Qizlar bilan uchrashuvlarim

DO`STLARGA ULASHING:

Yigirma etti yosh. Uylanishning ayni payti. Bu yoshni bizning shaharda “qizlar bilan uchrashuvlar mavsumi” deb ham, atashadi. Go‘yo shu uchrashuvlarsiz turmush-qurishning iloji yo‘qdek! Bizda bu odat qachon rasm bo‘lgan, bilmayman. Lekin hech kim bu an’anadan bo‘yin tovlamaydi. Shubha qilish u yoqda tursin, ba’zilar, “ana shunda baxting ochilib ketadi”, deb kafolat ham berishadi. Uchrashuvga chiqasan, sevasan, uylanasan va sendan baxtli odam bo‘lmaydi. Go‘yo uchrashuvlar mo‘’jizaga to‘la-yu, birdan baxt kulib boqadiganday.
Yigit va qiz uchrashuvini ota-onalar belgilaydi. Shuning uchun bu uchrashuv shunchaki tanishuvdan yoki ko‘cha-ko‘yda ko‘rishadigan ikki yoshning diydorlashuvidan ancha farq qiladi. An’anaga aylangan, ikki yoshning to‘y oldi tanishuvi. Hatto,buni kichchiroq marosim desak ham bo‘ladi. Shuning uchun bizda ota-onalar bunga jiddiy yondashadilar. Bolalarini ko‘cha-ko‘yda emas, o‘zlari tayinlagan ko‘rishuvlardagina munosib yor topishi mumkinligiga ishontirishadi. Hatto, hali o‘g‘lining kindigidagi shilimshiq et uzilmay turib, hozirgina to‘lg‘oq azobidan o‘lay degan ona xotirjam kelajakda «chaqaloq»ni kimning qizi bilan uchrashuvga olib chiqishni tasavvur qila boshlaydi. Keyinchalik bu tasavvurlar shirin tashvishga aylanadi. Qator uchrashuvlar, suhbatlar, surushtiruvlar… Ota-onaning niyati va mavqeyiga qarab bu ko‘rishuvlar muvaffaqiyatli yoki omadsiz chiqishi mumkin. To‘y bo‘lib ketsa yaxshi, lekin omadsiz uchrashuvlardan ham hech xafa bo‘lishmaydi. Hammaga o‘z bolasi aziz-da! Aksincha, o‘g‘li bir qiz bilan uchrashib turganidayoq, ona boshqaning arzandasini xayolidan o‘tkaza boshlaydi. Nima qilsin, odat shunaqa!
Men ham bo‘ydoqman, mening ham yoshim yigirma ettida. Ammo ota-onam shirin tashvishlarimni chekib, g‘amxo‘rlik qilolmaydi. Chunki ular ikki yoshligimdayoq tashlab ketishgan. Otam qaytmaydigan dunyoga, onam esa meni qari buvimga tashlab shahrimizdan besh yuz km uzoqlikdagi Qo‘qon shahriga turmushga chiqib ketgan. Hozir kam ko‘rishib turamiz, oila boshlig‘ini dada deyishga tilim bormaydi. Shuning uchun oyimni ko‘rgani Qo‘qonga borganimda, yoki ular kelganida mehmon akaga gapirmay qo‘yishni afzal qo‘raman. U ham sergap emas. Ettita jigarim ham bor. Men ularni taniyman…
Buvimning qo‘lida tarbiya topdim. Buvim ham maktabni tugatishimga ikki oygina qolganda qaytmas dunyoga safar qildilar… Joylari jannatda bo‘lsin! Shundan so‘ng, batamom yolg‘izlanib qoldim. Ota-onam yo‘q. Buvim, sinfdoshlarim yo‘q. Hayotning qizig‘i qolmaganday edi. Ko‘zimga nuqul eski shahardagi jim ko‘chalar, axlat idishlar, quvurlarda mog‘or bosgan suv va unda achib-sasigan o‘lik mushuklar ko‘rinadigan bo‘lib qolgandi. Xullas, jur’atsiz va ishonchsiz, umidsiz o‘smir edim. Bu holdan qutilish uchun o‘zimni har yoqqa urdim, pul topishni, juda ko‘p pul topishni niyat qildim. Pul bu qudrat va baxtning yagona kaliti, deb o‘ylardim. Bozorda kunim o‘tadigan bo‘ldi. Ish ko‘pligidan bema’ni o‘ylar surishga majolim qolmasdi. Tong bo‘zarib otmasdan bozor atrofini supurishim, keyin esa bir chekkadan yarim quloch joy olib pomidor va bodring sotishim mumkin. Bora-bora ishga ko‘nikib, mashaqqatim kamaygan sayin ko‘z oldimdan yana supurindi axlatlar aylana boshlaydi. Hayotimda axlat chelaklar ulkanlashsa ulkanlashdiki, yo‘qolmadi. Topgan pulim ham boyib ketdim deyishim uchun etarli emasdi.
