Asqad Muxtor: «Yosh yozuvchi bo‘lish qiyin»

DO`STLARGA ULASHING:

Jahondagi fikr va axborotlarni elab, saralab olish yoshlarning o‘z qo‘lida. Bu erkinlik, insonni bunday mustaqillikka o‘rgatish yaxshi, lekin yoshlarning adashishi ham bor.
Yosh bo‘lish yaxshi. Ammo bu ham qiyin. Ayniqsa, yosh yozuvchi bo‘lish qiyin. Chunki ham o‘zingni, ham birovlarni tarbiyalashing kerak. Yosh bo‘lish qiyin. Hamma senga nasihat beravergani uchungina emas, yosh bo‘lish avvalo shuning uchun qi­yinki, yoshlikning ishi, mas’uliyati og‘ir bo‘ladi: o‘qish, ustozlardan o‘rganish kerak, oldingi avlodlar yaratgan hamma bilim va mahoratni egallash kerak, eng muhimi – ustozlarni quvib yetishgina emas, o‘tib ketish, ular yaratgan xazinaga nimadir qo‘shish kerak. Aks holda, taraqqiyot bo‘lmaydi. Ba’zan shogird ustozdan o‘tipti deb hayron bo‘lishadi, bu – noto‘g‘ri. Ustoz­dan o‘tmasa, shogird bo‘lishning nima mohiyati bor?! Shogirdlar ustozlardan o‘tmasa, taraqqiyot to‘xtab qoladi-ku, axir? Avlodlardan avlodlarga o‘tishning ma’nisi bo‘lmay qoladi. Agar biror oqsoqol yoshlarga: “Sen bizdan oldinga intilma, o‘z joyingni bil!” deb ta’lim bersa, bu mutlaqo xato bo‘lardi. Abdulla Qahhor “Talant – xalq mulkidir” degan maqolasida bu masalada ba’zi oqsoqollarnigina emas, eski udumni dogmaga aylantirib, o‘z jur’atini tiyib yurgan ba’zi hurkovich yoshlarni ham tanqid qiladi. “Hurmat bilan salomingni ber-da, ishing zarur bo‘lsa, o‘tib ketaver”, deydi Abdulla aka.
Baxtimizga, oqsoqollarimizning deyarli hammasi yoshlarning dadil intilishlaridan, keksalar qilib ulgurolmagan ishlarni bajarishga urinishlaridan doim xursand. Ustozlarimiz ham, Yozuvchilar uyushmasi ham yoshlarning barcha ijodiy sinovlarini, jur’atli intilish­larini, adabiyotimizga qo‘shmoqchi bo‘lgan yangiliklarini jon-dildan qo‘llab-quvvatlaydi.
* * *
Adabiyot havasga kiriladigan shon-shuhrat bog‘chasi yoki shunchaki, ko‘p qatori bajarib yuriladigan kasb emas. Adabiyotga odam bir umr yongani kiradi. Har bir asarda bir lovillab yonmasa, yozuvchining bo‘lmagani ma’qul. Yozuvchilik, mening nazarimda, eng qiziq, eng ehtirosli hayot. Bunda faoliyat natijasi – asarning o‘zigina emas, jarayon, izlanish jarayoni, izlab topish, izlab yashashning o‘zi qiziq. Har safar o‘zingga ham, kitobxonga ham yangi bir olam ochishing kerak. Adabiyot jarayoni uzluksiz; qancha yozuvchi bo‘lsa shuncha usul; hayot murakkabliklarining mag‘zini hamma o‘zicha izlaydi, hamma o‘z yuragida qaynatadi, o‘z ilhomini, o‘z ehtirosini taqdim etadi. Ozgina so‘z aytish uchun u juda ko‘p bilishi, juda ko‘p ko‘rishi, voqealarni, biografiyalarni, faktlarni, hislarni, o‘ylarni, psixologiyani bilishi kerak. Muhandis yoki akademik bilishi shart bo‘lmagan sohalar bor. Yozuvchida esa bunday soha yo‘q. Yozuvchining hayot tajribasi, biografiyasi – oltin fond. Uni hozirdan yarata boshlashi kerak.
Yigitlikda yig‘ ilmning maxzani,
Qarilik chog‘i xarj qilg‘il ani!
Hazrat Navoiy buni bejiz aytmagan. Ishni keyinga qoldirish kerak emas. Qariganida odam yumshoqroqda yotgisi, o‘ng‘ayroq o‘tirgisi, faqat mashinada yurgisi kela bosh­laydi, daryo kechish, tog‘ oshish, sahro kezish – malol keladi.
