O’zbekiston haqida ma’lumot

DO`STLARGA ULASHING:

HUDUDI VA IQLIMI

Geografik joylashuvi: Oʻzbekiston Respublikasi Amudaryo va Sirdaryo oraligʻida joylashgan, maydoni 448,9 ming kv. km. Respublika chegarasi gʻarbdan sharqqa — 1425 km, shimoldan janubga qadar — 930 km.


Chegaralari
Respublika shimolda va shimoliy-sharqda Qozogʻiston, sharqda va janubiy-sharqda Qirgʻiziston va Tojikiston, gʻarbda Turkmaniston, janubda esa Afgʻoniston bilan chegaradoshdir. Davlat chegarasining Afgʻoniston bilan uzunligi — 143 km., Qоzоgʻiston — 2356,31 km., Qirgʻiziston — 1476,12 km., Tojikiston — 1283,2 km. va Turkmaniston bilan — 1831,49 km.

Relefi Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida juda qulay tabiiy-geografik sharoitga ega. Mamlakat hududi oʻziga xos past — tekislik va togʻ relefini oʻz ichiga oladi.
Oʻzbekiston hududining katta qismini (4/5 qismi atrofida) past-tekisliklar tashkil etadi. Shulardan eng muhimi Turon past-tekisligidir. Mamlakat sharqi va shimoliy sharqida Tyan-Shan va Pomir togʻ (mamlakatning eng yuqori nuqtasi 4643 m.) tizmalari joylashgan. Oʻzbekiston hududi markazida dunyoning bepoyon choʻllaridan biri — Qizilqum yastanib yotadi.

Geologik tuzilishi va foydali qazilmalari
Mamlakat yer osti boyliklari tabiiy gaz, qoʻngʻir va tosh koʻmir, oltin, mis, volfram, vismut hamda ochiq neft konlari zahirasiga ega.

Iqlimi
Oʻzbekiston iqlimi keskin oʻzgaruvchan kontinental iqlimdir. Mintaqadagi kunduzgi va tungi, yozgi va qishki havo harorati keskin farqlidir. Yillik havo harorati farqi sezilarli darajada yuqori. Yanvar oyi oʻrtacha harorati -6 0 gacha tushadi, iyul oyida oʻrtacha havo harorati +32 0 gacha koʻtariladi. Pasttekislik hududlarida yillik yogʻingarchilik miqdori -120-200 mm., choʻl hududlarida -1000 mm. gacha yetadi. Yogʻingarchilik miqdori kam boʻlgani sababli, qishloq xoʻjaligi sun’iy sugʻorish tizimiga bogʻliqdir.

Ichki suv havzalari
Mamlakat eng yirik daryolari Amudaryo va Sirdaryo. Amudaryo uzunligi -1437 km., Sirdaryo-2137 km.ga yetadi. Oʻzbekistonning koʻpgina ichki daryolari suvi oquvi davomida keng dasht-u choʻllarga singib ketadi, faqatgina Amudaryo va Sirdaryo Orol dengiziga borib quyiladi.

Tuproq va oʻsimliklari
Pasttekisliklar choʻl oʻsimliklari, togʻlari esa dasht, oʻrmon va togʻ oldi yaylovlari oʻsimliklaridan iborat.

Hayvonot dunyosi
Mamlakat faunasi juda turli-tumandir. Choʻllarda juda kamyob hisoblanagan saygʻoq va uzunligi 1,5 metrga teng echkiemar, baland togʻlarda esa qor barsi va togʻ echkisining noyob turlari uchraydi.

Togʻ tizimi
Respublika territoriyasining 1/5 qismini togʻ va togʻ oldi hududi tashkil etadi. Sharqiy hududi oʻrta va baland togʻli relefdan iborat: respublika hududi Gʻarbiy Tyan-Shan (Ugom, Pskem, Chotqol va Qurama togʻ tizmasi) va Pomir-Oloy (Zarafshon, Turkiston, Hisor, Qoʻhitangtogʻ va Boysuntogʻ togʻ tizmasi) togʻ tizmalari yonbagʻrini oʻz ichiga oladi. Janubdan gʻarbga tomon ular qiyalab boradi va pasttekislikka qoʻshilib ketadi. Ushbu togʻlar orasida ulkan Qashqadaryo, Surxondaryo, Zarafshon va Samarqand vohalari yastanib yotadi. Bularning eng kattasi hisoblangan Fargʻona vodiysi -370 kilometr, kengligi 190 kilometrga yetadi. U uch tomondan baland togʻ bilan oʻralgan va faqat gʻarb tomoni tekislikdir. Afgʻoniston bilan chegara hududda Amudaryo deltasi yoyilib yotadi.