Shunday kunlarning birida professor Sulton aka bilan tanishib qoldim. U doim ishdan kech qaytar va o‘tmay qolgan, irigan-chirigan pomidorlarimni xarid qilardi. Aytishicha, xotini qizil ikra qilishni suyar ekan. Professor bilan bir kuni Pifagorning qonunlari to‘g‘risida suhbatlashib qoldik. Yoshlikdan matematikaga qiziqardim. Xullas, savdoni ham unutib, ikkovlon qog‘oz kartonlarni to‘ldirib formulalar yozib tashladik. Shunda men professorning o‘z kasbini naqadar yaxshi ko‘rishini anglab, unga havasim kelib ketdi va ertalab professor bo‘lish orzusi bilan uyg‘ondim. Savdoni tashlab, kitob o‘qishga tushib ketdim. Shunda ko‘z oldimdan axlatlar ariganday bo‘ldi. Birinchi yil o‘qishga kirolmay yiqilishim mening fojiam emas baxtim bo‘lib chiqdi. Nohaqliklar tufayli yiqilgan bo‘lsam-da, meni bu mag‘lubiyat yanada ko‘proq, kuchliroq harakat qilishga, ko‘proq kitob titishga majbur qildi. Endi tunu kun, avvalgidan ham ko‘proq o‘qishga tushdim. Keyingi yil grant sohibi bo‘ldim. Ha, hayot fasllarning turfa ranglariga o‘ralashib ketaverar ekan. Mana, o‘tgan yili magistraturani ham tugatdim. Hamon, tog‘amning uyida yashayman. Avval ham shu uyda yashardim, faqat bu uy oldin buvimniki edi. Endi esa tog‘amniki…
***
Shunday qilib, magistraturani tugatib, omadim kelib nufuzli idoraga ishga o‘tib ketmagunimcha mening ham bo‘ydoq ekanligim hech kimning esiga kelgani yo‘q. Xullas, katta idoraning kuchli shamoli esib, shahrimizdagi urfga bo‘ysunadigan, biz faqirni-da eslaydiganlar chiqib qoldi. Boshdan bunday uchrashuvlar menga ma’qul ko‘rinmasa-da, ulg‘ayganim sayin xavotirga tushib qoladigan bo‘ldi. Bora-bora o‘sha mo‘’jizali uchrashuvlar umid bag‘ishlay boshladi. Garchi o‘zim ham shunday shunday uchrashuvlarning natijasida bino bo‘lgan oilaning achchiqqina mevasi bo‘lsam ham. Lekin, na iloj, bu an’analarni inson o‘zidagi illatlardan qutilish uchun yodlamaydi-ku! Men ham ko‘pgina yoshlar kabi tuyg‘ular bobida jur’atsizman, hissizman.
Shunday qilib, mening ham shirin tashvishlarim bilan andarmon bo‘ladigan odam topildi. Bu tog‘amning xotini edi. Uning o‘g‘li hali maktabda o‘qir, shuning uchun kelinoyimga qiz qidirish marosimi maroqli mashg‘ulot bo‘lish bilan birga, yaxshigina tajriba orttirishning yo‘li ham edi. Ishim ko‘p, shuning uchun faqat yakshanba kunning naq ikkinchi yarmini uchrashuvlarga sarflashim mumkinligini kelinoyim bilan kelishib oldik va boshlab yubordik!
