
7. www. bilimdon. uz. — O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining asosiy veb sayti.

XII . Iqtisodchi-pedagog xodimlarni tayyorlash va malakasini oshirish
12.1. Kasbiy malakaviy tuzilmada kadrlarning o‘zgarishi.
12.2. Xodimlar ixtisosligini tahlil qilish metodikasi.
12.3. Keng qamrovli va yuqori malakali xodimlar tayyorlashga qo‘yiladigan asosiy talablar.
12.4. Xodimlar oliy ta’limi.

12.1. Kasbiy malakaviy tuzilmada kadrlarning o‘zgarishi
Oliy ta’lim sohasida sifat ko‘p qirrali konsepsiya hisoblanadi. U ta’lim sohasidagi barcha funksiya va faoliyat turlari – o‘quv va akademik dasturlar, ilmiy tadqiqot va stipendiyalar, mutaxassis xodimlar bilan to‘liq ta’minlanganlik, ta’lim oluvchilar, binolar, moddiy-texnika bazasi va jihozlarni, jamiyat va akademik muhit farovonligi yo‘lidagi barcha ishlarni qamrab olishi kerak, — degan edi Prezidentimiz I.A.Karimov.1
Ta’lim va kadrlarni kasbiy tayyorlash ta’lim sifatining asosiy yakuniy sifatidir, bu quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
— insonlar: professor-o‘qituvchilar tarkibi, ta’lim oluvchilar, o‘quv-yordamchi faoliyat xodimlari, ma’muriy xodimlar va boshqalar;
— texnologiyalar: pedagogik, tarbiyaviy, informatsiyaviy, boshqaruv, nazorat qiluvchi va boshqalar;
— moddiy-texnikaviy ta’minot: binolar, jihozlar, laboratoriya va amaliyot bazasi va b;
— me’yoriy-huquqiy va o‘quv-metodik ta’minot;
— rag‘batlantirishlar va asoslar;
— tashqi ta’sirlar: bozor iqtisodiyoti talablari, korxonalar, jamiyat va davlat.
Ta’lim tizimining yuqorida keltirilgan tarkibiy unsurlari ustunlik qiluvchi omillar majmuini belgilaydi, bular ta’lim va xodimlarni kasbiy tayyorlash sifatiga ta’sir etadi.
Ilmiy-texnika inqilobi davrida ishchi xodimlarning mehnat qilish sharoiti o‘zgaradi, chunki ishlab chiqarish jarayonida ishchi xodimning bajaradigan faoliyati, dunyoqarashi, o‘rni o‘zgaradi. Ushbu o‘zgarishlar ya’ni ishlab chiqarish bosqichlarining rivojlanishi yangi mayllarning o‘sishiga olib keladi. Ishchi xodim ushbu rivojlanishdan foydalangan holda yangicha ishlashni xohlaydi. Xodimlardagi o‘zgarishlarni kuchaytirishda ishlab chiqarish faktorlari kuchli ta’sir etadi. Buning asosida jismoniy mehnat, ya’ni insonning bajaruvchi funksiyasi yotadi.
Ma’lumki, ishlab chiqarish jarayonida inson asosan 4 asosiy funksiyani bajaradi:
1. Ishchi xodim o‘z jismoniy harakati bilan aylantiruvchi va harakatlantiruvchi harakatlar hosil qilishi uchun mehnat qurollarini ishlatishi;
2. Mehnat qurollarini boshqarishi va ularga ta’sir ko‘rsatishi;
3. Ularni to‘g‘irlashi va ta’minlashi;
4. Ularni loyihalashtirishi va ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq qilishi.
Mehnatni boshqarishda zamonaviy ishchi xodimga 1 va 2 funksiyalardagi ko‘rsatkichlar ahamiyatli bo‘lishi bilan bir qatorda mehnatning mazmuni va ijodiyligini oshirishda 3-4 funksiyalar ham muhimdir.
Tarixga nazar solib ko‘rsak, mashinasozlikda yuqori malakali ish darajasi oshib bormoqda. Masalan, 30-yillarda chilangar ta’mirlovchi 9-10 ta stanokda ishlay olgan bo‘lsa, hozirda esa 25-30 stanokda bemalol boshqara oladi va 100 dan ortiq metall va nometall materiallar bilan ishlaydi. Bundan tashqari u payvandlashni ham bilishi kerak.
90-yillarda texnikaning rivojlanishi yangi tipdagi stanok ishchi xodimlarini yuzaga keltirdi. Keng profilli universal ishchi xodimlar vujudga keldi. Hozirda bu ishchi xodimlar 14 ta ixtisosliklarni egallagan. Bu ixtisosliklardan tokarlik avtomatlarni sozlovchilar, yarim avtomatni, avtomatlashtirilgan stanoklarni sozlovchi va boshqalar. Ishchi xodim sozlovchilarning bu guruhi elektrotexnik bilimga ham ega.
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida ham yuqori malakali ishchi xodim mutaxassislar vujudga kelmoqda. Ma’lumki, O‘zbekiston asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashga asoslangan agrar mamlakatlardan biri hisoblanadi. Mamlakatda yaratiladigan yalpi ichki mahsulotning qariyib 1/3 qismi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi. Qishloq xo‘jaligi mahsuloti mamlakatga valyuta tushumlarini 55 foizidan ortig‘ini ta’minlaydigan muhim eksport manbalaridan biri hisoblanadi.
Mustaqillikning dastlabki yillari mobaynida respublika qishloq xo‘jaligida bozor infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilgan islohotlar o‘zining ijobiy natijasini bera boshladi. Umuman olganda, qishloq xo‘jaligi mustaqil respublikamiz iqtisodiyotining muhim tarmog‘i hisoblanib, uning zamon talablari darajasida rivojlantirilishi xalqimizning farovon turmush tarzini va istiqlolimizning barqaror bo‘lishini kafolatlaydi. Buning uchun esa, sohani zamonaviy va har jihatdan xorijiy yuksak malakaga ega bo‘lgan mutaxassislar bilan ta’minlash birlamchi va muhim ahamiyat kasb etadi.
