DO`STLARGA ULASHING:
Yurak sensan
Yurak, sensan mening sozim,
Tilimni nayga jo‘r etding.
Ko‘zimga oyni berkitding,
Yurak, sensan ishqibozim.
Senga tor keldi bu ko‘krak,
Sevinching toshdi qirg‘oqdan,
Tilim charchar, ajab, gohi
Seni tarjima qilmoqdan.
Sen, ey sen — o‘ynoqi dilbar,
Zafardan izla yoringni.
To‘lib qayna, toshib o‘yna,
Tirikman, kuyla boringni!
Itoat et!
Agar sendan
Vatan rozi emas bo‘lsa,
Yoril, chaqmoqqa aylan sen,
Yoril! Mayli, tamom o‘lsam!
Yuragimning dardi — naqshisan
She’rim! Yana o‘zing yaxshisan,
Boqqa kirsang, gullar sharmanda.
Bir men emas, hayot shaxsisan,
Jonim kabi yashaysan manda.
Yuragimning dardi — naqshisan,
Qilolmayman seni hech kanda!
O‘t bo‘lurmi ishqi yo‘q tanda?
Dardimsanki, she’rim yaxshisan.
Sen orada ko‘prik bo‘lding-da,
Geyne bilan o‘rtoq tutindim.
Lermontovdan ko‘mak o‘tindim.
Butun umrim sening bo‘yningda.
Saharda qon tupursam, mayli.
Men — Majnunman, she’rim, sen — Layli!
Asrlarni yig‘latgan sevgi
(Monolog)
Sevgi! Sening shirin tilingdan
Kim o‘pmagan, kim tishlamagan?
Darding yoyday tilib ko‘ksudan,
Kim qalbida qonlar to‘kmagan?
Seni yaxshi bilaman, go‘zal
Petrarkani o‘qiganim bor,
Buyuk Rimning Samfosi azal
Xayolimni oshiqday tortar.
Bilamanki, Tasso bechora
Rohat ko‘rmay o‘tgan bir umr.
Ey,makkora qiz, Leonora,
Nomi qora bilan yozilgur!..
Balki, guldan yaralgan pari,
Tosh ko‘ngilli Biatrichi —
«Gadosan!» deb qochmasa nari
Dante baxtli bo‘lardi pichi?!
Balki Hamlet oydin tunlarda
Ofeliyani erkalatardi,
Balki uzun sochini silab
Azongacha ertak aytardi.
Agar xiyonatni bilmasa,
Yozmasa fojia yuragin!
Yo‘q, yo‘q, shoir! Gar shunday bo‘lsa
Shekspirning yo‘qdir keragi!
Dezdemona, gunohsiz dilbar,
Jigar qonlaringni ichgan kim?
Bilaman — Otello, bilaman…
Otello haqlimi?.. Shoir jim!..
Jim!.. Ufqdan botar quyoshni
Shart kesilgan boshga o‘xshatdim.
Parcha-parcha kuygan shafaqlar
Tirqiragan qonni eslatdi!
Qanday qo‘rqinch! Qanday qabohat!
Mumkin emas hech qiynalmasdan!
Aqlidan ozganmi muhabbat?
Mumkin emas, qarshi turmasdan!
Mumkin emas, ey oliy janob,
Necha yurakni aylab xarob,
Shohona toj kiygan muhabbat,
Mumkin emas! Qanday qabohat,
Ki, odamning o‘zinginamas,
Hissini ham xarob qilsa davr!
Qiynalaman!.. Yuragimda havr —
Bu qarshilik! Yon! Gina emas.
Bu qarshilik! Ko‘ring tarixni —
Parvonadek qanoti kuygan.
Bu qarshilik! Ko‘ring tarixni —
Umr tepasida musht tuygan…
Qiynalaman vijdon bilan man —
Mumkin emas qarshi turmasdan
O‘z zimmamga katta ish oldim;
Ehtimolki, tamom qilmasdan —
Umrim tugar. Ammo bo‘lmaydi
(Ko‘nglim o‘rniga hech tushmaydi!)
Senga qarshi bosh ko‘tarmasdan,
Asrlarni yig‘latgan sevgi!
Oq dengiz, yaxshi qol
Oq dengiz, yaxshi qol! Yaxshi qol, Shimol!
Ko‘nglimda ishqingni olib qaytaman.
Sochimni o‘ynaydi muzdek sho‘x shamol,
Men unga dardimni qanday aytaman?
Kechqurun qirg‘oqda aylanib tanho
Sevdim, sevib qoldim to‘lqinlaringni.
Oyni cho‘miltirgan tinch tunlaringni
Tushimda ko‘rganda ne qilarman, o?
O‘ynagil so‘ng marta, chayqal, erkalan!
Armonim qolmasin ketar oldimda.
Bag‘ringda baliqday yuzgan oq yelkan
Bir umr sayr etgay mening yodimda…
Yaxshi qol, erkin suv! Yaxshi qol, dengiz!
To‘lqinlar, qo‘ynimga qizday kirdingiz…
Dengiz oyna kabi yaltirar
Dengiz oyna kabi yaltirar,
To‘lqinlarga suqim oqadi.
Oqqush mungli-mungli oh urar,
Hazin kuyi dilga yoqadi.
O‘tiraman — ko‘nglim osuda,
Boshim uzra barglar shitraydi.
Soyalari limmo-lim suvda
Tanga-tanga bo‘lib titraydi.
Qanday yaxshi, kechqurun yolg‘iz
Yursang, ko‘ngil asti to‘ymasa,
Oy go‘yoki parishonxol qiz,
Sochlarini yozib o‘ynasa.
Nur bilan to’lgan butun
O, u qanday fusunkor!
Nur bilan to‘lgan butun.
Gullari chaman-chaman,
Men ularni ichaman:
Ko‘nglimda yashnar bahor…
Nur bilan to‘lgan butun.
Bargdek uzilib ketsam,
Unutmas meni bog‘im:
Ishimni hurmat qilur,
Gullardan haykal qurur.
Ming yillardan keyin ham
Unutmas meni bog‘im!
She’rlarim yangrab qolur —
Bir umrga o‘lmayman!
Hayotimning davomi —
Kelajagimga homiy,
O‘rnimga bog‘bon bo‘lur —
Bir umrga o‘lmayman!
O, u qanday davomdor!
Nur bilan to‘lgan butun.
Gullari chaman-chaman,
Men ularni ichaman:
Ko‘nglimda yashnar bahor…
Nur bilan to‘lgan butun.
Yurganmisiz birga oy bilan
Yurganmisiz birga oy bilan
Oqshom payti ko‘m-ko‘k o‘rmonda?
Maysalarga shabnam qo‘nganda,
Shunday yaxshi tinch bo‘lar ekan.
Shitir-shitir o‘ynar shabboda,
Barglar musiqasi bir shirin…
Havo go‘yo tiniq, sof boda —
Ko‘ngil sezar hayotning sirin.
Men mast bo‘lib qoldim bu kecha,
Sil o‘pkamni ancha yayratdim.
Uxlamasdan to tong otguncha
Dilginamni rosa sayratdim.