Boshida o‘ta hayajonli bo‘lsa-da, tanishuvga chiqavergan sayin ko‘z pishib, o‘rganib ham qolar ekansan. Masalan, birinchi uchrashuvdan keyin qizni xushlamaganimni aytganimda, kelinoyim xandon otib kulib yubordi. “Bilgandim”, dedi. O‘ylashimcha, bu maroqli vazifa birdan tugab qolishini kelinoyim aslo istamasdi. Hash-pash deguncha bir oyda to‘rtta qiz bilan ko‘rishishga ulgurgandim. Hammasi boy xonadonning qizlari deng, uchrashuvga baland uylardan chiqib kelishardi. Ha, aytgancha, u paytlar tog‘amning ishi rivojlanib, ancha boyib qolgandi. Nomzodlar ham – savdogarlarning, tergovchi-sudyalarning, nufuzli banklarda ishlaydigan akalarning oyimqizlari edi. Qandolat do‘konlari orqali ancha o‘zlarini tiklab olgan kelinoyimning aytishicha, ishlaydigan joyimning nufuzi, tog‘amning do‘konlari va baland bo‘ylarim bilan biz ham ularga ularga teng kelarkanmiz. Har holda, kelinoyimning fikri ana shunday edi.
Uchrashuvlarda umuman uylanib bo‘lmaydigani ham, yoki birdan «Urra, to‘y» deb yuboradigan qizlar uchramasdi. Ularning ko‘pchiligi menga ma’qul kelar, kamina ham ularga yoqqanday bo‘lardim. Hatto, ba’zilari bilan telefonlashib ham turardik. Lekin hamon men bo‘ydoq, ular esa, boshqa yigit bilan uchrashuvga chiqib ketaverardi. Go‘yo hammasi shunday bo‘lishi kerakdek. Hatto bittasi telefon qilib, meni o‘zining baxtli kuni – nikoh to‘yiga taklif qilishga ham ulgurdi. Ne qilaylik, taqdir-da!
Oylar o‘tar, bir-biridan xuzurbaxsh va asabbuzar yakshanbalar ham qarib ketaverardi. Nihoyat, uchrashuvlardagi omadsizligim kelinoyimni ham bezor qildi. U juda toliqdi, shashti pasaydi. Bir kuni uchrashuvdan qaytganimda, bugungi natijani bilmay turib navbatdagi qizning rasmini telefondan ko‘rsatdi. Menga qiz yoqmasligi kelinoyimning ongiga o‘rnashib qolganday edi, go‘yo.
Men uchrashuvlardan charchadim. Tezroq birortasiga uylansamu, hammasidan qutulsam deb o‘ylardim. Lekin o‘sha birortasini tanlash men uchun mashaqqat edi. Hech kimni sevib ham qololmadim. Muhabbat ham go‘yo shu uchrashuvlarda paydo bo‘ladiganday edi. O‘sha paytlar negadir yana ko‘z oldimga supurindi axlatlar kelib, burnimning tagida qo‘lansa hidlar anqiydigan bo‘ldi.
Bir kuni kelinoyim shahar bosh prokrorining qizi bilan uchrashuv belgilashga muyassar bo‘ldi!
Men bu ko‘rishuvga alohida tayyorgarlik ko‘rdim. Har holda, hurmatli odamning qizi. Uchrashuvda bosh prokror qizining ma’yusligi menga yoqdi. Qiz badavlat qonun himoyachisi emas, ko‘proq buyuk rassom bo‘lishni orzu qilgan oddiy tasviriy san’at o‘qituvchisining qizini eslatardi. Uni prokrorning o‘gay qizi bo‘lsa kerak degan xayolga ham bordim. Lekin nima bo‘lganda ham uning boshqalarga o‘xshamaydigan mas’um qiyofasi bor edi. Afsus, naqilayki bu qizga men ma’qul kelmabman. Kelinoyimga u: «Jiyaningiz yaxshi yigitga o‘xshaydi, ammo unga rahmim keldi», degan emish. Qiz yo‘lini poyladim, lekin unga duch kelmadim. Chamasi bir oylar o‘tib, kelinoyim o‘sha qizning Qashqadaryodan kelgan novvoy yigit bilan qaergadir qochib ketganini aytganda mas’umlik sababini tushinganday bo‘ldim. Ochig‘i novvoy yigitga havasim kelib ketdi. Boylik va u yaratadigan cheksiz qulayliklarni irg‘itib, noma’lum tomonga ketgan qizning tuyg‘ulari haqida o‘ylay boshladim.