12.2. Xodimlar ixtisosligini tahlil qilish
metodikasi
«Iqtisodiy va siyosiy sohalardagi barcha islohotlarimizning pirovard maqsadi – degan edi Prezidentimiz I.A.Karimov1, yurtimizda yashayotgan barcha fuqarolar uchun munosib hayot sharoitlarini tashkil qilib berishdan iboratdir. Aynan shuning uchun ham ma’naviy jihatdan mukammal rivojlangan insonni tarbiyalash, ta’lim va maorifni yuksaltirish, milliy uyg‘onish g‘oyasini ro‘yobga chiqaradigan yangi avlodni voyaga yetkazish davlatimizning eng muhim vazifalaridan biri bo‘lib qoladi».
«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da ta’lim xizmatlari bozorining strategik maqsadi sifatida, bozor munosabatlarining vujudga kelishi sharoitida samarali ishlashga qodir bo‘lgan iqtisodchilar faoliyatining barcha darajalari va sohalari uchun mutaxassis kadrlarni tayyorlash va bu bilan O‘zbekiston iqtisodiyotining shakllanishi va rivojlanishining butun jarayoniga sezilarli ta’sir ko‘rsatish masalasi belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Oliy o‘quv yurtlarida mutaxassislar tayyorlash har yili 38-40 ming kishi atrofida o‘zgarib turadi.
1990-2000 yillarda mutaxassislar tayyorlashning yillik o‘sishi kuzatildi, 2000 yilda bu ko‘rsatkich 41690 kishini tashkil qiladi. Bugungi kunda oliy ma’lumotli mutaxassislarga bo‘lgan qo‘shimcha talab asta-sekin o‘sib borib va 2003 yilda 50 ming kishini, 2005 yilga kelib esa 55-60 ming kishini tashkil qiladi.
Shuningdek, bozor iqtisodiyoti sharoitini ko‘zda tutib, mutaxassislarni tayyorlash sohasidagi tarkibiy siljishlar saqlanib qolinadi. Bu «Iqtisodiyot va boshqaruv» ixtisosligi bo‘yicha mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojning yanada oshishini keltirib chiqaradi. 1999-2000 yillarda iqtisodiy va huquqiy yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalariga o‘rtacha yillik qabul qilish 16,4 ming kishini yoki umumiy qabulning 9,2%ni tashkil qiladi va 1990 yildan buyongi davrda 1,3 marta ortdi. Bu, o‘z navbatida, Oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotganlarning umumiy sonida ushbu ixtisoslikdagi talablar soni ulushining 1990 yildagi 9,940% o‘rniga 1997 yilda 116,5% gacha olib keldi.
O‘zbekistonda 1992 yilda 53 ta davlat oliy ta’lim muassasi mavjud bo‘lib, ularning ulushi oliy ta’lim muassasalari umumiy sonning 100%ini tashkil etardi. Davlat oliy ta’lim muassasalari sonining o‘sish jarayoni quyidagi tarzda yuzaga keldi: 1985-1990 yillar mobaynida ularning soni oliy ta’lim muassasalarining 100%i darajasida barqarorlashdi; keyingi yillarda ularning o‘sish sur’ati bir yilda taxminan 3-4 tani tashkil qildi; 1990-1996 yillarda esa ularning soni 58 taga yoki 23,4% oshdi.
Davlat oliy ta’lim muassasalarida 1997 yilda 158,2 ming talaba ta’lim oldi, bu 1995 yil bilan solishtirganda 68,8%ni tashkil qildi. 2000 yilga kelib talabalarning soni 172,4 ming kishi, 2002 yilda esa 198 ming kishiga yetdi (yillik o‘sish sur’ati 2-3%). Faqatgina 1995-2000 yillarda talabalar sonining o‘sishi qayd etildi; tegishlicha, har yili o‘sish sur’ati 1,5% ni tashkil qildi (1995 yil-192070, 2000 yil-198017)
Oliy ta’lim muassasalarining iqtisodiy hududlar bo‘yicha taqsimlanishi bir xil emas: masalan, ularning 31% yoki 30 ta oliy ta’lim muassasasi Toshkent shahri va poytaxt viloyatida joylashgan, shulardan Toshkent shahrida 30 ta oliy ta’lim muassasasi yoki 40%; Farg‘ona vodiysida 11 ta yoki 17,8%; qolgan hududlarning ulushi 34,2% darajasida bo‘lib, Samarqand shahrida 6 ta oliy ta’lim muassasasi joylashgan, bu O‘zbekiston davlat oliy ta’lim muassasalari umumiy sonining 9% iga teng.
Davlat oliy ta’lim muassasalari talabalari soni oliy ta’lim muassasalarining ulushiga taxminan mos keladi, masalan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatining oliy ta’lim muassasalari barcha oliy ta’lim muassasalari talabalari sonining 47,2%ini qamrab oladi, bu yerdagi oliy ta’lim muassasalarining ulushi esa qariyib 48% ni tashkil qiladi.
Bugungi kunda malakali mutaxassis xodimlar ish faoliyatini tekshirishda ularning ixtisosligi tahlil qilinadi, komissiyalar tuziladi. Tuzilgan komissiya a’zolari o‘qituvchilar va vrachlardan iborat bo‘ladi.
Reja tuziladi:
1. Mehnat turi va miqdorini aniqlash;
2. Texnik-tashkiliy sharoitlar;
3. Ishchi xodimlar bajaradigan ishlar;
4. Kvalifikatsiya;
5. Maxsus tajriba;
6. Javobgarlik;
7. Maxsus texnik talablar;
8. Maxsus jismoniy texnik talablar;
9. Tashkiliy tayyorlashga taklif;
10. Ilmiy texnik progressga yetib borishi.
Bu tahlillarni sharoitni hisobga olgan holda bajarish kerak. Xodimlarning o‘qishi uchun o‘sha tashkilot yetarli darajada o‘quv materialiga ega bo‘lishi kerak. Tahlilning natijasi xodimlarning tarkibiga bog‘liq. Mehnatning sifati – uning mexanizatsiyalashganligi va avtomatlashtirilganligi, yuqori malakali xodimlar bilan ta’minlanganligi bilan belgilanadi. Shu bilan bir qatorda xodim ning ma’lum bir sohadagi aniq faoliyatini belgilab beradi. Ma’lum sohadagi xodimlarning ish quroli bilan ishlashi sifatni boshqarishni belgilab beradi.