Tabiiy zahiralari
Oʻzbekiston Respublikasi ulkan sanoat va mineral-xom ashyo, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, qayta ishlash jarayonida olinadigan katta miqdordagi yarim tayyor mahsulotlar, tabiiy boylik zahiralari va rivojlangan infratuzilma imkoniyatlariga ega.
Yer osti zahiralarini zamonaviy ravishda izlab topish ishlari qimmatbaho, rangli va noyob metallar zahiralari, turli organik yoqilgʻ i mahsulotlari, neft, tabiiy gaz va gaz kondensanti, qoʻngʻir va yarim koksga oid koʻmir, slanes yoqilgʻisi, uran va koʻpgina qurilish uchun zarur xom ashyo turlariga boy konlarni oʻzlashtirish bilan bogʻliqdir.
Oʻzbekiston hududida taxminan yuzdan ortiq mineral xom ashyoni oʻz ichiga olgan, binobarin bulardan oltmish turi xalq xoʻjaligida allaqachon foydalanilayotgan koʻpgina foydali qazilmalar kompleksi aniqlangan.
Oʻzbekiston oltin, uran, mis, tabiiy gaz, volfram, kaliy tuzi, fosforitlar, kaolin kabi foydali qazilmalar zahirasi boʻyicha nafaqat MDH davlatlari oʻrtasida, balki butun dunyoda yetakchi oʻrin egallashi tasdiqlangan. Jumladan oltin zahirasi boʻyicha dunyoda toʻrtinchi, uni qazib olish boʻyicha yettinchi, mis zahirasi boʻyicha oʻninchi-oʻn birinchi oʻrinlarni, uran zahirasi boʻyicha yettinchi-sakkizinchi, qazib olishda oʻn birinchi-oʻn ikkinchi oʻrinlarni egallashi qayd etilgan.
Quyida zikr etilgan mineral xom ashyo zahiralari nafaqat mavjud togʻ-kon komplekslarida kelajakda qazib olish faoliyati muddatini uzaytiradi, balki ularning oltin, uran, mis, qoʻrgʻoshin, kumush, litiy, fosfor, kaliy tuzlari, qalay shpati, vollastonit, qishloq xoʻjaligi ximiyaviy rudalari va boshqa bir qator foydali qazilmalarning yana qaytadan qazib olishni tashkil qilish va ularning quvvatini oshirishni ta’minlashga xizmat qiladi.

DAVLAT RAMZLARI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT GERBI

«O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida»gi Qonun 1992-yil 2-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi gullagan vodiy uzra charaqlab turgan quyosh tasviridan hamda so‘l tomonida bug‘doy boshoqlari, o‘ng tomonida ochilgan paxta chanoqlari suvrati tushirilgan chambardan iborat.
Gerbning yuqori qismida Respublika jipsligining ramzi sifatida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan: sakkiz qirra ichida joylashgan yarim oy va yulduz musulmonlarning qutlug‘ ramzidir.
Gerbning markazida himmat, oliyjanoblik va fidoyilik timsoli bo‘lgan afsonaviy Humo qushi qanotlarini yozib turibdi. Ushbu ramz va timsollar xalqimizning tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik yo‘lidagi orzu-umidlarini ifodalaydi.
Gerbning pastki qismida Respublika Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar lentasining bandiga «O‘zbekiston» deb yozib qo‘yilgan.