Shunday qilib, kelinoyim ham zerikdi, u endi har zamonda xuddi bolasini bog‘chaga oborganday xotirjam holda meni uchrashuvlarga boshlardi. Endi o‘zi natija bilan qizqimaydigan bo‘lib qolgan edi. Nihoyat, xotinining sustligidan jahli chiqqan tog‘am menga o‘zining farmatsevt do‘stining qizini tavsiya qildi. Tog‘am ketayotib menga qattiq ta’yinladi:
– Ey bola, nima bo‘lganda ham qizga yoqishga harakat qil!
Men har doimgiday yakshanbaning yarmini ishxonada o‘tkazib, uchrashuv belgilangan joy – kinoteatr tomon shoshildim. Go‘yo uylanish uchun emas, tog‘amning muhim bir yumushini bajarish uchun ketayotgan oqibatli jiyanga o‘xshardim. Ko‘kda allaqachon qora bulutlar jangi boshlangan, hademay yomg‘ir tashlab qolsa kerak deb, turgandim.
O‘ylaganimday, qiz bilan ko‘rishib, kinoteatr tomon ikki qadam qo‘ymasimizdan yomg‘ir tomchilay boshladi. Keyin kuchaydi. Farmatsevtning farzandi aqlli qizga o‘xshardi. U juda muloyim gapirar, osmondan tushayotgan har tomchidan qo‘rqqanday ko‘zlarini pirpiratardi. Men esa, soyabonimni yoyar ekanman, qo‘llarimni ochib kaftimga yomg‘ir tomchilari urilishidan zavq oldim. O‘ynoqi tomchilar kompyuter sichqonchasidan boshqa narsadan begonalashgan qo‘limni titratib, butun tanamni yayratib yuborardi.
Bu qiz ko‘p gapirmas ekan. Men ham jim o‘tiraverdim. Film esa shovqin-suronga va soxta voqealarga to‘la edi. “Na obrazli tasvir, na mantiq bor” deydi-ku gazetalarda, bu film ham xuddi shunday edi.
Biz o‘ta ma’nisiz va saviyasiz filmga chipta olgan ekanmiz. Ammo ko‘pchilik qiqir-qiqir kulishar, o‘zlarini yayrayotgandek tutardilar. Axir kino – teatrga kirgan odam dam olishi kerak-da! Qiz ham menga qo‘shilib bo‘zrayib o‘tiraverdi. Lekin film o‘rtalariga borib u qiziqib ketdi, shekilli, menga qarab “qizig‘-a” bekor deganday, jilmayib qo‘ydi. Men ham qiziqligini tasdiqlab, tabassum qildim. Aslida, ketayotgan vaqtimga ichim achirdi. Buning ustiga, kinozalning namxush, zax havosi nafasimni bo‘g‘ar, shuning uchunmi nuqul yo‘talardim! Bu ham etmaganday oldi qatorda o‘tirgan yigit bilan qiz tinmay o‘pishardi. Lablari toliqqanda esa, tillari osilguncha javrashardi.
Nihoyat, ekranda film ijodkorlarining nomi ko‘rindi. Kimdir haqoratli so‘z bilan ularni so‘kdi. Yonimda farmatsevt bo‘lmaganda o‘zim ham, balki unga qo‘shilgan bo‘lardim. Men uchun kino o‘n soat davom etganday bo‘ldi. Essiz vaqt!
Tashqarida yomg‘ir maydalab, bir maromda yog‘ib turardi. Men qizdan “kino yoqdimi?” deb so‘rash o‘rniga, unga farmatsevtika sohasiga oid savol berdim. U biram shirin, har bir so‘zini asal bilan siylab gapirardi. Biron so‘zi odob doirasidan chiqmasdi. Uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgani bilinib turar, zamonaviy kiyingan, pushti paltosi uning tiniq yuzini yanada chiroyli ko‘rsatib turardi. Biz kinoteatrdan yuz metrlar naridagi kafega kirdik. Mevali shirinlik buyurtma qildik. U yarmigacha edi. Men hammasini eb qo‘ydim. Chunki ishdan charchab chiqqandim.