12.3. Keng qamrovli va yuqori malakali xodimlar
tayyorlashga qo‘yiladigan asosiy talablar
Keng qamrovli va yuqori malakali xodimlarni boshqarishda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi nomli yangi mehnat turi paydo bo‘ldi. Ularning mehnatida bir qancha umumiyliklar bor.
Keng qamrovli mutaxassis xodim o‘z faoliyatida bir qancha kasblarni qamrab oladi, zarur bilimlarga, ko‘nikma va malakalarga ega bo‘ladi. Bu aralash texnologiya uchastkalardagi ishlab chiqarish funksiyalarini amalga oshirishda qo‘l keladi. U ishlab chiqarishning fan sohasidagi bilimlar bilan qurollangan bo‘lib, ishlab chiqarishning o‘zgarib turadigan shartlariga tez ko‘nikib keta oladi.
Keng ko‘lamli mutaxassis xodimning professionalligi shu bilan belgilanadiki, uning yangi joyga va yangi sharoitga tez ko‘nikishidir. Bunday hollarda qayta qurish va to‘g‘irlash ko‘nikmalari hosil bo‘ladi. Amaliy ko‘nikmalar o‘z-o‘zidan o‘zgarmaydi, bular ishlab chiqarish sharoitlarining o‘zgarishi, mehnat jarayonlari tuzilmalari va uning miqdori bilan o‘zgaradi.
Professionallikning yuqori bosqichlarga ko‘tarilishi ko‘p funksiyalarni bajarishi boshqa kompleks mehnat bilimlarida hamda ish faoliyatining kengayishi bilan kelib chiqadi. Professional ishchi xodim o‘zi ishlab chiqargan mahsulotni tahlil qila oladi. Bu jarayondagi asosiy narsa, bu nazariy bilimlarni bilishda emas, balki amaliyotda ishlata olishdir.
Bugungi kunda integratsiya jarayoni texnik jarayonda yangi texnikani boshqara oladigan xodimlarni talab qiladi. Yuqori malakali xodimlar yuqori bilimlarga umumiy texnik bilimga, tajribaga ega bo‘lgan, hamda ular ishlab chiqarishda yangi bilimlarni o‘zining amaliy faoliyatida qo‘llay oladigan ishchi xodimdir.
Alohida tarmoq korxona yoki tashkilot miqyosidagi iqtisodchi mutaxassislar tayyorlashni rivojlantirish strategiyasi xususida gapiradigan bo‘lsak, bu strategiyaning ham bir qator o‘ziga xos xususiyatlari mavjuddir. Bunday strategiyadagi asosiy masala bo‘lib tegishli tarmoq va uning korxona yoki tashkilot sharoitidagi yangi xo‘jalik yuritish tizimida yanada samarali faoliyat ko‘rsatishlarini ta’minlash maqsadida ularni tayyorlash va qayta tayyorlashning zamonaviy shakl va usullarini aniq ishlab chiqish va amaliyotga samarali joriy etish hisoblanadi. Bu strategiyaga ko‘ra, tarmoqdagi ishlab chiqarish faoliyatining barcha bo‘linmalariga istiqbolni to‘g‘ri baholay oladigan qo‘l ostidagi kishilar bilan hamkorlikda ishlay oladigan va o‘z mutaxassisligi sohasini puxta o‘rgangan rahbar kadrlarni tanlash, shuningdek ishlab chiqarishning barcha bo‘g‘inlari uchun yuqori malakali, vijdonli va har qanday sharoitga moslasha olish qobiliyatiga ega bo‘lgan iqtisodchi mutaxassislarni tanlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadlarda iqtisodchi mutaxassislarni kasbiy tayyorlashning turli usul va shakllari strategiyada o‘z ifodasini topadi.
Ma’lumki, har qanday korxona yoki tashkilotda mutaxassislar ishini muvaffaqiyatli tashkil etishda ularni kompleks va tizimli tarzda o‘qitish muhim ahamiyatga egadir. Shundan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, mutaxassislarni tayyorlashni rivojlantirish strategiyasi o‘z ichiga barcha ishlab chiqarish bo‘g‘inlarini qamrab oladigan turli xil o‘qitish shakllarini olishi kerak. Shuning bilan birga mutaxassislarni tayyorlashni doimiy va uzluksiz tarzda amalga oshirishni ta’minlash ham strategiyaning hal qiluvchi ahamiyatga ega tarkibiy qismi hisoblanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, alohida tarmoq korxona yoki tashkilotlar miqyosidagi mutaxassislarni tayyorlashni rivojlantirish strategiyasidagi mutaxassislarni malakasini oshirish va o‘qitish shakllarini o‘zida ifodalagan model tasvirlangan.
Ko‘rinib turganidek, bu strategiyada mutaxassislar tayyorlashning aniq shakl va usullarini ishlab chiqish dolzarb ahamiyatga egadir. Bundan tashqari, tarmoq, korxona yoki tashkilotlardagi strategiya ham ko‘plab bosqichlarga ega bo‘ladi, biroq imkoniyatlardan kelib chiqqan holda bu bosqichlarga keyingi izlanishlarda to‘xtalib o‘tamiz.
Yuqorida mutaxassislarni tayyorlashni rivojlantirish strategiyasini ikkiga bo‘lib ko‘rib chiqdik. Biroq, bu degani bular bir-biridan alohida rivojlanadigan strategiyalar ekan deb xulosa chiqarishni anglatmaydi. Zero albatta har qanday tarmoq, korxona yoki tashkilotdagi bunday strategiyalar, birinchi navbatda, tegishli davlat strategiyalaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.
Iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida iqtisodchi mutaxassislar tayyorlash tizimini rivojlantirish strategiyasiga quyidagi bir qator omillar ta’sir ko‘rsatadi:
1. Mamlakatdagi tarkibiy o‘zgarishlar. Ma’lumki, O‘zbekiston rejali iqtisodiy boshqaruv tizimidan yangi bozor iqtisodiyoti mexanizmi sari intilmoqda. Bu esa, tabiiy ravishda, yangi iqtisodiy shart-sharoitlar va tuzilmalarni yaratish zaruriyatini yuzaga keltirdi. Bunday sharoitda yangicha bilim va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarsiz hech qanday muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham mamlakatimizdagi iqtisodiy-ijtimoiy o‘zgarishlar mutaxassislar tayyorlash tizimini rivojlantirishning zamonaviy strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishni talab qilmoqda.
