Yangi O’zbekiston haqida sherlar

DO`STLARGA ULASHING:

Yurtim, ado bo‘lmas armonlaring bor…

Yurtim, ado bo‘lmas armonlaring bor,

Toshlarni yig‘latgan dostonlaring bor,

O‘tmishingni o‘ylab og‘riydi jonim,

Ko‘ksing to‘la shahid o‘g‘lonlaring bor.

Bag‘rim o‘rtar bir o‘y bahor ayyomlar,

Oy botgan yoqlarga termulib shomlar.

Aybin bilmay ketgan Akmal Ikromlar,

Fayzullodek mardi maydonlaring bor…

Yurtim, ko‘nglingdek keng osmonlaring bor,

Yulduzni yig‘latgan dostonlaring bor.

Osmonlaringda ham diydoringga zor,

Jayrondek termulgan Cho‘lponlaring bor.

Qo‘ling qadog‘iga bosay yuzimni,

Onamsan-ku, og‘ir olma so‘zimni,

Qayinbarglar yopib qaro ko‘zini

Olislarda qolgan Usmonlaring bor.

Alhazar, alhazar, ming bor alhazar,

Ana, yurishibdi kiyganlari zar,

Qodiriyni sotib shoir bo‘lganlar —

Mehrobingdan chiqqan chayonlaring bor…

Qurboning bo‘layin, ey onajonim,

Sening faryodlaring — mening fig‘onim,

O‘tmishingni o‘ylab qiynalar jonim,

Aytsam ado bo‘lmas dostonlaring bor.

Manba https://tafakkur.net/yurtim-ado-bolmas-armonlaring-bor/muhammad-yusuf.uz

Оставьте комментарий