Uchrashuvlardan bezganim, buning ustiga tog‘amning izzati uchun shu qizga uylanishim lozimligini hazm qilolmay qiynalardim. Ichim kino zaldagiday namxush, zax va qorong‘u. O‘zim ham o‘sha filmdagiday bema’ni holatda edim. Shunda hech kutulmaganda qizga savol tashladim. Bu savolni qanday berganimni o‘zim ham bilmayman. Har holda, gap topolmaganimdan og‘zimdan chiqib ketgan bo‘lsa kerak.
– Kitob o‘qiysizmi?
– Nimaga bunaqa savol beryapsiz?
Men unga: “Yoshlikdan sizga o‘xshagan odobli va oppoq qizlar ko‘p kitob o‘qisa kerak deb o‘ylardim”, demoqchi bo‘ldim-u, indamadim. Jim ko‘zlariga qarab turaverdim.
– Kitob o‘qishni xush ko‘rmayman. Badiiy kitobni esa umuman. O‘zi…adam-la…
– Nima, siz kitob o‘qish shart emas demoqchimisiz?
– Meniki aniq soha-ku?
– Aniq sohaga badiiy adabiyot qanday qudrat bag‘ishlashini bilasizmi? – Bidillay ketdim – Kashfiyotlarga, insoniyat tasavvur olamining kengayishida adabiyotning xizmati katta. Masalan…
– Menga bunday yutuqlar kerak emas. Men dorixona ochaman.
Bu gapni u shunday ohangda aytdiki, bundan faxrlanish tuyg‘usi borligini angladim.
Uning yuzi birdan o‘zgardi. Ko‘zlari olayib, g‘alati bo‘lib ketganday tuyuldi. Men unga boshqa savol bermadim va soatimga qaradim. Soatimga qaradimmi, demak har doimgiday qiz menga…
– Adabiyot nima uchun kerakligini bilasizmi?
– Yo‘q
– Sizga aytaymi?
– Bilsangiz ayting?
U menga shunday erinchoq nigoh tashladiki, bu “sening fikringni sariq chaqaga ham olmayman” degan ma’noni anglatardi.
– Tuyg‘ular o‘lmasligi uchun…yashashi uchun, agar bo‘lsa….
– Nima?
Men qizga javob berishdan oldin, ofitsiant yigitni chaqirib hisob-kitob qog‘ozini olib kelishni aytdim. U stolim chetidagi kichkina qurilmani ko‘rsatdi. Men bu qurilmadan qancha to‘lash kerakligini ko‘rib, hisob kartamdan pul o‘tkazdim va biz o‘rnimizdan turdik.
Tashqarida hamon yomg‘ir yog‘ardi. Qiz kalta bo‘yli, men esa uzun edim. Shuning uchun yomg‘irpo‘shtni olmadim. G‘alati ko‘rinmasin debmi, bilmayman. Balki qiz menga umuman yoqmagani uchundir. Keyin ancha vaqt qilgan ishimdan afsuslan yurdim! Qizni otasi yuborgan mashina kelib olib ketdi. Men esa ko‘chada ancha vaqt yomg‘ir ostida ivib xayol surib piyoda sayr qilib yurdim. Farmatstsevtning qizi uyga borib, oyisi bilan qanday suhbat qilishini tasavvur qilib ko‘rdim. Taxminimcha, o‘rtalarida shunday suhbat bo‘lib o‘tgan bo‘lsa kerak:
– “Uning nimasi yoqmadi, qizim…
– Bilmasam…g‘alati…
– Axir uning qaerda ishlashini bilasanmi? Tog‘asi ham o‘ziga to‘q odamlardan ekan! Nima, ustiga, kiyinishiga qarab baho bermayapsanmi?
– Yo‘q. Juda zamonaviy keyingan…Paltosi biram yarashgan ekan. Qoshlari qop-qora, bo‘ylari uzun yigit ekan.
– Bo‘lmasa nimasi yoqmadi, oppog‘im?
– Men bilan u adabiyot haqida gaplashdi.
– She’r o‘qidimi?
– Yo‘q, tuyg‘ular, baxt haqida, kitob o‘qish haqida gap boshladi… Xullas, qo‘ying, menga to‘g‘ri kelmaydi. Qandaydir zerikarli ko‘rindi…
– Yaxshi qilibsan, senga ishbilarmon, topaman-tutaman deydigan bola kerak… Mana bu rasmga qara-chi, sen uchrashuvdaligingda kelinoying tashlab ketdi. O‘zi uchrashuvga olib chiqar ekan.
– Qaerda ishlar ekan…
– Adasi…”
Farmatsevt qizning uyida shunday gaplar bo‘lib o‘tganligi, tabiiy. Bizdikida esa, hech qanday gap bo‘lmadi. Tog‘am bir-ikki kun og‘zimga qarab yurdiyu, keyin esidan chiqib ketdi.