2. Bugungi kunda «mehnat bozori»dagi ishsizlik muammolari. Bu ayniqsa, o‘tish davridagi mamlakatlar, shu jumladan, O‘zbekistonda ham alohida yechim talab qiladigan muammolardan hisoblanadi. O‘tish davridagi mamlakatlarda ko‘plab sanoat obyektlarining to‘liq hajmda ishlash imkoniyatlarining kamayishi, davlatning ko‘plab nazorat organlarini qisqartirilishi, shuningdek, yangi obyektlarga aylantirilayotgan korxona mutaxassislarining zamonaviy bilimlarga ega bo‘lmasligi oqibatida mehnatga layoqatli ishsizlarning soni ortib boradi. Buning oldini olish uchun esa, bu ishsizlarni qisqa muddatli qayta tayyorlash tizimini rivojlantirish orqali bozor talablariga mos bilim va tajribalarni oshirishga katta ehtiyoj seziladi.
Iqtisodchi kadrlar, ta’lim oluvchilar va uni ta’minlash uchun zarur resurslar o‘quv-tarbiya jarayonining asosiy komponentlari hisoblanadi.
5-chizma
Iqtisodchi mutaxasislar ta’lim xizmatini talab etuvchilar sifatida oliy ta’lim (bakalavriat, magistratura)ning barcha bosqichida ma’naviy-axloqiy va kasbiy jihatdan shaxs sifatida shakllantiruvchilardir. Davlat ta’lim standartlari va resurslari vositasida ularning sifatli ta’lim olishi va kasbiy tayyorlanishi kafolatlanadi. Ta’lim oluvchilarning vazifasi har tomonlama rivojlangan shaxs bo‘lib yetishishlari uchun oliy ta’lim tizimidagi keng imkoniyatlardan foydalanishdan iboratdir.1
Oliy ta’lim resurslari quyidagilardan iborat:
— moliyalar (budjet va budjetdan tashqari manbalardan olinadigan);
— moddiy-texnika bazasi, laboratoriya va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan;
— kompyuter texnologiyalarining texnikaviy, matematik va dastur ta’minoti;
— informatsiya bazasi (darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari, ko‘rgazma materiallar va jihozlar va h.k.).
O‘quv-tarbiya jarayonining sanab o‘tilgan komponentlari kadrlar tayyorlash uchun zamin yaratadi. Ularning sifati va raqobatbardoshligi ayrim olingan har bir komponentning va umumiy zaminning rivojlanganlik darajasiga bog‘liqdir.
XXI asrga kelib, yangi texnika va texnologiyalarning jadal sur’atlarda o‘sib borayotganligi, hozirgi kunda zamonaviy axborot texnologiyalari ayniqsa, halqaro internet tizimining butun dunyoni qamrab olayotganligi, mamlakatimizga chet el sarmoyasi orqali rivojlangan mamlakatlarning import asbob-uskunalarini kirib kelayotganligi, shuningdek, korxona va tashkilotlarda yangi talablar asosida boshqaruv va ishlab chiqarish tizimlarini takomillashtirish zaruriyati kabilar yetuk malakali mutaxassislar tayyorlashni talab qilmoqda.
Shunday qilib, iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida O‘zbekistonda iqtisodchi mutaxassislar tayyorlash tizimini rivojlantirish strategiyasini jahon talablari darajasida amalga oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shuni alohida ta’kidlab o‘tishimiz joizki, zamonaviy bozor iqtisodiyoti sharoitida bunday strategiyada birinchi navbatda, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro integratsiyalashuvni yanada chuqurlashtirish masalasiga asosiy e’tibor qaratilishi kerak. Shunday bo‘lgandagina respublikamizda iqtisodchi mutaxassislar tayyorlash tizimidagi sifat kriteriyasini kutilgan darajada rivojlantirish imkoniyati yuzaga keladi. Bu esa, mamlakatimiz korxona va tashkilotlaridagi iqtisodiy va ijtimoiy samaradorlikka erishishni, mos ravishda mamlakat makroiqtisodiy o‘sishiga erishishni ta’minlaydi.
12.4. Xodimlar oliy ta’limi
Prezidentimiz I.A.Karimov ta’kidlaganlaridek: – «…maqsadlarimizga erishish, yangi, demokratik jamiyatni qurish, ilohotlarning taqdiri qanday intellektual kuchlarga egaligimizga, yoshlarimiz qanday madaniy va professional saviyaga erishganligiga, qanday ideallarga e’tiqod qilishiga, ma’naviy jihatdan qanchalik boyishiga bog‘liqdir. Shu bois, aholining ma’lumot olish imkoniyatini oshirish, milliy tiklanish g‘oyasini amalga oshirishga qodir yangi avlodni tarbiyalash eng muhim vazifalarimizdan biridir». 1
Bugungi kunda iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kishilarni o‘qitish va malakasini oshirish uchun maxsus dasturlar ishlab chiqiladi. Chet ellarda ularni tashkil qilishda maxsus o‘rgatuvchi tashkilotlar ishtirok etadi (masalan, biznes maktabi, malaka oshirish fakulteti, boshqaruv universiteti). Hozirgi kunda chet el va mamlakatimiz olim va mutaxassislari yordamida ishlab chiqilgan tadbirkorlik bo‘yicha yangi o‘quv dasturlari keng qo‘llanilmoqda.2
Yo‘nalish bo‘yicha o‘quv dasturlari quyidagilarga bo‘linadi:
— boshlang‘ich o‘qish dasturlari;
— tadbirkorlik ishini kompleks o‘qishini ta’minlab beruvchi dasturlar va uning alohida tomonlarini o‘rgatuvchi dasturlar (masalan, marketing, bank ishi, qimmatbaho qog‘ozlar);
— boshqaruv faoliyatini o‘rganish dasturlari va mutaxassisni o‘qituvchi dasturlar o‘qish dasturini vaqtinchalik omili bo‘yicha qisqa va uzoq muddatga bo‘linadi.
