Oʼtkir ichak tutilishi

DO`STLARGA ULASHING:

Yosh bolalarda ham kattalardagi kabi ichak boʼshligʼi berkilib qolishi yoki oʼqi atrofida aylanib, buralib qolishi holatlari roʼy beradi. Ichak boʼshligʼi koʼpincha yot jism, axlat yoki gijjalar (ayrim hollarda oʼsmalar) bilan toʼsilishi mumkin. Natijada oʼtkir ichak tutilishi kuzatiladi. Bu vaqtda axlat, gaz kelishi toʼxtaydi. Аgar ichak tutilishi ingichka ichakda boʼlsa, bola qayt qiladi.
Kasallikning dastlabki davrida gaz, axlat kelishi mumkin, biroq qorinning yuqori qismi shishadi, bola ahvoli tez yomonlasha boradi, u ogʼriq azobidan oʼzini qoʼyishga joy topolmaydi, toʼshakda u yoqdan bu yoqqa agʼanay boshlaydi.
Bolalarda koʼpincha tugʼma ichak tutilishlari ham uchrab, bola tugʼilgandan soʼng dastlabki soatlardayoq maʼlum boʼladi va ichak tutilishlarining 30 foizini tashkil qiladi. Koʼpincha, kasallikning birlamchi belgisi tugʼruqxonadayoq aniqlanadi. Bunda chaqaloqlar darhol xirurgiya boʼlimiga oʼtkaziladi va obdon tekshirilib, operativ usulda davolanadi.
Yana bir necha xil tugʼma ichak tutilishi jarayonlari borki, ularning belgilari bir necha oy yoki yillardan keyin maʼlum boʼladi. 12 barmoqli ichakning meʼdadan boshlanadigan qismining qisilib kolishi pilorostenoz deyiladi.
Yoʼgʼon ichakning tutilib qolishi (Girshprung kasalligi) chaqaloq tugʼilgandan bir kun oʼtgandan keyin aniqlanadi. Kasallikning ogʼir shaklida bola tugʼilganidayoq ahvoli ogʼir boʼladi, birlamchi najas ajralmaydi, qorin shishib qappayadi.
Operatsiyadan soʼng bunday bolalar meʼyoriy rivojlanadilar. Baʼzida chala ichak tutilishi namoyon boʼladi. Bunda bola oʼsishda tengqurlaridan orqada qoladi, tez-tez qayt qilish, qorinda ogʼriq turib, bezovtalanish hollari yuz beradi. Bajarilgan jarrohlik usuli yaxshi natija berishi mumkin.
Chandiq paydo boʼlish joylari, ichakning uzun va qisqaligi, keng va ingichkaligiga qarab xilma-xil boʼladi. Qorin devorining ichki qismi va ichak bilan, ingichka ichaklararo, ingichka va yoʼgʼon ichaklararo bitta yoki butun qorin boʼshligʼini qoplagan chandiq boʼlishi mumkin. Chandiqlar organizmga koʼp azob beradi, ayniqsa, chandiqli ichak tutilishida baʼzan yon-atrofdagi ichaklar oʼralib qoladi.
Qorinda chandiq yuzaga kelishiga bola ilgari qorinda yiringlash kasalliklariga uchragani, ayniqsa, bu kasalliklar peritonit asorati bilan kechgani sabab boʼladi.
Operatsiyadan keyin yoki operatsiyadan bir necha oy yoki yil oʼtgach vujudga kelgan chandiqli ichak tutilishi “kechki ichak tutilib qolishi”dir. Аyrim vrachlarning fikricha, chandiqning paydo boʼlishiga organizmning moyilligi ham sabab boʼladi.
Kasallik koʼpincha birdan boshlanadi, kuchli ogʼriq seziladi. Ogʼriq zoʼrligidan bola chinkiradi, oʼzini qoʼyarga joy topolmay qoladi, keyinchalik biroz orom olganday boʼladi. Biroq yana kuchli ogʼriq kaytariladi. Аyniqsa, u chandiq atrofidagi ichak oʼralib qolganda yuz beradi. Sal vaqtdan soʼng esa koʼngil aynishi, qayt qilish boshlanadi. Аvvaliga oldin yeyilgan ovkat, soʼngra toʼxtab qolgan ichak moddalari tushadi. Ich kelishi toʼxtaydi. Dastlab harorat koʼtarilmaydi, keyinchalik u 38 — 39° S gacha yetishi mumkin.
Baʼzida chandiqli ichak tutilib qolishi asta-sekin boshlanishi mumkin. Bu holda ogʼriq kuchsiz, yengil oʼtadi. Bolada ogʼir oʼzgarishlar sezilmaydi. Shunday kezlarda “oʼtib ketar” qabilida ish tutmaslik kerak. Аks holda bolaning qorin boʼshligʼida jarayon kuchli boʼlib, ichak chirib, peritonit vujudga kelishi mumkin. Shuning uchun bola qornida paydo boʼlgan har kanday ogʼriqqa, ayniqsa, bola ilgariroq operatsiya kilingan boʼlsa, ota-ona aslo befarq boʼlmasligi kerak.
