Ermitaj muzeyi tashkil etilgan kun

DO`STLARGA ULASHING:

Bugun 7-dekabr – Ermitaj muzeyi tashkil etilgan kun
Ermitaj haqida ba’zi ma‘lumotlar:
Dunyodagi eng mashhur va yirik muzeylar orasidan alohida oʻrin egallagan Ermitaj 1764-yilning 7-dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida, Neva daryosi boʻyida ochilgan.
Bu yerda taniqli rassomlar tomonidan chizilgan suratlar va qimmatbaho eksponatlar jamlangan. Ularning soni haddan tashqari koʻp ekanligidan eksponatlarning barchasini koʻzdan kechirish uchun muzeyga qayta va qayta tashrif buyurish ham yetarli boʻlmaydi.
Ermitaj dunyodagi eng mashhur va odamlar eng koʻp tashrif buyuradigan muzeylar yigirmataligiga kiradi.
Ermitaj muzeyiga Yekaterina II tomonidan asos solingan.
Imperatorga tegishli boʻlgan shaxsiy kolleksiya qishki saroyga joylashtirilgan va aynan mana shu yerga Ermitaj deb nom berilgan.
Yekaterina II oʻziga tegishli boʻlgan suratlarni bir oʻzi yolgʻiz tomosha qilishni yaxshi koʻrgan. Muzeyning nomi ham fransuz tilidan tarjima qilinganda “Xilvat joy” degan maʼnoni beradi. Keyinchalik butun-boshli muzey kompleksini Ermitaj deb atay boshlaganlar.
Ermitaj joylashgan qishki saroy uzoq yillar davomida Rossiya imperatorlari uchun qarorgoh vazifasini oʻtagan.
Ermitajdagi barcha eksponatlarni koʻrib chiqish uchun qancha vaqt kerakligi hisoblab chiqilgan. Agar muzeyga kelgan mehmon har bir eksponatni tomosha qilish uchun bir daqiqadan vaqt sarflab, kuniga 8 soat vaqtini muzeyda oʻtkazsa, muzeyni toʻliq aylanib chiqishi uchun unga 11 yil vaqt kerak boʻladi.
Ermitajda 3 000 000 dan ortiq sanʼat asarlari saqlanadi.
Ermitaj binosining tom qismiga joylashtirilgan haykallar quvurlarni yashirish uchun atayin oʻrnatilgan. Tomdagi haykallarning umumiy soni 176 taga teng.
Ermitaj binosida yashaydigan mushuklarning soni haddan tashqari koʻp. Binoda ularning yashashlariga rasman ruxsat berilgan. Mushuklar muzeyda sichqon va kalamushlarning koʻpayib ketmasligiga yordam beradi. Ermitajda yashaydigan har bir mushukning oʻz pasporti va tibbiy kartasi mavjud.
Ermitajda Rembrandt tomonidan chizilgan 24 ta surat saqlanadi. Bu rassom dunyoga kelgan mamlakat – Niderlandiyani hisobga olmaganda uning suratlari jamlangan eng katta kolleksiya hisoblanadi.
Ermitajdagi koʻrgazma zallarining umumiy uzunligi 24 kilometrni tashkil qiladi. Bino 350 ta alohida zallardan tashkil topgan.
19 asr oʻrtalariga qadar Ermitajga oddiy odamlarning kirishi mumkin boʻlmagan. Binoga hattoki Aleksandr Sergeyevich Pushkin ham kira olmagan. Keyinchalik doʻstlaridan birining saʼy-harakatlari va “tanish-bilishchilik” aloqalari bilan muzeyga kirib chiqishni uddalagan.
Ermitaj – dunyodagi eng katta suratlar galereyasi hisoblanadi. Bu yerga har yili 5 milliondan ortiq odam tashrif buyuradi.

Оставьте комментарий