O‘qishning ko‘lamiga qarab quyidagi dasturlardan foydalaniladi:
1. Doimiy tavsifga ega dasturlar, ko‘pincha to‘g‘ri yoki qisman o‘qish dasturi hisoblanadi. Ularga tadbirkorlarni o‘qitish dasturlari kiradi.
2. Malakani oshirish dasturlari chet ellardagi kabi bizning respublikamizda ham keng tarqalmoqda.
Kichik biznes ham boshqa faoliyat kabi, doimo ishchilarni o‘qitishni talab qiladi. Bu jarayon kadrlarni sifatini va rivojlanishini ta’minlaydi.
O‘qish – bu odamning fundamental bilim olish jarayonidir. Aslida, u maktablarda, kollejlarda, institutlarda, universitetlarda yoki boshqa joylarda amalga oshadi. Islohotlar o‘qishning turlariga ta’sir qiladi. Oliy ma’lumot ochiq va demokratik holda bo‘ladi. Oliy ma’lumotni rivojlantirishning boshqa ko‘rinishi – bu oliy va o‘rta maxsus o‘qishni integratsiya qilishdir.
Oliy ma’lumot islohoti o‘z ichiga quyidagi yo‘nalishlarni oladi:
1. Yangi takomillashgan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, zamonaviy mutaxassislarni tayyorlashda xalqaro o‘qish jarayonini tashkil qilish.
2. Auditoriya darslari va mustaqil ishlar orasidagi o‘quv vaqtini eng qulay tarzda taqsimlash va boshqalar.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi mutaxassislari ishtirokida «O‘zbekiston Respublikasida uzluksiz iqtisodiy ta’lim konsepsiyasi» ishlab chiqilgan. Bu konsepsiyada uzluksiz iqtisodiy ta’limni yanada rivojlantirish va takomillashtirishning strategik yo‘nalishlari belgilab qo‘yilgan bo‘lib, ular iqtisodchi mutaxassislarni tayyorlashning va umumiy iqtisodiy ta’limning jahon andozalariga mos keladi. Uzluksiz iqtisodiy ta’lim konsepsiyasini amalga oshirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqaro hamjamiyat tomonidan qabul qilingan ta’lim andozalariga mos yuqori malakali kadrlarni tayyorlashdir.
Konsepsiya Halqaro standart ta’lim klassifikatsiyasi va Halqaro standart kasb klassifikatsiyasi qoidalari asosida ishlab chiqilgan. Konsepsiya yaratilishidan avval ko‘plab tadqiqot ishlari olib borildi. Bunda iqtisodiy ta’lim bo‘yicha jahon tizimi, ayniqsa AQSH, Angliya, Fransiya, Germaniya, Yaponiya va Rossiya ta’lim tizimi tajribasi o‘rganildi va umumlashtirildi. Umuman olganda, taklif etilgan konsepsiya asosan iqtisodchi mutaxassislarni tayyorlashning Inglizcha-Amerikacha tizimiga tayanadi. Ammo unda, O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘ziga xos xususiyatlari, o‘tish davri, iqtisodiy ta’lim bosqichlari va darajalariga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan xo‘jalik yuritish tizimi hisobga olingan.
Uzluksiz iqtisodiy ta’limni jahon andozalari darajasiga ko‘tarish konsepsiyaning muhim jihatlaridan biri hisoblanadi. Bu quyidagi maqsadlarni ko‘zlaydi:
— uzluksiz iqtisodiy ta’lim tizimini jahon ta’lim tizimi bilan o‘zaro uyg‘unlashtirish;
— iqtisodchi mutaxassislar bilim darajasini xalqaro miqyosda raqobatbardoshligiga erishish;
— dunyoning yetakchi mutaxassislari va ta’lim texnologiyalarini mamlakatimizda iqtisodchi mutaxassislarni tayyorlash tizimiga jalb etish;
— iqtisodchi mutaxassislarning bakalavrlik va magistrlik diplomlarini xalqaro darajada tan olinishiga erishish va boshqalar.
Bu jarayonda bo‘lajak iqtisodchi mutaxassislarni xorijiy tillarga, asosan ingliz tiliga o‘rgatish alohida ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro aloqalari muntazam ravishda kengayib va chuqurlashib borayotgan bugungi kunda bu hayotiy zaruriyatga aylandi.
Hozirgi kunda Respublikada iqtisodiy ta’lim tizimini isloh qilish borasida nufuzli xalqaro tashkilotlar, oliy o‘quv yurtlari va jamg‘armalar bilan faol xamkorlik qilinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil iqtidorli yoshlarning chet elda ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash «Iste’dod» jamg‘armasini tuzish va Prezident grantlarini joriy etish to‘g‘risidagi Farmoni qobiliyatli yoshlarimizni xorijning eng nufuzli o‘quv yurtlarida chuqur bilim olishlariga katta imkoniyatlar yaratdi. «Iste’dod» jamg‘armasi faoliyatini boshlagan 2000 yildan to hozirga qadar yuzlab iqtisodchi mutaxassislar AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya kabi davlatlarning oliy o‘quv yurtlarida tahsil olib, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotining turli jabhalarida o‘zlaridagi yetuk malaka va jahon andozalariga mos keluvchi bilim darajalari bilan faol ishtirok etib kelishmoqda. Yoshlar xorij hayotini ko‘rib, xalqaro hayotiy tajriba orttirib, chet tillarini mukammal egallab, zamonaviy bakalavrlik va magistrlik darajasiga respublikamizning turli bosqichdagi pedagog kadrlar xorijiy ta’lim markazlarida tajriba va malaka orttirib kelmoqdalar. Bunday yondashuvlar ham O‘zbekiston ta’lim tizimining yorqin istiqboliga va uning mavqeini oshirishga xizmat qiladi.
Ta’limning moddiy texnikaviy asosini rivojlantirishga ham shaxsan Prezidentimizning o‘zlari, hukumatimiz ham katta e’tibor qaratmoqda. 1999 yil oktabr oyida davlatimiz rahbarining Janubiy Koreya Respublikasiga qilgan safari paytida Koreya Eksim banki O‘zbekistonda akademik litsey va kollejlarni o‘quv jihozlari bilan ta’minlash loyihasining ijrosi uchun 35 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratdi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining TASIS dasturi asosida «O‘zbekistonda menejmentni o‘qitish», «O‘tish davrida uzluksiz ta’lim va mehnat bozorini shakllantirish» va boshqa shu kabi xalqaro loyihalarida Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti faol ishtirok etib kelmoqda.