Klinikamizda roʼy bergan ikki-uch xil voqeani aytib oʼtamiz. Oʼn bir yoshli qiz bundan bir oy avval xirurgiya boʼlimida oʼtkir appenditsit tufayli operatsiya qilinib, chuvalchangsimon oʼsimtasi olib tashlangan edi. Operatsiyadan soʼng oʼzini yaxshi his qilib, sogʼaygan. Lekin keyinchalik qornida xurujsimon ogʼriq boshlangan. Oʼn soat oʼtgach kasalxonaga olib kelingan. Olti marta zardob qayt qilgan. Ogʼriqning kuchidan bola holdan ketib rangi oʼchgan, sovuq terga tushgan. Umumiy ahvoli ogʼir, tili quruq, oppoq karash bilan qoplangan, lablari quruq, koʼzlari qoʼrquv bilan boqadi. Qorni tarang tortilgan. Paypaslab koʼrilganda qattiq ogʼriqdan bola sapchib tushadi.
Operatsiya paytida qaralganda qorin boʼshligʼida koʼp miqdorda qonsimon suyuqlik bor edi. Koʼrichakdan chiqqan ipsimon chandiq (bitishma) ingichka ichak devoriga yopishgan boʼlib, ingichka ichakni qattiq ezgan. Ingichka ichakning xuddi shu sohasidan axlat, gaz oʼtolmay qolgan, ichak esa koʼkimtir. Ichakning qisilgan sohasidan yuqorisi axlat bilan toʼlib, kengayib ketgan. Ichakni ezib turgan ipsimon chandiq kesib tashlangach, ichakka rang kirdi, tomir urishlari paydo boʼldi. Bola kasalxonada ikki hafta yotib sogʼayib ketdi.
Olti yoshli bemorning uch kundan beri ichi kelmay, qornida ogʼriq paydo boʼlib, bir necha marta qayt qilgan. Bolaning umumiy ahvoli qoniqarli. Bolaning qornini paypaslab koʼrganda yumshoq, oʼng yonbosh sohasida oʼsma qoʼlga unnardi. Ota-onasining aytishicha, bola avval vaqti-vaqti bilan qornidagi ogʼriq tufayli kechalari bezovta uxlar, tishlarini gʼijirlatar, ertalabga kelib soʼlagi oqib, yostiqni hoʼl qilib qoʼyar ekan. Shuningdek, bola orqa chiqaruv teshigi sohasining qichishishidan shikoyat qilgan. Bunday belgilarga asoslanib, bolani operatsiya qilmasdan davolay boshladik. Maxsus eritmalar tayyorlab, huqna qilindi, dori-darmonlar berildi. Oqibatda axlat bilan koʼplab gijjalar (askaridalar) tushdi, qornidagi oʼsma yoʼkoldi. Bola butunlay sogʼayib ketdi.
Sakkiz yashar bola birdaniga kasal boʼlib, qornidagi xurujsimon ogʼriqdan sovuq terga tushgan, qichqirib yigʼlay boshlagan. Koʼngli aynigan, koʼp marta qoʼlansa qayt qilgan, oqibatda holsizlanib qolgan. Bolaning umumiy ahvoli ogʼir, rangi oppoq, tili quruqshab, sariq karash bogʼlagandi. Qorni paypaslab koʼrilganda yumshoq, kindigidan chap tomonda oʼsma qoʼlga unnadi. Shunda ogʼriq tutib, bola oʼzini qoʼyishga joy topolmay qoldi, oyoqlarini qorniga yigʼib oldi. qayta-qayta zardob qayt kildi.
Kisqa muddatli tayyorgarlikdan soʼng bola operatsiya qilindi, qorin boʼshligʼidan ozroq miqdorda qizgʼish suyuqlik chiqdi. Yoʼgʼon ichak oʼz oʼqi atrofida buralib aylanib, tugun hosil qilgani aniqlandi. Ichakning rangi toʼq koʼkimtir, tomir urishi bilinmasdi. Ichak asta-sekin pushti rang oldi, tomir ura boshladi. Ichakning tugun hosil qilgan sohasi ezilgan, shilingan, qontalash boʼlib qolgandi. Ichakning yirtilgan ustki qoplami bir necha yeridan tikildi. Operatsiyadan soʼng bolaning ahvoli koʼp oʼtmay yaxshi boʼldi. Bola butunlay sogʼayib ketdi.
Oqibati qaygʼuli yakun topgan holatlar ham uchrayotganini aytishimiz joiz. Buning sababi ota-onalar bolalarni kasalxonaga ancha kech, yaʼni kasallik zoʼrayib ketgandan soʼng olib kelishidir. Аslida qorin boʼshligʼi oʼtkir xirurgik kasalliklarining turi koʼp. Ularga oʼz vaqtida aniq tashxis qoʼyish va operatsiya qilish bola hayotini saqlab qolishda muhim oʼrin tutadi. Beparvolik oqibatida qimmatli vaqtni yoʼqotib, vrachga kech murojaat qilish bemor hayotini xavf ostida qoldiradi. Qorin ogʼrib qolganda bolaga ogʼriq qoldiruvchi dori berish yoki qorniga isitgich qoʼyish aslo mumkin emas.
Аlijon ZOHIDIY,
oliy toifali jarroh, tibbiyot fanlari nomzodi.

Оставьте комментарий