OLIM XO‘JAYEV haqida

DO`STLARGA ULASHING:

O‘ZBЕKISTON XALQ ARTISTI
(1910-1977)
Mashhur o‘zbek aktyori, rejissyor va davlat arbobi Olim Xo‘jayev 1910 yilda Buxoroda tug‘ilgan. U 1929 yili Buxorodagi maorif bilim yurtini tugatgach, Hamza nomidagi O‘zbek Davlat (hozirgi O‘zbekiston Milliy) akademik drama teatrida aktyor sifatida o‘z mehnat faoliyatini boshlab, Kalaf (K.Gotssi, «Malikai Turandot»), Nomozov (Z.Fatxullin «Sotqinlar») kabi obrazlarni yaratdi. Tinib tinchimas, g‘ayratli, o‘z ustida ishlashdan charchamaydigan aktyor ijodining bu dastlabki lavhalari uning kelgusida yaratishi mumkin bo‘lgan yetuk obrazlariga ma’lum tayyorgarlik vazifasini o‘tadi. O.Xo‘jayevning keng madaniy jamoatchilikka yarq etib tanilishida V.Shekspirning «Hamlet» tragediyasidagi Hamlet obrazi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. 1935 yilda Hamza teatrida M.Uyg‘ur tomonidan sahnalashtirilgan bu asarda dastlab Xamlet obrazini mohirona ijro etib, tomoshabinlarni o‘ziga maftun etgan ustoz san’atkor Abror Hidoyatov bo‘ldi. Abror akadan keyin bu rolni ijro etish Alisher Navoiy aytganidek, «Nizomiy panjasiga panja urmoq»dek mas’uliyatli vazifa edi. Lekin, O.Xo‘jayev bu qiyin imtihondan muvaffaqiyatli o‘tdi. Aktyor talqinidagi Hamlet adolat, haqiqat, poklik va halollikning ramzi sifatida gavdalandi. San’atkor o‘ttiz yil davomida Hamlet obrazini qiyomiga yetkazib ijro etib, katta ijodiy yutuqqa erishdi. So‘ngra, O.Xo‘jayev K.Yashin, A.Umariylarning dramasi asosida sahna yuzini ko‘rgan «Hamza» spektaklida Hamza ro¬lini mohirlik bilan ijro etib, Hamlet obrazidagi birinchi muvaffaqiyatini yanada mustahkamladi. U «Hamza» spek¬takli va 1960 yilda kinorejissyor Z.Sobitov suratta olgan «Hamza» badiiy filmida shoirning tashqi qiyofasi, serg‘ayrat harakatlarini, toza qalbi va shoirona tabiatini tomoshabinga aniq yetkaza oldi. Teatrda va ekranda Hamzani ma’rifatparvar, gumanist ijodkor sifatida talqin qildi. Uyg‘un va Izzat Sultonning mashhur «Alisher Navoiy» she’riy dramasi 1941 yili yozilib, 1945 yilda Hamza teatrida M.Uyg‘ur tomonidan sahnaga qo‘yildai. Kompozitor M.Burhonov spektaklga musiqa yozdi. Alisher Navoiy roli Abror Hidoyatov va Olim Xo‘jayevga topshirildi. Asarda «Yengur zulmatni nur albatta, shaksiz» degan asosiy falsafiy g‘oya Na¬voiy obrazining markaziy nuqtasini, shoir ideali va falsafasining asosini, umuman, asar harakatining boshqaruv o‘qini tashkil qiladi. Shoir obrazining markaziy nuqtasi — uning gumanizmini chuqur his etgan va o‘zining ijodiy shuuridan o‘tkazgan aktyor Alisher Navoiyni buyuk mutafakkir, talantli shoir, yetuk davlat va jamoat arbobi, o‘z sevgisiga sadoqatli inson sifatida gavdalantirdi. Alisher Navoiydek buyuk zotni go‘zal tashqi qiyofa, yoqimli va mayin ovozga ega bo‘lgan pok ziyoli san’atkor tomonidan sahnada jonlantirilishi tomoshabinlarni o‘ziga maftun etdi. Ular sahnada tirik Alisher Navoiyni ko‘rgandek bo‘ldilar va Ali¬sher Navoiy deb Olim Xo‘jayevni tanidilar. Alisher Navoiy obrazi aktyorga juda katta shuhrat keltirdi. U shoir obrazini 25 yil davomida uzluksiz o‘ynadi. O.Xo‘jayev vafotidan keyin asar bir necha bor qayta tiklandi. Yangi-yangi aktyorlar Ali¬sher Navoiy obrazini ijro etishdi. Ammo, ular yaratgan Alisher Navoiy obrazini Olim Xo‘jayev Navoiysiga aslo tenglashtirib bo‘lmaydi «Olim Xo‘jayev lirik va dramatik aktyor edi, — deb hikoya qiladi O‘zbekiston xalq artisti Mahmudjon G‘ofurov. — Olim Xo‘jayevdagi go‘zal tashqi qiyofa va yuksak madaniyat, to‘la ma’nodagi ziyolilik sifatlari chuqur falsafiy rollarni o‘ynashda juda qo‘l kelgan. Bu jihatdan u ijro etgan Alisher Navo¬iy va Hamlet obrazlari meni o‘ziga maftun etgan edi. Alisher Navoiydek