Mamlakatimiz iqtisodiyotining ko‘p ukladliligi keng qamrovli iqtisodiy muammolar bo‘yicha chuqur bilimga ega bo‘lgan iqtisodchi mutaxassislarga talabning kun sayin ortib borayotganligidan dalolat bermoqda. Shunday ekan, makroiqtisodiyot va davlat boshqaruvchi bo‘yicha iqtisodchi mutaxassislarni tayyorlash tizimi sifat jihatdan qayta tashkil etilishi zarur. Shuningdek, yirik tadbirkorlik va boshqaruv bo‘g‘ini mutaxassislari malakasini oshirish tizimi ham rivojlantirilishi lozim.
Shu bilan bir qatorda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish o‘quv muassasalari tizimini yanada takomillashtirishni taqozo etadi. Buning uchun birinchi navbatda, o‘rta maxsus, kasb-hunar kollejlarida kichik va xususiy tadbirkorlarni tayyorlash tizimini shakllantirish va rivojlantirish kerak. O‘quv jarayoniga tadbirkorlik faoliyati, huquq, soliq, moliya va bank ishi, marketing, strategik rejalashtirish, sug‘urta asoslari haqida bilim beradigan fanlarni dadillik bilan kiritish maqsadga muvofiqdir.
Universitet bakalavrlik va magistrlik diplomlari darajasini oshirish, iqtisodchi mutaxassislarni tayrlash tizimini zamon talablari darajasida rivojlantirish uchun muhim asos hisoblanadi. Buning uchun, o‘quv muassasalari moddiy bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy o‘quv kompyuter texnikasi bilan jihozlash, zarur o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash, o‘qitishning turli shakllarini kengaytirish, professor-o‘qituvchilarning mehnatga rag‘batini kuchaytirish kabilar muhim vazifalardan hisoblanadi.
Iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida, O‘zbekistonning har jihatdan rivojlanishi va mavjud qiyinchiliklarni yengib o‘tishi samarali iqtisodiy siyosatning ishlab chiqilishi va amal qilishi bilan chambarchas bog‘liqdir. Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan olib borilayotgan iqtisodiy siyosat o‘zining bir qator o‘ziga xos xususiyatlari va ustuvor jihatlari bilan mamlakatimizda mavjud ishlab chiqarish salohiyatidan imkon qadar samarali foydalanish, uni jahon mamlakatlarining ilg‘or tajribasidan kelib chiqqan holda tejamkorlik va raqobatbardoshlik tamoyillariga tayangan holda qayta takomillashtirish, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotini chuqur integratsiyalashuv asosida rivojlantirish kabilar uchun yetarlicha imkon yaratmoqda.
Biroq, mamlakatda zamonaviy sharoitlarda samarali faoliyat ko‘rsata oladigan hamda tadbirkorlik bilan har qanday iqtisodiy faoliyatni muvaffaqiyatli tashkil eta oladigan mutaxassislarning yetarli darajada emasligi iqtisodiy rivojlanish modelini samarali amal qilishiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda. Bu esa, iqtisodchi mutaxasislar tayyorlash tizimini yangi tamoyillar asosida rivojlantirishning nihoyatda dolzarbligidan dalolat bermoqda.
Dunyo siyosatida ro‘y berayotgan ulkan yangilanishlar natijasida olamni tushunish, idrok etish va unga munosabat ham o‘zgarganining guvohi bo‘lib turibmiz. Bizning mamlakatimizda ham inson haqidagi tasavvur izchillik bilan o‘zgarib bormoqda. Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, bugungi kun kishilari kechagi kun odamlariga nisbatan boshqacha.
Taraqqiyot jarayonida ijtimoiy munosabatlar chuqurlashib, davlatimiz umumbashariy muloqotlar tizimiga kirib borar ekan, rahbar kadrlar mas’uliyati ham kuchayib boradi. Mas’uliyatni his etish esa birinchi navbatda, davlat manfaatlari, umummilliy manfaatlar darajasida fikr qilish bilan chambarchas bog‘liqdir. Bugun insondan keskin sifat o‘zgarishlar talab qilinmoqda. Inson, uning aql-idroki, zakovati, salohiyati ijtimoiy taraqqiyot, olam yaxlitligining birdan-bir omiliga aylanishiga ehtiyoj kuchaymoqda. Zamon insoniyatdan o‘z-o‘zini anglab olishni talab qilmoqda. Jamiyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutadigan, bunyodkorlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan hayotimizni obod va farovon bo‘lishiga xizmat qiladigan yangi g‘oyalar, taklif va tavsiyalar bugun har qachongidan ham zarurdir.
Qisqa xulosa
Keng qamrovli mutaxassis xodim o‘z faoliyatida bir qancha kasblarni qamrab oladi, zarur bilimlarga, ko‘nikma va malakalarga ega bo‘ladi. Bu aralash texnologiya uchastkalardagi ishlab chiqarish funksiyalarini amalga oshirishda qo‘l keladi. U ishlab chiqarishning fan sohasidagi bilimlari bilan qurollangan bo‘lib, ishlab chiqarishning o‘zgarib turadigan shartlariga tez ko‘nikib keta oladi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotining ko‘p ukladliligi keng qamrovli iqtisodiy muammolar bo‘yicha chuqur bilimga ega bo‘lgan iqtisodchi mutaxassislarga talabning kun sayin ortib borayotganligidan dalolat bermoqda. Shunday ekan, makroiqtisodiyot va davlat boshqaruvchi bo‘yicha iqtisodchi mutaxassislarni tayyorlash tizimi sifat jihatdan qayta tashkil etilishi zarur. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, ushbu bobda kasbiy malakaviy tuzilmada ishchi xodimning o‘zgarishi, ishlab chiqarish jarayonining asosiy vazifasi, ishchilar ixtisosligini tahlil qilish uslubi, keng qamrovli soha xodimlari va ularga qo‘yilgan talablar, xodimlar oliy maktabi kabilar bo‘yicha qator ma’lumotlar keltirilgan.