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKАSINING DАVLАT BАYROG‘I
«O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonun 1991-yil 18-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan.
Davlat bayrog‘i va uning ramzi bugungi O‘zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy an’analarini o‘zida mujassamlashtiradi.
Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzi. Timsollar tilida bu — yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrog‘ining rangi ham moviy rangda edi.
Bayroqdagi oq rang — muqaddas tinchlik ramzi bo‘lib, u kun charog‘onligi va koinot yoritqichlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Oq rang — poklik, beg‘uborlik, soflikni, orzu va hayollar tozaligi, ichki go‘zallikka intilishning timsoli.
Yashil rang — tabiatning yangilanish ramzi. U ko‘pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.
Qizil chiziqlar — vujudimizda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi.
Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liq. Ayni paytda u qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham.
Yulduzlar barcha uchun ruhoniy, ilohiy timsol sanalgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘idagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy an’analarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning o‘n ikki yulduzga bo‘lgan e’tiborimiz O‘zbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.
Davlat bayrog‘imizdagi 12 yulduz tasvirini o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim.

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT MADHIYASI
«O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi to‘g‘risida» gi qonun 1992-yil 10-dekabrda O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida qabul qilingan.

Mutal Burhonov musiqasi
Abdulla Oripov so‘zi
Serquyosh hur o’lkam, elga baxt, najot,
Sen o’zing do’stlarga yo’ldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!

Naqarot:
Oltin bu vodiylar — jon O’zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug’ xalq qudrati jo’sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
Bag’ri keng o’zbekning o’chmas iymoni,
Erkin, yosh avlodlar senga zo’r qanot!
Istiqlol mash’ali tinchlik posboni,
Xaqsevar, ona yurt, mangu bo’l obod!

Naqarot:
Oltin bu vodiylar — jon O’zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug’ xalq qudrati jo’sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!

MADHIYANI TINGLASH O’zbekiston Respublikasining davlat madhiyasini MP3 formatida yuklab olish (hajmi: 2.33 Мб)

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957-yil 24-iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981-yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.

Mehnat faoliyatini 1981-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.

1990-yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi.

1992-yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996-2001-yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003-yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.

Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.

Sh.M.Mirziyoyev 2003-yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015-yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.

Sh.M.Mirziyoyev mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk kunlardan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yuksak ishonchini qozonib, uning yaqin safdoshi va maslakdoshi sifatida samarali faoliyat olib bormoqda.

Sh.M.Mirziyoyev Hukumat boshlig‘i sifatida keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilash, yirik va noyob loyihalarni hayotga joriy etish, xususiy mulkni ustuvor darajada rivojlantirish, iqtisodiyotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushini keskin oshirish hamda ularning huquqiy himoyasini yanada mustahkamlashda o‘zining yuksak salohiyati va mohir tashkilotchilik qobiliyatini namoyon etdi.

Mamlakat iqtisodiyotini industrial rivojlantirish, respublikaning eksport salohiyatini oshirish, agrar sohani tubdan isloh qilish, ayniqsa, fermerlik harakatini taraqqiy toptirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholini kafolatlangan va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash ishlariga ustuvor darajada e’tibor qaratdi.

Yurtimizning barcha hududlarida ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini olib borish, aholiga sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish, respublikaning shahar va tumanlari, ayniqsa, uzoq qishloq tumanlarini kompleks rivojlantirish orqali aholining turmush va mehnat sharoitini tubdan yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli va samarali tadbirlarni amalga oshirdi.

Sh.M.Mirziyoyevning faoliyatida sotsial-iqtisodiy masalalar bilan bir qatorda ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash tizimlarini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, yoshlarning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga etishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, onalik va bolalikni kuchli muhofaza qilish ustuvor vazifa sifatida muhim o‘rin egalladi.

O‘zini o‘zi boshqarishning noyob instituti bo‘lgan mahallaning nufuzi va obro‘sini yanada oshirish, shuningdek, boshqa jamoat tashkilotlarini demokratik islohotlarga keng jalb etish orqali jamiyatda ularning mavqeini mustahkamlash, milliy ma’naviy qadriyatlarni e’zozlash va izchil rivojlantirish ishlariga yuqori darajada e’tibor qaratdi.

