Jahonoro Begim haqida

DO`STLARGA ULASHING:

Jahonoro Begim Shoh Jahonning Mumtoz Mahaldan tug‘ilgan farzandlarining ikkinchisi bo‘lib, uning birinchi to‘ng‘ich farzandi Chamaniy ismli qiz edi. Jahonoro Begim 1614 yilda Ajmor viloyatiga qilingan navbatdagi safarlardan birida tug‘ilgan. Chaqaloqligidanoq uning tarbiyasi bilan onasi Arjumandbonuning o‘zi shug‘ullangan va qizining har tomonlama chuqur bilim olishi uchun barcha sharoit yaratib berilgan edi. U to‘qqiz yoshga to‘lgandayoq balog‘at yoshida bo‘lib, atrofida bo‘layotgan voqea-hodisalarni mustaqil tahlil qilib, ulardan mantiqiy xulosalar chiqara olar edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, otasi shahzoda Xurram va bobosi Jahongirshoh o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mojaro va nizolarga yetuk inson nazari bilan qarar va bu ishlarda kimning qo‘li borligini, kim haqu kim nohaq ekanini yaxshi fahmlar edi.
Otasiga cheksiz e’tiqod nazari bilan qarar, uning barcha muvaffaqiyatlaridan quvonar, omadsizliklaridan esa iztirob chekar edi. Balog‘at yoshiga yetguncha otasi unga o‘g‘illari qatorida muomala qilar edi. Ularga ov sarguzashtlaridan, yovvoyi hayvonlarning fe’l-atvoridan, harbiy yurishlarda ro‘y bergan Qiziq voqealardan hikoyalar so‘ylab berar edi.Onasi Arjumandbonu unga ilohiyot ilmidan, enagasi Sattiniso esa musiqa ilmidan saboq berar edi. Shuningdek, Jahonoro kamonbozlik va chavandozlikda yaxshi natijalarga erishar edi. Tabiatan serg‘ayrat va jasur qiz bo‘lib, bo‘shang yigitlarni yoqtirmas edi.
Yumshoq tabiat kichik amakisi shahzoda Parvez haqida so‘z ketguday bo‘lsa, «Anavi lapashang Parvez amaki», deb gapirar edi. Shijoatli va shadodligiga qaraganda, katta ammasi Nur Jahonga xos farmonbardorlik xislatlari ko‘zga tashlanib turar edi. U o‘n ikki yoshga yetganda saroyda bo‘layotgan voqealarni, arkoni davlat va shahzodalar o‘rtasidagi ko‘zga ko‘rinmas nizolar va raqobatni fahmlab olish qobiliyatiga ega bo‘lib qolgan edi. Bu mojarolarda otasining to‘g‘ri yo‘l tutayotganiga va albatta haq bo‘lib chiqishiga ishonch ko‘zi bilan qarar, bunga hech shubha qilmas edi. Shuning uchun ham otasiga juda sadoqatli va mehri baland edi. Otasi shahzoda Xurram podshoh bobosi Jahongirshohning adolatsizligiga qarshi isyon ko‘targanda, ikkinchi bobosi (onasining otasi) bosh vazir Asafxon Kashmir sayohatiga olib borish bahonasi bilan shaxzoda Xurramning bolalarini garovga olib ketish maqsadida kelganda, Jahonoro bobosining yomon niyatda kelganini dar»rov fahmlab otasisiz hech qayoqqa bormasligini shartta aytgan va bobosining sovg‘alariga qayrilib ham qaramagan edi.Jahonoro yoshligidanoq onasining sodiq yordamchisi bo‘lgan edi. Ukalari Doro Shukuh, Shoh Shujo, Avrangzeb va Murod Baxshlarga ko‘p g‘amxo‘rlik qilar, ayniqsa, Avrangzebga nisbatan alohida mehr ko‘zi bilan qarar edi.Otasi Shoh Jahon taxtga chiqqanda Jahonoro o‘n to‘rt yoshda edi. Otasining farmoniga binoan onasi Mumtoz Mahalga yiliga bir million, Jahonoroga esa oltin yuz ming rupiy miqdorda maosh tayinlangan bo‘lib, otasi sevimli qizini duru javohirlarga ko‘mib tashlagan edi. Onasining vafotidan keyin esa otasining barcha boyliklari Jahonoroning ixtiyoriga berilgan edi. Podshoh otasi harbiy yurishlarga ketganda u onasi Mumtoz Mahal Begim bilan birgalikda saltanatdagi ishlarning borishini nazorat qilar, saroyga kelgan mehmonlar va rasmiy vakillarning ayollarini kutib olar, ularning ko‘ngil ochishlari uchun turli tadbirlar belgilar edi. Ularni risoladagidek sovg‘a-salomlar bilan siylab kuzatib qo‘yish vazifasi ham uning zimmasida edi. Bu ishlarni hal etishda u o‘zining nihoyatda tadbirkor va uddaburonligini namoyish qilar edi.- Onasi vafot etganda Jahonoro o‘n yetti yoshda edi. O‘shanda qattiq iztirobga tushgan podshoh otasi sakkiz kungacha tuz totmay, huzuriga ham hech kimni yo‘latmay aza tutgan edi. Boshiga og‘ir musibat tushgan otasining huzuriga Jahonoro birinchi bo‘lib kiradi va uni yupatib, ko‘ngliga taskin bergach, biron narsa tamaddi qilishga ko‘ndiradi.
Bundan buyon Jahonoro saltanat ishlarini boshqarishda otasining yaqin hamrohi va ishonchli maslahatgo‘yiga aylanib qolgan edi. Uning ma’muriy ishlarni hal etishdagi adolatli tadbirlari tufayli saroy ayonlari orasida obro‘e’tibori va mavqei juda ko‘tarilib ketgan edi. U mamlakatda obodonchilik, me’morchilik va xayriya ishlari uchun mablag‘larni ayamay sarflar edi. Shu bilan birga o‘zi ham ijodiy ish bilan mashg‘ul bo‘lgani va «Risolai Sohibiya» (Do‘stlik haqida risola) nomli asar yozib qoldirgani ma’lum.
Otasining sog‘lig‘i bir oz yomonlashib qolganda shahzoda ukalari o‘rtasida taxt talashish natijasida chiqqan keskin nizolarda ham Jahonoro ularga odilona hakamlik qilish, mamlakatni ularga teng bo‘lib berish choralarini ko‘radi, lekin qaysar va takabbur Avrangzeb bu maslahatlarga ko‘nishni istamadi. Ukalarining taxt talashishi orqasida ro‘y bergan fojialardan qattiq iztirobga tushgan Jahonoro bu dunyo ishlaridan hafsalasi pir bo‘lib, otasining hibsda o‘tgan kunlarida uning xizmatida va unga taskin berish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Umrining qolgan qismini kamtarona hayot kechirish bilan o‘tkazib, 1681 yilda bu bevafo dunyo bilan vidolashdi.

Оставьте комментарий