Navro‘z qo‘shig‘i, Navroz bayarmi haqida qo`shiq

DO`STLARGA ULASHING:

Navro‘z qo‘shig‘i

Bahorni bilmagan ellarni ko‘rdim,
Bir chechak kulmagan yerlarni ko‘rdim.
O‘zingni sog‘inib keladi navro‘z,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Chuchmoma chayqalib, chalar qo‘ng‘iroq,
Hayot hidin sochar uyg‘ongan tuproq,
Ildiz suvratini chizadi chaqmoq,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Mehmonni chorlaydi sumalaklaring,
Qizlaring bog‘laydi jamalaklarin.
Saodatga ko‘prik kamalaklaring,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Ey, kafti qadog‘u ko‘ngli yumshoq el,
Quyoshda qoraygan, yuragi oq el,
Duoga qo‘l ochgan, tilagi oq el,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Muqaddas yering bor, qutlug‘ osmon bor,
Suyangan tog‘ing bor, dilda iymon bor.
Ulug‘ bog‘istonga buyuk bog‘bon bor,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Оставьте комментарий