Qayd etilganlar bilan bir qatorda, iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarni amalga oshirishda xorijiy davlatlar va xalqaro tuzilmalar, shuningdek, xalqaro moliya institutlari bilan har tomonlama o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish orqali mamlakatimizning milliy manfaatlariga va iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladigan kelishuvlarga erishishda bevosita rahbarlik qildi.

2016-yil 8-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida parlament palatalarining qo‘shma qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklandi.

19-oktyabr kuni Toshkentda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII syezdi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya siyosiy kengashi a’zosi Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini Prezidentlikka tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. 2016 yil 4 dekabr kuni bo’lib o’tgan Prezident saylovi yakunlari bo’yicha saylovchilarning 88,61 foiz ovozi bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 2016 yil 14 dekabrda rasman o’z vazifasini bajarishga kirishdi.

Sh.M.Mirziyoyev oilali, ikki qiz, bir o‘g‘li, besh nafar nabirasi bor. Rafiqasi Z.M. Hoshimova – mutaxassisligi bo‘yicha muhandis-iqtisodchi, ayni paytda uy bekasi.

Sh.M.Mirziyoyev davlat va boshqaruv organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini yuksaltirish ishiga ulkan hissa qo‘shgani uchun «Mehnat shuhrati» va «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari bilan taqdirlangan.

HUKUMAT

Vаzirlаr Mаhkаmаsi — O`zbеkistоn Rеspublikаsining Hukumаti — iqtisоdiyot, ijtimоiy vа mа’nаviy sоhаlаrning sаmаrаli fаоliyat ko`rsаtishigа, qоnunlаr ijrо etilishigа, Оliy Mаjlisning bоshqа qаrоrlаri, O`zbеkistоn Rеspublikаsi Prеzidеntining fаrmоnlаri, qаrоrlаri vа fаrmоyishlаri bаjаrilishigа rаhbаrlikni tа’minlоvchi O`zbеkistоn Rеspublikаsining ijrо etuvchi hоkimiyat оrgаni hisоblаnаdi.

Vаzirlаr Mаhkаmаsi o`z fаоliyatini O`zbеkistоn Rеspublikаsining 6-mаy 1993-yildаgi 818-XII sоnli «O`zbеkistоn Rеspublikаsining Vаzirlаr Mаhkаmаsi to`g`risidа»gi Qоnunigа muvоfiq оlib bоrаdi.

Vаzirlаr Mаhkаmаsi dаvlаt bоshqаruvi оrgаnlаri tizimigа vа o`zi tаshkil etаdigаn хo`jаlik bоshqаruvi оrgаnlаri tizimigа bоshchilik qilаdi, ulаrning hаmjihаtlik bilаn fаоliyat ko`rsаtishini tа’minlаydi.

Vаzirlаr Mаhkаmаsi O`zbеkistоn Rеspublikаsi tаsаrrufigа оid bo`lgаn, O`zbеkistоn Rеspublikаsi Kоnstitutsiyasi vа mаzkur Qоnungа muvоfiq o`zining vаkоlаtigа kiruvchi dаvlаt vа хo`jаlik bоshqаruvining bаrchа mаsаlаlаrini hаl etishgа hаqlidir.

Vаzirlаr Mаhkаmаsi qоnunchilik tаshаbbusi huquqigа egа.

Vаzirlаr Mаhkаmаsi o`z fаоliyatidа kоllеgiаllik, dеmоkrаtiya vа qоnuniylik, O`zbеkistоn Rеspublikаsidа yashоvchi bаrchа millаtlаr vа elаtlаrning mаnfааtlаrini hisоbgа оlish tamoyillariga аsоslаnаdi.

Vаzirlаr Mаhkаmаsi аmаldаgi qоnunchilikkа muvоfiq O`zbеkistоn Rеspublikаsining bаrchа hududidаgi fuqаrо, rаhbаr хоdim, kоrхоnа, tаshkilоt, birlаshmа vа bаrchа оrgаnlаr tоmоnidаn bаjаrilishi mаjburiy bo`lgаn qаrоr vа fаrmоyishlаr chiqаrаdi.

Mе’yoriy хаrаktеrdаgi Vаzirlаr Mаhkаmаsining qаrоrlаri O`zbеkistоn Rеspublikаsi Hukumаti qаrоrlаri to`plаmidа nаshr etilаdi. Zudlik bilаn kеng оmmаgа yеtkаzilishi zаrurаtidа esа оmmаviy ахbоrоt vоsitаlаridаn fоydаlаnilаdi.