***
Shu kunlarning birida Samarqandlik kursdoshim telefon qilib qoldi.
– Men bilan uchrashuvga birga chiqmasang bo‘lmaydi. Toshkentda sendan boshqa tengqur birodarim, yo‘q. Qiz esa, dugonasi bilan chiqarmish, kelmasang, umuman…seni o‘chiraman. Ham xotiramdan, ham telefonimdan…
– Qachon?
– Dushanba kuni, soat 14: 00 da!
– Esing joyidami, bu paytda bizlarda yig‘ilish bo‘ladi-ku!
– Yig‘ilish har dushanba bo‘ladi, lekin menday do‘sting qaytib kelmaydi… O‘zi sizlar shunaqasanlar…katta lavozimga o‘tirib-olib, bizlarni…
– To‘xta! Valdirama, boraman!
– Qoyil…kechikmay bor!
Lekin men baribir 20 minut kechikib bordim. Ular allaqachon kinoteatrga kirib ketishgan ekan. O‘rtog‘imga telefon qildim. U meni gap bilan yaxshigina “siyladi”. Men esa, “chiqqunlaringcha yaxshi joy hozirlab turaman”, deb zo‘rg‘a ko‘ndirib, telefonni o‘chirdim. Shu yaqinda durust restoran borligini bilardim. Shu erga borib yaxshi joy buyurtirib qo‘ydim va ularni kuta boshladim. Ko‘zim beixtiyor stol ustidagi guruchdekkina ovqat yuqiga tushdiyu, uni artib tashlash davomida yana dilgir xayollarga berildim.
Onam hozir ettita bolasi bilan ovora bo‘lsa kerak… Dadam buvim bilan jannat bog‘larida yurgandir… Lekin men hamon yolg‘izman, hech qachon oilam bo‘lmagan, balki hech qachon ko‘nglimga yoqadigan qiz uchramas…
Telefonim jiringlab qoldi. Ish bo‘yicha ekan. Elektron pochtamga kirib, ayrim vazifalarni bajarishga ulgurishim mumkin ekan. Ishga shung‘ib ketdim. Xayolim shu ish bilan bo‘lib, o‘rtog‘im, qaylig‘i ,uning dugonasi kelganligini ham sezmay qolibman. Shuning uchun bir stol atrofida o‘tirgandagina qizlarga nazar solishga imkon bo‘ldi. Ko‘zim bilan qaysi qiz bo‘lajak kelin deya, kursdoshimga imlagandim, u oq jemfirdagi, ko‘zlari katta, nigohlari o‘tkir, dadilgina qizni ko‘rsatdi. Yaxshi, deb qo‘ya qoldim.
Nomzod qiz deyarli gapirmasdi, bir jilmayar, bir qavog‘ini osib olardi. Dugonasi esa uning o‘rniga ham tinmay so‘zlardi. Men esa tezroq ishga borishni o‘ylab o‘tirardim. Kafe devorlariga osilgan televizorlarda uyatsiz sho‘x kliplar namoyish etila boladi. Biz noqulay ahvolga tushib, ko‘zimizni televizordan olib qochdik. Hatto nomzod qizning oqsariqdan kelgan yuzi sezilar-sezilmas qizarib qo‘ydi. Dugonasining zig‘irchayam iymanmagani uning qoracha yuzidan bilinib turardi. Shunda do‘stim mening qulog‘imga asta shivirlab, qizning o‘ziga umuman yoqmaganini aytdi. Unga qaeri yoqmaganini aniqlamoqchiday qizga tikildim, ammo sababi keyin qizning gapidan ma’lum bo‘ldi.
– Siz maktabda ikkichi bo‘lgansiz. O‘zingizni aqlli ko‘rsatmang! Bu bilan nimaga erishmoqchisiz! Menga yoqmoqchimisiz, xomtama bo‘lasiz!
– Nima?
– Eshitganiz?
– O‘ylab gapirsang-chi ?
– Yoqmasa katta ko‘cha…