O‘z-o‘zini nazorat va muhokama uchun savollar:
1. Keng qamrovli soha xodimlari va yuqori malakali xodimlar tayyorlash va ularga qo‘yilgan talablar?
2. Kadrlar ixtisosligini tahlil qilish uslubi haqida fikr bildiring?
3. Keng qamrovli soha xodimlari va yuqori malakali xodimlar haqida tushuncha bering?
4. Kasbiy malakaviy tuzilmada xodimlarning o‘zgarishi qanday amalga oshiriladi?
5. Xodimlar oliy ta’limi haqida Sizning fikringiz?
6. Kasbiy mahorat deganda nimani tushunasiz?
7. Mehnat shartnomasiga ta’rif bering?
8. Mehnatni tashkil etish va uning usullari haqida fikr bildiring?
9. Malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimida qanday ishlar amalga oshiriladi?
10. Mutaxassisliklarni tahlil qilib bering?
Tavsiya etiladigan adabiyotlar:
1. Karimov I.A. O‘zbekiston XXI asrga intilmoqda. – T.: O‘zbekiston, 1999.
2. Bordavskaya N.V., Rean A.A. Pedagogika. — M.: Piter, 2004.
Professionalnaya pedagogika. Uchebnik dlya studentov. – M.: Pedagogika, 2002.
3. Pronina Ye.N, Lukashevich V.V.. Psixologiya i pedagogika. Uchebnik dlya studentov VUZov. — M.: Elit, 2004 g.
4. Tolipov O‘., Barakayev M., Sharipov Sh. Kasbiy pedagogika. (Ma’ruzalar matni). – T.: TDIU, 2001.
GLOSSARIY
Aksiologiya — qadriyatlar to‘g‘risidagi falsafiy ta’limot, aksiologik qadriyatlar mohiyati.
Aksiologik yondashuv – insonparvarlik pedagogikasiga xos bo‘lgan xususiyat, bunda inson omiliga ijtimoiy qadriyat va jamiyat rivojlanishining pirovard maqsadi sifatida qaraladi. Aksiologik tafakkur o‘zaro aloqadagi ham o‘zaro harakatdagi dunyo konsepsiyasiga asoslanadi.
Anketalashtirish – anketa yordamida ijtimoiy, iqtisodiy, demografik, psixologik, pedagogik va boshqa tadqiqotlar uchun dastlabki materiallarni yig‘ish jarayoni.
Axborotli malaka – ta’lim-tarbiya masalalariga axborotlarni moslashtirish va talqin qilish malakasi.
Axloq — shaxsning jamiyatga va boshqa kishilarga nisbatan burchini belgilab beruvchi me’yorlar tizimi, ma’naviy xulq qoidalari, u ijtimoiy ong shakllaridan biri.
Boshqarish – tashkil etish, qaror qabul qilishga qaratilgan faoliyat, obyektni o‘z xizmat vazifasi doirasida nazorat qilish, tartibga solish, ishonchli axborotlar asosida tahlil qilish va yakun yasash.
Vazifa – maqsad va uni amalga oshirish bosqichlarining oydinlashtirilishi.
Davlat ta’lim standarti – uzluksiz ta’limning muayyan bosqichida shaxs (mutaxassis)ning tayyorgarlik darajasi va mazmuniga qo‘yiladigan minimum talablar.
Didaktika – ta’lim va o‘qitish nazariyasi hamda o‘qitish jarayonida tarbiyalash mazmunini ifodalovchi pedagogikaning tarkibiy qismi.
Izohlash, tushuntirish – og‘zaki izoh, yoritilishi lozim bo‘lgan turli materiallarni izohlash, isbotlash, tahlil qilish.
Ilmiy muammo – fan orqali hal qilinadigan asosiy ziddiyatlar.
Istiqbolni belgilash malakasi – ijtimoiy va bilish jarayonlarini rejalashtirish va boshqarish.
Kasbiy – pedagogik muloqot – pedagog va talabaning o‘zaro zich ijtimoiy-psixologik aloqasi tizimi bo‘lib, uning mazmuni axborotlar ayriboshlash, tarbiyaviy ta’sir o‘tkazish, kommunikativ vositalar yordamida o‘zaro munosabatlarini tashkil etish hisoblanadi.
Kasbiy tayyorgarlik – bo‘lajak mutaxassisning psixologik, psixofiziologik, jismoniy hamda ilmiy-nazariy va amaliy tayyorgarligi.
Kasbiy bilimdonlik – pedagogik faoliyat yuritish uchun zarur bo‘lgan nazariy va amaliy tayyorgarlik birligi.
Kuzatish – biror pedagogik hodisa bo‘yicha aniq faktik material olish maqsadini ko‘zlagan idrok etishning o‘ziga xos shakli.
Ko‘nikma – o‘rganish natijasida qo‘lga kiritilgan, beixtiyor, avtomatik tarzda bajariladigan harakat. Ko‘nikmalar biror harakatni nazoratsiz, avtomatik tarzda bajarish qobiliyatidir.
Laboratoriya ishi – asbob-uskunalar va boshqa texnik moslamalardan foydalangan holda talabalar bilan tajribalar o‘tkazish, biror hodisani maxsus jihozlar yordamida o‘rganish.
Ma’ruza – odatda oliy o‘quv yurtida biror fan mazmunini og‘zaki bayon qilishga asoslangan o‘quv jarayoni, metodi.
Malaka – shaxsning o‘zi egallagan bilimlari asosida ularning yangi sharoitdagi yangiliklar bilan birga, ma’lum bir faoliyatni samarali bajarish qobiliyatidir.
Mafkura — g‘oya va qarashlar tizimi.
Metod – 1) tabiiy va ijtimoiy hayot hodisalarini tadqiq qilish, bilish usuli; 2) harakat qilish usuli, tarzi.
Motiv – ma’lum ehtiyojlarni qondirish uchun asos bo‘ladigan kishining ichki faoliyat mazmuni.
Muammoli o‘qitish – o‘quv mashg‘ulotini tashkil etish shakli bo‘lib, unda pedagog rahbarligida muammoli vaziyat yuzaga keltiriladi va uning hal qilinishida ta’lim oluvchilar faol mustaqil harakat qiladilar.
