Gulbadan Begim haqida

DO`STLARGA ULASHING:

Gulbadan Begim Boburshohning qizi bo‘lib, u 1522 yilda Kobul yaqinidagi Kobulhaq degan joyda tug‘ilgan. Uning onasi Dildor Og‘acha Begim nomi bilan tanilgan bo‘lib, u malikaning asli ismi Soliha Sulton Begim edi. Shahzodalar Hindol Mirzo, Olur Mirzo hamda malikalar Gulrang Begim, Gulchehra Begimlar ham ana shu maliqadan tug‘ilgan edi.
Boburshohning xotinlari orasida Humoyun Mirzoning onasi Mohim Begim keng bilimli, aql-zakovatli va dono ayol bo‘lib, saroy a’yonlari orasida katta, obro‘ va izzatIkromga sazovor bo‘lgan malika edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Boburshohning farmoniga binoan 1525 yilda Gulbadan Begim bilan Hindol Mirzo Mohim Begim tarbiyasiga berilgan edi. Bu haqda «Boburnoma»da ham ma’lumotlar bor.Gulbadan Begim har ikkala onasini ham baravar hurmatehtirom bilan e’zozlaydi. «Humoyunnoma» asarida tuqqan onasini ko‘pincha «Dildor Begim» deb tilga olsa, Mohim Begimni «Onam hazratlari» deb hurmatlaydi. Otasi Boburshohni esa «Firdavs makon va jannati oshiyon» deb ta’riflaydi.Gulbadan yetti yoshga kirguncha Kobulda Mohim Begim huzurida yashadi va 1529 yilda podshoh otasining taklifiga binoan Mohim Begim bilan Hindistonga (Agraga) otasi huzuriga ko‘chib keldi va umrining qolgan qismi Hindiston bilan bog‘liq holda kechdi. Keyingi voqealar tafsilotlari «Humoyunnoma»da mufassal yoritib berilgan. 1539 yilda Gulbadan Begimni Humoyunshoh saroyidagi amaldorlardan bo‘lgan Xo‘ja Xizirxonga turmushga uzatdilar va bu nikohdan bir o‘g‘il farzand tug‘ilib, unga Saodatyor deb ism qo‘yadilar.Gulbadan Begim yuksak idrokli, o‘tkir farosatli, tadbirkor va noyob aql-zakovat sohibasi bo‘lganidan, o‘z davrining yetuk bilimdoni va olimasi bo‘lib yetishdi. Turmushga chiqqandan keyin ham akasi Humoyunshoh saroyida uning eng yaqin maslahatgo‘yi va davlat ishlarini yuritishda ko‘makchisi bo‘lib, davlat miqyosidagi diplomatik ishlarda ishtirok etar, munozarali masalalarni hal etishda dono maslahatlari bilan yordamlashar edi. Humoyunshoh hayotining quvg‘inda, qiyinchilikda kechgan kezlarida ham uning sodiq hamrohi, hamdardi va maslakdoshi bo‘lib qolaverdi. 1556 yilda Humoyunshohning tasodifiy o‘limidan so‘ng yosh shahzoda Akbar Mirzo taxtga chiqqandan keyin ham podshohning onasi Hamidabonu Begim bilan bir qatorda yosh podshohning maslahatgo‘yi va maslakdoshi mavqeida bo‘lib, saroy a’yonlari orasida katta hurmat va ehtiromga sazovor bo‘ldi. Akbarshoh tomonidan «Firdavs makon va jannati oshiyon hazrat (Boburshoh — Ye. S.) haqidagi voqealardan nimaiki bilsangiz yozingiz», degan topshirig‘idan keyin «Humoyunnoma»ni yozishga kirishgan edi.Bu asarda bayon etilgan voqealar muallifning shaxsiy hayoti bilan bevosita bog‘liq holda kechgan bo‘lsa ham, u o‘zi haqida kam gapirib, asosan, otasi Boburshoh va akasi Humoyunshoh hayotidan lavhalar, saroydagi arkoni davlat turmush tarzidan namunalar, PODSHoh oilasidagi udumlar, podshohning oila a’zolari va qarindoshlariga, saroy a’yonlariga, amiru beklarga munosabatlari hamda ularning shaxsiy fe’latvorini aks ettiruvchi misollar keltiradi. Bo‘lib o‘tganVoqealar asarda to‘g‘ri baholangan va ularning ishtirokchilariga haqqoniy tavsif berilgan. Muallif o‘z davrining yetuk suxandonlaridan bo‘lgani uchun asar tushunarli va raVon tilda yozilgan. Undan Humoyunshoh hukmronligi davridagi voqealar haqida qimmatli ma’lumotlar olish mumkin. Mashhur boburshunos olima Sabohat Azimjonova ta’kidlanganlaridek, Boburshoh vafotidan keyin ham davlat tili fors tili bo‘lib qolgan bo‘lsa ham, saroyda tarixda «Chig‘atoy tili» deb nom olgan o‘zbek adabiy tilida gaplashilib, Bobur qayd qilgan Andijon dialektida she’r yozuvchi shoirlar to‘plangan.Ulug‘ Lutfiy, buyuk Alisher Navoiy, mashhur Zahiriddin Muhammad Bobur asos solgan madaniy muhitdan nafas olib voyaga yetgan Gulbadan Begim o‘z asarida o‘zbek tiliga xos ko‘plab iboralarni va ayrim hollarda esa mukammal jumlalarni keltiradi. Shu bilan bir qatorda asarda hind va urdu tillaridan kirgan iboralar ham uchraydi. Bu hol «Humoyunnoma»ning tarix, adabiyot, til tarixi, etnografiyani o‘rganuvchilar uchun muhim manba ekanidan dalolat beradi. Asar maroq bilan o‘qiladi. Ayrim manbalarda Gulbadan Begimning g‘azallar bitgani haqida ham ma’lumotlar bor.Akbarshoh saroyining tarixchisi, o‘z davrining yetuk ulamolaridan bo‘lmish Abul Fazlning «Akbarnoma» asarida yozishicha, Gulbadan Begim 1575 yilda Makkai mukarramaga haj safariga borgan va 1582 yilda qaytib kelgan. Akbarshoh saroyida unga katta nafaqa tayinlanib, maxsus xizmatkorlar berilgan, 1603 yilda 80 yoshida vafot etgan. Uni dafn etish marosimida Akbarshoh ammasiga bo‘lgan farzandlik burchini ado etib, marhumaning tobutini qabristongacha ko‘tarishib borgan.

Оставьте комментарий