Qiz cho‘rtkesar ekan. Odatda uchrashuvlarda bunday qizlarni o‘zini sipolik niqobiga o‘rardi. Bu esa g‘irt betga chopar, qaysar ekan. Gapirayotib oxirgi so‘zini yutib yuborardi. Keyin, ung‘aysizlikka tushganidan yuzlari qizarib ketardi. Sal o‘tmay esa yana dadillashdi. Bildimki, bu qiz birinchi marta uchrashuvga chiqqan va yigit zotining o‘ziga shunchalik yaqin kelishidan ham g‘azablanmoqda edi. U o‘zining bo‘yi etganini haliyam bilib ulgurmagan qizlarni eslatadi. Men beixtiyor o‘zimga yoqmaydigan ishga qo‘l urdim. Ya’ni ularning suhbatiga aralashdim:
— Uni hurmat qilsangiz bo‘lardi.
— Nimaga?
— Har holda bitta joydansizlar?
— Nima qilay? Bitta joydan kelganlar ko‘pchilik o‘qiymiz? Nima, hammasi bilan apoq-chapoq bo‘laymi? Unda meni kim deb o‘ylashadi?
Tilimni tishladim. U ko‘zlarimga qaramay, aniq-tiniq gapirardi. Keyin ung‘aysizlik tug‘ilganidan dugonasiga hijolat bo‘lib qaradi. Shundan ham bildimki, u doganisi bilan ham qalin emas, bo‘lmasa, gapi uchun xijolat chekib unga bunday boqmasdi.
– Siz shunaqa qo‘polmisiz, yo o‘zingizni shunday tutatasizmi?
– U o‘zi shunaqa, shartta ichidagi aytadi. Boshqacha bo‘lishni eplolmaydi. – Boyadan beri mendan ko‘zini uzmay o‘tirgan dugonasi chaqqonlik bilan javob berdi.
Biroz dadillanib, qizga yana savol tashlashga jur’at etdim. Quloq-dumi kesilgan laychaday shumshayib qolgan o‘rtog‘im esa tezroq ketaylik, deb imlardi.
– Kitob o‘qib turasizlarmi?
– Ha, bu o‘qiydi. Ko‘chaga ham chiqmay, kun bo‘yi ko‘rinish ham bermay kitob o‘qigan kunlari bo‘ladi…
– Ey…bo‘ldi qiling, shart emas..- dedi qiz uyalib.
– To‘g‘rida…kitob jinnisisiz! Masalan, men kitob o‘qimayman. O‘qib turaman. Lekin ko‘p emas. Uyqi bosadi. Undan ko‘ra bog‘larda aylanib yurgim keladi. Sayohatlarga chiqqim, dunyo kezgim keladi. Keyin…
– Nega kitob o‘qiysiz? –To‘satdan berilgan savoldan qaysar qiz cho‘chib tushdi. Dugonasi esa og‘zini yopdi.
– Siz nega menga savol beryapsiz?
Undan bu gapni kutmagandim. So‘zlaridan “do‘stingizning uchrashuvga chiqqan qiziman-ku”, degan ma’noni uqqandim. U hatto vaqtinchalik uchrashuv paytida ham, o‘ziga yoqmagan yigit bo‘lsa ham, unga nisbatan sadoqatda, hurmatda bo‘lishini anglab, titrab ketdim. Keyin biror so‘z demadim.
Qizlar ketamizga tushib qolishdi. Do‘stim ham o‘z egasi qo‘ygan qopqonga tushib, ming azobda qutilib chiqqan itday ma’mnun tashqariga intildi.
Qizlarni kuzatib, ular ketgan mashina orqasidan qarab turarkanmiz kursdoshim dardini ochib qoldi.
– Bu qizni olgan odam o‘ladi. Men hali yashamoqchiman. Shaharga kelib o‘zgarib qolibdi. Men, ahmoq, Samarqanddan kelibman-a…Onamda, yaxshi qiz deb…
– U birinchi marta uchrashuvga chiqqan, hayajonda…
– Qo‘ysang-chi, qiz bola ham shunaqa bo‘ladimi? Dugonasini qara….shuni ilintirsam bo‘larkan…Aqlli, muloyim, menga o‘xshab romantikani, bog‘larni yaxshi ko‘rar ekan…
– Do‘stim, dugonasiga o‘xshagan qizlar, shaharda millionta…Ja bo‘lmasa, har yakshanba kuni uchrashuvga chiqsang ko‘rasan. Ko‘rinishdan odobli, aqlli, iltifotli… Lekin qaysar qizni topib bo‘psan! Unga uylan!
– Nima menga dushmanmisan?! O‘lgim kelgani yo‘q! Hech qachon unga uylanmayman!
– Do‘stim, bu qaysar qizning katta yuragi bor! Tikil, qarasang-chi? Aynigan, bijg‘igan yurak emas… Ustidan axlatlar tashlangan, tuflangan, xo‘rlangan, keyin tozalangan yurak emas. Tiniq va haqiqiy tuyg‘ular uchun gupillab urib turgan yurak. Agar kir bo‘lganida edi, uni ko‘rsatmay, shirin so‘zlar bilan ustini yopgan, bezagan bo‘lardi…