Pedagogik jarayon – ta’lim masalalari, uning taraqqiyotini hal qilishga qaratilgan, maxsus tashkil etilgan pedagog va talabalarning maqsadli o‘zaro munosabatlari.
Pedagogik malaka – muayyan toifadagi vazifalarni hal qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan mutaxassisning kasbiy pedagogik tayyorgarligi darajasi va turi.
Pedagogik texnologiya – 1) oldindan loyihalashtirilgan pedagogik jarayonni amaliyotga rejali va bir maromda tatbiq etish yoki pedagogik masalani yechishga qaratilgan pedagogning uzluksiz o‘zaro bog‘langan harakatlari tizimidir; 2) ta’lim-tarbiya metodlarini u yoki bu to‘plamini qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan pedagogning uzluksiz, o‘zaro shartlangan harakatlari tizimidir; 3)ta’lim shakllarini optimallashtirishga qaratilgan, texnika hamda inson omillari, uning o‘zaro hamkorligi asosida o‘qitish jarayoni va bilimlarni egallash, yaratish, qo‘llash hamda belgilashning tizimli metodidir.
Pedagogik faoliyat – ta’lim maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan ijtimoiy faoliyatning alohida turi.
Faoliyat – 1) ongli maqsad bilan boshqariladigan kishining ichki (ruhiy), tashqi (jismoniy) faolligi; 2) atrof-muhitning kishilar tomonidan maqsadga muvofiq qayta bunyod etilishi.
Shaxs – 1) kishilarning ijtimoiy xulqi, insonlar orasida o‘zini tutishini aks ettiradigan ruhiy sifatlari majmuini bildiruvchi tushuncha;
2) turli-tuman sifatlar tizimidagi kishining ruhiy, ma’naviy mohiyati;
3) ijtimoiy mohiyat kasb etgan va o‘z-o‘zini anglash qobiliyatiga ega bo‘lgan kishi.
O‘z-o‘zini baholash – shaxsning o‘z psixologik sifatlari, xulqi, yutuqlari va muvaffaqiyatsizliklari, qadr-qimmati, kamchiliklarini baholay olishi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Qarori. //Xalq so‘zi, 2005 yil.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Bozor islohotlarini chuqurlashtirish va iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni. //Xalq so‘zi, 2005 yil, 15 iyun, 1-bet.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni. //Xalq so‘zi, 2005 yil, 16-iyun, 1-bet.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim etiladigan hisobot tizimini takomillashtirish va uni noqonuniy talab etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risida»gi Qaror. //Xalq so‘zi, 2005 yil, 17 iyun, 1-bet.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mikrofirmalar va kichik korxonalarni rivojlantirishni rag‘batlantirish borasida qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni. //Xalq so‘zi, 2005 yil, 21-iyun, 1-bet.
6. Karimov I.A. O‘zbekiston – bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li. – T.: O‘zbekiston, 1992.
7. Karimov I.A. O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida. – T.: O‘zbekiston, 1995.
8. Karimov I.A. Iqtisodiyotni erkinlashtirish va islohotlarni chuqurlashtirish – eng muhim vazifamiz. //Xalq so‘zi, 2001 yil 15 fevral.
9. Karimov I.A. O‘zbekiston XXI asrga intilmoqda. – T.: O‘zbekiston, 1999.
10. Karimov I.A. Yuksak malakali mutaxassislar taraqqiyot omili. – T.: O‘zbekiston, 1995.
11. Karimov I.A. Barkamol avlod O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori. – T.: O‘zbekiston, 1997.
12. Bordavskaya N.V., Rean A.A. Pedagogika.-M.: Piter, 2004.
13. Professionalnaya pedagogika. Uchebnik dlya studentov. – M.: Pedagogika, 2002.
14. Galaktinov V.V. Chernova M.V. Mejdunarodnaya praktika vzaimnogo priznaniya dokumentov ob obrazovaniya i professionalnix kvalifikatsiy.-M.: 2003.
15. Gurevich P.S. Psixologiya i pedagogika. — M.: Proyekt, 2004.
16. Nishonova S. Komil insonni tarbiyasi: o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun qo‘llanma. -T.: Istiqlol. 2003.
17. Munavvarov A.Q. Pedagogika. – T.: O‘qituvchi, 1996.
18. Pedagogika. Pedagogicheskiye teorii sistemi, texnologii. Pod.redaksiyey. S.A.Smirnova. — M.: Akademiya, 2004.
19. Pronina Ye.N, Lukashevich V.V.. Psixologiya i pedagogika. Uchebnik dlya studentov VUZov. — M.: Elit, 2004 g.
20. Tolipov O‘., Barakayev M., Sharipov Sh. Kasbiy pedagogika. (Ma’ruzalar matni).– T.:TDIU, 2001.
21. Psixologiya i pedagogika. Pod. red. A.A.Radugina.- M.: 2003 g.
22. Pedagogika V.A.Slastenin., I.F.Isayev., A.I.Mishenko., Ye.N.Shiyanov. – M.: Shkolnaya pressa, 2004 g.
23. G‘ulomov S.S. va boshqalar. Axborot tizimlari va texnologiyalari. T.: “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, 2000.
24.Egamberdiyev E., Xo‘jamqulov H. Kichik biznes va tadbirkorlik. – T.: Ma’naviyat, 2003.
25. Xoshimov K. va boshqalar tahriri ostida Pedagogika tarixi – T.: Fan, 2001.
26. Xo‘jayev N., Hasanboyev J. Iqtisodiy pedagogika. — T.: TDIU, 2002.

INTERNET manbalari

www.bilimdon uz. -O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining veb sayti.
www.de.uz-Masofaviy ta’lim tizimiga bag‘ishlangan veb sayt.
www.plekhanov.ru.-Plexanov nomidagi Rossiya iqtisod akademiyasining veb sayti.
www.tgeu.uz.-TDIU veb sayti.
www.tatu.-TATU veb sayti.
www. pomorsu.ru.
www. MTU-NET.ru.
www. bankreferatov.ru.
www. mgopu.ru.
www.glef.org. Djordj Lukasning Ta’limning fondi.
www.newhorizons.org. Ta’limning yangi ufqlari.
www.thelearningweb.net. Ta’lim tarmog‘i.
www.inetlibrary.com. Internet-kutubxona

Оставьте комментарий