Bahor fasli haqida sherlar to‘plami. Bahor — fasllar kelinchagi. Bunda gulyaproqlarning muattar hidi, jonbaxsh yellarning ajib sho‘xligi, uyg‘ongan hayotning nafis nafasi qalblarni junbushga keltiradi. Daraxtlar gulga burkanadi, qushlarning orombaxsh sasi olamni tutadi.
Bahor — Zulfiya sheri
Inson ko‘zlarida jon olar bahor,
Barcha tomirida uning to‘lqini.
O‘tmishning behuda oni kabi qor,
Beiz, bedard erib ketar uchquni.
Inson ko‘zlarida jon olar bahor,
O‘yinqaroq go‘dak singari bulut.
Ko‘k qovog‘i uyuq, yorqin bir viqor,
Kishilar qalbidan boqar bo‘lib o‘t.
Bahorning sehrgar boqiy chiroyi,
Yosh-u keksa ko‘nglin ovlaydi birdek.
Ko‘zguni sindirib tashlar. Chiroyi
Har kishining yoshi bu fasl dildak.
Har nurga, har qushga, har kurtakka shod,
Benihoya yaqin bo‘ladi yiroq.
Go‘yo sensiz hosil bo‘ladi barbod,
Har tikilgan chigit ko‘ksing etar tog‘.
Bahor bo‘lmasaydi, odamzod albat,
O‘zi kashf etardi, kashf etganday baxt.
Tarnovlarda billur sumalak,
Sho‘x bolalar otar yaxmalak.
Lekin dimoq boshqa xid tuyar,
Baxor isi ufurib turar.
Qaxraton qish xukmron xali,
Ammo yaqin baxorning gali!
Ko‘klamoyim — Muhammad Yusuf sheri
Sochimda oq, men bahordan o‘tindim:
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Qor qo‘ynida seni qo‘msab o‘kindim,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Ko‘nglimga ko‘k binafshalar sochilsin,
Kokiliga tolpopukdan soch ilsin,
Boychechakka borar yo‘llar ochilsin –
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Fasl boshi, ham oxiri o‘zingsan,
Majnunlarning yo‘ldoshi ham o‘zingsan.
Laylilarning sirdoshi ham o‘zingsan,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Kel-da endi sog‘intirmay odamni,
Sen yo‘g‘ingda bir g‘am bosdi yelkamni,
Qorlar kurab ko‘mib keldim otamni…
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Ko‘king bilan kiyintiray dalamni,
Oyoqyalang suyuntiray bolamni,
O‘zing olgin ko‘ksimdagi alamni,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Ginam yo‘qdir kuzda ketgan oqqushdan,
Iymanmasin qayta eshik qoqishdan.
Qumri bilan birga chiqdik biz qishdan,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Jon ustida asrab yuray ko‘kni men,
To‘yib-to‘yib ko‘zga suray ko‘kni men.
Yana senga yetamanmi-yo‘qmi men,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Dil yayrasin dala-dashting yasanib,
Yalpizlaring suv bo‘yiga yastanib.
Ikki misra bayt bitay bir maqtanib,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim!
Senga o‘xshagim keladi bahor — Nilufar Jabborova
Qalbimda ochildi go‘yo bir tilsim,
Sirlaring mahzani ado bo‘lmasdek.
Oppoq orzularga to‘ldi bu ko‘ksim
Ruhimni osmonga olib uchgandek.
Bunchalar fusunkor bo‘lmasang, bahor,
Men senga o‘xshagim keladi takror!
Meni ham sen kabi kutisharmikin,
Yo‘llarimga bo‘lib zor-zor, intizor.
Qani go‘zal bo‘lsa she‘rlarim sendek,
Ildizlari teran, sehrli gulzor.
Bunchalar fusunkor bo‘lmasang, bahor,
Men senga o‘xshagim keladi takror!
Xushbo‘y gullaringga bag‘rimni tutdim,
O, mavjlanib ketdi hislar ziloli.
Dilbar kunlar aro o‘zni unutdim,
Allalading meni go‘dak misoli.
Bunchalar fusunkor bo‘lmasang, bahor,
Men senga o‘xshagim keladi takror!
Vafo qilurmisan bahorim — Abdulla Oripov sheri
Ruhimda yo‘qoldi qarorim,
Tanimda qolmadi madorim.
Bizlarni bir yo‘qlab kelibsan,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
Yoz o‘tdi, kuz o‘tdi, qish o‘tdi,
Boshlardan sinovli ish o‘tdi.
Yurakka izg‘irin — nish o‘tdi,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
Yam-yashil qirlarni sog‘indim,
Chechakzor yerlarni sog‘indim,
U inja sirlarni sog‘indim,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
Lolaning lablari xandadir,
Dog‘i ham tubida — andadir.
Qxshashi ruh ila tandadir,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
Intiqmiz do‘st bilan, yor bilan,
She’r bilan, soz bilan — tor bilan,
Diydorlash bizningdek xor bilan,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
Sen yaproqdagi shabnam,
Fasllarning sarasi,
Qo’y qo’zilar o’tlagan,
Yaylovlarning egasi.
O’zingdir olam ko’rki,
Fasllar kelinchagi,
Bolasi orom olgan,
Kelinchak belanchagi.
Senda hayot mujassam,
Sen yasharish faslisan,
Yangi yil ibtidosi,
Yorqin hayot aslisan.
Bahor xayollarga aylangan mahal
Derazamda tongning oppoq nigohi,
Tebranadi xayol kabi o’rikzor.
Mening ko’zlarimga jimgina boqib,
Shunday yonginamda turibdi bahor.
Shamollar yo’lida yomg’irning hidi,
Zangor o’tloqlarga to’kilar yomg’ir.