– Nimalar deyapsan? Men ahmoq emasman bu yalmog‘iz bilan yashaydigan… Menga shirin so‘zlar kerak, mayli soxta bo‘lsa ham…
– Ey, tushunsang-chi, shirin so‘zlariyu nozlarining barchasini turmush o‘rtog‘iga asrab qo‘yibdi. Uchrashuvga chiqqan har qanday yigit ham mehrini beravermoqchimas. Agar hammaga kulaversa, bir kun kelib chin dildan kulolmay qoladi.
– Menga tabassum kerak!
– Uning ko‘zlarini ko‘rdingmi?
– Mushukning ko‘zi!
– Yashirin bir ummon bor ko‘zlarida!
– Ey!
– Uni muhabbat bilan tiz cho‘ktirsang, umrbod yuzingga tik qaramaydi. Qat’iyatli qizlar shunaqa bo‘ladi. Mehri tugamaydi, mehri, sadoqati butun umringga etadi. Nima qilasan soxta kulib turgan lo‘ppi yuzlarni, qalbidan axlatning hidi keladi. Chunki ularning yuraklarida o‘lgan tuyg‘ular bijg‘ib yotadi.
– Men unga baribir uylanmayman! Uzr, oshna, sening vaqtingni olib qo‘ydim.
– Rostdan, uylanmaysanmi?
– Rost! Hech qachon uylanmayman.
– Unda…Men uylanaman unga. Va’da beraman senga, yozda shu qiz bilan to‘yim bo‘ladi.
Ketayotib niyatim ro‘yobga chiqishini so‘rab Xudoga yolvordim. Yanvar quyoshining kuchsiz bo‘lsada, sochayotgan nurlari mening ko‘z yoshlarimda tovlanardi. Osmonga boqdim, tiniq! Quyoshni birinchi marta ko‘rayotgandek tikildim – Yorug‘! Juda yorug‘ edi bu yanvar quyoshi! Atrof go‘zal edi, ranglar betakror! Yuragim hali biron marta unib chiqmagan tuyg‘ulardan yorilib ketay derdi. Ona mehri, ota qo‘llari, aka va singillar tafti ila paydo bo‘ladigan va o‘sadigan muhabbat, ishonch, umid, sog‘inch tuyg‘ulari qalbimda yigirma etti yillik uyqudan so‘ng nish ura boshlagandi. To‘g‘ri, ancha kech, lekin men hozir bu tuyg‘ularni erta o‘stirib, erta o‘ldirib qo‘yganlardan ko‘ra ming chandon baxtliroq edim.
***
Shundan so‘ng qaysar qiz boshimga qanday sinovlar tashlaganligini tasavvur ham qilolmaysiz! Bir og‘iz gaplashish uchun minglab sinovlarni boshdan kechirganman. Matonatli, o‘limga tik boqqan jangchilardek metin iroda bilan yuragimda uyg‘ongan jajji nihollar hayoti, tuyg‘ular omonligi uchun kurashardim.
Nihoyat, men kutgan bahorning shirin, jo‘shqin kunlari keldi. Gullarga ko‘milgan sho‘x shamollar zaminni titratib hayot mo‘’jizasini tuhfa etdi. Shamol qizning uzun sochlarini uchirib, ko‘zlarini bir dam to‘sib qo‘yganda, uning haroratli lablari himoyasiz qoldi. Bu olov lablarga lab bosib, uni qattiq bag‘rimga bosganimda, shamollar ham qaergadir g‘oyib bo‘ldi. Faqat bu olam tinchini ikki yurakning guppillab urishi buzib turardi…
Javlon Jovliev

11 комментариев к “Qizlar bilan uchrashuvlarim”

  1. Уведомление: Cbn-olie

  2. Уведомление: be.3gomegawatches.com

  3. Уведомление: 핫테TV

  4. Уведомление: price of whiskey

  5. Уведомление: คาสิโนออนไลน์

  6. Уведомление: sbobet

  7. Уведомление: older men chat rooms

  8. Уведомление: dig this

  9. Уведомление: 다시보기

  10. Уведомление: Brown heroin powder

  11. Уведомление: biilad rafidain

Комментарии закрыты.