Yozuvchi talantli bo‘lishi kerak – talantni qaydan olish haqida maslahat berolmayman. Yozuvchi bilimli, o‘qimishli, baland saviyali odam bo‘lishi kerak. Buni qaydan olishni, bir umr o‘qish-o‘rganish kerakligini bilasizlar. Mutolaa qilish kerak deb, ishni alifbodan boshlab o‘tirgim kelmaydi.
Yozuvchi ko‘pni ko‘rgan, achchiq-chuchukni tatigan, xayru badni tahlil qila biluvchi, tajribali odam bo‘lishi shart. Mana shunisiga kelganda biroz to‘xtalib o‘tish kerak deb o‘ylayman. Ya’ni, gap muallif obrazi haqida. Aminmanki, har qanday badiiy asarda hamma narsani birlashtiruvchi, butun asarga rang beruvchi – “muallif obrazi”dir. Belinskiy ham “Evgeniy Onegin” haqida gapirib, romanda badiiy markaz muallif obrazidir, degan edi. Asarning saviyasi muallif saviyasidan oshiq bo‘lmaydi. Muallifning zavqi, bilimi, xulqi, qalbi, qarashlari, taj­ribasi – asarga muhr bo‘lib bosiladi. Kitob bu jihatdan nihoyatda sub’ektiv narsa. Shuning uchun yozuvchi avvalo o‘zini xalq hayotidagi muayyan, zarur o‘ringa qo‘ya bilishi kerak. Xalq hayotining hamma tomonlari – og‘ir tomonlari ham, go‘zal tomonlari ham yaqqol ko‘rinadigan joyga qo‘ya bilishi kerak.
* * *
Talant kelib chiqishidagi kitobiylik xalaqit berar ekan, talant yosh vaqtida hayot bilan bog‘lanolmay qiynalishi bor gap. Aftidan, turmushni ko‘rish, bilish, mazmundor hayot yo‘li – kifoya emas. Bular o‘zidan-o‘zi asarga shundoqqina ko‘chib qo‘ya qolmas ekan. Olamni ko‘rish bilan birga, uni yozuvchi ko‘zi bilan qabul etish, idrok qilish, yurakdan o‘tkazib qog‘ozga tushira bilish zarur ekan. Adabiyotning hayotiy mohiyatini qattiq o‘zlashtirib olib, ijodni hayot bilan bog‘lay bilish juda muhim ekan.
Men aytmoqchi emasmanki, kitobda personajlar rashk qilmasin, kasal bo‘lmasin, mehmonga bormasin, deb. Aksincha, bularning hammasi hayotiy; lekin asar qahramoni hayotida uni bizning jamiyatimiz kishisi sifatida ulug‘lovchi mazmundor voqealar bo‘lishi kerak, axir.
* * *
Klassika bunday deb o‘rgatadi: avval to‘lishish kerak. Bosh fikr o‘zi to‘lishib keladi. Uni sevib qolasiz. Uni aytgingiz keladi.
Shunday bezovtalik, istak, kuchli ehtiyoj sezmay turib yoza boshlamaslik kerak.
Har bir chinakam asarning o‘ziga yarasha falsafasi bo‘ladi. Bosh falsafiy fikr asarni yoza boshlashdan oldin ham, yozayotganda ham, yozib bo‘lgandan ke­yin ham sizni bezovta qilib, qiynab, o‘rtab turishi kerak. Shusiz yozilgan asar darrov e’tibordan qoladi, asarda bosh fikr, hayot falsafasi, cho‘g‘ bo‘lmagandan keyin, kitobxon ham yonmaydi.
* * *
Ko‘pgina o‘ychan, falsafiy she’rlar turkumiga o‘xshagan poemalarimiz bor. Ularda ba’zan o‘nlab lirik chekinishlar qilinadi, bunday turlari ham kerak, “Poema faqat bunday bo‘lishi zarur”, deb retsept berib bo‘lmaydi. Ammo inson xarakteri, jonli qiyofasi, ismli-jismli, yeb-ichib, mehnat qilib yonimizda yuradigan kishiday konkret, prozadagiday keng yashaydigan odam xarakterini ko‘rgimiz keladi.
Davr, taqdir, tarix, jamiyat, shaxs, fojia, falsafa, kurash, quvonch – barini o‘z ichiga olgan odam hayoti tasvirlansa edi. Bunday liro-epik xarakterdagi klassik poemaning imkoniyatlari tugagan emas. Yoshlar shu imkoniyatlarni o‘z qo‘llariga olsalar edi. Ichki monolog tipidagi poemaning imkoniyatlari esa, mening nazarimda, tugab boryapti. Bu ularning keyingi vaqtda bir-biriga o‘xshab qolayotganidan ham, bu sohada ko‘p shoirlarning muvaffaqiyatsizligidan ham bilinyapti. Poemaning keyingi tamoyili nazariyachilarning fikriga muhtoj, tanqidchilar bu bobdagi tajribani yakunlasalar yaxshi bo‘lardi.