Vаzirlаr Mаhkаmаsi «Prаvdа Vоstоkа» gаzеtаsining muаssisi, shuningdеk, «Хаlq so`zi» vа «Nаrоdnое slоvо» gаzеtаlаrining hаm muаssisi hisоblаnаdi.

Vаzirlаr Mаhkаmаsining shахsiy tаrkibi
Manba: O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali

AHOLI VA MILLIY BAYRAMLAR

O‘ZBEKISTON AHOLISI
O‘zbekiston Respublikasi aholisi aholisi 31575,3 ming kishi (2016-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra), shundan shahar aholisi 51% ni tashkil etadi. Aholining o‘rtacha zichligi 1 kv.km. ga 65.8 kishini tashkil qiladi. Aholi soni bo‘yicha MDH davlatlari orasida O‘zbekiston Respublikasi Rossiya va Ukrainadan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Aholining aksar qismi – qariyb 80% o‘zbeklar. O‘zbekiston ko‘p millatli respublika bo‘lib, unda 100 dan ortiq millat va elatlar istiqomat qiladi.
MILLIY BAYRAMLAR
14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni
Mustaqil O‘zbekistonda ushbu bayram o‘z qurolli kuchlarini tashkil etishga bag‘ishlangan. 1992-yil 14-yanvarda mamlakat parlamenti mamlakat hududidagi xarbiy o‘quv yurtlari va boshqa xarbiy shakllarining barcha qismlari va birlashmalarini O‘zbekiston Respublikasi yurisdiksiya qaramog‘iga o‘tishi to‘g‘risida qarori qabul qilindi.1993-yilda 29-dekabrda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni deb e’lon qilindi.
8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni
O‘zbekistonda ushbu bayram sevgi, mehrbonlik va go‘zallik bayrami sifatida nishonlanadi, shuningdek, “onalar kuni” sifatida ham taniqlidir. 8-mart O‘zbekistonda dam olish kuni deb belgilangan
21-mart — Navro‘z
Navro‘z qadimiy milliy bayrami (fors tilidan tarjima qilindanda “yangi kun” ma’nosini anglatadi) 21-mart kuni nishonlanadi. Ushbu kun kecha bilan kunduzning tenglashgan paytidir. Ushbu bayramning kirib kelishi bilan ko‘pgina O‘zbek oilalar sumalak, halim, ko‘k somsa, osh kabi turli milliy taomlarni tayyorlaydilar. Mazkur taomlar odamzod organizmiga foydali bo‘lgan ko‘plab vitaminlarga boydir.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng O‘zbek xalqining qadimiy urf-odatlari va ana’nalari kuchga kirdi, jumladan Navro‘z bayramini nishonlash o‘ziga xos tusga ega bo‘ldi. Bu bayram barcha xalqlarning do‘stlik va birlik ramziga ega bo‘lgan umumxalq bayramdir. Bugungi kunda Navro‘z bayrami Alisher Navoiy maydonida tantanali ravishda nishonlanadi.
9-may — Xotira va qadrlash kuni
1999-yili 9-may kuni O‘zbekiston poytaxtida Xotira maydoni ochildi va shu kundan buyon 9-may Xotira va qadrlash kuni deb nishonlanmoqda. Ushbu bayram keng ma’noga ega bo‘lib, u mustaqil O‘zbekistonda asrlar davomida qahramona, o‘lkamizni ximoya qilgan, uning erkinligi, mustaqilligi va xalqining tinchligi uchun kurashgan vatandoshlar xotirasiga bag‘ishlanish bilan bir qatorda u umumxalq xotirasi va insonni qadralash kuni hamdir. Xotira va qadrlash kuni chinakam milliy-umumxalq bayramidir, bu kunlari kishilar uzoq-yaqinda yashovchi yaqinlarini holidan habar oladilar, katta yoshlilarni ziyorat qiladilar va ularga alohida izzat ko‘rsatiladi.
1-sentabr — Mustaqillik kuni
