Doim balandda bo’l Vatan bayrog’i

DO`STLARGA ULASHING:

18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan kun.
Yaqinda davlatimiz suverenitetining ramzlaridan biri – mustaqil O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganligiga 30 yil to‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 18 noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan Davlat bayrog‘i – mamlakat davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, u yer yuzining shu sarhadlarida mustaqil O‘zbekiston davlati borligini anglatadi va o‘zida milliy-madaniy anʼanalarimizni mujassamlashtiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro maydonda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalarda, jahon ko‘rgazmalarida, sport musobaqalarida O‘zbekiston Respublikasining timsoli bo‘ladi.
Davlat ramzlari har bir mamlakatning mustaqilligini ifodalovchi muqaddas belgidir. Respublikamiz davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz ifodasidir.
Respublikamiz davlat bayrog‘idagi ramzlar O‘zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqlikni hamda yurtimiz hududida yashovchi millat va elatlarning anʼanalarini o‘zida mujassamlashtirgan.
Bayroqdagi moviy rang – uning ostida barcha millatlar turli xil xavf-xatarlardan xoli, emin-erkin holda ahil-inoq yashab kelayotgan musaffo osmonimiz hamda obi hayot ramzidir. Bayroqdagi oq rang – davlatimiz fuqarolarining o‘zaro hamjihatlikda, bir-birini hurmat qilib, diniy bag‘rikenglik tamoyillari asosida tinch-totuv yashayotganining timsoli. Yashil rang esa tabiatning yangilanishi hamda yurtimizning jannatmonand ekanligi ramzidir. Bu rang ko‘pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.
Qizil chiziqlar davlatimiz farovonligi, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida o‘zaro hamjihatlik bilan hormay-tolmay mehnat qilayotgan yurt farzandlarining vujudida oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlaridir.
Mustaqil davlatimiz bayrog‘i tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz timsolidir. Davlat ramzlarining muqaddasligini, ular bizga yurt manfaati har narsadan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz yodda tutishimiz shart.
Bayrog‘imizning balandligi yurtimizning obro‘-nufuzi yuksakligidan dalolatdir. Shunday ekan, sarbaland qaddimiz va qadrimiz timsolini hamisha eʼzozlaylik va boshimiz uzra baland ko‘taraylik!
  Paxtaobod tuman adliya bo‘limi

Оставьте комментарий