Poemadan boshqa janrlarda yoshlar poeziyasi ajabtovur ulg‘ayib kelmoqda. Unda o‘ylar, yoshlikning mavqei, hayot yo‘lini belgilab olishi haqidagi tashvish, ichki bir bezovtalik tobora ko‘proq o‘rin egallayapti. O‘y, his, falsafa tantanavorlikni quvib chiqarmoqda.
* * *
Shuni qayd etish muhimki, yoshlar ijodining, shu jumladan, yosh poeziyaning umumiy g‘oyaviy-badiiy yo‘nalishi sog‘lom. Eng yorqin talantlar tinimsiz izlab, ajoyib obrazlar topmoqda, nozik his-tuyg‘ular qo‘zg‘atmoqda, davr va inson haqida o‘yga solmoqda, yuksak g‘oyalarni – xalqning ezgu tilaklarini, intilish va kurashlarini badiiy ifodalashga intilmoqda… Bular hayotni butun go‘zalligi, murakkabligi, butun haqiqati bilan, yanada chuqur va keng qamrab olishni o‘rganishlari kerak.
Poeziyada hikoya qilish, tasvir etish, ko‘rsatish, o‘rgatishgina yetmaydi, poeziya sehrlashi kerak, o‘ylatishi, ruhni ko‘tarishi, kuch bag‘ishlashi, har bir obrazli so‘zning butun go‘zalligini ochib tashlab, hayratga solishi kerak.
Shu o‘rinda bir kamchilikni aytib o‘tay. Bu – she’rning nihoyatda ko‘p yozilayotganligi. Bemaza qovunning urug‘i ko‘p deganday, qaysi tahririyatga, qaysi nashriyotga, qaysi muhokama kengashiga bormang – albatta 5-10 papka she’r topishingiz mumkin.
“Yaxshi she’rni yozish – oson ish emas!”
Bu Pushkin satri. Pushkin buni 14 yosharligida aytgan.
“Yaxshi she’rga
o‘x – shaydi hayot,
Yaxshi she’rni yozish
– oson ish emas!”
Buni Stepan Shipachev aytgan. 60 yoshida.
Bu fikr hamma zamonlar uchun, yoshlar va dono keksalar uchun, hamma uchun xos. Bugun uni biz takrorlaymiz. Insonning go‘zallikka intilishi cheksiz. She’rda, badiiy so‘zda go‘zallik imkoniyatlari benihoya. Shuning uchun Lev Tolstoy buyuk epopeyasini yetti marta ko‘chirgani rost.
She’rning ko‘p yozilayotganini ba’zi gazetalar ko‘pirib maqtaydi, ayniqsa, yoshlarning she’rlariga berilgan tahlillarda. Ya’ni, yoshlarimiz serzavq, mehnatkashlar baxtiyorligidan fik­rini she’rga soladi va hokazo.
Bir “muallif” bor. Uning nomini bilmagan xatlar bo‘limi mudiri bo‘lmasa kerak. U o‘n yildan beri hamma tahririyatga muntazam ravishda kuniga beshtadan she’r yuborib turadi. O‘n yildan beri biror she’ri bosilib chiqqani yo‘q. Uni tahririyatdagilar dastxatidanoq tanishadi. Javob yozmay qo‘yishdi: foydasi yo‘q, “shoir” qofiyalagani qofiyalagan.
Menimcha, bu – baxtiyorlikdan emas. Bu – so‘zga hurmatsizlikdan, go‘zallik oldida hayratda qola bilmaslikdan, ba’zan esa beorlik va nodonlikdan.
Azizlar, Lermontov umrida bittagina kitob chiqargan.
Blok ko‘ngil daftariga bunday deb yozgan ekan: “She’rni yozmay qo‘ysammikin, degan o‘y keldi boshimga. Chunki she’r yozishga juda usta bo‘lib ketmadimmikin deb qo‘rqaman”.
Shu o‘rinda adabiy tanqid­chiligimizning yoshlar ijodiga munosabati masalasiga to‘xtab o‘tgim keladi. Hozircha tanqidchilarimiz yoshlar ijodi bilan maxsus shug‘ullanayotgani yo‘q. Yoshlarning asarlari umumiy maqolalardagina, ko‘pincha salbiy misol tariqasidagina tilga olinmoqda. Buning ustiga, ba’zan asarning mohiyatini uqmasdan turib, yuzaki nazar tashlabgina tilga olinmoqda. Yuzaki qaraganda esa, Navoiy aytganidek, qand ham oq, tuz ham.