O‘zbekiston Respublikasining asosiy milliy bayrami — Mustaqillik kunidir. Ushbu bayram 1-sentabr kuni tantanali ravishda nishonlanadi. Milliy bayram do‘stlik, hayriya va har tomonlama hurmatga tayangan o‘zbek xalqining barcha orzularini nomoyon etadigan bayramdir.
O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turli millatlar vakillari millati, dini va irqidan qat’iy nazar O‘zbekistonning barcha hududlarida faol nishonlaydilar.
1-oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni
Har yili O‘zbekistonda Ustoz va murabbiylar kuni keng nishonlamoqda. Qadim zamonlardan ustozga bo‘lgan chuqur hurmat va e’tibor saqlanib qolgan. “Domla”, “Muallim”, “Ustoz” kabi so‘zlar har bir shogird va o‘quvchi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bu so‘zlar jaranglaganda mehr-muhabbat, tarbiya, odob-axloq, bilim, hunar va insoniylik tuyg‘ularini o‘quvchilar ongi va qalbiga joylagan mehribon ustozlar yodga tushadi. Bu so‘zlar bilan ustozlarga minnatdorchilik va izzat bilan murojaat etiladi.
Maktab va o‘quv muassasalarning o‘quvchilari hayotning ilk bilimlarini bergan ustozlarga chuqur izzatdadirlar. Ushbu kunda o‘qituvchilarni minnatdorchilik ila gullar va sovg‘alar bilan xayot yo‘lida mashaqqatli mehnati uchun chin yurakdan tabriklashadi.
8-dekabr — Konstitutsiya kuni
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Parlament tomonidan 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan. Ushbu bayram butun O‘zbekiston bo‘ylab keng nishonlanadi. Ramazon Hayiti
Ushbu bayram musulmon (Hijriy) kalendarining 9-oyiga to‘g‘ri keladigan Ramazon oyi bilan bevosita bog‘liq. Ushbu oy nafaqat jismoniy, balki ruhiy, ma’naviy poklanish davri hisoblanadi. Bu oyda musulmonlar tong otishidan quyosh botguniga qadar yeyish, ichish va nafsni qondirishdan tiyiladilar. Bu oyda insonlar yomon o‘ylardan saqlanadilar, arazlashgan yarashadilar, kasallar holidan habar olish, muhtojlarga ko‘maklashish, imkon qadar yaxshilik qilish, yomonliklardan tiyilish tavsiya etiladi.
Bir oy Ramazon ro‘zasi tutilganidan so‘ng Hayit bayrami nishonlanadi. Ezgulik, shukronalik, mehr-oqibat ayyomi bo‘lmish muborak Ramazon hayitining birinchi kuni O‘zbekistonda dam olish kuni hisoblanadi.
Qurbon Hayiti
Musulmonlar tomonidan nishonlanadigan dunyodagi eng katta diniy bayramlardan biridir. Bu bayramning negizi o‘z o‘g‘lini Alloh yo‘lida qurbon qilishga tayyor bo‘lgan Payg‘ambar Ibrohim (a.s.) bilan bog‘liq bo‘lgan tarixiy voqeaga taqaladi. Uning harakati Alloh tomonidan to‘xtatilib o‘rniga hayvon (qo‘y, mol, tuya va boshqa jonliq) qurbon qilish buyuriladi. Shundan buyon imkoni yetadigan musulmonlar shukronalik sifatida bir yilda bir marta, ushbu bayramda jonliq so‘yadilar. Uning go‘shtidan qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, muhtoj va yaqin olilalarga tarqatadilar, o‘zlari ham iste’mol qiladilar. Bayram uch kun davom etadi va musulmonlar bu kunlarni oila va qarindoshlar davrasida o‘tkazadilar. Bayram kunlari kishilar uzoq-yaqinda yashovchi yaqinlarini holidan habar oladilar, muhtojlarga yordam beradilar. “Qurbon Hayiti”ning birinchi kuni dam olish kuni hisoblanadi.
uzbekembassy.ir

Оставьте комментарий

ArabicEnglishFrenchGermanKazakhKyrgyzRussianTajikTurkishUzbek