Ota-onasiz qolgan bolalar bilan olib boriladigan ijtimoiy-pedagogik faoliyat 18+

DO`STLARGA ULASHING:

Manbalarda oiladagi mavjud muhit, oila a’zolarining bir-birlari bilan o‘zaro munosabatiga ko‘ra oilalarning quyidagi turlari ko‘rsatilgan:
1)tinch, baxtli oilalar (ularda vazifalar muvaffaqiyatli bajariladi, oila a’zolari o‘rtasida o‘zaro ziddiyatlar yuzaga kelmaydi; har bir ishni bajarishdan oldin maslahatlashiladi, agarda muammolar yuzaga kelsa, birgalikda, hamjihatlikda hal qilinadi);
2)ijtimoiy xavf mavjud bo‘lgan oilalar (farzandlarni tarbiyalashda muammolar ko‘zga tashlanadi);
3)notinch oilalar (doimiy janjallar hukmron bo‘lib, farzand tarbiyasida katta qiyinchiliklar seziladi);
4)asotsial oilalar (ota-onalar axloqsiz hayot kechirishadi; oilada sanitariya-gigiena qoidalariga amal qilinmaydi, bolalar nazoratsiz qoldiriladi).
Farzandlarni tarbiyalash va ularni ijtimoiy hayotga moslashtirishda oilalarga quyidagi shakllarda yordam ko‘rsatiladi:
Maslahat berish — farzandlar tarbiyasi, ularning ta’lim olishlarini tashkil etishdagi qiyinchiliklarni bartaraf etish, samarali shakl, metod va vositalardan foydalanishga oid maslahat beriladi.
Metodik yordam ko‘rsatish — ota-onalar metodik bilimlardan xabardor qilinadi, bolalarning fiziologik va psixologik rivojlanishlarini nazorat qilish, ularni to‘g‘ri parvarishlar va tarbiyalash bazasidan zarur yordam ko‘rsatiladi, oilalarning psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi, yordamga muhtoj bolalarga tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.
Ijtimoiy himoya qilish — xavf mavjud bo‘lgan, notinch yoki asotsial oilalarda bolalar ota-onalar giyohvand, ichuvchi, shafqatsiz ota-onalardan himoya qilinadi; bolalarni anomal hulqli ota-onalardan ajratib olish, ularni maxsus ta’lim muassasalariga joylashtirish yoki farzandlikka berish, bu borada hujjatlarni rasmiylashtirish ishlarini bajaradi.
Oilalarga ijtimoiy-pedagogik yordam ko‘rsatilishi muddatiga ko‘ra uzoq va qisqa muddatli bo‘lishi mumkin.
Voyaga yetmaganlar ijtimoiy maqomiga ko‘ra homiy yoki vasiylarga ega bo‘ladi.
Homiylik – biror shaxsni himoya etish, tarafini olish, majburiyatni o‘z zimmasiga olish.
Vasiylik – voyaga yetmagan yetim bolalarga ular voyaga yetgunga qadar g‘amxo‘rlik qilish va ularga qolgan mol-mulkka qarab turish hisoblanadi. Yetim bolalarga vasiylik qilish ikki yo‘l bilan amalga oshiriladi:
1)bolalikka olish; 2) davlat qaramog‘iga topshirish
Homiylik va vasiylikka muhtoj bolalarga quyidagilarni kiritish mumkin:
ota-onasi vafot etgan;
ota-onalari bedarak yo‘qolgan;
ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum etilgan;
muomalaga layoqatsiz; ota-onasi axloq tuzatish koloniyalarida jazo o‘tayotgan; ota-onasi jinoyat sodir etishda
ayblanib, hibsda saqlanayotgan;
ota-onasi bola tarbiyasidan bo‘yin tovlayotgan;
ota-onalar vaqtincha tibbiy va ijtimoiy muassasalarga joylashtirilgan
Bolani asrab olish borasidagi ijtimoiy-pedagogik faoliyat. Bolani asrab olishda: oilalarni tanlash;
ota-onalarni o‘qitish; bolalarning ruhiy holati, ta’lim-tarbiyasi bo‘yicha patronaj o‘tkazish muhim ahamiyatga ega.
Bolani asrab olish borasidagi faoliyat bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Ya’ni:
1)bolani asrab oluvchi ota-onalarni izlash;
2)ariza topshirgan nomzodlar tomonidan anketa va zarur hujjatlarni to‘ldirish;
3)oila, “Mehribonlik uylari” yoki bola joylashgan boshqa ta’lim muassasasiga tashrif buyurish;
4)oila va uning “do‘stlari”ni o‘rganish (tashxis);
5)yangi ota-onani dastlabki o‘qitish (ota-ona 23 kun davomida bola joylashgan muassasada bilimlarni egallash orqali malaka oshiradi);
6)bolani uni asrab olayotgan ota-onalarga topshirish (bu jarayon vasiylik va adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi)
Bola yangi oilaga qabul qilingach, ijtimoiy-pedagogik patronaj tashkil etiladi.
Bola asrab olish borasidagi ijtimoiy-pedagogik faoliyat ijtimoiy ta’minot bo‘limlarining xodimlari, shifokorlar, psixologlar, defektologlar va huquqshunoslar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
“Sen yetim emassan” jamg‘armasining ijtimoiy-pedagogik faoliyati. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida vasiylik va homiylikka muhtoj bolalarni tarbiyalash, ijtimoiylashtirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan majmuaviy chora-tadbirlarga bevosita Respublika “Bolalarni ijtimoiylashtirish” Markazi hamda “Sen yetim emassan” jamg‘armasi boshchilik qilib kelyapti. “Sen yetim emassan” jamg‘armasi 2002 yilda tashkil topgan bo‘lib, “Go‘daklar uylari” hamda “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilarini ijtimoiy hayotga moslashtirish yo‘lidagi faoliyatni amalga oshiradi.
psixolog Sarvar Qaxxorov tayyorladi
pmt.uz

Оставьте комментарий