ZIKIR MUXAMMADJONOV haqida

DO`STLARGA ULASHING:

O‘ZBЕKISTON XALQ ARTISTI
(1921-2012)
Taniqli teatr va kino aktyori Zikir Muhammadjonov 1921 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1951 yilda ishdan ajralmagan holda A.N. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan. Zikir Muhammadjonov 1943 yildan beri Hamza nomidagi O‘zbek Davlat (hozirgi O‘zbek milliy) akademik drama teatrida aktyor si¬fatida faoliyat ko‘rsatib kelmokda. M. Shayxzodaning «Jaloliddin» spektaklidagi Temur Malik Z.Muhammadjonovning teatrdagi birinchi roli bo‘ldi. Shundan beri u Hamza teatrida sahnalashtirilgan juda ko‘p spektakllarda bosh rollarni ijro etdi. Ferdinand (F. Shiller, «Makr va muhabbat»), Benvolio (V. Shekspir, «Romeo va Juletga»), Gora¬sio (V. Shekspir, «Hamlet»), Dehqonboy (A Qahhor, «Shohi so‘zana»), Furqat (B. Avezov, T.Xo‘jayev «Furqat»), Abdullatif (M. Shayxzoda, «Mirzo Ulug‘bek»), Orif (I. Sulton, «Imon»), Sintaro (M. Kaoru, «O‘g‘irlangan umr»), Samandar (A.Muxtor, «Samandar»), Beruniy (Uyg‘un, «Abu Rayhon Beruniy»), Shokir aka (U. Umarbekov, «Kuzning birinchi kuni») va boshqa obrazlar Z.Muhammadjonovning teatr san’atidagi ko‘p yillik samarali ijodiy mehnatining mahsulidir. Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro kabi buyuk tarixiy shaxslar siymolarini yaratish aktyor ijodida alohida o‘rin tutadi. Turli davrlarda yashagan, turli mafkura va dunyoqarashga ega bo‘lgan Furqat va Hamza, Y.Oxunboboyev va general S.Rahimov obrazlarini yaratish, V.Shekspir, F.Shiller asarlaridagi bosh rollarini ijro etish Z.Muhammadjonovning katta salohiyat va iqtidorga ega bo‘lgan aktyor ekanining yorqin dalilidir. «Navoiy, Ulug‘bek, Beruniy, Furqat kabi el sevgan insonlar siymolarini teatrda, kinoda yaratish baxtiga muyassar bo‘lganimdan faxrlanaman,— deydi Z.Muhammadjonov — Ayniqsa, Navoiy obrazi meni ko‘proq maftun qilgan. Qalb qo‘rimni, yurak taftimni berib ishlaganman bu rol ustida». Z.Muhammadjonov o‘zbek sahnasida Shukur Burhonovdan keyin taniqli davlat arboblari obrazini gavdalantirishga kirishgan aktyor hisoblanadi. U o‘z yo‘li, o‘z yo‘nalishi va o‘z aktyorlik iqtidoriga tayangan holda bu ulkan ishni muvaffaqiyat bilan bajaradi. Dunyoqarashi chuqur, qiziqish doirasi keng, o‘zbek san’atida o‘z o‘rni va ovoziga ega bo‘lgan san’atkor uzoq yillardan beri kino san’atida ham faol ishtirok etib, Maqsud (I.Sul¬ton, Z.Sobitov «Fidoiy»), professor Karimov (X.Fayziyev, «Koniot g‘orining siri»), Sobir Rahimov (K.Yashin, Z.So¬bitov «General Rahimov»), Mirzo Rahmatulla (M.Melkumov, K.Yormatov «Qora konsulning halokati»), Bahrom (A.Hamroyev, «Dilorom»), Ahmedov (U.Nazarov, «Qo‘qon voqeasi») kabi esda qolarli obrazlarni yaratdi. «O‘zbekfilm» kinostudiyasida dublyaj qilingan talay filmlarga ovoz berdi. So‘nggi o‘n-o‘n besh yilda O‘zbekiston televideniyesida taniqli o‘zbek yozuvchilarining asarlari asosida o‘nlab mashhur videofilmlar dunyoga keldi va Zikir Muhammadjonov ularning ko‘pchiligida bosh rollarni ijro etdi. «Navoiy» videofilmidagi Husayn Boyqaro, «Ulug‘bek xazinasi»dagi Mir¬zo Ulug‘bek, «Imon»dagi professor Komilov, «Bobur»dagi Xondamir va boshqa obrazlar aktyorlik san’atining bebaho namunalari bo‘ldilar. Aktyor respublika radiosida tayyorlangan radiospektakl va postanovkalarning ko‘pchiligida asosiy rollarni ijro etdi. Z.Muhammadjonov ko‘p yillardan beri o‘zbek teatr va kino san’atining muhim nazariy va amaliy muammolarini matbuotda dadil ko‘tarib chiqmoqda. «Teatr va rejissyor», «Teatr va aktyor», «Teatr va zamonaviylik» mavzusida, M.Uyg‘ur, L.Carimsoqova, R.Hamroyev, A.Hidoyatov, O. Jalilov, H. Lati¬pov, G‘.A’zamov, O.Xo‘jayev, A.Bakirov, N.Rahimov, A.Ismatov, M.Qoriyeva va boshqa taniqli san’atkorlar to‘g‘risida ijodiy portretlar, maqolalar e’lon qiddi. «Ta’zim», «O‘zim ko‘rgan bilganlarim» kitoblarini yaratib, televideniye va radio orqali namoyish etilgan ko‘rsatuv hamda eshittirishlarda, teatr arboblariga bag‘ishlangan kechalarda faol qatnashib, o‘zbek san’ati ravnaqiga ham amaliy, ham nazariy jihatdan o‘z hissasini qo‘shdi. San’atkor Katta Farg‘ona kanali, Farhod GESi qurilishlarida madaniy xizmat qildi. U mamlakatimizning ko‘pchilik shahar va qishloqlarida, tashkilot va muassasalarda, oliy o‘quv yurtlari va maktablarda uchrashuvlar o‘tkazdi. Z.Muhammadjonov dunyo ko‘rgan san’atkor. U AQSH, Ispa¬niya, Angliya, Turkiya, Kipr, Vengriya, Polsha, Chexiya, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Malayziya, Boltiqbo‘yi davlatlarida bo‘lgan. U O‘zbekiston teatr jamiyatini (hozirgi teatr ijodkorlari uyushmasini) boshqargan. Taniqli o‘zbek teatr va kino aktyori Z.Muhammadjonov «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvoni, Davlat mukofotlari bi¬lan takdirlangan. «Buyuk xizmatlari uchun» va «Do‘stlik» ordenlari bilan mukofotlangan.

Оставьте комментарий