Mening ko’zlarim ham yomg’irga to’ldi,
O’rikzor-chi, hamon tebranmoqdadir.
Bahor xayollarning bag’rida sokin,
Bahor xayollarning bag’rida go’zal.
Yana ham oq bo’lar tongningn nigohi,
Bahor xayollarga aylangan mahal.
Keldim deb aldagan bahor
Hamon ivirsiydi keta olmay qish,
Daraxt shoxidagi gulmi yoki qor,
Gullab bo‘lganida bodom boyaqish,
Keldim deb aldagan edingmi, Bahor?!
Turnalar qurillab chiqqanda yo‘lga,
Adirlar taqqanda qip-qizil tumor.
Cho‘ponlar nayini olganda qo‘lga,
Keldim deb aldagan edingmi,Bahor?!
Oshiqlar ko‘ksida uyg‘otib titroq,
Totli visollardan etib umidvor.
Senga yarashmaydi yolg‘on so‘zlamoq,
Keldim deb aldagan edingmi Bahor?
Yolg‘onlar zahridan qirq yil muzladim,
Bitta sen qolganding bermagan ozor.
Kelaqol, so‘nmasin so‘ngi umidim,
Sen bizdan aldashni o‘rganma, Bahor!
Nega yana yog‘ayapdi qor…
Sen bahorni sog‘inmadingmi
Uyg’onguvchi bog’larni kezdim,
Topay dedim qirdan izingni.
Yonog’ingdan rang olgan dedim —
Lolazorga burdim yuzimni,
Uchratmadim ammo o’zingni,
Sen bahorni sog’inmadingmi?
Uzoqlarda zalvorli tog’lar
Xayolimni keldilar bosib.
Kechdi qancha intizor chog’lar,
Vasling menga bo’lmadi nasib,
Sensiz men ham, bahor ham g’arib,
Sen bahorni sog’inmadingmi?
O’ngirlarda sakraydi ohu,
Na’matakda sa’va mittijon.
Qorliklardan sipqarilgan suv,
Daralarda uradi javlon.
Nigohimdan faqat sen pinhon,
Sen bahorni sog’inmadingmi?
Mana, bugun navro’zi olam,
Do’stlarimga gullar tutarman.
Qaylardasan, sevgili erkam…
Qo’limda gul, seni kutarman,
Umrim bo’yi chorlab o’tarman,
Sen bahorni sog’inmadingmi?
Bahor keldi, kelmoqda navro‘z
Avval yuragingga mo‘ralaydi u,
So‘ngra kurtaklarga o‘rgatadi so‘z.
Zaminning ko‘zidan qochadi uyqu,
Demak, baxor keldi, kelmoqda navro‘z!
Qishning axvoliga boqib hoynahoy,
Yum-yum yosh to‘kmoqda eriyotgan muz.
Jilva qilayotir tengsiz bir chiroy,
Demak, baxor keldi, kelmoqda navro‘z!
Ona bag‘ri kabi iliqdir olam,
Harir hovur ichra yayrar dala-tuz.
Qoldi puchmoqlarda xazon yanlig‘ g‘am,
Demak, baxor keldi, kelmoqda navro‘z!
Yana ko‘ngillardan rutubat ketdi,
Yana shulalardan qamashmoqda ko‘z.
Yana dildorlikning fursati yetdi,
Demak, baxor keldi, kelmoqda navro‘z!
Bahorim sog‘indim
Gullagan darahtlar mayin hidini,
Jilg’alar qoshida chiqqan rayhonni,
Qalbida muhabbat bor oshiqlarni,
Bahorim sog’indim gul chechagingni.
Bahorim sog’indim men faqat seni
Gullarga burkangan libosda kelib,
Ilk qadam qo’yasan mana bugun ham.
Shodlikka burkangan gullardan terib.
Bahor guli
Bilib qo’ying suyganimni,
Yor ishqida kuyganimni.
O’ylab bag’rim tilganimni,
Sevgan yorim Bahor guli.
Erta bahor uni ko’rdim,
Bir ko’rdimu uni sevdim.
Bir tuyg’uni qalbga tuydim,
Sevgan jonim Bahor guli.
Har bahorni intiq kutdim,
Bahor gulni ko’rgach kuldim.
Kuz kelmasin deya yurdim,
Sevgan gulim Bahor guli.
Kuz kelganga bahor ketdi,
Nega bahor tashlab ketdi?
Qish yuragim ezib ketdi,
Kuygan gulim Bahor guli.
Kel bahor
Ximoyasiz, xasta yuragim tomon,
Otdilar tosh, ko‘nglim og‘ridi yomon.
Sensiz paymonamga to‘ldi ko‘p armon,
Kel, dardimni sen ol, sevgilim-bahor.
Gullar ifori-la yelgan xavosan,
Yulduzlar nuriga cho‘mgan dunyosan.
Qalblarni to‘ldirgan otash – ziyosan,
Kel, bahor, sen uchun qo‘shiqlarim bor.
Menga zavq baxsh etar yomg‘ir, kamalak,
Jonimga orodir xalim, sumalak.
Singlimday mas‘umdir xar bir kapalak,
Xar ochilgan kurtak rangin, beg‘ubor.
Gilosning gullari ruximday oppoq,
Xayotbaxsh quyoshing qalbimday qaynoq.
Sen visolsan, jonim, kelaqol tezroq,
Surur ila ungin qalb gulim bahor.
Va mening umrimni tark etma zinxor.
Bahor yaqin
O’tib ketdi qishning sovuq,
Ham bo’ronli kunlari.
Ortda qoldi oy, yulduzsiz,
Tim qorong’i tunlari.
Endi quyosh ko’proq boqar,
Dalalarga, bog’larga.
Quchoq-quchoq yog’du sochar,
Adirlarga, tog’larga.