OYDIN NORBOYEVA haqida

DO`STLARGA ULASHING:

O‘ZBЕKISTON XALQ ARTISTI
Oydin Norboyeva 1944 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1964 yili A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgach, uzoq yillar Hamza nomidagi O‘zbek Davlat (hozirgi O‘zbek Milliy) akademik drama teatrida yetakchi aktrisa sifatida faoliyat ko‘rsatdi, teatr repertuaridagi o‘nlab muhim spektakllarda bosh rollarni ijro etdi. Ular orasidagi Guli (Uyg‘un va I.Sulton, «Alisher Navoiy»), Dezdemona (Shekspir, «Otello»), Ozoda (Izzat Sulton, «Imon»), Turg‘unoy («Noma’lum kishi»), Aqiqa (Sarvar Azimov, «Qonli sarob») obrazlarini alohida ta’kidlash joizdir. Bu rollarning ko‘pchiligini otaxon teatrning ustoz va yetakchi aktrisalari ijro etishgan. Ammo Oydin Norboyeva ularga taqlid qilmadi. Har bir aktyor o‘ziga xos xarakterli rollar yarata olmas ekan, uning kelajagi nurli bo‘lmasligini chuqur anglagan aktrisa o‘z yo‘lidan bordi. Shuning uchun ham Oydin Norboyevaning Gulisi, Dezdemonasi, Aqiqasi, Turg‘unoyi va Ozodasi bor deb aytilsa hech mubolag‘a emas. Dramaturg I.Sultonning «Noma’lum kishi» asaridagi Turg‘unoy razil zamonaning qora quyuni natijasida yoshligida onasidan yetim qolgan, bevafo ota esa uni tashlab ketgan. Xullas, uning o‘tmishi ayanchli. U bobosi qo‘lida tarbiyalanadi, o‘sib-ulg‘ayadi, hayotda o‘z yo‘lini topadi. Turg‘unoy Niyozni chin yuraqdan, butun vujudi bilan sevadi. Mehnatkash omma ozodligi yo‘lida o‘z jonini fido qilishga tayyor turgan mard, bahodir insonni sevish, unga ko‘mak berish Turg‘unoy uchun katta baxtdir. Oydin Norboyeva Turg‘unoydagi chuqur aql-zakovatni, xotin-qizlar erki va ozodligi yo‘lida shum taqdirga qarshi jon-jahdi bilan kurashish hissini, Niyozga nisbatan chin muhabbatni katta romantik ko‘tarinkilik va nafis lirizm bilan aks ettirgan. Aktrisa «Alisher Navoiy» spektaklida Gulining shoirga chin, samimiy sevgisini, «Imon»da hayot va tabiat go‘zalligidan mast bo‘lgan Ozodaning romantik orzularini namoyon etgan bo‘lsa, «Qoni sarob»da Aqiqaning o‘z Vatanini tashlab ketgan vatangadolar davrasida qadr-qimmati oyoq osti qilinganini, uning ma’naviy fojiasini hayotiy va sami¬miy tarzda namoyish etadi. Ayniqsa, O.Norboyevaning aktri¬sa sifatida o‘ziga xos ovozi, yuz ifodasi, ma’naviy madaniyati shu rol ijrosida juda aniq ko‘zga tashlandi. Shuning uchun Aqiqa— Oydin Norboyeva ijodining cho‘qqisi, uning Hamza teatrida yaratgan eng sara obrazlaridan biri bo‘lib qoldi, unga katta shuhrat keltirdi. Hamza teatri artistlari orasida Maryam Yoqubovadan keyin M.Gorkiy nomidagi rus drama va komediya teatriga ishga o‘tib, bu dargohda ham betakror obrazlar yaratgan aktri¬sa Oydin Norboyeva bo‘ldi. U rus klassiklari va zamonaviy dramaturglarning asarlari asosida sahnalashtirilgan spek¬takllarda bosh rollarni ijro etib, rus tomoshabinlarining ham hurmatiga, e’tiboriga sazovor bo‘ldi. Oydin Norboyeva1964 yildan boshlab kinoda ham qatnashib, ko‘pchilik badiiy filmlarda asosiy rollarni ijro etdi. «O‘zbekfilm» kinostudiyasida suratga olingan «Surayyo»dagi Surayyo, «Fidoiy»dagi Zamira, «Uyg‘onish»dagi Xadicha, «26-si otilmasin»dagi Nadya, «Sen mening qo‘shig‘imsan»dagi Komila, «Qalb amri bilan»dagi Xayri, «Tojikfilm» kinostudiyasida suratga olingan «Rustam haqida doston», «Rustam va Suhrob» badiiy filmlardagi Taxmina kabi ob¬razlar Oydin Norboyevaning kino san’atida erishgan jiddiy yutug‘i bo‘ldi. U dublyajda ham faol qatnashib, ko‘plab filmlarga ovoz berdi. Shu o‘rinda uning O‘zbekiston televideniyesi orqali ko‘rsatilgan telefilm va videofilmlarda, respublika radiosida tayyorlangan radiospektakllarda ijro etgan rollarini ham alohida ta’kidlash lozim. Oydin Norboyevaning teatr san’a¬ti ravnaqidagi xizmatlari munosib taqdirlandi. Aktrisa «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni, O‘zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Оставьте комментарий