buyuk shoir va gumanist inson obrazini faqat Olim Xo‘jayev yaratishi mumkin edi. Shuning uchun men Alisher Navoiy rolida Olim Xo‘jayevdan boshqa aktyorni qabul qila olmayman. Teatr sahnasida Alisher Navoiy obrazini yaratishda Olim Xo‘jayev betakror san’atkor edi. Mana Hamletni oling. U chuqur falsafiy mushohadalarga boy, fikrlash doirasi katta shaxs, yirik inson. Bu obrazni yaratishda ham Olim Xo‘jayev shaxsiyatidagi lirik va dramatik hamda fojiaviy rollarni ijro etishga moyillik holatlari juda qo‘l kelgan. Shuning uchun men Abror Hidoyatov va Olim Xo‘jayevlarni sahnada ko‘rish, ularni obraz yaratishdagi o‘zlariga xos fazilatlarini idrok etish uchun Hamza teatriga tez-tez borib turar edim». O.Xo‘jayev 50-yillarda Karl Moor (F.Shiller, «Qaroqchilar»), Nolinakxa (R.Tagor , A.Ginzburg, «Gang daryosining qizi»), Astrov (A.Chexov, «Vanya tog‘a»), Sattor (B.Rahmonov, «Yurak sirlari») obrazlarini yaratdi. 1960 yilda Hamza teatrida sahnalashtirilgan dramaturg Izzat Sultonning «Imon» spektaklidagi professor Yo‘ldosh Komilov obrazi san’atkor ijrosida badiiy yetukligi bilan ajralib turadi. Aktyor Yo‘ldosh Komilov timsolida zamonamizning eng yaxshi, eng ulug‘vor va eng oliyjanob fazilatlarini o‘zida mujassamlashtirgan kishilarimizning obrazini yorqin gavdalantirdi. O.Xo‘jayev yaratgan Polvonov (S.Azimov, «Yulduzlar jamoli»), professor Sodiq Sobirovich (Uyg‘un, «Qotil») obrazlarida ham ziyolilarimizdagi ezgu tuyg‘ular, eng yaxshi insoniy fazilatlar tantanasini tarannum etdi. Aktyor salbiy obrazlarni ham maromiga yetkazib o‘ynaydigan san’atkor edi. O.Xo‘jayev yaratgan Paratov (Ostrovskiy, «Sepsiz qiz»), Pyotr (Gorkiy, «Meshchanlar»), Solihboy (Hamza, «Boy ila xizmatchi»), Yago (Shekspir, «Ogello»), Yuliy Sezar («Yuliy Sezar») obrazlari shular sirasiga kiradi. San’atkorga 60-yillarda yana bir bor shuhrat keltirgan obraz — bu Qirol Lir (Shekspir, «Qirol Lir») obrazidir. Aktyor Kirol Lir obrazini yuksak mahorat bilan ijro etgani uchun 1967 yilda O‘zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Olim Xo‘jayev rejissyor sifatida ham samarali ijod qilib, B.Rahmonovning «Yurak sirlari», Hamzaning «Boy ila xizmatchi» va boshqa spektakllarni sahnalashtirdi. O‘zbek kino san’ati ravnaqini O.Xo‘jayev ijodisiz tasav¬vur qilish qiyin. U kinoda yaratgan o‘nlab o‘lmas obrazlar o‘z qadr-qimmatini yo‘qotgani yo‘q. L.Fayziyev suratta olgan «Ulug‘bek yulduzi» filmidagi Xo‘ja Ahror, «Qutlug‘ qon» dagi Hakimboyvachcha, Z.Sobitovning «Hamza» filmidagi Hamza, «Fidoiy»sidagi Shayx Abbos va boshqa obrazlar o‘zining betakrorligi, emotsional kuchi bilan alohida ajralib turadi. O.Xo‘jayev jamoat arbobi sifatida ham tanilgan edi. U 1955—1977 yillarda O‘zbekiston Teatr jamiyatining raisi vazifasida ishladi va umr yo‘ldoshi O‘zbekiston xalq artisti Shohida Ma’zumova bilan birga yangi-yangi obrazlarni yaratishdi, bir necha spektakllarni ijodiy hamkorlikda sahnalashtirishdi. Olim Xo‘jayev «O‘zbekiston xalq artisti» fax¬riy unvoni bilan takdirlangan. Davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan edi. Aktyor 1977 yil Moskvada vafot etdi va Toshkentda dafn etildi. Hozirda Sirdaryo musiqali drama teatri, Buxoro madaniy oqartuv texnikumi, Toshkentdagi o‘rta maktab va ko‘cha Olim Xo‘jayev nomi bilan ataladi. Lirik, dramatik va fojiaviy obrazlar yaratishning mohir ustasi, yuqori madaniyat va asl ziyolilik timsoli bo‘lgan yetuk san’atkor va taniqli jamoat arbobi Olim Xo‘jayev o‘zbek milliy madaniyati ravnaqiga katta hissa qo‘shgan san’atkor sifatida tarixda o‘z o‘rniga egadir. 2000 yilda respublikamiz madaniy jamoatchiligi Olim Xo‘jayev tavallud topgan kunning 90 yilligini nishonladi.

Оставьте комментарий