Yoshlarni tanqidga sog‘lom munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalash uchun avvalo tanqidning o‘zi oqilona, samimiy va ishonarli bo‘lishi kerak. Tanqidni hech kim yaxshi ko‘rmaydi, deyishadi; lekin samimiy, mehribon va talabchan tanqidni talantli yoshlar hurmat qiladilar. Men qayerdadir bir aytgan edim: faqat qog‘oz gul yomg‘irdan qo‘rqadi.
* * *
Yoshlar ijodida yana bir muhim masala shuki, biz yosh adabiyotda janrlar, uslublar rang-barangligiga yetarli e’tibor bermayapmiz. Qissa, hikoya, she’r – janrlar hozircha shulardangina iborat.
* * *
– Vaqtning o‘tishini qarang-a! Yangi yilni yaqindagina kutmaganmidik? Mana tag‘in ostonaga kelib turipti…
Ayniqsa, yangi yil arafasida bu xildagi gapni ko‘p eshitasiz. Birov buni sho‘xlik bilan aytadi, birov – falsafiy bir o‘ychanlik bilan. Lekin baribir ma’nosi bitta: umr o‘tyapti…
Yangi yil bayramini zap o‘ylab chiqarishgan-da! Shu bayram bo‘lmasa, odamlar to‘planishib xushchaqchaqlik qilishmasa bormi, har kim yolg‘iz qolib, ko‘ngilsiz o‘ylarga tolar, ezilib ketar edi.
Bordi-yu, u behuda o‘tgan bo‘lsa-chi? Behuda o‘tgan umrni eslashdan ham katta fojea bormi!
Bekor o‘tgan soatlarni-ku uncha eslamaymiz, ular unutiladi. Aslida ular ham har biri kichik bir fojea. Chunki ularni yig‘ib kelsangiz, umrning o‘zi bo‘lmasa ham, uning ma’lum bir qismi zoye ketganini anglaysiz. Umrning “ma’lum qismi”da kimdir ilmiy ish yoqlaydi, kimdir jahonni kezib chiqadi, kimdir arab tilini o‘rganib oladi, kimdir…
Kimlardir uni tun bo‘yi magnitofon atrofida “chaqchaqlashib”, yoki charchamagan bo‘lsa ham kuni bilan “miriqib” uxlab, choyxonada kechgacha laqillashib, yoki televizorga tomoshabin emas, unda nima ko‘rsatsa qatorasiga beparvo ko‘raveradigan telequl bo‘lib, bekorga o‘tkazib yuboradi.
O‘zining boy ma’naviy dunyosi, zarur o‘ylari bo‘lmagan odam tez zerikadi, yolg‘iz qolishdan qo‘rqadi. U pulini ham, vaqtini ham ulfatchilikda baham ko‘rishga urinadi.
– Bir laqillashib kelaylik bekorchilikda… – deydi o‘ziga o‘xshaganlarga.
Bir qarorga kelishadi-da, shisha-pisha olib, vaqtni “o‘ldirgani” ketishadi. Soatlab foydasiz gap, narxi-navo haqida, kimningdir xotin qo‘yishi haqida…
Biz ulfatchilikka, ko‘ngil ochadigan uchrashuvlarga, bir-birining ma’naviy ta’siriga muhtoj odamlarning samimiy o‘tirishlariga qarshi emasmiz. Ammo vaqtini qayoqqa qo‘yishni bilmaydigan odamlar borligi ajablantiradi. Soatlarni ayamaydigan odamlar umrning shu soatlardan tashkil topishini o‘ylarmikin?
“E, o‘ladigan dunyoda…” deyishi mumkin ba’zilar.
Aflotun otishga hukm qilingan kuni kechasi bilan o‘tirib tor chalishni o‘rgangan emish. “Ertalab o‘ladigan odam bu hunarni nima qilasiz?” deyishsa, “Buni o‘rganish uchun ertaga vaqtim bo‘lmaydi, axir”, deb javob bergan ekan.
Umr bitta. Odamning biladigan, o‘rganadigan, kashf etadigan narsalari esa behisob. Ma’noli o‘tgan umr – bir mo‘jizadir. Behuda o‘tgan umr esa… bu haqda Alisher Navoiydan o‘tkazib aytish qiyin:
Kamol et kasbkim, olam uyidin
Senga farz o‘lmag‘ay g‘amnok chiqmoq.
Jahondin notamom o‘tmoq biaynih
Erur hammomdin nopok chiqmoq…
Adibning “Yosh do‘stlarimga” kitobi asosida tayyorlandi.
«Yoshlik» jurnali, 2015 yil, 12-son

Оставьте комментарий

ArabicEnglishFrenchGermanKazakhKyrgyzRussianTajikTurkishUzbek